Amakisining o'g'lidan homilador bo'lgan qiz onasi bilan kelishib, bolasini hojatxonaga tashlagan yoxud Denovdagi o'sha mudhish holatning yangi tafsilotlari!!!

1

Bugungi shiddatli, har kuni minglab voqea va hodisalar buhroni girdobida o'tayotgan globallashuv davrida AYoL zotini qadr-qimmatini, himoyasini kuchaytirish yo'lida amalga oshirilayotgan islohotlar qancha bo'lsa, afsuski ayol bilan, uning ma'naviyati bilan bog'liq holatlar ham talaygina.

Masalan deb sanay boshlasangiz barmoq yetmaydi. “Ayol bolasini sotdi”, “ayol bolasini bug'ib o'ldirdi”, “ayol jinoyatga qo'l urdi” va hokazo…

Tahlil uchun ko'pchilikni larzaga solgan 2 holatni olaylik:

– 2018 yil 5 mart kuni Namangan viloyatining Norin tumanida «Toshloq grand» fermer xo'jaligi bog'ida yollanib ishlayotgan Uchqo'rg'on tumanida yashovchi B.X. bog'dagi hojatxonada qiz tuqqan va uni qasddan o'ldirish maqsadida hojatxonaga tashlab yuborgan. Chaqaloq yig'isini eshitgan shu bog' ishchisi A.T. chaqaloqni qutqarib qolgan. Chaqaloq tuman markaziy tug'ruqxonasiga yotqizilgan.

– 2019 yil 2 iyul kuni  fuqaro F.T. Surxondaryo viloyati  Denov tumani, Lolazor mahallasidagi “Xabibobod” bozori hududida joylashgan ayollar hojatxonasida qiz bola chaqaloqni tug'ib, hojatxona ichiga tashlab ketgan. Undan keyin hojatxonaga kirgan ayol chaqaloq yig'isini eshitib, odamlarni yordamga chaqirgan. Natijada chaqaloq qutqarib qolinib, kasalxonaga joylashtirilgan.

Balki bular biz bilgan, bilib qolgangina holatlardir.

Nega sosiy omilni kam eslayapmiz?

Bunaqa paytda ijtimoiy tarmoqlarda, o'zaro muloqotlarda yoshlar, ayniqsa qizlar tarbiyasiga mas'ul tashkilotlarni, mahallani, ota-onani ayblash, bolasini hojatxonaga tashlagan ayolni la'natlash jarayonining boshlanishi tabiiy.

Internet tarmog'ida, matbuotda “Erkak aldagani uchun ayol shu holga tushdi” deyilmaydi, “Ayol jinoyat qildi” deyiladi. Asosan AYoL va uning gunohi, jinoyati haqida gapiriladi.

To'g'ri, bolasini tug'ib shu ahvolga solish – albatta, hech qachon oqlanmaydigan xol. Biroq, avvalo masala negizida yotgan yana bir haqiqat – shu holatni sodir etishda ma'naviy ma'noda ayol bilan teppa-teng aybdor bo'lgan erkak omili, uning tarbiyasiyu shu fojeadagi “hissasi” yetarlicha baholanmaydi.

Bunday hollarda ayolga nisbatan zo'ravonlik holatini “o'zi xohlagani uchun birga bo'lgan”, “voyaga yetganku” degan izohlar bilan yopib yuborish ham aslida ayolga nisbatan haqli munosabat emas.

 

Fojeaning yana bir asosiy sababi

Biz fojea sabablari, ildizlariga to'xtaladigan bo'lsak, avvalo Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Termizdagi «Sulton Saodat» majmuasini ziyorat qilish chog'ida yoshlarning islomiy ta'lim-tarbiyadan uzoq qolganini o'z o'rnida baholab, «Ochiq aytsak, odamlarni tarbiyasiga islom nur ekanligini singdirolmadik. Fojeamiz mana shu yerda», – deb aytgan so'zlarini eslashimiz zarur bo'ladi.

Chunki, Denovda bo'lgan mana shu mudhish holatda ham nikohsiz bola ko'rish, oilasiga xiyonat qilish fojeasi bolani tug'ib hojatxonaga tashlab o'ldirish xulosasigacha borib yetishining negizida ham oilada, atrof muhitda avvalo nafaqat diniy, balki insoniy ahloq qoidalarni, ma'rifatni anglab yetmaslik, xalqining qadriyatlarini  hurmat qilmaslik sababi yotibdi.

 

Qaerga  qarayapmiz?

Bugungi kunda jamoatchilik tomonidan bot-bot takrorlanayotgan “mas'ullar qaerga qarashyapti?” degan e'tiroz ham o'rinli.

Shu o'rinda Surxondaryo viloyati Xotin-qizlar qo'mitasi raisi Mavluda Qobulovaning Denov tumanida bo'lgan holat yuzasidan bergan ma'lumotiga to'xtalamiz:

Men o'sha kuni Denov tumanida xizmat safarida edim. Profilaktika inspektoridan eshitib, bolaning sog'ligini surishtirib, tuman tibbiyot birlashmasi bosh vrachi bilan tibbiy yordam berishda e'tiborsizlik qilmay nazoratda ushlashni navbatchi vrachlarga tayinladik.

Ma'lum bo'lishicha oilada 6 farzand – 2 nafar o'g'il, 4 nafar qiz ulg'aymoqda. F.T.ning ma'lumoti o'rta-maxsus, otasi ishlashga ruxsat bermaganligi uchun uyida tikuvchilik bilan shug'ullanib kelgan. Uning nomusiga amakisining o'g'li 1990 yilda tug'ilgan o'zi bilan bir mahallada yashovchi A.T. tekkan.

