ShAYTANAT… (75-qism)

0

 

 

 

* * *

 

 

Botirovning «Ish»i bahona bo'lib, Zohid vujudiga egalik qilayotgan bekorchi xayollardan qutula bordi. Nazarida aynan shu «Ish» tufayli adolat manziliga yetib boradiganday edi.

U hali «Botirov — gunohsiz» degan fikrdan uzoq. Biroq, ko'p masalalarning huquq chegarasidan narida hal etilgani uni ajablantirardi. Zohid muammolarning chigal iplarini yechishga urinayotgan damlarida uning arznomasiga rad javobi berildi — Sunnatullayev «Ish»i rasman yopildi. Said Qodirov bundan xabardor qilib qo'ygani uchun Zohid ko'kka sapchimadi. Bu «yangilik»ni yuvosh bola kabi xotirjam tarzda qabul qildi. Shu voqeaning ertasiga uni Said Qodirov yo'qladi.

Zohid yo'qlovdan maqsad yana Sunnatullayev ishi bo'lsa kerak, deb o'ylab, gapni shu masaladan boshladi. Muovin ayolga uchrashgani, boshlig'ining qo'ng'iroq qilganini… aytib berdi. Said Qodirov bu gaplarni ruhsiz holda eshitdi. Zohid buni sezib gapini qisqa qildi.

— Bu endi siz bilan men uchun o'tmish. Lekin uni keraksiz matoxday ko'chaga uloqtirmang. Taxmonga ko'rpacha taxlaganday taxlab qo'ying. — dedi Said Qodirov. —

Vaqti keladi hali, o'shanda olib ishlatasiz. Siz bir yangilikni eshitdingizmi-yo'qmi, shuni bilish uchun yo'qladim.

— Qanaqa yangilik?

— Hosilboyvachchaning yo'qolganidan xabaringiz bormi?

— Hosilboyvachcha? Qanaqasiga yo'qolarkan?

— Shunaqa… izsiz yo'qolgan.

— Qiziq… Shunday odam ham izsiz yo'qolarkanmi? Shotirlari-chi? Tirikmi hammasi?

— Tirik.

Zohid Said Qodirovning ko'zlariga qaradi. Bu ko'zlarda zohir bo'lgan quvlik uning Hosilboyvachcha taqdiridan voqif ekanini sezdirib qo'ydi. «Meni sinamoqchimi? «O'ylab ko'r-chi, fahming nimaga yetar ekan?» demoqchimi? Bu jumboqning nimasi og'ir ekan?

Shotirlari tirik. O'zi esa yo'q… Demak…»

— Demak, bir-birlarini qirishni boshlabdilar-da? — dedi Zohid undan ko'zlarini uzmagan holda.

— Shunaqaga o'xshaydi. Mendagi ma'lumotlarga qaraganda Hosilboyvachcha o'ldirilgan.

Asadbekning eski shahardagi uyida o'ldirilgan.

— Ma'lumot?… — Zohid «kimning ma'lumoti?» deb so'ramoqchi bo'ldi-yu bunday savol javobsiz qolmog'i mumkinligini anglab, gapni burdi: — Ma'lumotga ishonsa bo'ladimi?

— Ma'lumot aniq. Hovlida ikki kishi otilgan. Bittasi Asadbekning kuyovi. U hozir kasalxonada. Ko'chada ketayotganida noma'lum shaxslar allaqanday mashinada yaqinlashib, otishganmish. Jabrlanuvchining mashinasi ko'chada turibdi. Ammo bir tomchi qon yo'q unda. Vrachlarning xulosasiga qaraganda esa u ko'p qon yo'qotgan.

Vaqtida ulgurib qon quyishmaganida o'lib qolishi hech gap emas ekan. Mana, ekspertiza xulosasi, — u shunday degach qog'ozlar orasidan keraklisini tanlab, Zohidga uzatdi.

Unda o'qning yo'nalishini aniqlagan ekspertning xulosasi yozilgan edi. Unga ko'ra, o'q ro'paradan otilgan. Agar jabrlanuvchi mashinasida o'tirgan bo'lsa ro'paradan o'q yeyishi mutlaqo mumkin emas. O'q biqingami, chakkagami, boring, ana o'girilib qaragan taqdirda peshanasigami sanchilishi mumkin. Lekin ro'paradan?.. Sira mumkin emas.

