MUShTIPAR…

0

 

 

QABRISTONDA

 

Tolib ustiga qora marmartosh o'rnatilgan qabrga yaqinlashib ohista cho'kkaladi. O'zi bilan olib kelgan ikki donagina atirgulni marhuma onasining bosh tomoniga qo'yarkan, beixtiyor ko'zlari yoshlanib, og'ir xo'rsinib qo'ydi. Ayni damda uning qalbida alam va qasos o'ti shu qadar alanga olgan ediki… Azbaroyi g'azablanganidan tishlari g'ijirlab-g'ijirlab qo'yardi.

— Aya, dadam sizga xiyonat qildi, — deya pichirladi Tolib uzoq muddat sukutdan so'ng, — Dadam… O'lganingizga bir yil bo'lmay uylanib oldi anavi Hosilaga, eshityapsizmi?.. Ana, butun Oltinqo'rg'on gapiryapti… Men… Yakkalanib qoldim, ayajon!.. — Tolib hasratini tugatolmadi. Ro'parasiga kelib o'tirgan G'ulom go'rkovni ko'rdi-yu, negadir xijolat tortib o'rnidan qo'zg'almoqchi bo'ldi.

— Sen… O'tir… O'tiraver, — dedi G'ulom go'rkov uning yelkasiga qo'lini qo'yib, — Men hamma gaplaringni eshitdim, bolam… Ammo… Sen nohaqsan… Ha, nohaqsan…

— Nimaga nohaq bo'larkanman? — zarda bilan o'rnidan turib ketdi Tolib, — Nimaga nohaq bo'larkanman?.. U ayamning go'ri sovimay turib uyimizga kirib olsa-yu, men indamay qarab turaverishim kerakmi?.. — G'ulom go'rkov kutilmaganda uning yoqasidan oldi.

— Menga qara, tirrancha… Sen kichkina bo'lganing yo'q endi… O'n sakkizga kirding… Dadangga achinarkansan, nega shu vaqtgacha issiq-sovug'idan xabar olmading?.. Qachon qarasa, kuningni qayoqdagi qalang'i-qasang'ilarminan ko'chada qarta o'ynab o'tkazding… Dadam ellikdan oshib qoldi, buning ustiga yolg'iz, demading… Endi achinib qoldingmi?.. Achinmay qo'yaqol… Dadangni biz — mahalla uylantirib qo'ydik… Musulmonchilikda erkak kishiga yo'l bor, bildingmi?.. — Tolibni bu gaplar ham qaytara olmadi. U yoqasidan go'rkovning qo'llarini siltab tashladi-da, tashqariga qarab yo'l olarkan, ovozining boricha baqirdi:

— Mana ko'rasan hammang!.. Men o'shaning baribir adabini beraman… Dadamni berib bo'pman!.. Uyimizda yashatib bo'pman!..

 

G'OLIB KARVON

 

G'olib karvon bir umr dalada traktor haydab o'tdi. Paxta paytida ikkita-uchta ulovni tirkab zavodga qatnadi, bahor keldi deguncha, yer haydadi. Kechani kecha, kunduzni kunduz demadi. Lekin… Aytarli hech narsa orttirolmadi. Orttirgani birgina laqabi bo'ldi, xolos. Endi orzu-havas ko'raman deganda xotini Sohiba opa o'lib berdi… Keksalik mo'ralagan onlarda yana yolg'iz qoldi… Yaxshiyamki, baxtiga mahalla-ko'y bor… Hosilani topishdi… Ammo… Manavi qaysar o'g'ilni nima qiladi?.. Qanday qilsa, u murosaga keladi?.. Ikki o't orasida qoldi-ku, axir!..

G'olib karvon Hosila opa damlab kelgan choyni shopira-shopira piyolaga quyarkan, unga yer ostidan qarab qo'ydi. «Bu bechoragayam qiyin, — o'yladi u do'ppisini qo'liga olib, — Nima qilishini bilmaydi… Tolibni bolam-bolam qilganiminan u qaysar bilmayapti-da!..» — U o'ylagan o'yini oxiriga yetkazmasdan Hosila opa jimlikni buzdi.

