DARD BILMASNING DARDMANGINA YoRI…

0

 

 

ALAMIM KO'P SENDA, JUVONMARG!..

 

Matluba aya istar-istamas o'rnidan turdi-yu, quyosh allaqachon tikkaga kelib qolganini ko'rib og'ir uf tortib qo'ydi. «Obbo, yana namozga turolmabman-ku!.. — o'zicha shivirladi u derazadan ko'z uzmay, — Xudo ko'nglimga solmayapti shekilli-da!.. Qurib ketsin, ko'nglimga solgan kuni o'qirman…» Shundan so'ng og'ir gavdasini bazo'r ko'targancha sekin hovliga chiqdi… Hm-m… Hovli supurilibdi… «Ie, axlatni tag'in burchakka to'plab qo'yibdi-ku, bu oting o'chgur!..»

— Hoy, kelin!.. — deya baqirdi Matluba aya devor ostidagi bir to'p axlatni oyog'i bilan titkilab, — Qaerda qolding, yer yutkur?!

Marg'uba ko'cha supurayotgan ekan. Qaynonasining qichqirig'ini eshitdi-yu, bir zumda hovliga chopdi.

— Ha, oyijon, men shu yerdaman… Chaqirdingizmi?..

— Chaqirdim… Chaqirmay go'r qildimmi?.. Manavini qara… Bu axlatni katta xolang kelib tozalaydimi-a?.. «Qisir sigir»liging bir dard… Hech bo'lmasa, hovlimning koriga yarasang o'lib qolasanmi-a, o'lib qolasanmi?!

— Koshkiydi tezroq o'lsam… — yig'lab yubordi Marg'uba, — Hammasidan qutulardim… Qachongacha ta'na eshitaman?.. Xizmatingizni qo'limdan kelganicha qilayotgan bo'lsam… Jonimdan to'yib ketdim-ku, oyijon!..

— He, joningdan to'ymay har narsa bo'l!.. Yana menga tilini bir qarich qilib gapiradiyam!.. Gapirgiliging bormi seni, qisir?! Hali o'g'lim kelsin…

Marg'uba ortiq hech narsa demadi. Qaynonasi titib tashlagan axlatni qaytadan to'plab kurakka oldi-yu, yig'laganicha ko'chaga chiqib ketdi.

 

JANJALNING BOShI KIM?..

 

Matluba aya picha bo'lsa-da, gapirib tashlab alamidan chiqqandek ayvonga chiqib o'tirdi. «Bunaqa kelinning boshida yong'oq chaqish kerak, — xayolidan o'tkazdi u quruq dasturxonni paypaslab ko'rarkan, — Indamasam, o'g'limning etagiga butunlay osilvoladi shekilli bu qanjiq… Osilib bo'psan… Boshingga it kunini solarman…»

— Hoy kelin, nonushta qani?.. Yo qarigan chog'imda o'zim choy damlab ichaymi?.. Bu kelinni nima uchun olgan ekanman-a, nimaga olgan ekanman?!

Marg'uba ko'z yoshlarini arta-arta yugurib-elib choy damladi va endigina piyolaga choy quyib qaynonasiga uzatgan ham ediki, Matluba aya zarda bilan uning qo'lini turtkilab yubordi. Piyola xontaxtaga tushib chil-chil sindi.

— Seni harom qo'lingdan choy ichib tomog'im tushsinmi?.. — to'ng'illab berdi Matluba aya, — Choyni damladingmi, bor, ishingni qil!..

— Nonushta qilib olsam…

— Nima?.. Indamagan sari haddingdan oshaverarkansan-da-a?! Shu bugundan boshlab tug'maguningcha bir tishlam non yemaysan, tuzukmi?.. Seni bu uyda hech kim so'qimga boqayotgani yo'q…

Yuragi zardobga to'lgan Marg'uba nima deyishni bilmay kalovlanib qoldi. «Axir… Bu yana nimasi?.. Qanday xo'rlik bu?.. Shuncha xizmatini qilib bir burda nonga tishim o'tmasa…» Marg'uba sekin o'rnidan turib xonasiga kirdi-yu, bir zumda kiyinib chiqdi.