Agar mashina peshaynasi sindirib otilgan bo'lsa?..

Zohid bu boshqotirmadan ajablanib, iyagini qashigan holda suhbatdoshiga qaradi. Said Qodirov uning xayoliga kelgan savolni uqqanday gapini davom ettirdi:

— Mashina bus-butun, biron yeri ham tirnalmagan. Ma'lumotga qaraganda jabrlanuvchi bir necha hafta ilgari «Men ularning qo'yniga ilon bo'lib kirib, bitta-bitta chaqib o'ldiraman», degan ekan. «Ular» degani kim, bilasizmi?

— Hosilboyvachchami? Yo… Asadbekmi?

— Asadbek bo'lsa ehtimol… Ammo, nima uchun chaqib o'ldirmoqchi edi? — Said Qodirov javob kutmay yana bir savol tog'ini ko'ndalang qildi: — Hosilboyvachchaning murdasi qaerga ko'milgan? Qaerga ko'mishgan bo'lishlari mumkin?

Zohid Said Qodirovning Elchin haqidagi gaplarini eshitib, daf'atan Anvar bilan bo'lgan uchrashuvni, «Sunnatullayevning o'limini Elchindan ko'rmang», degan gapini eslab «u chaqishga ulgurdimi yo endi chaqmoqchi edimi?» deb o'yladi. Ammo bu haqdagi fikrini Said Qodirovga bildirmadi. Said Qodirov javob kutar edi. Zohid unga qarab, javob o'rniga yelka qisib qo'ya qoldi.

— Murdani topish kerak.

— Agar maydalab yoqib yuborishmagan bo'lsa, topsa bo'lar.

— U holda kulini bo'lsa ham topish kerak!

 

***

 

O'limning muzdek labiga labini tutayotgan, o'limning dimog'idan ufurayotgan sovuq nafasdan eti seskanayotgan Zaynabni telefon jiringi qo'rqitib yubordi. Undan bo'sa olmoqni, bo'sa nima ekan, jon olmoqni ixtiyor etgan o'lim farishtasi ham cho'chib, g'oyib bo'ldi. Uning uzoqlashishini istamagan Zaynab telefon go'shagini ko'tarmay picha kutdi.

Telefon qo'ng'irog'i to'xtovsiz jiringlayverdi, o'limning nafasi esa uzoqlashaverdi.

U sirtmoqni bir qo'liga olib, ikkinchisi bilan go'shakni ko'tardi. Go'shak og'ir tosh kabi tuyuldi — qulog'iga arang olib borib «labbay» demoqchi edi, tili aylanmadi — go'yo o'lim bo'sa olayotgan damda tilini muzga aylantirib qo'ygandek edi.

— Alyo, alyo, Zaynab! Zaynab!!

Onasining mayin ovozi sovuy boshlagan badaniga iliqlik baxsh etdi. Jamshidning o'limini eshitib o'zini osgan damda ham shu ovoz unga jonini qaytargan edi. Bu nima o'zi?

Mo''jizami yo tush ko'ryaptimi, yo alahsirayaptimi?.. Onasining ovozi uning muzlagan tilini ham eritdi. Beixtiyor:

— Oyijon! — dedi-yu, butun vujudiga titroq yugurdi.

Dunyoda to'siqni bilmaydigan nima bor, deb so'ralsa hech ikkilanmay «ona qalbi» deb javob berish mumkin. Na masofa, na vaqt ona qalbiga o'z hukmini o'tkaza oladi. Mana hozir ham Manzuraning bezovta qalbi qizining huzuriga yetib kela oldi. Zaynabning birgina xitobi — «Oyijon!» deyishining o'ziyoq ahvolini onasiga oshkor etdi.

— Zaynab, jon bolam, sog'lig'ing yaxshimi, senga nima bo'ldi?

— Oyijon… — Zaynab nima deyishini bilmay, kalovlandi. Hatto «yaxshi yetib oldingizmi?» degan gap ham xayoliga kelmadi. O'zi uchun ham kutilmaganda, o'zi ham istamagan holda ko'krak qafasida bir faryod uyg'onib, yuqoriga intildi. Bo'g'ziga yetganda esa to'xtab, uni entiktirdi.