— Dadasi, mana, shom bo'ldiyamki, Tolibjonimizdan darak yo'q… Tuz totmay shu vaqtgacha qaerda yurganiykin-a?.. — G'olib karvon xotiniga ma'noli qarab qo'ydi-da, norozi ohangda gap boshladi:

— Vey, xotin, namuncha iching kuyavermasa-a?.. Sen bolamlayverganingminan bilmayapti-ku u ahmoq!.. Bas-da, endi!.. Qo'yaver, yursa-yurgandir…

— Voy, dadasi… Bu nima deganingiz-a?.. — uning so'zini bo'ldi Hosila opa, — Nima bo'lgandayam o'sha o'g'lingizni bolam deganman, axir!.. — Hosila opaning gapi og'zida qoldi. Ko'chadan shiddat bilan hovliga kirib kelgan Tolib yelkasidagi kostyumni mixga ilib qo'ydi-da, er-xotin o'tirgan so'riga yaqinlashdi.

— Tolibjon, choy ichasizmi, o'g'lim?.. Keling… Kelaqoling… Mana bu yerga o'tiring… — Mulozamat qila ketdi Hosila opa. Tolib lablarini qattiq tishlab unga jahl aralash birpas tikilib turdi-da, kutilmaganda choy uzatayotgan qo'lini turtib yubordi. Shundog'am bir chekkasi qachonlardir uchib ketgan piyola yerga tushib chil-chil bo'ldi.

— Meni ikkinchi marta o'g'lim deb atamang, bildingizmi?.. — mushti bilan so'rining chetiga urib qichqirdi Tolib, — Men sizga o'g'il emasman… O'g'il bo'lmaymanam… Agar yana shu gapni eshitsam… Tilingni sug'urvolaman!.. — O'g'lidan bunaqangi haqoratlarni kutmagan G'olib karvon beixtiyor o'rnidan turib ketdi.

— Hoy, haromi, — deya baqirdi u Tolibning qulog'ini changallab, — Sen o'zi qaysi og'ilxonada o'sgansan-a?.. Kimning tarbiyasini olgansan?.. Bir begunoh odam sen galvarsni bolam-bolam qilsa-yu… Hozir… Naq bo'g'izlab qo'ya qolaymi?!

— Qo'yvoring!.. Qo'yvoring deyapman, sizga!.. — yig'i aralash dod sola boshladi Tolib dadasining qo'lini mahkam g'ijimlab, — Ayamni o'ldirib tinchiganingiz yetmay, endi menga yopishyapsizmi?.. — G'olib karvon bu gapni eshitib, bo'lganicha bo'ldi. Peshonasini sovuq ter bosib, yuzining qoni qochdi. U Tolibni jahd bilan yetaklab darvozaxonaga olib bordi-da, tarsakilab yubordi.

— Yo'qol!.. — dedi u xirillab endi o'rnidan turib kiyimlarining changini qoqa boshlagan Tolibga qo'lini bigiz qilib, — Yo'qol!.. Agar men ayangni o'ldirgan bo'lsam, senam o'shaning yoniga yo'qol!.. Meni tinch qo'y… Suf, senday nobakor o'g'ilga, bildingmi, yo'qol ko'zimdan!.. — Tolib chamasi o'z otasidan bunday keskin muomalani kutmagan edi. Shuning uchunmi, nima qilishini bilmay birpas dovdirab turgach, so'ri tomon asta-sekin ketib borayotgan G'olib karvonning orqasidan alam bilan baqirdi:

— Mana, ko'rasiz, men xotinchangizni baribir o'ldirib ketaman… Yashatib bo'pman, bu hovlida…

 

ZO'RLOV

 

Hosila opa bo'lib o'tgan gap-so'zlardan so'ng anchagina cho'kib qoldi. Erining yupatishlari ham qulog'iga kirmadi. Adoqsiz nadomatlar chekib shartta ketib qolmoqchi ham bo'ldi… Biroq… Qaerga boradi?.. Yana o'sha piyonista ukasining uyigami?.. Kelin qurg'ur tuzuk-quruq bo'lsayam mayliydi… Har gapning birida bepushtligini yuziga solaversa… «Xudoyim-ey, men shu bola bolalik qilarmikin degandim-a?.. — qorong'i xonaga bekinib olgancha yig'lardi Hosila opa, — Axir… Ko'rinishidan tuppa-tuzuk yigitga o'xshaydi-ku!.. Nahotki, mehrini uyg'otolmasam-a?..» — Hosila opa tashqarida noma'lum oyoq tovushlarini eshitib birdan hushyor tortdi. «Kim bo'ldiykin bemahalda kelgan?.. — qo'rqa-pisa derazadan mo'ralarkan, o'zicha pichirlab qo'ydi u, — Dadasi… Endigina jo'nab ketgan bo'lsa molbozorga… Tavba!..»

