KILLER… (4-qism. Birinchi fasl)

0

 

 

* * *

 

Vadim kvartiraga kiriboq yechinib ham o'tirmay o'zini karavotga tashladi.

— «Eh, dunyo, dunyo!.. — ko'z o'ngida Ruxsoraning siymosi gavdalangani sayin oh tortardi u. — Nimalar bo'layapti o'zi?.. Nahotki, sevib qolgan bo'lsam?.. Bunaqa qizlar yetti uxlab tushimga kirmasa kerak… Men endi adoyi tamom bo'laman, ha!.. Unga yetishmasam bo'lmaydi… Ko'z qisishidan uniyam ko'ngli bor menda. Bo'lmasa ishva bilan qaramasdi… Faqat… O'zbek emasligim yomon-da!.. Yo'q, menga baribir endi. Mendek yigit bir nozaninning ko'ngliga yo'l topolmasam nima qilib yuribman bu dunyoda?.. hoziroq boraman… Borib hammasini hal qilaman…»

Vadim dast o'rnidan turib tashqariga yo'l oldi. hozir unga haqiqatan baribir edi. Sho'rtumshuqqa nima bahona qilishini o'ylab ham ko'rmadi…

Vadim o'ziga birkitilgan mashina haydovchisidan kalitni oldi-yu, Sho'rtumshuqnikiga jo'nadi. Qo'riqchilarning hay-haylashlariga ham quloq solmadi. Samad akaga qo'ng'iroq qilishni-ku, butkul unutdi…

— Avval sal o'zimni bosib olishim kerak. — o'ziga o'zi dedi u yo'l yoqasidagi kafelardan biri yonida mashinani to'xtatib. — Ikki yuzta olmasam bo'lmaydi… Jin ursin, hech shunaqa ahvolga tushmagandim… Nima o'zi bu?..

Darvoza tambalangandi. Vadim mashinani sal nariroqqa qo'yib darvozagacha piyoda keldi va qo'ng'iroq tugmasini bosdi.

— Kim kerak?

Ostonada paydo bo'lgan baland bo'yli qo'riqchi unga sovuq nazar tashladi.

— Men akaga bir gapni aytishni unutibman. — nima deyishni bilmay yolg'on gapirdi Vadim. — Iltimos… Meni taniysan-ku!..

— hozir, kutib tur!..

Qo'riqchi ichkariga kirib ikki-uch daqiqalardan so'ng qaytib chiqdi.

— Kiraver!.. Boss kutayapti!..

Vadim aroq harorati bilan boyagi hayajonlarni unutgandi. Ichkariga tetik kirib bordi.

— ha, yigit, tinchlikmi? — kulib uni qarshi oldi Sho'rtumshuq. — Biror narsa yo'qotdingmi?

— M-men… Sizga… Xullas, siz bilan zarur masala xususida gaplashib olmoqchiydim.

— Men bilan?.. Gapir!.. Nima haqida gaplashmoqchisan?

— Ruxsora… To'g'risida…

— Nima?.. — Sho'rtumshuq hammasini sezib turgan bo'lsa-da, o'zini jahli chiqqanga soldi. — Menga qara, yigit, nima deyotganingni bilasanmi o'zi?..

— Bilaman, — Sho'rtumshuqning ko'zlariga tik boqdi Vadim. — qizingiz… Men uni sevib qoldim!..

— Nima deding? — kutilmaganda uning yoqasidan oldi Sho'rtumshuq.

Aslida u atayin shunday qildi. Bu ham bo'y yigitni qo'lga tushirishning bir usuli edi.

— Menga qara, sen hali shunaqamisan?.. Mening qizimga ko'z olaytirishga qanday hadding sig'di?

— Mayli, istasangiz o'ldirib yuborishingiz mumkin!

Vadim bir siltanib Sho'rtumshuqning qo'lidan chiqdi.

— Men uni sevib qoldim!..

— Sen-a?.. Vey, tirrancha, haddingdan oshayapsan!.. O'ylab gapirgin gapingni!..

— O'ylab bo'lganman allaqachon.

— Shunaqami? — Sho'rtumshuq hiylaning ikkinchi bosqichiga o'tdi. — Yaxshi… hozir qizimni chaqiraman. Agar bu gapni eshitib u xafa bo'lsa, o'ldim deyaver!..

Vadimga baribir edi. hozir shunaqa kayfiyatda ediki, ko'ziga hech narsa ko'rinmasdi.

Sho'rtumshuq narigi xonadan Ruxsorani yetaklab chiqib Vadimga yaqin keldi.

— Qizim, — dedi bosiqlik bilan. — manavi yigit seni yaxshi ko'rib qolganmish. Nima deysan?..

Ruxsora Vadimga bir jilmayish qildi-da, yerga boqdi.

