SNAYPER… (27-qism)

0

 

 

* * *

 

Picha yo'l yurishgach, Mirsolining miyasida yana turli chalkash o'ylar g'ujg'on o'ynay boshladi. U sira tap tortmay baland ovozda allakimlar bilan janjallashib, allakimlarga o'pka-gina qila boshladi. Polkovnik goh kulgisi qistab, og'zini kaftlari bilan arang yopib qolar, goh jahl otiga minib, Mirsolini mushtlab yuboray derdi.

— Ena, enalarim, — Mirsoli kutilmaganda sal ovozini pasaytirib so'zlanishga tushdi. — Ota, sizam shu yerdamisiz? Ha-a, sizlardan xafaman. Nimaga? Nimaga bo'lardi? Yoningizda qoldirmadingiz-ku! Mana endi do'zaxga olib ketishyapti meni. Kim deysizmi? Kim bo'lardi? Dajjol. Judayam qo'rqinchli dajjol. Ammo men undan qo'rqmayman. Xohlasam, bir zarb bilan iyagini tushirib qo'yardim, lekin o'sha do'zaxi qanaqaykin deb qiziqdim-da!..

Shunday dedi-yu, Mirsoli daf'atan so'zlanishdan to'xtab kissalarini paypasladi. Polkovnik qancha hayratlanmasin, uning qiliqlaridan ensasi qotmasin, ortiqcha harakat sodir etishga shoshilmasdi. Shu sababli u Mirsolining keyingi harakatlarini kutgan ko'yi tek o'tiraverdi.

Mirsoli kissalarini kovlay-kovlay hech vaqo topolmagach, bir muddat polkovnikka tikilgancha jim bo'ldi. So'ngra qaytadan so'z boshladi. Bu gal hech kim bilan tillashmadi. O'ziga o'zi tanbeh bera boshladi.

— Men muhabbatga ishonardim, — dedi u mushtlarini tugib. — Bashoratchiman, mening aytganim so'zsiz haqiqatga aylanadi, dunyoning hamma sirlarini bilaman deganim qaerda qoldi? Mana, Yulyaning kelishiga, meni deyishiga qattiq ishongandim. Qani u? Kelmadi-ku! Hay, ajinamisan, yo farishtamisanlar? Kim bo'lsang ham aytlaring! Nega Yulya kelmadi? Meni aldadilaringmi?.. Shunaqa-da, o'zlaringga nimadir kerak bo'lsa, manfaatlaringga to'g'ri kelsa ovoz berasanlar. Hozir mening ishim tushdi-da, hammang tilingni tishlading. Hali qarab turlaring, adabingni beraman hammangning! Abjag'ingni chiqarvoraman, ha!..

— Hay-hay-hay-y, — polkovnikning sabr kosasi to'ldimi, Mirsolining yelkasiga qo'lini qo'yib tinchlantira boshladi. — Achchiqlanma! Odamlaringmi, nimaydi, ajinami, farishtami, ishqilib, o'shalaring uxlayapti shekilli. Sabr qil, uyg'onishsa, albatta sado berishadi. Qizlar masalasiga kelsak, kuygan bitta senmas. Qizlar shunaqa aldoqchi bo'lishadi. Qo'y, kuyinaverma!..

Mirsoli xuddi qaerdaligini butkul unutib qo'ygan odamdek polkovnikning tovushini eshitgani hamono bir seskanib oldi-da, unga hayrat aralash tikilib qoldi.

— Nima bo'ldi senga? — so'radi polkovnik. — Tanimayapsanmi? Men og'ang, xaloskoring, boshingdagi tojingman! O'zingni qo'lga olsang-chi mundoq!..

— Siz… Ablahsiz! — dedi Mirsoli polkovnikka sovuq termilib. — Siz qo'rqinchli bandalardansiz! Do'zaxisiz!..

— Albatta, — kula-kula javob qildi polkovnik. — Seniyam o'sha do'zaximga olib ketyapman-ku! Do'zaxiligimni o'zim ham bilaman! Ammo hozir senga indamayman. Idoraga yetvolaylik, o'sha yerda gaplashamiz! Qanaqa hunaring bo'lsa ko'rsataverasan. Hozir o'zingni bos! Haydovchi akang kulaverib ishtonini ho'l qilib qo'ygan ko'rinadi. Tag'in mashinani bir yerga urvolmasin! Idorada kuldirasan endi kamini!..