Bola 02.07.2019 yilda tug'ilgan, onasi va o'zidan boshqa hech kim bilmagan. Otasi va aka-ukasidan qo'rqqanidan, qarindosh-urug', qo'ni-qo'shnidan uyalganidan onasi bilan kelishgan holda bolani yo'q qilish uchun shu yo'lni topgan. Bola  hojatxona yangi tozalanganligi va orqa tomoni bilan tushganligi sababli va o'z vaqtida topilib, tibbiy yordam ko'rsatilganligi uchun tirik qolgan, hozirda salomatligi yaxshi.

Tuman Xotin-qizlar qo'mitasi raisi oiladan xabar oldi. Oila mahallaning oddiy oilalaridan. Otasi ham, oila a'zolari ham voqeadan xabar topgach yana bir xatolikka yo'l qo'yib qo'ymasligi uchun ularga vaziyatni boricha qabul qilishi va yana keskinlashtirmasligi tushintirildi. Hozir vaziyat nazoratga olindi, bolaga guvoxnomani rasmiylashtirish chorasi ko'rilmoqda.

 

Yana kechikdik…

To'g'ri, aslida bu kabi bong urishlar ham, xalq ta'biri bilan aytganda “bo'lari bo'lib, buyog'i singib bo'lgan”dan keyingi xabar olishlar ham, qaysidir mas'ulni ishdan olish, kimgadir chora ko'rish kabilar ham fojeani yumshatishga asos bo'lolmaydi.

Chunki, ko'rinib turibdiki, yuqoridagi holni sodir etgan erkak va qiz yashayotgan mahallada ma'rifiy muhit yetarlicha sog'lomlashtirilmagan. Qiz homilasini “hojatxonaga tashlash uchun” ko'tarib yurgan 9 oy davomida hech kim hech narsani sezmagan.

Bugungi islohotlar natijasida shu holatlar sodir bo'lishining oldini olish uchun ko'rilayotgan choralar, masalan “Qizlar salomatlik markazi”, “Ayollar maslahatxonasi”, “Ayollar reabilitatsiya markazi” kabi ijtimoiy himoyalash tuzilmalaridan ko'zlanayotgan maqsad o'z vaqtida aholiga yetkazilmagan. Qisqa qilib aytganda, yana kechikilgan.

 

U ham ayol, uning ham himoyachisi qonun

Hozirda jinoyat sodir etgan ayol haqida shov-shuvli e'tiroz va haqoratga to'la minglab izohlar va fikrlarni kuzatyapmiz.

Biroq, Xotin-qizlar qo'mitasi va boshqa tashkilotlar ham ayol katta xato, hatto jinoyat qilib qo'ysa ham u ayolga nisbatan ommaning nafratini qo'zg'atishga, “bu ayolga o'lim” qabilidagi kayfiyatni uyg'otishga haqli emas. Chunki, barcha qatlamdagi zarbaga uchragan, jinoyati zamirida bitta o'zi turmagan ayollarni ham himoya qilish qonunga zid emas.

Bolasini tug'ib hojatxonaga tashlab yuborgan ayolning qilmishini mutlaqo oqlamagan holda, holat yuzasidan qo'zg'atilgan tergov ishi yakunlarini kutib, ushbu ayolni, uning oilasini hozirgi murakkab ruhiy holatdan olib chiqish bilan shug'ullanish Xotin-qizlar qo'mitasining vazifasidir.

 

Xulosa o'rnida…

“Birov gunoh qilganda jim kuzatib turish ham gunohdir” deydi dono xalqimiz.

Bu kabi holatlarni o'z vaqtida oldi olinmagani mas'ul tashkilotlarning yoshlar, aholi, qizlar o'rtasida ma'naviy targ'ibot ishlarini samarali tashkil etish, tadbirlarni odamlarning kundalik hayotiga bo'lgan ta'sirini kuchaytirish, jamoatchilikning hal etuvchi ulkan kuchidan unumli foydalanish, oiladagi tarbiyani to'g'ri tashkil etishda davlat va nodavlat tashkilotlar o'rtasida o'zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligini ko'rsatib turibdi.

Xulosa o'rnida aytish mumkinki, yuqoridagi fojianing ma'naviy jarohati juda chuqur va tez bitadigan emas. Bu fojea AYoLning, mutlaqo aybsiz GO'DAKning, o'sha OILAning taqdirida umrbod davom etishi ham bor gap. Biroq, har qanday vaziyatda ham xatoni to'g'irlashga, jarohatni bitkazishga, bu kabi holatlar takrorlanmasligi uchun har mahalla va oila kesimida harakat qilish o'rinliroqdir.

O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasi

1 TA FIKR

  1. Derlar, qizning dardi og'ir kechadi,
    Onalar kunlab azob chekadi.
    Onasin qiynamay tug'ilgan, Qizim,
    Jimgina yig'lamay bug'ilgan, Qizim.

    Onang ne, Olloh asrasa seni,
    Seniki bo'lsin dunyoim meni.
    Onam kechdi deya o'kinma, Qizim,
    Butun O'zbek xalqi onangdir seni.

    Dard ko'rmay ulg'aygin, g'amgin ko'zginam,
    Ollohimga yetsin ohim, so'zginam.
    ONA TAShLAMASIN JIGARIN ChOHGA!!!
    Endi bunday bo'lmaydi, IShON, Qizginam!

Comments are closed.