— Gapirsang-chi, qizim, — davom etdi Sho'rtumshuq. — sening gaping hal qiladi bu bolaning taqdirini. Seniyam ko'ngling bormi bunda?.. Gapir!..

— hm-m!.. — yerdan boshini ko'tarmay javob qildi Ruxsora. — Yaxshi yigitga o'xshaydi-ku!..

— Shunaqa degin? Obbo sen-ey!.. hayronman, bir martagina bir-biringni ko'rding… Oxir zamonning bolalarisan-da!.. Qara-ya!..

Vadim xursand bo'lib ketganidan qo'llarini musht qilib oyog'iga urib-urib qo'ydi. Ruxsora esa, go'yo uyalgan bo'lib sekingina xonasiga kirib ketdi…

 

* * *

 

— Menga qara, — dedi Ruxsora kirib ketgach, Sho'rtumshuq. — bu degani bugunoq qizimni qo'yningga solib qo'yaman deganimmas. Avval mening shartlarimni bajarishing kerak.

— Qanday shart ekan?..

— Tolibni bilasan-a?

— Qaysi Tolib? — atayin so'radi Vadim.

— Sen meni ahmoq deb o'ylaysan shekilli-a, bola?.. — Sho'rtumshuq Vadimning ikki yelkasidan mahkam tutib o'ziga qaratdi. — Yo'q, men juda hushyor odamman… Ko'rdingmi, o'zingni o'zing to'rga ilintirding!.. O'ylaysanki, sen Samadning asrandisi ekaningni bilmasmidim? Bilardim. O'ylaysanki, Samad tirik ekanini, patronlar yasama ekanini bilmasmidim? Bilaman. Faqat, yigitcha, men arqonni uzun tashlashni yoqtiraman… Yo'q, men o'sha tutingan otangni deb qo'limni qonga bo'yamayman. Men unaqalarni tiriklay go'rga tiqishni xush ko'raman…

Vadim bu gaplardan so'ng hayotdan butkul umidini uzgandi. hozir-hozir yigitlarini chaqiradi-da, izsiz yo'q qilib yuboradi deb o'ylagandi. Garchi yaxshigina karatechi bo'lsa-da, ko'pchilik, baribir ko'pchilik… Orqadan kelishadi-da, otib qo'ya qolishadi deb xayol qilgandi.

Biroq uni yana Sho'rtumshuqning o'zi hushyor torttirdi.

— Mayli, — dedi u hiyla muloyimlashib. — sen yoshlik qilib qo'yding. Buni kechirsa bo'ladi… Lekin bir shart bilan.

— B-bo'pti, aka! — shivirladi Vadim. — Men roziman.

— Sen bugundan boshlab menga xizmat qilasan!.. To'g'rirog'i, Samad bilan mening o'rtamda yurib ayg'oqchilik qilasan. O'sha men boya aytgan Tolibniyam mening tomonimga og'dirasan. Bilasan-a otangning bor pullari o'shaning qo'lidan o'tadi?.. Uning barcha sirlarini menga yetkazib turasan. Asta-sekin o'sha tutingan otangni tanazzulga yo'liqtirasan… O'z qo'ling bilan!.. Mabodo o'zingni uyoq-buyoqqa tashlasang, o'sha daqiqadayoq itday o'lib ketasan… Xo'sh, rozimisan?

— Roziman, aka!..

— Juda yaxshi… Aytgancha, qizimdan xotirjam bo'l, tegsa senday yigitga tegadi-da!..

— hozir nima qilay? — Sho'rtumshuqqa umidvor termuldi Vadim.

— hozir senga xonangni ko'rsatishadi. Ertalab qolgan gaplarni gaplashaveramiz…

Sho'rtumshuq tashqaridan qo'riqchi chaqirib, Vadimga alohida xona ajratib berishini buyurdi…

Yarim kecha edi. Vadim ancha paytgacha o'ylanib yotdi. Samad akaga bu narsalarni qanday tushuntirish haqida bosh qotirdi. Tutib olsa, sotqinligi uchun nimalar qilishini tasavvur etdi. Ammo qancha o'ylamasin, Ruxsoraning husni jamoli, yoqimli jilmayishlari ko'z oldiga kelganda dadillashaverdi…

Bir mahal eshik ohista taqilladi. Ichki kiyimda yotgandi. Shoshib o'rnidan turib kiyimlarini kiydi va sekin borib eshikni ochdi.

— Siz?.. — Vadim ro'parasida Ruxsorani ko'rib qotib qoldi. Qiz yupqagina kiyimda bo'lib, sochlarini yoyib olgandi.

— Kutmaganmidingiz? — jilmaygancha ostona hatlab ichkariga kirdi Ruxsora.