Mirsoli hech narsa demay, nafratini oshkor etgan holda qovoq uyib oldi-yu, yuzini ters turdi.

Polkovnik shunchaki po'pisa qilgan ekan. Mirsolini turmaga ham, idoraga ham emas, o'zining shahar chetidagi dala hovlisiga olib bordi.

Dala hovli u qadar hashamatli emasdi. To'rt xonadan iborat ko'rimsizgina bino, eshigi taxtadan qurilibdi. Ammo havo o'zgacha toza edi. Mirsoli miyasida allanechuk o'ylar charx ursa-da, havoning tozaligini his eta bildi. Havo sababmi, endi ko'z o'ngida olamdan o'tgan yaqinlari namoyon bo'lmay qo'ydi. Ularning o'rnini qandaydir murda, tekis-notekis so'qmoq, shoxlari qurib qaqshagan past-baland daraxtlar egalladi. Hadeganda Mirsoli yuragini vahm bosib titrab ketaverdi. Afsuski, uning ahvoliga na polkovnik, na haydovchi e'tibor berdi. Aravachani pastga tushirib qo'yishdi-da, o'zlari ichkariga kirib chiroqlarni yoqishdi, haydovchi rahbari imosi bilan darrov o'choqqa o't qaladi. Aftidan biror yegulik pishirish harakatini boshladi.

— Qani, bashoratchi Morozov, ichkariga kiramiz endi, — dedi polkovnik nihoyat hovliga chiqib. — Yur, o'zim seni olib kiraman!

Mirsoli qo'rqinchli tasavvurlar tarqagan kabi sergak tortib, polkovnikka yer ostidan razm soldi. Uning qovoqlari uyiq, nimadandir bezovtaligi harakatlari chalkash, bejoligidan sezilib qolayotgandi.

«Negadir qalbim hech vaqoni sezmayapti, — ko'nglidan o'tkazdi Mirsoli hayhotdek xonaga kirgach ko'zlarini yumib. — Yulya ham ko'rinish berishi zarur edi. Kelmadi oldimga. Nega? Nima uchun o'zgarib qoldim tag'in? Manavi-chi? Shundan qo'rqdimmi? Nima uchun? Turmaga qamashidan cho'chidimmi? Shuning uchun qalbim menga sado bermayotganmikan? Yo'q, undaymas. Hozirgina dahshatli sahnalarni ko'rdim. Yorug' dunyoning eng chirkin tasodiflariga guvoh bo'ldim. Demak, men hali ado bo'lmadim. Faqat polkovnik ne niyatda dala hovlisiga olib kelganini anglay olmasligim alam qiladi. Qaniydi, u gap boshlashidan oldin o'zim barchasini idrok eta olsam…»

— Bilasanmi nega seni turmaga olib bormadim? — so'radi polkovnik kutilmaganda Mirsolining qarshisida turgan eski kursiga cho'kib. — Top-chi bashoratchi!

— Hoy bo'lg'usi general, — bosiqlik bilan so'z qotdi Mirsoli. — Ustimdan kulavermang! Tag'in mening kunim boshingizga tushib qolmasin! Hozirgi zamonda yaxshilik ham, yomonlik ham qirq kunmas, qirq daqiqada qaytyapti. Shuni unutmang!..

— Mayli, o'zim aytaman, — dedi polkovnik Mirsolining tanbehlariga e'tibor qilmay. — Senga manavinaqangi oyoqsizliging asqotdi. Sendaqalarni qamab kim baraka topardi. Turgan bitganing xarxasha, tashvish bo'lsa… Bo'pti, jahling chiqmasin, seni bu yerga olib kelganimni ham ayta qolay. Hov, Morozov, sen haydovchimning oldida bir pul qilding-ku! Shuni bilasanmi?

— Nima qipman bir pul qilib? Haqiqatni aytdim xolos.

— Bir narsani bilib qo'y. Hali yoshsan. Senga maslahatim, hech qachon oqimga qarshi suzmagin. Uzoqqa bora olmaysan baribir. Tushuntira oldimmi?

— Niyatingizni ayting, polkovnik, — dedi toqati toq bo'lib Mirsoli. — Haliyam boshim qotib turibdi. Mendan nima istaysiz o'zi?

— O'zing anglamadingmi? Bashoratchisan-ku harqalay!