Shu payt noma'lum sharpa asta-sekinlik bilan Hosila opa o'tirgan uy tarafga yurib keldi-da, ichkari eshikni taqillata boshladi. Hosila opaning ichiga qaltiroq tushib, oyoq uchida eshikka yaqinlashdi.

— Kimsiz?.. Kim u, qorong'ida kelgan?..

— Eshikni oching!.. Bu menman… — Hosila opa Tolibning ovozini tanib ham qo'rquv, ham umid bilan eshikni ochdi. Tolib o'zini tez ichkariga olib, qaytadan eshikni tambaladi. So'ngra atrofni ko'zdan kechirib chiqdi. Uyda Hosila opadan bo'lak hech kim yo'qligiga amin bo'lgach, uning qarshisiga kelib asta so'z boshladi:

— Dadam qani?..

— Dadangiz… Molbozorga ketgandi… Tinchlikmi, Tolibjon?.. Yo choy-poy qo'yib beraymi?.. — Tolib javob berish o'rniga ayolning yelkasidan tutib o'ziga tortdi. Hosila opa xunuk bir hodisani oldindan sezgandek, o'zini chetga olmoqchi bo'ldi. Lekin kuchi yetmadi.

— Voy, tavba qildim, xudo!.. Nima qilyapsiz, Tolibjon?.. Onangiz qatori…

— Siz menga ona bo'lolmaysiz… — dedi zaharxandalik bilan Tolib hanuz Hosila opani qo'yib yubormay, — Siz… Agar bilmoqchi bo'lsangiz… Menam endi kichkina bola emasman… Men hozir… Sendan ayamning qasdini olaman… Ovoz chiqarsang… — Tolib yon cho'ntagidan pichoq chiqarib Hosila opaning tomog'iga tiradi, — So'yvoraman… Bildingmi?..

— Tolibjon… Jon bolam… Bu ishni qilmang… Hozir… Kayfingiz borakan… Axir, dadangiz eshitsa… — Hosila opa so'zini oxiriga yetkazib ulgurmay, Tolib uni karovatga sudrab olib bordi-da, tortqilay-tortqilay kiyimlarini yechib tashladi va tappa bosib duch kelgan joyidan o'pa boshladi…

 

NOMUSGA QOLGAN XOTIN

 

Tolibning behayolarcha tutgan ishidan so'ng Hosila opa go'yoki ikki o't orasida qoldi. Shartta chiqib qo'ni-qo'shnilarga arz qilmoqchi bo'ldi. Ammo… Unga kim ishonadi?.. Dod solib qichqira olmadi-ku!.. Tomog'iga pichoq qadaganini, qarshilik qilganida urib hammayog'ini momataloq qilganini kim ko'ribdi?.. Kim uning yig'isini eshitibdi?

Yig'layverib qovoqlari shishib ketgan Hosila opa kaltak zarbidan lo'qillab og'riyotgan bilaklari, oyoqlarini ushlab-ushlab qaytadan karovatga cho'zildi. Keyin… Negadir ana shu karovatdan ham nafratlanib ketdi… Bazo'r o'rnidan turib ko'rpa-to'shaklarni bir chetga olib qo'ydi-yu, karovatni qismlarga ajratib hovliga tashiy boshladi. Endigina temir-tersakdan qutulib tomorqaga yurmoqchi bo'lgan ham ediki, darvoza ochilib, qo'shnisi Jo'ra kampir ko'rindi:

— Voy, qo'shni, keling… — degancha ko'z yoshlarini artib qo'shnisiga yaqinlashgan Hosila opaning ko'rishish uchun uzatilgan qo'llari havoda muallaq qoldi. Jo'ra kampir lablari burilib hovlini obdon ko'zdan kechirib olgach, kinoya bilan so'z boshladi:

— Bu deyman… Sipogina ko'ringaningizminan ja balo ekansiz-ku, a, kelin?..

— Tushunmadim, xolajon?.. Nimaga unaqa deyapsiz?..

— Ie… Nimasini tushunmaysiz?.. Uylanmagan bolani to'shakka tortishga uyalmadingizmi, kap-katta xotin?.. Tushunmadim emish…

Hosila opaning hushi boshidan uchdi. O'pkasi to'lib ich-ichidan otilib kelayotgan faryodni arang to'xtatib oldi-da, Jo'ra kampirni so'roqqa tuta ketdi:

— Xola… Jon xola… Nahotki, shunaqangi xotinga o'xshasam?.. Ellikka yaqinlashganimda… Ayting… Qaysi juvonmarg tarqatdi bu gaplarni?..