— D-dangiz…

— Voy, namuncha qo'rqoq bo'lmasangiz? Dadam ish bilan bir joyga ketdi. Shuning uchun o'zim kelaverdim oldingizga.

— Qanday bo'larkin-a?.. M-men… Kutmagandim…

Ruxsora javob berish o'rniga Vadimga yer ostidan nazar tashladi. Yigit haqiqatan bezovta edi.

— «Loxgina-ey, — ko'nglidan o'tkazdi qiz kulimsirab. — shuncha lattalarni ko'rgandim-u, bunaqasini uchratmagan ekanman. Tag'in… Samad akaday odamning qo'lida yurgani-chi… ha mayli, xo'jayinning aytganini bajarmasam bo'lmaydi…»

— Shunday turaveramizmi qotib? — so'radi Ruxsora nihoyat. — O' kelishim sizga yoqmadimi?

— Yo'q, yo'q, — Vadim hovliqib qizni to'rga boshladi. — keling, o'tiraylik!..

Ruxsora uning ortidan stol tomon borayotib kutilmagan harakat bilan qo'lidan tutdi va o'ziga qaratdi.

— hozirgi zamonda sizday bo'sh yigit borligini xayolimgayam keltirmagandim. — dedi u shivirlab. — Afsuski, sevib qoldim. Bo'lmasa…

— Nega unday deysiz, Ruxsora?.. Sizni xafa qip qo'ydimmi?..

— Shunaqangi bo'shashib turaverganingizdan keyin xafa bo'ladi-da odam! — o'pkalangan bo'ldi Ruxsora…

Vadim ikkilanib qoldi. Nima qilsin?.. Qiziq… Ilgari qizlar bilan yolg'iz qolsa, shartta belidan olardi. Bu qizga esa…

Vadim tavakkal Ruxsoraning qo'lidan ushladi. Shu tobda ichida nimadir uzilib ketgandek bo'ldi. Boshi g'uvillab badanini sovuq ter bosdi…

— Kechiring, — dedi titrab-qaqshab. — sizning oldingizda noqulay ahvolda qoldim… Men… Faqat dadangizdan andisha qilayotgandim…

— Baribir birga bo'lamiz-ku, akajon, — boyagidek shivirladi Ruxsora. — zamonaviy odamlar bo'lsak… Bir-birimizga hozirdan o'rganishimiz kerak-ku!.. Shunday qilmasak, keyinchalik qanday birga yashab ketamiz?..

— To'g'ri, to'g'ri… — ichida qizning jasoratiga qoyil qolgan Vadim tobora uni o'ziga tortdi. — Men qoyilman… Yuragingiz juda katta ekan… Men bo'lsam, dadangizdan…

— Dadamni tilga olmang!.. U kishi eski odam. Bunaqa narsalarni tushunmaydi… Men bor ekanman, siz hech narsani o'ylamang!..

Shundan keyingina Vadim qizni ko'tarib karavotga yotqizdi…

Samad aka bezovta edi. Mana tong otibdi hamki, Vadimdan darak yo'q. Telefoni negadir o'chirilgan. Nahotki, uniyam tinchitvorishdi u yaramaslar?..

Yo'-o'q — dedi u o'ziga o'zi. — mabodo shunday bo'lsa, bittasiniyam tirik qo'ymayman… Qonini ichaman hammasining!..

— Mumkinmi, aka? — Samad aka seskanib boshini ko'tardi. Ro'parasida Tolib qovoqlarini uyib turardi.

— Nima bo'ldi? — dast o'rnidan turdi Samad aka. — Aniqladilaringmi?

— Aniqladik. — dedi Tolib sovuqqonlik bilan.

— Xo'sh, qaerda ekan Vadim?

— Qaerda bo'lardi, aka?.. O'sha Sho'rttumshuqnikida.

— Nima?.. Nima qiladi u yerda shu paytgacha?..

— Aka, sotibdi u yaramas!

— Sotibdi? Qanday qilib?

— Yigitlar aniqlab kelishdi. Sho'rtumshuqning o'ynashlaridan biriga ilakishib qolganmish. Uni qizim deb tanishtiribdi yaramas…

— Xo'sh, xo'sh, davom et! Keyin-chi?

— Xullas, Sho'rtumshuqqa xizmatga o'tibdi Vadimingiz. Endi ehtiyot bo'laverish kerak…

Samad aka beixtiyor stulga o'tirib qoldi. Miyasi g'uvillab, mushtlari asabiy tugildi.

— Shunaqa degin? Sotibdi degin?.. Ko'rnamak!.. Menga qara, Vadimni buyoqqa qanday bo'lmasin chiqarib keltirasan. Shu bugunoq!..