— Ha-a, yasan-tusan qilib qaerga yo'l olding?.. — o'tirgan yeridan turib qichqirdi Matluba aya.

— Oyimnikiga…

— Nima?.. Bekorni beshtasini yebsan… Qani, xonangga kir!.. — Matluba aya hassasini qo'liga olib keliniga yaqin keldi-da, oyog'i aralash niqtadi, — Kir, dedim yaxshilikcha!.. Oyisinikiga emish-a?! Non yeging kelsa, ana, mendan ortganini yeysan…

Marg'uba bu keksa ayol bilan tortishib o'tirishni o'ziga ep ko'rmay yana xonasiga qaytdi va eri Hoshimjonni kuta boshladi.

 

SUYMAGANGA SUYKALMA!

 

Hoshimjon aslida Marg'ubaga sevib uylangan emas. Xolalari topib berishgan. Qolaversa, oyisi: «Uzoq bo'lsayam, qarindoshlik joyi bor ekan… Bundan yaxshisini topolmaysan…» deb qistalang qilavergach, rozilik berishga majbur bo'lgandi. Ammo besh yildan beri farzand ko'rmay o'rtoqlarining oldida tili qisilib qoldi. Har esiga tushganda bu xotinni tepkilab tashlagisi kelaverishi ham shundan. Ayniqsa, tengqurlarining biyron tilli bolalarini ko'rganda ich-etini yeydi, nafasi ichiga tushib bilinar-bilinmas boshi egiladi. Nima qilsin?.. Qanday yo'l bilan ajrashsin?.. Bu surbet o'zi bilib ketmasa…

Hoshimjon kunbotarda bozordan qaytib endigina o'z xonasiga yo'l olgan ham ediki, uni ayvonda yastanib kutayotgan Matluba aya chaqirib qoldi.

— Hoy, Hoshimjon!.. U yoqqa kirma!.. Avval meni oldimga kel, gap bor!..

Hoshimjon hayron bo'lib ayvonga kelib o'tirdi.

— Nima gap, oyi?..

— E, anaviningni aytaman-da!.. — Matluba aya o'g'lining xonasini ko'rsatib jahl bilan gap boshladi, — O'lar bo'lsam o'lib bo'ldim buningni dastidan… Na hovlidagi ishlarni yolchitsa, na xotin bo'lib tug'ishni eplasa… Tag'in, gapirsam, menminan tengma-teng olishadigan chamasi bor bu qanjiqni…

— Ie, hali… Sizminan olishyaptimi?.. — Hoshimjon zarda bilan o'rnidan turdi-yu, ichkariga kirib ketdi. Birozdan so'ng uy ichida nimaningdir taraqlab otilgani, Marg'ubaning uv tortib yig'lashi eshitildi.

«O'l-a, bu kuningdan battar bo'lgin! — pichirladi Matluba aya qulog'ini ding qilib, — Seni adabingni o'g'lim bermasa, meni kuchim yetarmidi?.. Kiray-chi, tag'in o'ldirib-netib qo'ymasin tushmagur…» U o'g'lining xonasiga kirib kelganda Hoshimjon xotinini ayovsiz tepkilar, og'riqqa chidolmagan Marg'uba uning oyog'iga yopishgancha yig'lab yolvorardi. Eri urishni bas qilavermagach, Marg'uba uning qo'lini bir amallab ushlab qoldi-da, jonholatda tishladi va tishlaganicha turaverdi.

— Qo'yvor!.. Qo'yvor deyapman senga!.. — Hoshimjon jon achchig'ida baqira boshladi. Lekin qancha urinmasin, qo'lini tortib ololmasdi.

— Dazmolni ol!.. Ana, qizigan dazmolni bos orqasiga!.. — Matluba aya o'g'lini ham kutib o'tirmay, tokka ulangan dazmolni o'zi borib oldi-yu, chopib kelib kelinining beliga bosdi. Dazmolni to Marg'ubaning hayqirig'i tinib hushidan ketmaguncha tortib olmadi.