— Zaynab, gaplarimni eshityapsanmi, nimaga indamayapsan?

— Yaxshiman, — dedi Zaynab titroq ovozda.

— Tobing yo'qmi, nimaga ovozing o'zgarib turibdi?

— Shamollabman…

— O'zingga qara, jon bolam, yotishdan oldin sut qaynatib ich.

— Xo'p.

— Adanglar yaxshimilar, yo'tallari qolay dedimi?

— Yaxshilar.

— Bugun bordingmi, xabar oldingmi?

Zaynab javob bera olmadi. Otasini ko'rganini, qay ahvolda yuzlashganini qanday ayta olardi?

— Adanglarni bugun ko'rdingmi?

— Ko'rdim…

— Ering yaxshi yuribdimi? Uyda yo'qmi yana?

— Yo'qlar.

— Men yaxshi yetib keldim. Akalaring bilan gaplashasanmi?

— Mayli…

Zaynab akalari bilan ham shu tarzda gaplashdi.

Sharmandalik balchig'idan xalos bo'lmagan, bir qo'lida sirtmoqni mahkam changallab turgan juvon jigargo'shalari bilan nima haqda gaplashsin?

Abdulhamid go'shakni onasiga uzata turib:

— Kayfiyati chatoqroqmi, gaplashgisi ham kelmadi, — deb qo'ydi.

Manzura yana qayta-qayta hol-ahvol so'ragach, gapni bas qildi-da, o'g'illariga ma'yus boqdi:

— Kasal bo'lib qolganga o'xshaydi… Bolasi nobud bo'lganidan beri ezilib ketdi…

Manzura bu gapni beixtiyor ravishda aytdi. «Ering yaxshimi, uyda yo'qmi?» degan gapidan beri o'g'illarining ajablanib o'tirishganini sezmadi. Uning xayoli qizi bilan band, o'g'illarining uydagi voqealardan bexabar ekanliklarini unutgan edi. Onasining ma'yus chehrasida g'am bahrining mavjlarini ko'rgan Abdulhamid:

— Zaynabni… qachon uzatdinglar? — deb so'radi.

Bu savol Manzuraning xayolini qizi bag'ridan yulib olib, o'g'illari huzuriga qaytardi.

— Hali bir yil bo'lgani yo'q…

— Bizga nima uchun aytmadinglar? — dedi Abdusamad ranjiganini yashirmay.

— Dadangni bilasan-ku, o'qishlaridan xayollari chalg'imasin, dedilar.

— Kuyov kim, biz taniymizmi? — deb so'radi Abdulhamid.

— Bilmadim, tanirmikansan? — Manzura kuyovining nomini aytishga qiynaldi. — Ashulachi yigit ekan… Elchin…

— Elchin? — Abdusamad o'rnidan turib ketdi. — Qamalib ketgan otarchimi? Oyi,

Zaynabni kimga berganingizni bilasizmi?

— Bilaman, jon bolam, bilaman. Taqdir ekan-da… Adangning fe'li o'zingga ma'lum-ku?

— Adam… Zaynab-chi, Zaynabning o'zi ko'ndimi?

— Ko'nmasa… tegarmidi?..

Abdusamad otasiga o'xshash — ba'zan sal narsaga tutab ketadi. Abdulhamid esa onasiga tortgan. Mulohaza bilan ish yuritadi. U onasini qiynayotgan, birovga, hatto o'z o'g'illariga ham ayta olmaydigan dardi borligini sezdi. Shu sababli tutay boshlagan akasiga qarab labini tishlaganicha boshini sarak-sarak qilib qo'ydi. Abdusamad ukasining maqsadini anglab, boshini egib o'tirgan onasining yelkasidan quchdi.

— Oyijon, yuring, bog'ni aylanib kelamiz.

Manzura istar-istamas o'rnidan turdi.

— Mahmud akangga tilpon qilsak bo'larkan. O'zimi, xotinimi xabar olib tursa bo'lardi.

— Hamid, sen buyurtma berib kutib o'tir, biz aylanib kelamiz.