— Ha, anglamadim. Men-chi, hech qanaqangi bashoratchi emasman. Tadbirkorman.

— Tadbirkormish, — sovuq tirjayib qo'ydi polkovnik. — Sendaqa tadbirkorlarning ming xilini ko'rdi manavi ko'zlarim. Mayli, endi kelishib, erkakchasiga gaplashib olaylik. Tushun, sen menga hech kim emassan. Yomonlikka olsam, bo'yningga bir dunyo aybni yuklab qamatib yuboraman. Bu ish qo'limdan keladi. Lokigin qamatmayman. Evaziga sen bundan keyin mashinada to'qigan ertagingni takror tilingga olmaslikka so'z berasan. Xo'sh, so'z berasanmi?

— Xo'p, shunday ham deylik. Keyin-chi? Keyin nima bo'ladi?

— Keyinmi?.. — polkovnik dast o'rnidan turdi-da, deraza qarshisiga borib hovlidagi haydovchini birpas kuzatdi. Keyin esa qaytadan Mirsoliga yuzlandi.

— Bilasanmi, hozir senga bir surat ko'rsataman. Sening ishing shu suratdagi odam haqida gapirish bo'ladi. Kim u, qaerda yashaydi, nima ish qiladi… Xullas, hunaringni ishga solishingga to'g'ri keladi. Ma'qulmi?

Mirsoli shu gapdan keyingina uzoq vaqt g'aflatda qolib uyg'ongan odamdek beixtiyor sergak tortdi. Miyasida yana allanechuk o'ylar, tasavvurlar aylana boshlaganini payqadi.

— Roziman, — dedi ruhiyatidagi o'zgarishdan ko'ngli ravshan tortib. — Qachon ko'rsatasiz?

Polkovnik miyig'ida jilmayib, hech narsa demay hovliga chiqib ketdi. Sal o'tmay haydovchini ergashtirgancha xonaga qaytdi.

 

* * *

 

Ammo shu tobda Mirsolining rangi dokadek oqarib, o'tirgan yerida bosh chayqar, vujudida paydo bo'lgan titroqdan hushini yo'qotay derdi.

— Senga nima bo'ldi? — hovliqqancha Mirsolining tepasida hozir bo'ldi polkovnik. — Mazang bo'lmayaptimi?

Mirsoli unga javoban qo'li bilan «yo'q» ishorasini qildi-yu, chayqalishda davom etdi. Shundagina polkovnik nimanidir idrok etgandek xotirjam tortdi. Mirsoli «trans» holatiga kirganiga to'liq amin bo'lib, haydovchisiga ham ko'z ishoralari bilan o'tirishni buyurdi.

Shu ko'yi ular taxminan o'n daqiqacha tek o'tirib qolishdi. Bu orada Mirsoli titrashdan, bosh chayqashdan to'xtab, bir necha marta chuqur-chuqur nafas oldi va ko'zlari moshdek ochilib polkovnikka ma'noli boqdi.

— Siz menga yaqinroq o'tiring, — dedi u polkovnikka. — Qon bosimingiz xuruj qilyapti. Ko'zlaringiz qizargan. Nega bardosh qilyapsiz? Axir yurak bilan bog'liq-ku qon bosimi!

Polkovnik Mirsoliga ortiq so'z demay, og'zi lang ochilgancha aravachaga yaqinroq o'tirdi. Aftidan u Mirsolining sirli qobiliyatiga rostakamiga qoyil qola boshlagandi.

— Sen qaydan bila qolding qon bosimim oshganini? — so'radi atayin polkovnik sir boy bermaslikka tirishib. — Senga arz qilmadim-ku!

— Men aniq-tiniq ko'rib turibman qoningiz ko'pirayotganini, — dedi Mirsoli polkovnikning chap qo'lini ushlagancha ko'zlarini yumarkan. — Qaynab qozondan toshayotgan sutdek ko'piryapti. Bunaqada holingiz tang bo'lib qoladi.

— Nima qilsam yaxshi bo'laman? — so'radi polkovnik haydovchiga ko'z tashlab qo'yib. — Davosi bormi bu qizitaloqning?

— Yana ikki marta mendan muoalaja olsangiz, bir-ikki oy joningiz tinchiydi. Xullas, doimiy ravishda davolanib yurishingizga to'g'ri keladi.

— Yaxshi, ko'ndirding… Vey, okasi, hammayog'im qizib ketyapti. O'lib qolmaymanmi ishqilib?