 

HADIK

 

Marg'ubaning ahvoli ona-bolani ancha cho'chitib qo'ydi. Ikkovlari ham yelib-yugurib kuyib, qontalash holga kelgan beliga dori qilishdi. Kelin ingragan sari Matluba ayaning yuragi hovliqdi. «Ishqilib, birovga gullab qo'ymasin-da,er yutkur!.. — Har safar ko'nglidan o'tkazardi u, — Naq sharmanda bo'lamiz-a!..» Ammo Marg'uba atigi uch-to'rt kungina kelindek yashadi. Sal o'ziga kelib yaralari bita boshlagach, jigar qismida qattiq og'riq sezdi, qur-qur ko'ngli aynib, qayt qila boshladi. Og'riq kundan-kun kuchaysa kuchayardiki, pasanda bo'lmasdi. Ustiga-ustak, ona-bola uning ustidan eshikni qulflab qo'yishgan, faqat kunda bir martagina eshikni ochib, qolgan-qutgan ovqatlarni ostonada qoldirib ketishardi, xolos.

— O'g'lim, — dedi bir kuni kechqurun kelinining ahvolidan sarosimaga tushib qolgan Matluba aya, — Buningni otasinikiga yo'qotib kelmasang bo'lmaydi shekilli… O'lib-netib qolsa nima qilamiz?.. Ahvoli ja og'ir, bolam…

Hoshimjon uyi tarafga beparvo qarab o'ychan javob qildi:

— O'lsa osonroq qutulardim, oyi… Uyiga oborsam yana gap-so'z ko'payadi-da!.. Adasini bilasiz-ku!..

— Yo'-o'q… — o'g'lining so'zini kesib tashladi Matluba aya, — Obor uyiga, nima bo'lsa o'sha yerda bo'lsin!.. Mirshabma-mirshab yugurishga kuchim yo'q meni…

Hoshimjon oyisining gapi bilan Marg'ubani aldab-suldab kiyintirdi. Keyin… Har ehtimolga qarshi… Oyisi uchun, o'zi uchun uzoq vaqt kechirim so'radi… Dard ichida o'rtanayotgan Marg'uba nima qilsin?.. Bir tomoni jon og'rig'i, bu yog'i erining daf'atan qarshisida gunohkorlarcha bosh egib turishi ko'nglini bo'shatib yubordi. U hech narsa deyolmay Hoshimjonning yelkasiga boshini qo'ygan ko'yi ho'ng-ho'ng yig'lar, bu «mulozamat»lar shunchaki yo'liga ekanini sira-sira bilmasdi.

 

MEHRNI MEHRI BORDAN SO'RA

 

— Voy, men o'lib qo'ya qolay!.. Ha, qizim, senga nima bo'ldi?.. — Sohiba opa ozib-to'zib bir holatda kirib kelgan Marg'ubani quchoqlab divanga yotqizdi. — Yo ering yomonroq urib qo'ydimi-a?.. Nega o'zi ko'chadan qaytib ketdi?..

— Urgani yo'q, oyi, — deya oldi zo'rg'a Marg'uba ko'ksini changallab, — Shunchaki… Mazam bo'lmayapti…

— O'lsin-a!.. Aksiga olib adang ham ishdaydi… Men darrov do'xtir chaqira qolay-a?..

Marg'uba hatto do'xtirlarga ham kaltak yegani haqida lom-mim demadi. Zarur analizlarni topshirgach, uni ayollar shifokoriga ham tekshirtirib ko'rishdi… Yo'q… Yo'q… U sira kutmagan edi… Bunday baxtga muyassar bo'lishini xayoliga ham keltirmagan… Shifokor ayolning kutilmagan gaplari Marg'ubaning ko'nglini tog'dek ko'tarib yubordi.

