Xorazmda uyi buzilganlar davlat pul to'lay qolmasligi tufayli Urganch-Xonqa yo'lini yopib qo'yishdi…

0

 

Uyi buzilib, davlatdan bir tiyin ham pul ololmaganlar soni ikki yuz kishini tashkil etadi. Juma kuni kechasi Urganchning «Ashxobod» mahallasidagi uyi buzilganlar Xonqa tumaniga olib boruvchi avtomobil yo'lini yopib qo'yishdi. Bu ma'lumotni Xorazm viloyat hokimligi matbuot markazidagilar ham tasdiqlagan. Norozilik aksiyasida ikki yuz nafarga yaqin odam ishtirok etgan.

Odamlarning noroziligiga jiddiy sabab bor albatta. Ularning uyini buzishgan. O'rtada shartnoma tuzilgan. Shartnomaga ko'ra to'lanadigan pulning yarmi uy buzishdan oldin, qolgan qismi uy buzilgandan keyin berilishi lozim edi. Biroq hokimiyat shartnoma shartlarini bajarmagan. Uyi buzilgan odamlar hanuz bir tiyin ham pul olmagan. Ko'pchilik uyi buzilganlarga Urganch tumanidagi Chandirqiyot posyolkasidan yer uchastkalari berilgan. Odamlar hali bitmagan o'sha uylarda hech qanday shart-sharoitga ega bo'lmagan holda, kunning issig'ida juda og'ir ahvolda yashamoqda.

Tunda norozilik aksiyasi ishtirokchilarining oldiga Xorazm viloyat hokimi Farhod Ermanov kelgan. U odamlarni tinchlantirib, ertalab albatta yana kelishini, barcha muammolar hal etilishini aytib va'da bergan. Shundan keyin odamlar avtomobil yo'lini ochib yuborgan.

Shanba soat ertalabki 7: 30-8: 00 dan viloyat hokimi Farhod Ermanov maxsus ishchi guruhi hamrohligida har bir uyi buzilgan oila bilan alohida suhbat o'tkazgan. Uch kun ichida, ya'ni, chorshanbagacha hammaga shartnomada ko'rsatilgan pullarning 50 foizi to'lanishiga va'da bergan. 10 avgustga qadar qolgan pullar beriladigan bo'lgan. Uy buzilgani uchun to'lanadigan puldan uy buzilgandan keyin chiqib kelgan qurilish materiallari uchun foiz ushlab qolinmasligi belgilab qo'yilgan.

Ayrim oilalarning iltimosiga ko'ra yer uchastkalari kengaytirib berilgan. Bundan tashqari, oilalarga qum, shag'al bepul yetkazib beriladi. Ular sotib oladigan qurilish materiallari esa 10 foiz chegirma bilan sotiladi.

Darvoqe, Xorazmdagi bu to'polondan mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham xabar topgan va zudlik bilan bosh vazir Abdulla Aripovga muammoni joyida ijobiy hal etish vazifasini topshirgan. Bosh vazir Urganchga uchib bordi va u yerda uyi buzilgan oilalar bilan suhbat o'tkazdi. Rasmiy xabarlarga ko'ra, bosh vazir tashrifidan keyin odamlarga uyi buzilgani uchun ajratilgan kompensatsiya pullari naqd ko'rinishda berilibdi.

gazeta. uz