 

 

***

 

 

Abdusamad hovliga chiqqach, onasini qo'ltiqladi. Manzuraga bu g'alati tuyulib, o'g'liga qarab oldi. Bu holda sira yurmagani uchun xuddi o'g'li sudrayotganday tuyulib, qadam olishi qiyinlashdi. Abdusamadning yo'l-yo'lakay bog' ta'rifini qilishidan bildiki, o'g'li bu yerlarda tez-tez bo'lib turadi. Ro'paradan chiqib qolgan bog' xizmatchilarining ta'zim bajo keltirishi ham uning bu yerdagi mavqeidan darak berdi. Xizmatchilar Abdusamadni xo'jayinning mehmoni sifatida izzat qilisharmidi yoinki bu xonadonning bo'lajak kuyovi, ta'bir joiz bo'lsa, vallohi a'lam, bo'lajak hojasi sifatida ehtirom etisharmidi — Manzuraga qorong'i edi. U o'zicha «o'g'limning bu joyga kuyov bo'lishini xizmatchilar ham bilishar ekan-da», deb bir quvondi, ayni choqda «o'g'lim shu yerlarda qolib ketsa-ya» degan xavotiri uyg'onib, tashvishlandi.

Bunday xonadonga o'g'lining kuyov bo'lishini qaysi ona istamaydi? Bundayin saroy, bunchalar mol-mulk… Har qadamda xizmatchilarning ta'zim qilib turishi… Xon kuyovigagina nasib etuvchi martaba… Bu — ona orzusining ushalishimi? Baxtmi?

Kimlargadir baxt bo'lib tuyulishi mumkin. «O'g'lim qaerda yursa ham boshi omon bo'lsa bas», deb shukr qiluvchilar bor. Ammo yo'g'ida sabr qilib umr kechirgan, borida taltayib yashamagan Manzura uchun bu baxt emas. Xorijda yashaydigan qizlarni kelin qilishi lozimligini bilganidan beri u tashvish bahrida sarsari suzadi. «Qizil oyoq kelib, qizil yuzdan judo qildi», deganlaridek, ikki kelin ikki o'g'lini bag'ridan yulib olajagini o'ylasa, vujudi muzlab ketadi.

Asadbek qimorga ketib, o'zi joynamoz ustida o'tirib Ollohga munojot etib tong ottirgan kezlari eriga insof so'ragan ekan-u, farzandlarim ulg'ayishganida bag'rimdan yulib olma, demagan ekan… Agar hozir g'oyibdan ovoz kelib, «O'g'illaringning mol-dunyo dengizida cho'milib yashaganlari durustmi yo bir burda nonga qanoat qilib bag'ringda umr kechirganlari yaxshimi» deb so'rasa, u shak-shubhasiz, ikkinchisini tanlagan bo'lardi.

Manzura ko'r emas, kar ham emas, dunyoning odam zotiga vafo qilmasligini ko'rib, eshitib turibdi.

Yonida borayotgan o'g'li tilida bog' ta'rifini qiladi. Dilida esa boshqa gap. Onaning sezgir qalbi buni sezadi. O'g'li «Qizlar sizga yoqdimi?» deb so'ramoqchi bo'ladi. Lekin yigitlik g'ururi bu savolning tilga ko'chishiga yo'l qo'ymaydi. Ota bilan o'g'il orasida hayo pardasi bo'lguvchi edi. Har qanday o'g'il ko'p hollarda otaga aytmoqchi bo'lgan dardini ona orqali yetkazardi. Hattoki ma'lum damlarda o'g'ilning sirdoshi ota emas, aynan ona bo'lishi ham hech kimga sir emasdir. Asadbek o'g'illarini o'z yumushlaridan uzoqroq tutishga harakat qilib, farzandlarining ruhiy olamidan ancha yiroqlashganini o'zi ham sezmay qolgan edi. Barcha oiladagilar kabi bu xonadon o'g'illari onaga yaqin bo'lsalar-da, Abdusamad hozir arzimas tuyulgan savolni onasiga berolmay qiynalardi. Manzura o'g'lini bu qiynoqdan qutqarish uchun o'zi muddaoga yaqinlashmoqchi bo'ldi:

— Qizlar bilan… birga o'qiysizlarmi?

— Yo'q… Ular ham o'qishadi, lekin boshqa sohada. Bizga doktor Xudoyor ustozlar.