— Singlim, siz… Homilador ekansiz-ku!.. — dedi kulib shifokor ayol, — Taxminan ikki oylik bo'pti… Ammo yo og'ir narsa ko'tarib qo'ygansiz, yo qattiqroq yiqilgansiz… Yana bir-ikki kun kelmasangiz bola tushib qolishi ham hech gap emasdi… Saqlanishga yotishingiz kerak…

Bu yangilikni eshitib turib Marg'uba go'yo tanasidagi og'riqni ham, ko'ngil aynishini ham unutdi. Ortga qaytgach, har tomonini o'ylab jigariga aniq tashxis qo'ygan vrachga yalindi:

— Jon do'xtir, bu er-xotin o'rtasidagi doimiy janjal, xolos… Hammasi shu… Farzandsizlikdan bo'luvdi… Endi tug'arkanman-ku!.. Uydagilarimga kaltak yeganimni aytmay qo'ya qoling, oilam buzilib ketmasin…

— Eh, siz, — norozi bosh chayqadi vrach, — ko'ngilchanlik ham evi bilan-da!.. Sal bo'lmasa o'ldirib qo'yishayozibdi-yu, siz oilam deysiz… Mayli, siz aytgancha bo'la qolsin… Endi yotib dam oling… Hozir hamshira kuygan yeringizga dori qo'yadi…

O'sha kecha Marg'uba ko'z yummadi. Yo'q… Og'riqdan emas… Xayolan hali tug'ilmagan farzandi bilan dardlashib chiqdi. Qur-qur yonidagi karovatda unga bezovta tikilib o'tirgan oyisiga jilmayib qo'ydi… Chunki u baxtiyor edi…

 

ADAShDIM-A, ADAShDIM

 

Marg'uba kasalxonada ikki oydan ortiqroq davolandi. Bu orada qorni ham ancha bilinib qoldi… Yaxshiyam, ota-onasi bor ekan. Betinim holidan xabar olib turishdi. Lekin… Hoshimjon biron marta bo'lsin qorasini ko'rsatgani yo'q… Ha, mayli… Marg'uba buni xijolatpazlikka yo'ydi… «Hali boray, qilmishi uchun bir uyaltirmasammi…» deya xolis niyat qildi. Kasalxonadan chiqadigan kuni oyisiga yalindi:

— Oyijon, men to'g'ri uyimga bora qolay… Yuragim hovliqib ketyapti…

— Borarsan o'sha uyga, — dedi norozi ohangda Sohiba opa qovog'ini uyib, — Qochib ketmas… Avval bir-ikki kun biznikida yotib sal o'zingga kelgin, qizim…

— Yo'q, oyi, xudo xohlasa kuyovingizminan kelamiz…

Sohiba opa yuragi g'ash tortganicha qolaverdi. Marg'uba esa to Qumloqqa — kelinlik hovlisiga yetguncha ham shirin xayollar surib charchamadi. Bundan ikki oy burun ko'rgan kunlarining barcha-barchasini unutdi. Endi, mana endi hayoti yaxshilanib ketishiga ishondi…

Manzilga yetgach, yuragi quvonchdan gup-gup urib sekin darvozaga yaqinlashgan ediki, ichkaridan qo'lida supurgi ushlagan, xuddi kelinchaklardek kiyingan yoshgina juvon chiqib qoldi.

— Keling, sizga kim kerak edi?.. — hayron bo'lib so'radi u Marg'ubaga boshdan-oyoq razm solib chiqarkan.

— O'zingiz… O'zingiz kim bo'lasiz?..

— Menmi?.. — Juvon biroz uyalib yerga qaradi, — Men… Shu xonadonning kelini bo'laman…

Marg'uba miyasiga kimdir go'yo tosh bilan urgandek qalqib ketdi… Shunda ham sal o'zini yig'ishtirib, «kelin»ni savolga tutdi:

— Hoshim aka… Uylandimi?..

— Ha, bir oy burun to'yimiz bo'lgan… Opajon, kechirasiz-u, sizni taniyolmadim-da!.. Qarindoshlarimisiz yo tanishlarimisiz?.. Uyga kirsangiz bo'lardi…

Marg'uba javob bermadi. Xuddi birov haydayotgandek keskin orqaga burildi-yu, tez-tez yurib, kelgan tomoniga keta boshladi. U shu tobda alamdan, faqat alamdan tizzalari bukilib, silkinib-silkinib yig'lar, homiladorligini aytishga ulgurmagani, tug'ilmagan bolasi bebaxt bo'lib qolayotgani uchun yana o'zini-o'zi koyirdi…

Olimjon HAYIT