ShAYTANAT… (79-qism)

0

 

 

* * *

 

«Hosilboyvachchani o'rgan odamlari ushlab ketgani»ga Xongireyni ishontirishi bilan G'ilayga hojat qolmaydi. Lekin unga qadar… Vaqti-vaqti bilan G'ilayni ko'rib turishga majbur. Uni har ko'rganida qizining sharmandali holati ko'zi oldiga kelib ezilaveradi, ezilaveradi… Boshqa chora yo'q. To'planib turgan yigitlar Asadbekni ko'rishgach, o'zga davlat boshlig'ini sharaflashga hozirlanganday beixtiyor ravishda saf tortishdi.

Aslida ham shunday edi. Agar ta'bir joiz bo'lsa, Asadbek shaytanat olamidagi «o'zga davlat» rahbari, yigitlar esa «mag'lub mamlakat»ning fuqarolari edilar. Moziy tiliga ko'chirilsa, ular — qo'mondonidan ajralgan asirlar edilar. Asirlarning taqdirini esa hamisha g'olib amirlar hal etganlar. Agar amirning ko'ngliga Yaratgan ozgina insof, rahm-shafqat solsa, ularning molu joni omonda, yo'q esa talonda bo'lganlari sir emasdir.

Alhol, agar Asadbek aqliga, qalbiga zulm egalik qilsami, chaqmoqday yonib turgan bir to'p yigit daqiqaning o'zida bir to'p kulga, aniqrog'i bir to'p murdaga aylanishlari mumkin edi. Atrofni o'rab turgan yigitlarga birgina imo kifoya: biqinlariga tiralib turgan to'pponchalar chiqariladi-yu, tepkilar bosiladi. Ayrimlar «Oh!» deyishga ham ulgurolmay qolishadi. So'ng… murdalar mashinalarga ortiladi-yu, izsiz yo'qotiladi. So'ng… bedarak ketganlarning soni ko'payadi. So'ng… kimdir o'g'liga, kimdir eriga, kimdir akasi yoki ukasiga aza ochishni ham, umid bilan kutishni ham bilmay yillarni armonda o'tkazadi…

Yo'q, unday bo'lmadi. Garchi Asadbekning oyoqlari uni zulm sari yetaklagan bo'lsa-da, inson qoni to'kilmadi.

Asadbek yigirma qadamcha berida to'xtab, yigitlarni kuzatdi. A'yonlari uning yonida tek turganlaricha xuddi chuhralarday atrofga olazarak qarashardi. Asadbek Hosilboyvachchaning yigitlariga qarab, ularda besaranjomlik bor yoki yo'q ekanini aniqlamoqchi edi. U tomonning xotirjam turganini ko'rib, asta yura boshladi. A'yonlari ergashgan edi, orqasiga o'girilib, buyurdi:

— Haydar, G'ilayning yonida tur. Mahmud, sen sal orqaroqda yur.

Asadbek yigitlardan ikki qadam berida to'xtadi. Ana shu ikki qadam oralig'idagi masofaga sukunat suqulib kirib hukmronlik o'rnatdi. Ko'zlar ko'zlarga to'qnashgan holda qotdi. Ammo sukunatning hukmronligi uzoqqa cho'zilmadi. Yigitlarning chapdastrog'i «Assalomu alaykum, Bek aka», dedi-yu, qo'lini ko'ksiga qo'yganicha unga peshvoz