Jo'ra kampir indamadi. Faqat… Boshidagi paxta gulli ro'molini sal to'g'rilagan bo'ldi-yu, Hosila opaning ko'zlariga tik boqdi.

— Xafa bo'lmang-u… Mendan boshqa odam bo'lsa, shartta eringizga aytib berardi… To'g'risi, anavi Tolib nevaramga shunaqa debdi… Meni zo'rlayverganidan bezib uyda yotmayapman, debdi…

Hosila opaga ana shu gapning o'zi yetarli bo'ldi. U o'ylab o'tirmay qo'liga ilingan narsasini yig'ishtirib oldi-da, Jo'ra kampirning hay-haylashiga ham qaramay, ko'chaga chiqib ketdi.

 

MASLAHATLI TO'Y TARQAMAS

 

Hosila opa Oltinqo'rg'onda turmas bo'ldi. Yuzi shuvut, qalbi vayron bo'ldi. Katta ko'chada o'tgan-ketganga teskari qarab ildam-ildam ketib boraverdi. Yuragining tub-tubida Tolibni la'natladi. Shu xonadonga beka bo'lib kelganiga ming-ming pushaymonlar yedi… Faqat… Ukamnikiga yetib olsam bo'ldi, deb o'yladi. O'pkasi shishganiga ham e'tibor qilmay yurishda davom etdi… Lekin… Peshona ekan… Hosila opa Qoraqumga yetganda qarshisiga yuk mashinasi kelib to'xtadi-yu, kabinadan G'olib karvon tushib, uning yo'lini to'sdi.

— Nima gap, tinchlikmi?.. Qaerga ketyapsan?.. — bir xotiniga, bir uning qo'lidagi tugunga hayron bo'lib boqarkan so'radi G'olib karvon.

Hosila opa beixtiyor yig'lab yubordi.

— Ie… Nimaga yig'laysan?.. Gapirsang-chi, mundoq!..

— Dadasi… Men… Yaxshi-yomon gapirgan bo'lsam… Rozi bo'ling… Men ketyapman…

— Nimaga rozi bo'ladi?.. Nimaga ketasan?..

— O'g'lingiz… O'g'lingiz qo'ymayapti… Mayli… Yashamasak yashamay qo'ya qolaylik, dadasi… — G'olib karvonning beixtiyor mushtlari tugilib, ko'zlari g'azabga to'ldi. U hech narsa demay, Hosila opaning qo'ltig'idan oldi-da, kabinaga sudradi.

— Yur… Men adabini berib qo'yaman uni… Sen yur… Yuraqol…

Hovliga yetib kelishgach, G'olib karvon o'zi sotib olgan qo'ylarni og'ilxonaga hayday boshladi. Hosila opa esa, itoatkorona ichkari uyga kirib borarkan, miyasini birgina fikr kemirardi: «Ishqilib, dadasi bilib qolmasin-da!..»

 

OQPADAR

 

G'olib karvon hovlining bir burchagida sochilib yotgan karovat bo'laklarini ko'rib hayron bo'ldi va xotinining ortidan ichkari uyga kirdi. Polda yotgan ko'rpa-to'shak, kiyimlarga ko'zi tushdi-yu, jon-poni chiqib ketdi.

— Xotin, to'g'risini aytsang-chi, nimalar bo'lyapti o'zi?.. — dedi u nafas olishga qiynalgan odamdek harsillab, — Karovatni opchiqib tashlabsan?..

— Yo'q… Aytarli hech narsayam bo'lgani yo'q… Karovatni deng… Bitga o'xshagan qanaqadir yomon narsa bosib qopti… Kechasiminan uyqu bermadi… — Hosila opa yolg'on gapirayotgani uchun ham erining ko'zlariga sira tik qarayolmas, o'zini go'yoki kiyim taxlayotgandek ko'rsatib teskari qaragan ko'yi ivirsilanardi, xolos…

— Xo'p, mayli… Xafa bo'lma… Bitta choy qo'ygin… Nonushtayam qilganim yo'q men… — G'olib karvon qo'lini chayish ilinjida chovgum ko'tarib hovliga chiqqan edi hamki, tomorqa tarafdan Tolib kirib keldi. O'g'lini ko'rib G'olib karvonning yana jini qo'zidi. Qo'l chayishni ham unutib, chovgumni yerga qo'ydi-da, hovlining o'rtasida taqqa to'xtab qolgan Tolibga yaqin bordi.