— Qanday?.. Axir…

— Gapni ko'paytirma! — to'satdan baqirib berdi Samad aka. — Bitta xunasani topolmasang, nima qilib yuribsan mening oldimda? Bor, top!..

Tolib yelka qisgancha tashqariga chiqib ketdi…

 

* * *

 

Vadim ertalab bazo'r ko'zini ochdi. Boshi lo'qillab og'rir, gavdasini ko'tarishga ham qiynalardi. Ammo… Xursand edi… Ruxsoradek huriliqo quchog'iga kirganidan, o'zini unga ishonib topshirib qo'yganidan xursand edi…

U sekin o'rnidan turdi-da, yuvinib, kiyimlarini kiygach, mehmonxonaga yo'l oldi…

U yerda negadir Sho'rtumshuq ko'rinmadi. Vadimni yordamchilaridan biri Ne'mat ismli yigit qarshi oldi.

— Aka tayinlab ketdi, — dedi u Vadimga qo'l uzatib. — hoziroq ofisga yetib borishimiz lozim ekan ikkovimiz.

— Tinchlikmikan? — so'radi Vadim hayron bo'lib.

— Tinchlik… O'sha yerda gaplashar ekan sizminan…

Mashina yo'lga chiqdi…

Yo'l olis edi. Tunda kam uxlagani uchunmi, Vadimning ko'zlari yumilib borar, aksiga olgandek, radiodan taralayotgan yoqimli kuy tobora allalab borardi…

— Orqamizdan tushishdi! — Vadim Ne'matning qichqirig'idan seskanib ko'zini ochdi.

— Nima?.. Kim?..

— Ana, o'zingiz qarang, mashina tanishmasmi?..

Vadim ehtiyotkorlik bilan orqasiga qaradi…

— Uh!..

Izma-iz kelayotgan Samad akaning mashinasini ko'rib Vadimning yuragi hovliqdi. — Tamom!.. hayda, tezroq hayda!.. Yetib olishmasin!.. Nega bo'shashasan? haydasang-chi!..

— haydayapman-ku!.. E, kim ekan o'zi?.. Balki, o'zingiz tinchitib qo'ya qolarsiz?..

Shu tobda Vadimning xayoliga kutilmagan fikr kelib qoldi. Cho'ntagidagi to'pponchani oldi-da, bir zarb bilan Ne'matning boshiga tushirdi. U shilq etib yoniga quladi… Mashina yo'ldan chiqib chetdagi chinorga borib urildi…

Vadim keyin nimalar bo'lganini eslay olmadi. Ko'zlariini ochganda qorong'i yerto'lada yotar, boshidan qon sizib chiqardi.

U kafti bilan peshonasidagi qonni artmoqchi bo'ldi. Qo'llarini ko'tara olmadi. Kishanlab tashlashibdi…

— «Qaerdaman o'zi?.. — telbalarcha boshini chayqab-chayqab atrofga alangladi u. — Menga nima bo'ldi?.. Nega qorong'ilikda yotibman?..»

hech narsani fahmlayolmadi…

Shu payt boshi aylanib qusgisi keldi.

Tizzalab yerga engashdi.

Qusolmadi. Aksincha bosh aylanishi kuchayib yerga yiqildi…

Kim bilsin? Oradan qancha vaqt o'tdi, nimalar bo'ldi?.. Unga qorong'i edi… Faqat bir narsani biladiki, ikki-uch kishi uni ko'tarib yorug'likka olib chiqishdi.

Tevarak yaydoq cho'l edi. Issiq havo to'yib nafas olishga qo'ymaydi…

Ular Vadimni cho'lning o'rtasigacha ko'tarib borishdi. Qizig'i, jimgina ketib borishardi. hech biri gapirmasdi.

— «Bular kim bo'ldiykin endi? — xayolan o'ziga-o'zi savol berdi Vadim. — Shaharda emasligim aniq. Sahroga qaydan kep qoldim?..»

Shularni o'ylarkan, ko'zlarini ochib notanish kimsalarga nazar soldi. Ikkovi ham baland bo'yli, egniga yashil matodan uzun liboslar kiyib olishgandi. Boshi negadir odamlarnikiga nisbatan ancha katta. Bo'yinlari ham yo'g'onroq..

Notanish kimsalar cho'l o'rtasiga yetganda birdan to'xtab, Vadimni yerga yotqizishdi. Biri osmonga qarab nimalardir dedi. Vadim hech narsani tushunmay hayron bo'lgancha yotaverdi.