chiqdi. Boshqalar o'ylab ham o'tirmay, unga ergashishdi. Ularning aksari yangi hojalari bilan qo'shqo'llab ko'rishishdi. Mana shu manzaraning o'ziyoq «ikki davlat» o'rtasida g'olibning foydasiga bitim imzolanganidan dalolat edi. Asadbek ular bilan ko'rishib bo'lgach, «ish ko'ngildagiday bitdi», degan xayolda orqasiga qaytmoqni ham o'yladi. Bu yigitlar o'z hojalari uchun jon olishlari mumkin, ammo jon berishni istamaydigan toifadan edi. Kecha oqshomda hojalarining Asadbek uyiga kirib ketganicha qaytib chiqmaganini ular bilishardi. Kichik hojalarining bu holda turishining o'ziyoq ularga chorasiz ekanliklarini, ikki yo'ldan birini tanlamoqliklari zarurligini anglatardi. Asadbek kelmasidan ilgariyoq, ular kichik hojalari yo'lini tanlashgan, g'oliblar qarshisida bichilgan yuvvosh qul libosiga o'ralgan edilar. Agar Asadbek ko'ringanida birov «Tiz cho'klaring!» deb buyruq bersami edi, shubhasiz tiz cho'kardilar, buyruq bo'lsa sajda qilishdan-da qaytmagan bo'lardilar.

Asadbek ular orasida sarosimani, norozilikni, hatto qarshilikni kutgan edi. Yigitlarning mutelik bilan ko'rishishlari uning uchun kutilmagan hol bo'ldi. «Agar Hosil meni o'ldirganida mening yigitlarim ham unga shunday poyi-patak bo'lisharmidi?» degan xayol ko'nglini g'ash qilib o'tdi.

Ko'rishuv marosimi tugagach, yigitlar Asadbekning atrofida yarim doira yasadilar.

Tobelik alomati yaqqol sezilib tursa-da, Chuvrindi ehtiyotni shart deb bilib unga yaqinlashdi. O'ng qo'li jigarrang charm plash cho'ntagidagi to'pponcha dastasini mahkam siqdi.

— Hosil mening eng qadrdon ukaxonlarimdan, buni bilasanlar, a? — dedi Asadbek vazminlik bilan. — Kecha u uyimga kelib bir iltimos qildi: uzoqdagi bir joyda bitadigan zarur ishi bor ekan. O'zi bormasa ishi bitmas ekan. U yoqda bir oy yuradimi, ikki oymi — Xudo biladi. «Zamon nozik, bolalarga ko'z-quloq bo'lib turing», deb iltimos qildi. Sizlarga shu xabarni o'zim yetkazib qo'yay deb to'pladim. Hosilning ketganini siz bilan mendan boshqa hech kim bilmasligi kerak. Birov so'rasa tushuntirib ham o'tirmang.

«Bilmayman», deng — tamom! Kimning gapi bo'lsa, menga ro'para qiling. Hosil kelgunicha, mana, Mahmudjon akalaring nima desa, shunga bo'ysunasanlar.

Bu gaplarni eshita turib Kesakpolvon betoqatlandi.

— Bilib qo'y, — dedi u G'ilayning biqiniga tirsagi bilan asta turtib, — eng muhimi — o'shandan ehtiyot bo'l. Sen o'ladigan bo'lsang ham shuning qo'lida o'lasan.

— Patsan-ku bu, bo'sh kelish yo'q, — dedi G'ilay mensimagan tarzda.

— Aqling bo'lsa, shu mishiqilardan qo'rq. Qovoq kallasiga nima kelsa shuni qiladi.

G'ilay «seniki ma'qul» deganday bosh irg'ab qo'ydi.

Asadbek gapini oxiriga yetkaza olmadi — yo'tali tutdi. Chuvrindi ildam ravishda uning yoniga kelib, gapini davom ettirdi:

— O'ylab ko'rlaring: senlarni zo'rlash yo'q. Hosil kelgunicha birga ishlaymiz, desalaring, gap yo'q. Ko'nmasalaring, yana o'zlaring bilasanlar. Lekigin tuxum bosib o'tirasanlar, pista qilib yurasanlar. G'iring-piring degan gap chiqarsalaring tuxumlaringni quritaman.

— Eshitdingmi? — dedi Kesakpolvon yana G'ilayni turtib, — Hosil kelgunicha birga ishlaysanlar. Keyin Hosil kelib, o'zi bilan olib ketadi.