— Hozir joyiga tushadi, — dedi Mirsoli endi ko'zlarini ochib gavdasini sal ortga tashlash asnosida. — Xo'sh, yengil tortyapsizmi? Sovidimi tanangiz?

— H-ha, sovidi vey, — beixtiyor qichqirib yubordi polkovnik. — Hoy, uka, tap-tayyor tabib ekansan-ku o'zing ham! Qoyilman senga! Aytgancha… Surat masalasini nima qilamiz?

Mirsoli asta kissasiga qo'l solib boyagina polkovnik bergan suratni qo'liga oldi va bir muddat tikilib turib so'z qotdi.

— Bu Afanasiy Petrov degan odam. Katta tijoratchi, ammo juda xasis edi. Hukumat odamlari bilan yovlashib qolgan. Oxirgi marta uni qalin o'rmon yoqasida ko'rishgan.

— Nega endi o'tgan zamonda gapiryapsan, — xavotirga tushgan odam kabi yasama bezovtalik bilan so'radi polkovnik. — Bu bilan nimaga sha'ma qilyapsan?

— Oldin gaplarim to'g'ri-noto'g'riligini tasdiqlang. Shundan keyin sababini aytaman.

— Umuman… Shaxsini to'g'ri aniqlading.

— Juda yaxshi. Endi quloq soling. Men suratda faqat qonni ko'ryapman. Qon daryo bo'lib oqyapti! Siz… jasadni topa olmay halaksiz. Shundaymi?

— E, barakalla-a, — sapchib o'rnidan turib ketdi polkovnik. Shu bahonada haydovchiga yuzlandi. — Seryoja, ko'rdingmi, Morozov kuchli ekstrasens chiqib qoldi. Hammasini to'g'ri topyapti. Morozov, sen gapni aylantirmay, bizga jasad qaerdaligini ayt! Tezroq ishni yopaylik! Harqalay, bu odam davlat ahamiyatiga molik shaxs edi. Endi tushundingmi?

— Bir shartimga rozi bo'lsangiz aytaman jasad qaerdaligini, — deya polkovnikka sirli boqdi Mirsoli. — Aks holda ishimni shu yerda to'xtataman. Ha, darvoqe, meni tag'in turma bilan qo'rqitadigan bo'lsangiz, keyinchalik o'zingiz afsuslanasiz. Ko'nglim sezib turibdi.

— Qo'ysang-chi, menam odamman, axir! Gap bitta, xudo bitta! Bizning ishda yordam berib tursang, bas. Hamma sharoitni yaratib beramiz senga. Ishon!

— Ishondim, — dedi Mirsoli qovog'i uyilib. — Hozir tag'in mazam qochgisi kelyapti. Birpasdan keyin gaplashaylik. Maylimi?

— Juda ma'qul. Sen transingga kirib chiqaver! Biz Seryoja bilan kutib turamiz!..

— Iltimos, meni o'n daqiqaga yolg'iz qoldiringlar! Agar malol kelmasa albatta…

Xonada bir o'zi yolg'iz qolgandan keyin Mirsoli boyagidek rangi oqargan, boshini telbalarcha uyoqdan-buyoqqa chayqagan ko'yi to'lg'ona boshladi. Har to'lg'onganda o'zi sezmagan holda baland ovozda oh tortaverdi. Nihoyat to'lg'onishlar barham topib, u o'tirgan joyida qaddini rostladi. Lekin ko'zlari atrofga bejo boqar, xuddi allanimadan qo'rqqan kabi ora-sirada seskanib olardi.

— Men hamma yomon ishlarni tashlayman, xudoyim, — deya tilga kirdi Mirsoli. — Yo'-o'q, farishtalar, xudoning kechira-kechira kech urishini yaxshi bilaman. Iщoninglar, bugunoq to'g'ri yo'lga qaytaman. Iltimos, meni qiynamanglar! Va'damda turaman. Tavba qildi-im!.. Hay polkovni-ik! Qay go'rga gum bo'ldingiz? Kirmaysizmi endi?

Polkovnik eshik ortida turgan ekanmi, shahd bilan xona eshigini ochib ichkariga kirdi.

— Xo'sh, yaxshimisan endi? Bashoratingni davom ettirasanmi?