Bir mahal qaerdandir olisdan bir gala qushlar uchib kelib ularning yonginasiga qo'ndi. Qushlar qaysidir jihatdan qaldirg'ochlarni eslatib yuborardi…

Notanish kimsa yana nimalardir deb pichirladi. Lekin bu safar qushlar tomonga tikilib gapirdi…

So'zini tugatishi bilan yuz metrlar chamasi narida tuya yetaklagan bir qariya ko'rindi. U yaqinlashib kelganda Vadim bildiki, harqalay anavi kimsalar kabi yo'g'on bo'yin, katta bosh emasdi. Oddiy odam. Egnida qariyalar kiyadigan chopon…

— Mana sizga murid olib keldik! — kutilmaganda inson tilida qariyaga murojaat qildi Vadimni ko'tarib kelganlardan biri. — Qabul qilib oling!

Qariya Vadimning tepasiga keldi-da, yuzlariga uzoq tikilib qoldi. O'zicha allambalolar deb pichirladi.

— Bu g'irt kofir-ku, bo'tam! — dedi nihoyat yelka qisib. — Men buni boshimga uramanmi?..

— Biz nima qilaylik? — norozi ohangda to'ng'illadi yo'qon boshlardan bittasi. — Buyruq shunday bo'lgan-da!..

— Uni shaytonning oldiga olib boringlar, o'sha oladi…

— Yo'q, siz olasiz!..

— Olib bo'pman!

— Bo'lmasa, hozir buni osmonga irg'itib yuboramiz!

Qariya bu gapni eshitib jonholatda yo'g'on boshning qo'lidan tutdi.

— Qo'y, juvonmarg bo'lib ketmasin. hali yosh ekan. Buni o'zim hoziroq kelgan yeriga jo'natib yuboraman!..

Shunday deb u tuyasini qo'yib yubordi va Vadimning peshonasiga qo'lini qo'ydi. Qo'ygan zahoti Vadimning ko'zlari yumilib a'zoyi badani otash kabi yona boshladi…

— O' Olloh, shu gumrohga shafqat qil!..

Vadim ohista ko'zlarini ochdi. hamon qorong'i yerto'lada kishanlangan holda yotar, a'zoyi badanidan sovuq ter quyilardi…

Shu payt yerto'la eshigi sharaqlab ochilgandek, kimdir ichkariga kirgandek tuyuldi. Vadim badanlari simillab og'riyotganiga qaramay amal-taqal o'tirib olishga ulgurdi…

Kirgan Samad aka edi.

U chiroqni yoqib xo'mraygancha Vadimning tepasiga keldi.

— Xo'sh, bola, ahvollar qalay?..

Samad akaning gap ohangi avvalgidek mayin emasdi. Vadim hayron bo'lib uning ko'zlariga boqdi.

— Bilmadim…

— Ie, nega bilmaysan?.. Sen juda bilag'on eding-ku, yigit!..

— Nega meni kishanlab qo'yishdi? — so'radi Vadim hamon Samad akadan ko'z uzmay.

— Gunohkorlarni kishanlashadi-da!.. O'qmadimi?

— Men gunohkor emasman.

— Shunaqa degin? Unda kim meni qayoqdagi Sho'rtumshuqqa sotdi?

— Qachon sotibman?.. Ota… hech narsani eslayolmayapman… Faqat… Men ketayotgan mashina daraxtga borib urilgani esimda… Uyog'i…

Vadimning gapi og'zida qoldi. Yerto'la eshigi yana sharaqlab ochilib qo'lida militsionerlarning charm tayog'ini o'ynatgancha Mavlon ismli basavlat yigit kirib keldi. U Samad akaning shaxsiy qo'riqchisi bo'lishiga qaramay, baribir Vadimdan hayiqardi. Chunki Vadim karateni unga nisbatan ancha chuqur o'zlashtirgan, qolaversa, Samad akaga deyarli erkatoyligini Mavlon yaxshi bilardi…

— Mavlon, keldingmi? — Samad aka yigitga o'girilib yelkasidan ushladi. — Sen shu yerda tura-tur, kerak bo'lib qolishing mumkin!..

— Xo'p bo'ladi, boss!

Samad aka kulimsirab ro'paraga qo'yilgan stullardan biriga cho'kdi.

— Qani, ayt, meni nimaga sotding-a?

— Sotganim yo'q. — dedi Vadim xirillab.

— Meni bilmaydi, go'l deb o'ylagansan-da-a?

— Yo'q.

— Unda nima maqsadda Ruxsora degan qanjiqqa ilakishib yuribsan? Niyating nima edi o'zi?..

Vadim o'ziga qadrdon ismni eshitib birdan hushyor tortdi. Qandaydir soniyalar ichida xayolidan bo'lib o'tgan ishlar o'ta boshladi.

ha, u haqiqatan Ruxsora bilan tunagan. Ertasiga uni Sho'rtumshuqning huzuriga olib ketishayotganda…

— Men sizni sotganim yo'q! — dedi bu gal hiyla ovozini balandlatib. — Ko'rdingiz-ku, men Sho'rtumshuqning haydovchisini urib o'ldirdim!..