G'ilay «patsanning o'zini asfalasofilinga jo'natmay tag'in!», demoqchi bo'ldi-yu, tilini tiydi. Har- holda bular orasidagi munosabatni yaxshi bilmaydi. Oralarida sovuqlik mavjud degani — bir-birlariga dushman, degan gap emas. Bugun bunday deb to'ng'illab, ertaga tug'ishgandan ziyoda ravishda apoq-chapoq bo'lib yuradiganlar kammi dunyoda?

— Qani, o'yladilaringmi, nima deysanlar? — Chuvrindi yigitlardan javob kutib, ularga birbir qaradi.

— Yur, — dedi Kesakpolvon G'ilayga, — bir narsa deb qo'y.

G'ilay unga ergashib, to'daga yaqinlashdi-da, Chuvrindiga qo'l uzatdi:

— Gap yo'q, okaxon, — dedi jilmayishga harakat qilib. — Akam «Bek akalaring bilan birga turinglar», deganlar. Boshqacha gap bo'lishi mumkin emas. To'g'rimi? — u shunday deb yigitlariga qaradi.

— Gap yo'q, — dedi Asadbek bilan birinchi ko'rishgan yigit. — Boshqalar ham tasdiq ishorasini qilib, Chuvrindi bilan ko'rishib chiqishdi.

— Endi shoshmalaring, bitta-bitta gaplashaman, — dedi Chuvrindi «bitim imzolash» marosimi yakunlangach. Asadbek bo'lajak suhbatda ishtirok etuvi shart bo'lmagani uchun iziga qaytdi. Kesakpolvonga «Yur» ham demadi, «Sen qol», ham demadi.

Kesakpolvon bundan o'zicha xulosa chiqarib, Chuvrindining yonida qoldi. Natijada «birga-bir» suhbatlashish fikri amalga oshmadi, suhbat «uchga-bir» tarzida bo'lib o'tdi.

Chuvrindi har yigitning zimmasidagi vazifasini so'rab bildi. Oshiqcha so'z aytmadi.

Ko'rsatma ham bermadi. Kesakpolvonning esa bu suhbatdan ko'ngli to'lmadi. O'ziga zarur sir ololmadi.

«Tomonlar orasidagi muzokara» yakun topgach, Chuvrindi Asadbekning topshirig'iga ko'ra G'ilayga «Men bilan yurasan», dedi. G'ilay bu amrga bo'ysunmaganday Kesakpolvonga qaragan edi, u «Boraver, seni o'zim topaman», degan ma'noda imlab qo'ydi.

Hamma tarqaganidan keyin ham Kesakpolvon «Yalta»da bir oz turdi. Bo'lib o'tgan voqealarni u yana fikr tarozusi pallalariga qo'ydi. Buzuq tarozida narsa yuz tortilsin, ming tortilsin — bir xil raqamni ko'rsatib turgani kabi uning aql tarozusi ham yagona fikrni ta'kid etardi: Asadbek bilan Chuvrindining harakatlarida o'ziga qarshi holatni ko'rardi. «Hokimiyat» uzil-kesil Chuvrindi qo'liga o'tib, o'zi chetlatilganday, hokimlik martabasi emas, mulozimlik balchig'i tomon pasayayotganday tuyulardi.

«Osonlik bilan jon beradigan ahmoq yo'q!»

Kesakpolvon shu qat'iy qaror bilan iziga qaytmoqchi bo'lib shart burildi-yu, ikki-uch qadam qo'ygach, katta it yetaklab kelayotgan yigitni ko'rib, sekinlashdi. Kechasi bir sidra qor yog'ib o'tgan bo'lsa-da, hali qishning hukm o'tkazishiga fursat bor, demak, it urushtirish mavsumiga hali sal ertaroq edi. Bo'ribosarning kattaligidan egasi qayish yoki arqonga emas, zanjirga bog'labdi. Yigit maydon o'rtasidan kelayotgan Kesakpolvonni sal chetlab:

— Aka, sal ehtiyot bo'ling, odamga tashlab qoladigan odati bor, — dedi uzrli ohangda.