— Ha, daydi?.. Yana nima hunar ko'rsatib yuribsan?.. Kechagi kaltak kammi deyman-a?..

Tolib yer ostidan dadasiga bir qarab oldi-da, uy tarafga ishora qildi.

— Xotinchangiz aytmadimi nima bo'lganini?..

— Yo'q… Sen aytaqol… Qani, ayt!.. Aytmaysanmi?..

— Aytsam aytaveraman, nima qipti?.. Bo'lmasa, eshitib qo'ying!.. Endi men uyingizdan bosh olib ketdim, bildingizmi?..

— Sabab?.. Yana Hosilami?..

Tolib aytsammi-aytmasammi degandek biroz ikkilanib turgach, yana tavakkal so'z boshladi:

— Ha, o'sha… Xotinchangiz kechasi meni to'shakka sudrab hol-jonimga qo'ymayapti… Meni zo'rlayapti o'ziminan yotishga…

G'olib karvon kutilmagan bu xabarni eshitdi-yu, esankirab qoldi.

— Nima-a?.. Yolg'on gapiryapsan, haromi!.. — deya hayqirdi u o'g'lining yoqasidan bo'g'ib, — Ishonmayman!.. Hosila unaqa ayol emas… Unaqa buzuqmas Hosila… Hosila!.. Buyoqqa chiq!.. Bo'l dedim, tez!.. — Hosila opa qo'rquv aralash hovliga chiqib sekin-sekin eriga yaqin keldi.

— Ayt, Hosila… Shu gaplar rostmi?.. Sen o'g'limni zo'rlaganing rostmi?..

Hosila opa shoshib Tolibga qaradi. Uning oqarib ketgan yuzlariga, dadasining qo'lida xuddi tuzoqqa ilingan quyondek jovdirab turishlariga boqib turib biroz rahmi kelganday ham bo'ldi… Ammo… Tungi og'riqlar, tungi xo'rlanish-u, kamsitilishlar hali-hanuz ketganicha yo'q… Qolaversa, eri, mahalla-ko'yning oldida sharmanda qilgan ham mana shu betayin-ku!.. «Yo'q!.. Men uni kechirolmayman, — xayolidan kechirdi Hosila ko'z yoshlarini to'xtatolmay, — Bundaylar yaxshilikni bilmaydi… Aytaman… Baribir aytaman!..»

— Men emas, u meni zo'rladi, — deb yubordi nihoyat Hosila opa o'zini qo'lga olib, — Sizning yo'qligingizdan foydalanib… Tomog'imga pichoq tiradi…

G'olib karvonning fig'oni oshib o'g'lining yoqasini qattiqroq changalladi.

— Yana nima qildi-i?!

— Nima qilsa qildi, dadasi!.. Qolganini aytolmayman!..

Yo'q… G'olib karvon Tolibni urmadi. Zarb bilan uni ustunga qarata itarib yubordi-da, so'rining tagida yotgan boltani olib o'g'lining tepasiga keldi.

— Bor!.. Ket!.. Men seni… Oq qildim… Xudo shohid… Senday bolam yo'q!.. Oqpadarsan… Yo'qol!..

Qo'rqib ketgan Hosila opa jonholatda erining qo'lidagi boltaga yopishdi. Tolib esa bir otasiga, bir Hosila opaga sovuq qarab oldi-da, hech narsa bo'lmagandek, qandaydir qo'shiqni xirgoyi qilgancha, hovlini tark etdi.

 

TO'QNAShUV

 

Bo'lib o'tgan voqealardan so'ng karvonning fe'li o'zgardi. Ichkari uyga kirib bir chekkada biqinib olgancha jimgina o'tirgan Hosila opaning yoniga yaqinlashdi-da, beixtiyor uni savolga tutdi:

— Hoy, Hosila, endi nima qilamiz-a?.. Nikoh qurib ketgur harom bo'ldi-ku!.. Yo sen uchun baribirmi?.. — Shundog'am qo'rquvdan dir-dir titrab o'tirgan Hosila opa nima deyishini bilmay, eriga bo'zrayib qaradi va kutilmaganda so'z boshladi:

— Dadasi… Nima bo'lsa, bo'lib o'tdi… endi… Qo'ni-qo'shnilarni chaqiring… Biz o'shalarning guvohligida ajrashaylik… Baribir… Endi ro'zg'orimiz ro'zg'or bo'lmaydi… Menam… peshonamdagini ko'rarman…

Xotinining bu taklifini eshitib G'olib karvonning esxonasi chiqib ketdi.

