Qozog'istonda navbatdagi norozilik namoyishlari bo'lib o'tdi…

0

 

Qozog'iston politsiyasi 6 iyul kuni Olmaotadagi namoyishlarda 100ga yaqin kishini qo'lga oldi, Nur-Sultonda ham ruxsat etilmagan norozilik aksiyalarida ishtirok etgan 100 nafarga yaqin kishi ushlangan. Bu haqda HOLA News xabar bermoqda.

Vlast.kz xabariga ko'ra, qo'lga olinganlar o'nlab avtozaklarda olib ketilgan.

«Interfaks» nashri esa o'z manbasiga asoslanib Olmaota va Nur-Sultonda qo'lga olinganlar soni 250 nafarni tashkil etgani to'g'risida xabar bergan.

Qozog'iston ichki ishlar vazirligi ma'lumotiga ko'ra, ushlanganlardan ayrimlarida travmatik qurol va tutun chiqaruvchi shashkalar topilgan. Politsiyadagilar qo'lga olish jarayoni «maksimal darajada sipolik bilan» olib borilganini qayd etgan. IIV qo'lga olinganlar soniga aniqlik kiritmagan.

Hukumatga qarshi mitinglarni mamlakatda man etilgan «Qozog'iston demokratik tanlovi» harakati tashkilladi. Namoyishchilar muammolari haqida aytish uchun ko'chalarga chiqqanini bildirmoqda.

9 iyun kuni Qozog'istonda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari bo'lib o'tgandi. Saylovda Nursulton Nazarboyevning izdoshi Qosim-Jo'mart To'qayev g'alaba qozongan. Mamlakatni 30 yilga yaqin vaqt davomida boshqargan Nazarboyev 2019 yil martida iste'foga chiqqandi.

Qozog'istonda saylovlar kunida ham muxolifat vakillarining namoyishlari o'tkazilgan, mitinglar davomida odamlar saylovni boykot qilishga chaqirilgandi. O'shanda politsiya qariyb ming kishini qo'lga olgandi.

kun.uz

 

loading...