Biofizikadan…

— Buni bilaman.

— Bizni doktor Xudoyor tanishtirganlar.

— Boyligiga uchdinglarmi?

Manzura «otang ham kambag'al emas edi-ku?» degan ohangda gapirdi. Abdusamad bu ohangni sezib, yerga qaradi.

— Oyi… ular yaxshi qizlar… Hali gaplashib ko'rasiz…

— Men yomon deyayotganim yo'q… Popukdakkina ekan ikkoviyam… Lekin… shu yerda qolib ketasanlarmi, deb jonim halak, bolam. Men… ayriliqqa chiday olmasam kerak…

Abdusamad yig'lamsiray boshlagan onasini yelkasidan quchdi.

— Bundan xavotirlanmang, ayriliq bo'lmaydi, oyi. Qizlarning ota-onasi bizni bu yerda olib qolmoqchi emas. Ularning maqsadi qizlarini Vatanga uzatish. Shu yo'l bilan Vatanga qaytish.

— Qizlarini uzatib, o'zlari yolg'iz qolishadimi?

— Oyi, hali ularning gaplarini tushundingizmi? Ularda hamma narsa bor. Faqat Vatanlari yo'q. Vatansiz yashash ular uchun juda og'ir. Biz buni tushuna olmaymiz. Vatan deyilsa ular qizlar tugul jonlarini ham berib yuborishga tayyorlar. «Biz Vatan hajrida kuyib o'tyapmiz, farzandlarimiz kuymasin», deyishadi. Agar tarozining bir pallasiga farzandlaridan ayrilish azobi, boshqa pallasiga Vatan hajri dardi qo'yilsa, dard bosib ketadi. Ular shunaqa odamlar. Biz o'qishni tugatish bilan qaytamiz.

— Xudo o'sha kunga yetkazsin, ishqilib. Lekin… dadanglar nimagadir qaytishga shoshilmanglar, deganday bo'ldilar.

— Nima uchun?

— Bilmadim, bolam… balki o'zlari ham shu yoqlarga kelib yashamoqchidirlar. Ishlarini bilasan-ku… U yoqlar notinchmi, deyman?

Manzura erining maqsadini aniq anglamagan edi, shu bois mavhumroq ohangda aytdi.

Onasidan eshitgan yangilik o'g'il uchun kutilmagan edi. Bunda Said Muzaffarxonning niyati boshqa, unda Asadbekning umidi bo'lak bo'lsa?! Biri Vatanga intilsa, ikkinchisi esa qochmoq, yiroqlashmoq ilinjida… Samodagi qora bulut parchalarining biri manfiy, ikkinchisi musbat quvvatga ega bo'lsa, yaqinlashmoq onlarida chaqin chaqnaydi, olam ostin-ustun bo'lganday tuyuladi. Shu xayolga borib, Abdusamadning yuragi uvishdi.

O'ziga-o'zi tasalli berish maqsadida:

— Oyi, siz noto'g'ri tushungandirsiz? — dedi.

Manzura o'g'lidagi o'zgarishni sezib, xatosini to'g'rilamoqchi bo'ldi:

— Ha, bolam, xato tushungandirman. Adanglarni bilasan-ku, ochiq-sochiq gapirmaydilar.

Bu yoqqa kelishlari… Yo'q, kelmaydilar. Eski hovlilarini sog'inib turadilar-ku… Bu yoqlarga butunlay kelarmidilar… Yo'q, kelmaydilar.

Chindan ham Manzura Asadbekni noto'g'ri tushungan edi. «Men o'g'illaringning o'sha yerda o'qib, o'sha yerda ishlashlarini xohlayapman», deganida o'zining ham ko'chib borishini nazarda tutmagan edi. Garchi o'sha suhbatda Asadbek uch-to'rt yilda qaytishadi, deya gapini yumshatgan bo'lsa-da, Manzuraga egalik qilgan xavotir iskanjasi bo'shashmagan edi. Chuvrindi kuzatayotganda «Tilla taqinchoqlarni ko'proq olavering, balki o'sha yerda asqotar, balki uch-to'rt oy o'sha yerda qolarsiz», deganida eri aytgan «uch-to'rt yil»ni eslab cho'chib tushdi. «Zaynabni keyinroq yuboramiz», devdilar. Sekin-sekin hammamiz ko'chib o'tarkanmiz shekilli» deb ham o'yladi. To'g'ri, keyingi paytlarda Asadbek oilasining o'sha tomonlarda yashashini istab qoldi. Lekin o'zining ham ketishi sira rejasida bo'lmagan. Ayniqsa, xastaligi aniq bo'lib, Hosilboyvachcha qiliqlarini boshlagan damda ketishni o'ylashi mumkin ham emasdi. Uning birdan-bir niyati — oilasining tinchi va farovonligi edi. Bu niyati Manzuraga, alhol o'g'liga-da qorong'u edi.