— Xo'sh, nima bo'pti? Baribir, sen o'sha marazga xizmat qilishga rozi bo'lgansan. Bitta qanjiqni debmi?..

Bu gap ortiqcha edi. Ruxsora to'g'risida bunday haqoratli so'zlarni aytishga hech kimning haqqi yo'q deb hisoblagan Vadim umrida birinchi marta Samad akaning yuzlariga g'azab bilan tikildi.

— U qanjiq emas! — xirillab bo'lsa-da baqirdi u. — U qanjiq emas!.. Bunday deyishga haqqingiz yo'q!

— Ie, hali yurakdan urib qolibdi-ku o'sha!.. — xoxolab kulib yubordi Samad aka. — Vey, nonko'r, kelib-kelib qayoqdagi «axlat»ni yoqtirib qoldingmi?.. Tag'in menday odamga tap tortmay gap qaytarasanmi?

Samad aka sekin Mavlonni imladi…

Qo'riqchining qo'lidagi charm tayoq Vadimning yelkasi aralash kelib tushdi. Bir marta tushib qolmadi… Qayta-qayta oyog'i, beli, yelkasi… Ishqilib, duch kelgan yeriga tushaverdi…

— Ih-h!.. Urmang!.. Bas qiling!.. — dodlab qichqirardi Vadim og'riqqa dosh berolmay. — Urmang, hammasini aytaman!.. hammasini aytaman!..

Samad aka Mavlonni qo'lidan ushlab to'xtatdi.

— Xo'p, ayt! — dedi u negadir bu safar Vadimga achinish bilan boqib. — Men kutayapman!..

— M-men… O'sha qizni yoqtirib qoldim, nega ishonmaysiz?..

— Nega ishonmas ekanman?.. Sen asl zotingga tortgansan… Shuning uchun o'zingga o'xshagan «axlat»ni yoqtirib qolgansan… Davom et!..

— O'shani deb Sho'rtumshuqqa xizmat qilishga rozi bo'lgandim!.. Kechiring!..

— U senga qanday shart qo'ydi?

— Sizni avval «bankrot»ga tushirib, keyin yo'q qilishimni buyurgandi…

— Nima va'da qildi evaziga?

— Qizini berishga…

— Qizini?.. — Samad aka kulib yubordi. — Qaysi qizini?

— Ruxsorani.

— Vey, eshshak, kim aytdi senga Ruxsora uning qizi deb?

— Sho'rtumshuq.

— Ko'rdingmi, shu yerdayam asl zotingga tortgansan… Ruxsora uning duch kelgan yerini o'pib yuradigan manjalaqilardan biri-ku!..

— Nima?.. Q-qanaqasiga?.. Ishonmayman, Ruxsora unday qizlardan emas!..

— Ko'rdingmi, mening dargohimda shuncha yil yurib, baribir odam bo'lmabsan!.. Sendan boshqa bo'lsa, mening qo'ltig'imga kirib og'irimni yengil qilardi. Sendan boshqasi hech bo'lmasa, buzuqiminan to'g'ri ayolning farqiga borgan bo'lardi… he, hezalak!.. Sendaqalarni…

Vadim beixtiyor o'zini Samad akaning oyoqlari ostiga tashladi.

— Meni kechiring!.. Ahmoqlik qildim, kechiring!.. M-men… Sizni sotmaganman, ishoning!..

— Kechirish Xudoga xos. — dedi Samad aka ijirg'anib oyoqlari ostida yotgan Vadimga tikilarkan. — Menga unday fazilatlar umuman xos emas, bilib qo'y! hali nega o'sha Sho'rtumshuqqa yopishib olganing ma'lum bo'ladi. Vaqti kelib o'zing aytib berasan! hozir esa…

— Mavlon!..

— Labbay boss!..

Mavlon Samad akaning imosi bilan yana charm tayog'ini hozirlab Vadimning tepasiga keldi…

— Buning ta'zirini bergin-da, keyin katta yo'l chetiga olib chiqib tashla!.. Men yigitlardan ikkitasini tayinlayman, qorovullab turishadi… Qolgan jazoni Sho'rtumshuqdan olsin bu xunasa!..

— Xo'p bo'ladi!..

 

* * *

 

Samad akaning buyrug'i bilan o'lasi holatga kelib qolgan Vadimni katta yo'l chetiga tashlab ketishdi. hammasi oldindan rejalashtirilgandi. Shu yaqin orada Sho'rtumshuq mashinasida xuddi o'sha yerdan o'tadi. Qirg'oqda qonga bo'yalib yotgan Vadimni ko'radi-yu, shubhasiz olib ketadi. harqalay, tish qayrab yurganini Samad aka yaxshi biladi…

Ko'z ochib yumguncha qosh qorayib, havo yanada sovidi. Izg'iringa qaraganda tunda qor yog'ib berishi ham hech gapmas.