— Rosa yetkazibsan-ku, a? — dedi Kesakpolvon itga tikilib.

— Ko'z tegmasin, deb qo'ying, aka, — dedi yigit.

— Ha, ha, ko'z tegmasin. Hali yoshga o'xshaydi, a? Bu yil birinchi marta qo'yasanmi?

— Bultur ikki marta qo'yganman.

— Yutganmidi?

— Yo'q, juda yosh edi.

— Hozir zo'ri kimniki?

— Ahmadboy akamniki. Chempion-da.

— Bulturgi gapmi bu?

— Bu yil ham zo'r. O'tgan oddix qo'yishdi.

— Vaqtli boshlabsanlarmi bu yil?

— Odamlar sog'inib qolishgan-da.

— Bugun qo'ymoqchimisan?

— Maslahatga qarayman.

Kesakpolvon yigit bilan gaplashib turganda Hosilboyvachchaning yigitlaridan biri unga yaqinlashdi.

— Haydarjon aka, ishqivozlik bormi? — dedi u itga ishora qilib.

— «Mi»sini olib tashlab gapir. Men ko'rgan kuchukvozliklarni ko'rish uchun yana yuz yil yashashing kerak. Keyingi paytlarda vaqt bo'lmadi. Bo'lmasa bitta qo'ymas edim.

— Bugun qoling bo'lmasa, zo'rlari qo'yiladi.

— Shuni aytyapsanmi?

— Buning gavdasiga ishonmang. Po'k hali.

— Sen qaerdan bilasan?

— Bilaman-da… Tirikchilik shu yerda, akaxon, — dedi yigit miyig'ida kulib.

— Bu yer… senga qaraydimi? — dedi Kesakpolvon ajablanib.

— Ha… — dedi yigit aybdor boladay undan ko'zini olib qochib.

Kesakpolvon bu yer shu yigitga qaragani uchun ajablanmadi. Uning taajjubi boshqa narsaga bo'ldi: bir vaqtlar Asadbek gullatgan bu joy qachon, qanaqasiga Hosilboyvachcha ixtiyoriga o'tib qolgan ekan? Bu joyga xo'jayinlik qilishga to'la huquq ularning ixtiyorida bo'lgani holda nechun e'tiborsizlik qildilar? Buni Asadbek biladimi yo Mahmudning xabari bormi?

— Cho'tal yaxshi tushib turibdimi? — dedi Kesakpolvon shularni xayolidan o'tkazib.

— Yomon emas.

— Sen faqat men bilan salom-alik qilasan, — dedi Kesakpolvon amr ohangida.

— Gap yo'q, akaxon, dilimdagini aytdingiz, — dedi yigit itoat bilan. — Birpas qolasizmi?

— Qolaman. — Kesakpolvon shunday deb itga qaradi.

— Unga qo'ymang…

— Xuddi shunga qo'yaman, — dedi Kesakpolvon o'jarlik bilan. — Tavakkal: yo chikka, yo pukka. Sen ishingni bilib qilaver. Hozir kelaman.

Kesakpolvon tashlandiq bog' chetida turgan mashinasiga borib piyolaga to'ldirib konyak quydi-da, simirdi. Qaqshay boshlagan badaniga rohat yugurdi.

Yarim soat ichida bu yer gavjumlashdi. Ta'bir joiz bo'lsa, «ish kuni» boshlandi.