 

***

 

Manzura toliqqan bo'lishiga qaramay tunda uxlay olmadi. Yumshoq o'rin unga tikonzor kabi tuyuldi. Oilasidan ilk karra uzoq ketgani uchun qalbi notinch edi. Bezovta yurak yurtidagi noxushliklarni sezib, vujudini beholgina titratib turardi. Shu azobdan qiynalgan Manzuraga bu shaharning tuni behad uzunday tuyuldi. Uy isib ketib, nafas olishga arzirli havo qolmaganday bo'ldi. O'rnidan turib, peshayvonga chiqadigan eshikni ochdi. Yuziga salqin shabada urilib, orom oldi. Tashqarida maydalab yomg'ir yog'a boshlagan, sanoqsiz chiroqlar yorug'ida bog' to'lin oy nuriga cho'milganday so'limlik kashf etgan edi.

Ammo bu so'limlik uning kayfiyatini yaxshilashga qodir emas edi. Bu olam aro tunni bedor o'tkazgan faqatgina Manzura emas. Necha ming, balki necha yuz ming, balki undan-da ko'p odam — xasta ham, tani sog' ham, podsho ham, gado ham; baxtli ham, baxtsiz ham; qayg'uli ham, qayg'usiz ham… tunni bedor o'tkazadi. Hech kim o'sha tunning o'zida, qaerdadir bir jigarbandi ham qalb titrog'ida ekanini bilmaydi. Alhol Manzura ham yurtida eri bilan qizining tunni uyqusiz o'tkazishganidan bexabar edi.

Nonushtadan so'ng o'g'illari shahar aylanajaklarini ma'lum qildilar. Manzuraning sayru sayohatga xohishi ham, holi ham yo'q edi. Shunga qaramay, o'g'illarining shashtini qaytarmaslik uchun otlandi.

O'g'illari shahar ko'chalari, ayrim imoratlar haqida gapirishar, Manzura esa ularning zavqini baham ko'ra olmas edi. Yuragi nima sababdan g'ashlanayotganini hatto o'zi ham bilmasdi. Ba'zan xayolini shahar manzaralariga band etib chalg'imoqchi bo'lardi. Bu kabi shaharlarni u televizorda ko'rgan, muxbirlar «chirigan kapitalizm» deb bularni tanqid qilishardi. Manzura sayr chog'ida shaharda chirik imoratlarni ko'rmadi. To'g'ri, siyosat olamiga u begona ayol edi. Kapitalizmning chirigani qanaqa bo'ladi, chirimagani qanday — bilmasdi. Bilish uchun harakat ham qilmasdi, o'ylamasdi ham. Hozir, ikki o'g'li ikki qanotida shahar bog'ini sayr qilayotgan chog'ida «Shunday yaxshi joylarni nima uchun yomonlashadi?» deb o'ylab qo'ydi. Uning siyosatga munosabati shu o'y bilan cheklandi.

Manzuraning ruhidagi siniqlikni o'g'illari sezishdi. Bu holni ular charchoq oqibati deb o'ylab sayrni uzoq davom ettirishmadi. Villaga qaytishgach, uchovlari oshxonaga kirdilar.

Abdulhamid oshpaz ayolga palov pishirish niyatlari borligini ma'lum qildi. Bu xonadonda tez-tez palovxo'rlik bo'lgani sababli nemis ayoli ham osh pishirishni bilardi. Shu sababli chaqqonlik bilan masalliqni tayyorlab berdi. Manzura oshga unnamoqchi edi, o'g'illari yo'l qo'yishmadi.

(davomi bor)

Tohir MALIK

 

 

loading...