— Zudlik bilan yo'lga otlanishimiz kerak, — dedi Mirsoli. — Qon ko'ryapman. O'zga davlat chegarasiga yaqin joyda, qalin o'rmon yoqasida qon. Shoshilaylik!..

Polkovnik bu gapni eshitdi-yu, ortiqcha savol berish befoydaligini anglab, Mirsoli o'tirgan aravachani tashqariga olib chiqishga tutindi.

 

* * *

 

Mirsoli mashinada jimgina o'tirardi-yu, hanuz nimalar bo'layotganini go'yo idrok eta olmasdi. Miyasiga yog'ilayotgan turli toifadagi o'ylar aslida qay tarafdan kelayotganini bilmasdi. Bilishga urinmasdi ham. Xuddi onadan telba qiyofasida tug'ilgandek miyasida paydo bo'lgan jumlalarni tiliga ko'chirardi. Buning oqibati nimalarga olib kelishi mumkinligi uni umuman qiziqtirmasdi. Qiziqtirgan taqdirda ham Mirsoli mulohaza qilishga ojiz edi.

Shu holatda mashina Mirsoli taxminan belgilab bergan manzilga yetib to'xtadi. Polkovnik yana ikki xodimini o'zi bilan birga olib kelgandi. Ulardan biri Mirsolini pastga tushirgach, yukxonadagi ikkita belkurakni qo'liga oldi. Mirsoli esa hech kimga indamay, e'tibor qilmay aravachani qalin o'rmon ichkarisiga yo'naltirdi. Shu taxlit bir chaqirimcha yo'l bosdi va kutilmaganda aravachani to'xtatib, ortga bosh burdi. Oldinda polkovnik, uning yonida haydovchi, bir necha o'n metr narida esa belkurak qo'ltiqlagan ikki yigit turishardi.

— Hov anavi butalar ostini kovlashsin, — dedi Mirsoli zarda aralash. — Ha, xuddi o'sha joyni! Kovlayverishsin! Kovlayverishsin!..

Yigitlar ko'rsatilgan buta ostini chamasi bir metrdan ziyod chuqur qilib kovlashdi. Bir mahal belkuraklardan biri qandaydir qattiq matoga urilgandek bo'ldi. Mato ustiga esa poxol, latta-puttalar qalashtirib tashlangandi.

Yigitlar shosha-pisha poxol va lattalarni tashqariga irg'itib, eni yarim metrdan ortiqroq qora qutini yuqoriga tortib olishdi. Chuqurdan jasad chiqarib olishlarini kutayotgan polkovnik birdan rangi o'zgarib, Mirsoliga savol nazari bilan tikilib qoldi.

— Buni qanday tushunish kerak? — so'radi polkovnik Mirsoliga yeb qo'ygudek tikilib. — Jasad qani?

— Oldin qutini ochtiring, — dedi Mirsoli pinagini buzmay. — Keyin beraverasiz savolingizni.

Yigitlar polkovnikning ko'rsatmasi bilan qutini ochishdi. Ne ko'z bilan ko'rishsinki, quti to'la tilla edi. Polkovnik hech narsaga tushunmay, goh qutiga, goh Mirsoliga javdirardi.

— Hayron bo'lmang, — deya polkovnikni yupatgan bo'ldi Mirsoli. — Bu tillalarniyam o'sha siz jasadini qidirayotgan odam ko'mdirgan. Tillalar o'g'irlangan. Ammo qaerdan o'g'irlanganini aytmayman. Agar kerak bo'lsa, o'zingiz surishtirib bilvolaverasiz.

— Menga jasadni ko'rsat, — dedi polkovnik hanuz chehrasi tundlashgan ko'yi. — Shunisi muhimroq bizga hozir. To'g'ri, tillalarni topib berganing ham juda soz bo'ldi. Chunki bu odamdan uzoq yillar gumonsirab kelardik. Mana, gumonlarimiz to'g'ri bo'lib chiqdi. Qani, Morozov, endi murda qaerdaligini ayt! Yigitlar kovlashsin! Vaqt ketyapti!

Shu tobda Mirsolining rangi o'zgarib, g'oyibona tovushlar quloqlari ostida jaranglay boshlaganini his etdi.

— Nari ket, — buyurdi unga noma'lum tovush sohibi. — Fursatni boy bermay oldinga yur!

Mirsoli beixtiyor bezovtalanib, polkovnikka yuzlandi.