Somsachilar, hasipchilar bug' o'rlab turgan tog'oralarini qo'ydilar. Kabobchilar qo'ralarini o'rnatdilar. Eski, pachoq «Zaporojes»ning yukxonasi ochildi. Butun mamlakat bo'ylab ichkilikka qarshi kurash ketayotgan damda yukxonaga terilgan aroq-konyaklarni ko'z-ko'z qilish — qahramonlik namunasi edi. Agar biron kishi kelib, «Sen partiya qarorlarini nega buzyapsan?» desa u bamaylixotir ravishda «Bu yer partiyaga qaramaydi, partiyangning qarori ko'chaning nariga betida o'tadi», deyishi mumkin. Agar da'vogar odam yuqori idoralar nomini o'rtaga qo'yib dag'-dag'a qilsa, chorasi oson — og'zi bitta, nari borsa ikkita shisha bilan yopiladi. Shunda ham ko'nmasa, u holda Hosilboyvachchaning yigiti bilan ikki og'iz «shirin suhbat» quradi. Somsachiga, hasipchiga, aroqchiga, xullas, hammasiga faqat shu yigitning so'zi o'tadi. Tomosha tamom bo'lgach, hammalari u bilan bir-bir so'rashib, valine'matlik qilayotgani uchun minnatdorlik bildiradilar. Daromad mo'mayroq bo'lgan kunlari «otamsiz» deyishdan qaytmaydiganlar ham bor. Bugungi daromad haqida bashorat qilishga hali erta, lekin bir narsa aniq — salomlashish chog'ida yigit ularga xo'jayin o'zgarganini, shu bois «narxnavo» oshganini ma'lum qiladi. Ular noroziliklarini ichlariga yutganlari holda, shodiyonalik belgisi sifatida yana yuz so'mdan «suyunchi» cho'zadilar.

Kesakpolvon yana bir piyolani bo'shatgach, somsachiga yaqinlashganda yigit paydo bo'ldi.

— Zakkaz somsa, keling oka, g'ichcha yog' yeysiz, — dedi somsachi.

Kesakpolvon u uzatgan somsani olmoqchi edi, yigit uni nari boshladi.

— Bundan olmang, «oq qo'y»ning yog'i hammasi. Hasip yeya qoling.

— «Oq qo'y»niki bo'lsa zo'r-da, qonni ko'pirtiradi, — dedi Kesakpolvon.

— Qo'ying, akaxon, hasipdan yeng, egningizga shim bitib bunaqasini yemagansiz, — yigit tengdoshlariga aytib yuradigan hazilini yangi xo'jasiga beixtiyor aytib yubordi-yu, cho'chib, tilini tishladi. Uning baxtiga Kesakpolvon bu og'ir hazilga e'tibor bermadi.

To'g'ri, bir g'ijindi, ammo «Mayli o'zini menga yaqin olgisi kelyapti. Yaqin bo'laversin, foydasi tegadi», degan fikr bilan javob qaytarmadi.

Hasip olindi, yeyildi. Hasipchi ulardan pul umid ham qilmadi.

Ular tamaddi qilib bo'lgunlaricha maydon atrofi odamlar bilan to'ldi. Eski «Zaporojes» atrofi, somsachiyu hasipchilar atrofi ham gavjumlashdi. Biri-biridan bahaybatroq itlar olib kelindi. Bunda it urushtirishga ishqivozlar ham, shu bahonada maishat qilib ketadiganlar ham bor edi.

Bir soatcha oldin muhim masala hal etilgan joyda endi itlar o'z munosabatlarini oydinlashtirishlari lozim edi.

Janglarning ko'pini ko'rgan tajribali itlar raqiblariga bepisand qarab esnab qo'yadilar.

Ayrimlari betoqatlanadilar. Bu maydonga endi kelgan itlar esa zanjirlarini uzgudek bo'lib siltanib, vovullaydilar. Jang ko'rgan itlar esa ularga javob qaytarmaydilar, aksincha «O'pkangni bos», degandek qarab qo'yadilar.

Odamlarning tayyorgarlik ishlari — ya'ni, kim qaysi itga qancha pul qo'yishi aniq bo'lgach, o'rtaga davraboshi chiqdi:

— Ahmadboynikiga kim qo'yadi? — dedi u baland ovoz bilan. So'ng izoh tariqasida qo'shib qo'ydi: — «Chempion»ga kim qo'yadi?