— Nima deyapsan o'zing?.. — o'shqirib berdi u xotiniga do'ppisini qo'liga olib u yoqdan-bu yoqqa asabiy aylantirarkan. — Ajrashamiz deysan-a!.. Bu… oson ekanmi senga?.. Faqat… Tolibminan bo'lganingni bilganimdan so'ng…

Hosila opa hammasini tushunardi. Erkak zoti o'z ayolining kimningdir qo'yniga kirganini bildimi… Tamom… Shuning uchun… ortiq bu xonadonda yashay olmasligiga ko'zi yetib, gapni qisqa qildi:

— Dadasi… Qo'ying… Gapni cho'zib o'tirmaylik… Baribir… Oramizga sovuqchilik tushdi… Yaxshisi… Javobimni bering… Sizga hali… Mendan ham yaxshi ayollar uchraydi… Men hech qachon sizni qiynashni istamayman… Mayli… O'g'lingiz aytgancha bo'la qolsin…

G'olib karvon qo'rqib ketdi. «Nahotki?.. Nahotki, bir palidni deb shunday xotinni oyoq osti qilsam?.. — ko'nglidan o'tkazdi u hanuz Hosila opaning qo'lini qo'yib yubormay. — Agar u haq bo'lmaganda, qo'ni-qo'shnilar allaqachon gullab qo'yishardi-ku!.. Nega hammasi jim?.. Hamma ayb Tolibda!.. O'sha haromi o'g'il aybdor hammasiga…»

U Hosila opani majburan so'riga o'tqazdi-da, bir og'iz so'z bilan masalani hal qildi-qo'ydi:

— Yo'q,… xotin… sen hech qaerga ketmaysan…

 

PAYMONA TO'LGAN KUN

 

Tolib otasi oq qilganidan keyin ham o'zini tiyolmadi. Qanday qilib bo'lmasin, Hosila opadan qasd olish yo'llarini izladi. U bir necha kun ko'chalarda, zovur yoqalarida yotib yurib bo'lsa-da, bu ayolni qanday qilib yo'q qilish rejasini tuzaverdi. Nihoyat o'yining oxiriga yetgach, azon pallasi o'z tomorqasining bir chekkasiga kelib Hosila opani kuta boshladi… Ha-a… U aniq biladi… Hosila opa har kuni albatta erta tongda tashqariga chiqadi… Ana shu pallada uni qo'lga olish lozim… «Men uni, baribir o'ldiraman, — ko'nglidan o'tkazdi u qo'lidagi ingichka ipak arqonni u yoqdan-bu yoqqa aylantirib o'ynarkan. — Kuni bitdi uning…»

Oradan bir necha daqiqa vaqt o'tib, kutilganidek, Hosila opa tomorqa tarafga chiqdi. Chiqdi-yu… Tovuq katagiga yaqinlashib, qo'lidagi don solingan xaltachani yerga qo'ydi va o'zi ham sekingina yerga engashdi… Ko'zi qonga to'lgan Tolibning arqon tutgan qo'llari titradi… Atrofga ehtiyotkorlik bilan alanglab oldi-da, oyoq uchida yurib kelib, Hosila opaning orqa tomonidan unga yaqinlashdi. Tepasida kimdir turganini payqagan Hosila opa shoshib o'rnidan turdi-yu… Orqasiga o'girildi…

— Siz?..

— Ha… Men… — deya shivirladi Tolib hanuz ko'zlari alang-jalang bo'lib. — Seni kuning bitdi… Ayamni qasdini olaman sendan…

Hosila opa uning qo'lidagi arqonga ko'zi tushdi-yu, qo'rqa-pisa orqaga tisarila boshladi.

— Tolibjon… O'zingizni bosing… Keting… Hozir dod solaman… Dadangizni chaqiraman… Shuncha qilgan ahmoqliklaringiz kammi?.. Keting deyapman!..

Tolib ortiq gap sotib o'tirishni istamadi. Epchillik bilan Hosila opaning bo'yniga arqon solib, kuchining boricha bo'g'a boshladi… Shu tobda beixtiyor uyg'onib ketib, hovliga chiqqan G'olib karvon kimningdir beo'xshov xirillayotganini eshitib hayron bo'ldi-yu, yugurib tomorqa tomonga o'tdi… Afsuski… Ulgurolmadi… Hosila opa allaqachon jon bergan edi…

Olimjon HAYIT