Vadim hamon behush yotardi. Aksiga olgandek, shu kuni yo'ldan deyarli yo'lovchi o'tmadi. Balki o'tganlari ham e'tibor bermagandir…

Nihoyat uzoqdan Sho'rtumshuqning yarqiragan «Mersedes»i ko'rindi. Bu mahal Samad aka poyloqchilikka qo'ygan ikki yigit daraxtlar panasida turib ikki tomonni astoydil kuzatishar, mabodo Vadimni olib ketishmasa, tez shefga qo'ng'iroq qilish payida edilar…

Mashina Vadim yotgan yerga yetganda, haydovchi tormozni bosdi. Avval tansoqchi, uning ketidan Sho'rtumshuq pastga tushdi.

— Qara, manavi sotqinning adabini berishgan ko'rinadi! — dedi Sho'rtumshuq Vadimni oyog'i bilan turtib. — Qiziq, nahotki o'sha vallomati shunday qilgan bo'lsa?..

— Aka, to'g'ri topdingiz, — kuldi haydovchi. — o'shalardan boshqa kim ham uni kaltaklay olardi. harqalay, o'tkinchi kelib urmagandir?!.

— Mashinaga ortlaring! — buyurdi Sho'rtumshuq uyoq-buyoqqa qarab olgach. — Zap qo'lga tushdi yaramas!..

Yigitlar Vadimni mashina yukxonasiga joylab o'zlarini salonga urishdi. Samad akaning yigitlaridan biri esa, «ish» silliq bitganidan mamnun bo'lib qo'l telefoniga yopishdi…

— Ruxsora, yur buyoqqa! — Sho'rtumshuq divanda cho'zilib yotgancha telefon orqali kim bilandir astoydil gaplashayotgan suyuqoyoqni imladi. — Tez vannaxonaga kir! «Er»ingni topib keldim…

Ruxsora hovliqib xo'jayinning ortidan ergashdi. Vannaxonada Vadim behush yotar, a'zoyi badani qonga bo'yalgan, har-har zamonda allanimalar deb alahlardi…

U qo'rqib ketdi. Bir Sho'rtumshuqqa, bir Vadimga tikilib, beixtiyor titray boshladi.

— Qo'rqma, — Ruxsoraning yelkasidan g'ijimladi Sho'rtumshuq. — sotqinlar odatda shu taxlit jazolanadi… Ammo bu ishni biz qilmadik.

— Unda kim? — so'radi Ruxsora hamon titrashdan to'xtamay.

— Kim bo'lardi? Tutingan otasi… Mayli, boshimni qotirmay, buni o'ziga keltir! Qonlarini yaxshilab yuvgin-da, odam bashara bo'lganda mening oldimga yetaklab kir!..

Xo'jayinning ra'yiga qarshi borib bo'lmaydi. Ayniqsa, Sho'rtumshuq gapi ikkita bo'lishini yoqtirmaydi. Ruxsora bosh irg'ab yugurganicha hidlatadigan dori olib chiqish ilinjida zalga kirib ketdi…

— Vadim!.. Ko'zingizni oching!..

Ruxsora doridan qayta-qayta hidlatgach, qimirlay boshlagan Vadimni turta boshladi. — Ko'zingizni oching!..

Nihoyat Vadimning ko'zlari ochildi. Birpas alanglab shiftni, yonboshini ko'zdan kechirdi. Tepasidagi Ruxsoraga ko'zi tushgach, jilmaymoqchi bo'ldi. Ammo og'riq ustun keldi shekilli, to'satdan inqillay boshladi.

— Jonim, sizni kim bunday ahvolga soldi? — so'radi Ruxsora ko'zlari yoshlanib. — Qaysi vahshiy sizni kaltakladi?.. Qaysi gunohingiz uchun?

— Men qaerdaman? — shivirladi Vadim. — M-men tirikmanmi?

— Albatta tiriksiz!.. Mening yonimdasiz?.. Tura olasizmi? Men… Qonlaringizni yuvib qo'yishim kerak…

— Hozir… O'zim…

Vadim inqillay-inqillay, bir qo'li bilan vanna chetini ushlab gavdasini ko'tardi. Ruxsora darrov qo'ltig'idan olib amal-taqal Vadimni vanna ichiga tushirdi.

— Hozir… Kiyimlaringizni yechib olay… Mana… Shunday… Og'riyaptimi, Vadim?..