Tomoshabinlar «O'tgan yilning zo'ri hisoblangan «Chempion it»ga kim qo'yar ekan?» degan mazmunda o'zaro bahs boshladilar. Bahslar nihoyasiga yetmay turib, o'rtaga Kesakpolvonga ma'qul bo'lgan itni yetaklab chiqishdi. So'ng maydonda «Chempion» ko'rindi. U aytarli bahaybat emasdi, siltanmasdi, vovullamasdi. Bo'yinbog'i zanjirdan emas, oddiy arqondan edi. U raqibiga qarab «Vajohating zo'r-ku? Lekin men senday po'klarning ko'pini ko'rganman», deganday o'tirib oldi. Uning bu qilig'i ba'zi tomoshabinlarga yoqib, ba'zilariga yoqmay qiyqirib, hushtakbozlikni boshlab yubordilar.

Davraboshi ishora qilgach, avval «Chempion»ning bo'yinbog'i, keyin raqibning zanjiri yechildi. U o'ljasini bir soniyada yanchib tashlash maqsadida yugurdi. «Chempion» esa joyidan jilmadi. Faqat raqibi yaqinlashganda chaqqonlik bilan o'zini chetga oldi. O'zini to'xtatolmagan raqibi gangib yiqilgach, bir sakrashda bo'ynidan tishlab, bulg'alay boshladi. Bahaybat itning egasi kelib, uni ajratmoqchi bo'ldi. Tamoshabinlar norozilik bilan «Qoch, qo'yib ber!» deb baqirdilar. O'rtada Hosilboyvachchaning yigiti paydo bo'lgach, «Chempion»ning egasi itini ajratib oldi. Bunday hol bir necha marta takrorlandi. Bundan «Chempion» charchadimi yo oraga g'irrom aralashganini sezib urushgisi kelmay qoldimi, harholda so'nggi safar sergakligini yo'qotdi — raqibi uning naq jag'idan tishlashga ulgurdi. «Chempion»ning egasi itini ajratib, mag'lub bo'lganini ma'lum qilgach, norozi xitoblar kuchaydi. «Chempion»ga ishonib pul tikib, endi yutqizgan ishqibozlar it egasini baralla so'ka ketdilar. It egasi atrofga xavotir bilan alanglab qo'yib, «Chempion»ni — endi sobiq chempionni yetaklab davradan chiqdi. Shu chiqish asnosida bir-ikki musht, orqasiga bir-ikki tepki yesa-da, boshini xam qilganicha jim ketaverdi. Katta tikkanlar o'yinga kim aralashganini anglab indamadilar. Bo'lmasa it yegasi bir-ikki tepki bilan qutulmas edi.

Kesakpolvon ixtiyor qilgan edi, bu yerning qoidalarini ham o'zgartirib yubordi. Agar uning xohishi bilan bahaybat it o'rniga laycha qo'yilganida ham «Chempion»ni yutardi.

«Chempion»ning orqasida turgan katta kuchlar shunda ham damlarini ichlariga yutib qolaverar edilar. Kesakpolvon bu holatdan mamnun bo'ldi. Bir necha soat ilgari ko'nglini bosgan g'ubor bir oz tarqadi.

Mashinasiga o'tirayotganida yigit kelib cho'ntagiga bir dasta pul soldi.

— Kerakmas, — dedi Kesakpolvon, — bugungi daromading — o'zingniki.

— Bu daromadmas, akaxon, happai halol o'zingizning yutug'ingiz.

— Bu joy o'zingniki, birov g'ing desa — menga aytasan.

— Rahmat, akaxon.

— Oting nima?

— Ramz.

— Bo'pti, ishingni qilaver.

Mashina uzoqlashgunga qadar ham Ramz qo'l qovushtirib turdi.

(davomi bor)

Tohir MALIK

 

 

loading...