— Men… Hozir kelaman, — dedi u aravacha tutqichidagi kerakli tugmachani bosib. — Besh daqiqada qaytaman.

Polkovnik hayron bo'ldi-yu, Mirsolining ruhiyatida o'zgarish sodir bo'lishi muqarrarligi yodiga tushib bosh irg'agancha nari ketdi. Mirsoli esa chamasi yuz metrcha nariga borib to'xtadi-da, ko'zlarini yumib navbatdagi ko'rsatmalarni kuta boshladi. G'oyibona tovush ham uzoq kutdirmadi.

— Jasad quti ko'milgan yerdan ellik metr narida, — dedi tovush egasi. — Ammo hech kimga aytmaysan. Sababini his etdingmi?

— Yo'q, his etmadim, — ovoz chiqarib javob qildi Mirsoli. — Men kim bo'libmanki, his eta olsam.

— Unda biz aytamiz. Agar murdani topib bersang, ular o'likxonaga olib borib yorishadi. Jasad egasining ruhi chirqillaydi. Shuning uchun sen zinhor murda ko'milgan joyni ko'rsatmasliging kerak.

— Unamay turib olsa-chi? — soddalarcha so'radi Mirsoli hanuz ko'zlarini ochmay. — Bu odam juda qaysar-ku, axir!

— O'tgan galgidek ma'lum muddatga qalbini muzlatib qo'yasan. U qarshilik bildira olmaydi.

— Roziman. Keyin-chi? Keyin nima qilay?

— Tinimsiz tavba qil! Gunohlaring yorug' dunyoga sig'mas darajada ko'payib ketgan. Iloji bo'lsa, enkayib, yuzlaringni yerga ishqalab tavba qil! Zora xudo rahmingni yesa!..

Mirsoli shu ta'kidlardan so'ng shoshilishi lozimligini angladi va shosha-pisha aravachani ortga qaytardi.

— Xo'sh, transing tamom bo'ldimi? — so'radi polkovnik uning tepasida hozir bo'lib. — Ko'rsat unda jasad ko'milgan joyni!

Mirsoli javob berishga shoshilmay, boshini quyi solgancha tek o'tirib qoldi. So'ngra norozilangan kabi jussasini u yondan buyonga tashlab, lablarini titratib polkovnikka yer ostidan javdirab boqdi.

— Nima bo'ldi yana? — so'radi polkovnik toqatsizlana boshlaganini sir tuta olmay. — Bo'la qolmaysanmi endi! Vaqt ketyapti, axir, Morozov!..

— Bir qoshiq qonimdan keching, — dedi nihoyat sal o'zini qo'lga olib. — Men… Adashibman! Yanglishibman!

— Nega adashasan? Tushunmadim. Nimani nazarda tutyapsan, hoy bola?

— Murda qaerdaligini aniqlay olmayapman. Ishoning, juda ojiz qoldim. Sira topa olmayapman.

— Q-qanaqasiga? Ie, bunisi qiziq bo'ldi-ku! Nega aniqlay olmaysan? Qanaqa bashoratchisan o'zi? Meni ahmoq qilmoqchimisan tag'in?

— Nega tushunmaysiz? — atayin zardali ohangda qichqirdi Mirsoli. — Men xudomasman-ku! Oson tutaverarkansiz-da! Topolmadim. Xo'sh, nima qilishim kerak? O'zimni osaymi shu yerda?..

— O'lguday bo'lmag'ur bolaykansan, — polkovnik hafsalasi pir bo'lib g'udrana-g'udrana mashina tomon yurdi. — Hay yigitlar, manavi bashoratchini mashinaga ortinglar! Ketamiz! Bo'la qolinglar! Shuncha vaqtimni yeb bitirdi bu dayus!..

Polkovnik qancha norozilanmasin, Mirsoli ko'ngliga yaqin olmadi, ranjimadi, jahl qilmadi. Sukut saqlashni ma'qul deb bildi. Qolaversa, u so'nggi ikki-uch soat ichida ich-etini yer, nadomat o'ti vujudini kuydirib, o'zini qo'yarga joy topa olmasdi. Ustiga-ustak, havo o'zgara boshlaganidanmi, yarimta oyoqlarining tikilgan qismida kuchli og'riq turib, uni bezovtalanishga, oh chekishga majbur etardi. Irodasi nihoyatda kuchliligidan tishni tishga bosar, iloji boricha e'tiborsiz bo'lishga intilardi. Shuning uchun ham qalbida paydo bo'lgan nadomat dengizida suzib, bu dengizning zalvorli, bir-biridan haybatli to'lqinlari qurshovida dard chekkisi kelardi. Qarama-qarshi o'ylar, tushkunlik iskanjasi esa bag'rini o'yib borardi.