— Hechqisi yo'q, Ruxsora, o'tib ketadi… O'tib ketadi…

Vadimning ko'karmagan joyi qolmagandi. Ayniqsa, charm tayoq tekkan yerlari yorilib-yorilib ketibdi. Ruxsora ichkaridan yod olib chiqib hamma yaralariga surtdi. Bilaklaridagi, belidagi yaralarni doka bilan yaxshilab boyladi. Yarim soatlar o'tgach, Vadim ancha o'ziga kelib, bemalol oyoqqa turdi.

— Sizni xo'jayin kutayapti! — dedi Ruxsora past ovozda. — Mabodo shu kishi urmaganmidi?

— Yo'q, Samadning odamlari urishdi. — javob qildi Vadim. — Endi Sho'rtumshuqning navbati…

— Qaysi gunohingiz uchun?

— Keyin aytib beraman… Buning o'rniga o'zing bir savolimga javob ber!

— Xo'p, so'rang-chi!

— Nega meni aldading?

— Qachon?

— Sen… Sho'rtumshuqning qizi emas ekansan-ku!.. Sen…

Vadim uyog'ini ham aytmoqchi bo'ldi-yu, negadir tili aylanmadi.

— Kim aytdi sizga?

— Aldashga urinmay qo'yaqol, hammasini eshitganman… Lekin… Nima qilayki, seni yoqtirib qoldim… Mana shu narsa meni ushlab turibdi…

Ruxsora aybdorona bosh egdi…

ha, aldagani rost. hammasi Sho'rtumshuqning buyrug'i bilan bo'lgandi. Biroq… O'sha afsonaviy kechadan so'ng… Xayollari chalkashib ketishini qaerdan bilibdi?!. Qarshisidagi shu sherkelbat yigitga bog'lanib qolishini qaerdan bilibdi?!.

— To'g'ri, Vadim, — boshini ko'tarmay tilga kirdi Ruxsora. — sizni aldaganimni bo'ynimga olaman. Sho'rtumshuq shuni xohlagandi. Lekin… Ishoning, men ham sizni sevaman… Bilaman, siz ham menga baribir past nazar bilan qarashingiz aniq… To'g'ri-da, men kimman o'zi? Oddiy xizmatkor, na uyi, na ota-onasining tayini bor bir chuvrindiman…

— Unday dema, — qizning so'zini bo'ldi Vadim. — sen chuvrindi emassan. Chuvrindi deb anavi yaramaslarni aytsa bo'ladi… Sen… Ularning oldida farishtasan… Ishon, o'tmishingni hech qachon yuzingga solmayman! Faqat… Sen ham mendan yuz o'girma!..

— Bunday xayollarni miyangizdan chiqarib tashlang! Sizdan yuz o'girmayman… Faqat… hozir bir narsadan qo'rqib ketayapman…

— Nimadan?

— Sho'rtumshuq sizni… Kaltaklaydimi?..

Vadim devorga suyangan ko'yi yelka qisdi.

— Balki…

— Sababi nima, Vadim?

— Sababimi?.. hamma ayb o'zimda… Bular o'yin qilishayotganidan bexabar qolibman. Yo'lda Samad kuzatib kelayotganini ko'rib qoluvdim. Men ahmoq, Sho'rtumshuqning haydovchisini o'ldirib, mashinani avariya qildim… O'zimcha Samadga yaxshi ko'rinmoqchi bo'ldim… Oqibatda esa…

— Hechqisi yo'q, — Ruxsora Vadimning yelkasidan ushlab o'ziga qaratdi. — dushmanlaringiz ikkita bo'libdimi, unutmangki, yoningizda mendek ayyor do'stingiz ham bor… Bilasiz-ku, ayol makri qirqta tuyaga joy bo'ladi… Sira qo'rqmang, hali biz bulardan boplab o'ch olamiz!.. Faqat… Menga ishonsangiz bas!

— Qiziqsan-a, shunday puldor, kallakesar odamlardan o'ch olib bo'larkanmi?

— Bo'ladi… Eng og'riq joyini topsangiz, bular nima bo'pti?!. Ilgari yolg'iz edim, qo'rqardim. Endi esa, yonimda sizdan xaloskorim bor… Bo'pti, bu haqda keyin gaplashamiz… Ishqilib, anavi sizni o'ldirib qo'ymasa bas. Shundan qo'rqayapman…

— Qo'rqma, — Ruxsoraning ikki yuzini silab qo'ydi Vadim. — men ham osonlikcha jon beradiganlardan emasman… Qani, boshla, o'sha Sho'rtumshuqning yoniga!..

— Bo'pti, faqat… Siz ham sal ayyorlik qiling!.. Uni ishontira oladigan gaplarni topib gapiring!.. Bilasizmi, sizni kaltaklashlarini ko'rish men uchun og'ir!..

— Yaxshi, qani, yur!..

(davomi bor)

Olimjon HAYIT