Turkmaniston politsiyasi armiyaga ketayotgan qondoshi bilan xayrlashishni istovchilardan 10 manatdan pora talab qilmoqda…

0

 

Barchaning boshida bor. Bir kun kelib ota-onalar voyaga yetgan o'g'lini vatanni himoya qilish uchun armiya safiga kuzatib qo'yadi. Bu har bir ota-ona uchun baxt va faxrdir. Turkmanistonda yashovchi ota-onalar, qarindoshlar esa endi vokzal perroniga o'tib farzandini, jigarini armiya safiga kuzatib qo'yish uchun transport politsiyasi xodimlariga 10 manatdan pora berishi lozim ekan. Poraning bu yangi turini vokzal rahbarlari va politsiyachilar o'zaro hamkorlikda o'ylab topishibdi. Rasmiy ma'lumotlarga qaraganda, Turkmanobod shahridagi vokzalda xuddi shunday qoida joriy etilgan. Kimlar yaqinini armiyaga kuzatib qo'yish niyatida bo'lsa, 10 manatdan pul to'lashi lozim. Aks holda ularni perronga o'tkazishmaydi.

— Bizning oilamiz katta, — deydi Turkmanobodda yashovchi erkaklardan biri. — Hammamiz o'g'limiz bilan xayrlashib qolishni xohlaymiz. Lekin perronga o'tishning o'zi bo'lmaydi. 10 manat to'lagan odamnigina o'tkazishadi. Agar siz perronga ham qanoat qilmay, vagon ichkarisigacha kirib borish istagida bo'lsangiz, vagon kuzatuvchisi (provodnik) ga 3-5 manatdan yana pora berishingiz kerak…

Afsuski, hamma ota-ona ham politsiya, kuzatuvchi talab qilgan pullarni bera olmaydi. Sharoiti ko'tarmaydi. Nima qilsin?!. Sho'rlik onalar o'g'lini tug'ib, voyaga yetkazib, vatanni himoya qilishi uchun kuzatishga kelsa-yu, 10 manat to'lay olmagani uchun perronga o'ta olmasa, alam qiladi albatta.

Endi yangi armiyaga chaqirilgan askarning harbiy qismdagi ahvoliga nazar tashlang. U endigina harbiy qismga kirib keladi-yu, ota-onasidan pul so'rab maktub yozishga, yoki qo'ng'iroq qilishga majbur bo'ladi. Qaysidir birini harbiy xizmatni tugatish arafasida turgan «ded»lar majburlaydi. Pul bermasa, tinch yashab bo'pti. Ayrimlar esa komandirlarga pora berib, sharoiti yaxshiroq joyda xizmatni davom ettirishga oshifta bo'ladi.

Ashxobodda yashovchi olti bolaning onasi aytmoqdaki, to'ng'ich o'g'li bir oy burun armiya safiga chaqirilgan. Kuni kecha qo'ng'iroq qilib 400 manat yuborishlarini so'rabdi.

— Pul nima uchun kerakligini aytmadi, — deydi ona. — Yana telefonidagi hisob raqamiga 5 manat tashlab qo'yishimizni ham so'radi. Men birovlarning xonadonida idish-tovoq yuvib bolalarimni boqaman. Otasi o'lib ketgan. Bolamga 400 manat yuborishga qurbim kelmayapti-da! Nima qilsam bo'ladi o'zi?.. O'sha pulni bermasa, bolamni qiynoqqa solishsa, xo'rlashsa-chi? Qanday chidayman?

Hoynahoy, bu muammoni mutasaddi tashkilotlar, shaxslar ijobiy hal etishar. Harqalay, adolatsizlikka uchrab azoblanayotgan ota-onalarni arosatda qoldirmaslar! Qaniydi shunday bo'lsa!..

Astag'firillo!!!

 

 

loading...