— Men rostakamiga yarim jon bo'lib qoldim, — o'ziga o'zi so'zlanardi Mirsoli Nastya xoladan qolgan kvartira balkonidan tashqarini hissiz kuzatib. — Boshida hammasini yengaman, yovni dog'da qoldiraman, bu dunyo, taqdirim, qismatim baribir mening yo'rig'imda bo'ladi deb o'ylagandim. Yanglishganga o'xshayman. Har qadamda, har soniyada naqadar ojizligim, yaroqsizligim sezilib qolyapti. Duch kelgan odam menga yuqoridan turib qaramoqda. Har sirli, ayanchli nigoh tashlashganda, ikki oyog'im yo'qligi boshimga to'qmoqday urilib jonimni azoblayapti. Mana, Yulyaning kelishiga, ko'nglini ochishiga qattiq ishongandim. Tarvuzim qo'ltig'imdan tushdi. Shu jajji qiz ham meni mensimadi. Xuddi «Tegsam, sendaqa nogironga tegamanmi?», degandek kelmadi-qo'ydi. Demak, menga uylanish, bola-chaqa orttirish ham mumkin emas ekan-da! Nega? Nahotki, odam o'ldirganlarim, birovlar ko'ngliga ozor berganim, birovlarning uyini azaga to'ldirganim, harom pul topganim o'zimga kaltak bo'laversa? Men endi umrimning oxirigacha shunday yolg'iz, notavon bo'lib yashaymanmi? Nega? Men umuman baxtli bo'lmaymanmi, xudoyim? Seni kechirimli, bag'ri keng deb hisoblardim. Demak, o'ylaganlarim sarob ekan-da! Seni sevishim, senga topinishim, o'zingga sajda qilishimdan naf yo'q ekan-da! Sen baribir menga baxt, qudrat ato etmaysanmi?.. Yo'q, yo'q, sen hamisha haqsan! Aks holda menga g'oyibona qudrat bermasding. Xudoyim, o'zing hammasini ko'rib, bilib turibsan. Menga bunday qobiliyatning sira zarurati yo'q edi. Shuning o'rniga men notavonga bir siqimgina baxt, xotirjamlik, sokinlik, xush onlarni hadya etsang bo'lmasmidi? Axir, umrida chimildiq ko'rmagan bo'y yigit uchun bu o'limdan ham battar-ku! Bandangga rahming kelmaydimi?.. Astag'firillo! O'zing kechir shakkokligimni! Mayli, peshonamga shunday kulfatlarni yozgan ekansan, bardosh qilaman, to'siqlarni yengaman! E, xudoyim, nimaga diydiyo qilib o'tiribman o'zi? Hozirgi zamon qandayligini unutib qo'yibman-ku! Ha, oyoqlarimni tortib olganing bilan hamon boyliklarimga ega qilib qo'yibsan, shukr! Manaman degan qizlar ortimdan chopadi hali, ha! Zamonamning manaman degan go'zal qiziyam jaraq-jaraq pullarni ko'rganda ta'zim qilganini sezmay qoladi. Mening ko'nglimga qaraydi, ovutadi, erkalaydi, soyamga salom beradi. Bilaman, klub ochganim boshidanoq senga ma'qul kelmovdi. Sezardim, yurakdan his etib turardim. Ammo yon bergim kelmasdi. Shakkokligim ustun edi o'shanda. Mana endi mulla mingan eshak kabi yuvosh tortishga majbur bo'lib o'tiribman. Xayriyat, birni olib, o'rniga boshqa birni berding. O'zingga shukr! Tavba qildim! O'zing meni to'g'ri yo'ldan adashtirmagin, tangrim! Hech qachon oyoqsiz qolganimni o'zimga sezdirib qo'ymagin, iloyim!..

Mirsoli allaqachon bir to'xtamga kelib bo'lgandi. Sizib chiqa boshlagan ko'z yoshlarini yengiga artdi-da, aravachani tashqariga haydadi.

U bugunoq klubni sotish, bankdagi pullarni qaytarib olishga qaror qilgandi.

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

 

loading...