HASADGO'Y NIMA DEYDI?

0

 

 

Ichim yonib ketyapti. O'zimni qo'yarga joy topolmayapman. Non chaynasam, bo'lagi tomog'imga tiqilib, battar asabimni buzyapti. Chunki qo'shnimning tutgan ishi tinchimni buzdi, yuragimga o't soldi. Shuni deb allaqachon tuzalib ketgan qaltiroq kasalim qo'zg'aldi. Axir, o'zingiz o'ylang, qo'shnimning sigiri bilan mening sigirim bir kunda homilador bo'lgan. Buzoqchalarning otasiyam bir edi. Ammo uniki egiz, meniki esa yolg'iz g'unajincha tug'ibdi. Xo'sh, qo'shnimning mendan nimasi ortiq-a? Yo qo'shnimning sigiri oliy tabaqadanmi? Hecham, ikkovimiz bitta bozordan olganmiz sigirlarni…

Ana, qaltiroq kasalim kuchayib boryapti. Shu tobda xotinim gap topib kepti. Nimaymish, ikki mahalla narida turadigan So'taqulning lotoreyasiga bir milyon so'm yutuq chiqqanmish. Nega chiqadi? Menam o'sha lotoreyadan sotib olgandim-ku! Ikkalamiz bitta pachkani buzdirib, tanlab olgandik. Nimaga unga yutuq chiqadi-yu, men quruq qolaveraman?..

Qaltiroq kal boshimniyam titrashga majbur qilyapti. Nega deysizmi? Hech kimga besabab tikon kirmaydi. O'zim qaltiroqminan olishib zo'rg'a o'tiribman-u… Ana, ana, anavini qarang! Devormiyon qo'shnimning o'g'li qilayotgan ishni o'zingiz bir ko'ring! Sattang-a kosaday-kosaday olmalarni uzib-uzib olyapti. O'tgan kuni uyiga kirganimda olma savillarining har birini qizil matoga o'rab qo'ygandi. Mening kirishimni sezgan-da bachchag'ar. «Ko'zi tegadi, yo bir donasini so'rab qoladi» deb o'ylagan yashshamagur. E, o'lib turganmidim sening qurtlagan olmangni yeyman deb, it? Eh, mana shu bola hozir oyog'i toyib ketib daraxtdan yerga qulab tushsaydi. Xumordan chiqardim…

Xudoyim, nega meni bunchalar baxtsiz, omadsiz qilib yaratgansan-a? Tagimdagi anavi «Neksiya»ni olganimga olti oydan oshdi. Haliyam yangisiga almashtirib ololmayman. Uch yil burun «Jiguli» sotib olgan mana shu olmafurush qo'shnim esa kuni kecha qizil «Epika» minib o'tib ketdi. Balloning yorilib, yarim yo'lda qop ketkur uyimning to'g'risiga yetganda atayin cho'zib-cho'zib signal chalib qo'ydi. He yo'tal qo'yga o'xshab dirillamay o'lsin o'sha signaling!..

Qaltiroq tilimga o'tdimi? Nimaga tilim kalimaga kelmayapti?.. Ha, Mo'min baqqol ko'chadan o'tib ketyapti! Nima ko'tarib olibdi? Qani, devordan yaxshiroq mo'ralab ko'ray-chi!.. Voy oyog'ing toyib invalid bo'p qolgur-ey! Amriqoni mahsi kiyvoptimi? Kechagina eski choriqni zo'rg'a sudrab yurgandi-ku! Endi puldor bo'p qoldilarmikan? Puling boshingda qolsin! Xitoyga borib «mol» olib kelarmish. Hoynahoy, ko'zi qisiq bo'lgani uchun xitoyliklar millatdoshga yo'yib «mol»ni arzonroq bersa kerak-da! Kelvolib, bizdaqa beva-bechoralarning hamyonini qoqadi apris! E, o'lay agar, shunday qiladi! Ana, yaqinda mashinamning to'rtta ballonini yangilab qo'yay, to'y-ma'rakaga borsam, yog'in-sochinli kunlarda dar qo'ymasin devdim. Atayin ikki ming so'mdan qimmatiga sotdi iflos! Shundan beri tizzamni ololmayapman. Axir, sakkiz ming-a, sakkiz ming! Shuncha pulni havoga sovuraman-u, mening tizzam og'rimay, Mo'minniki og'risinmi?..

O'h-o', kim ekan u kech kirganda hovlimga yo'rg'alab kelayotgan? Vali fermermi? Nima qilsam ekan? Shuni ko'rsam, oyoq-qo'limdagi yigirmata barmoq baravariga qaltiray boshlaydi. Bilaman, novvosimni so'rab kelyapti tag'in? Kechagina aytuvdim, «Novvos sal anaqaroq, sigirlarga qarashga holi kelmaydi, buzoqligida mayib bo'lgan» deb tavallo qiluvdim. Baribir ishonmabdi… Umuman-chi, shunday novvosni bunga o'xshaganlarga berib yuborib ahmoqmidim? Uning sigirlari buzoqlab, puliga pul qo'shilsa, biz-chi? Og'ilxonadagi bor yo'g'i o'ttiztagina buzoq, qirqtagina qo'yni quchoqla-ab qolaverishimiz kerakmi? Toshini tersin!.. Ana, barmoqlarimning qaltirashi tezlashib boryapti. Bu «Tezroq o'zingni jinnilikka sol, Soli» degani!..

Shunday qilsam, fermer dardi ichida orqasiga qaytadi-yu, ketadi. O'la, ketdingmi? Shunaqa bo'ladi! Bu kuningdan battar bo'lgin! Bir umr novvos qidirib kuning o'tsin iloyim!

Voy-do-od! Xotinim tirjayib kelyaptimi? Voy yuragim, voy buyragim! Hozir jonim chiqib ketadi! Axir, u yaramas bekorga tirjaymaydi? Qaysidir bojam yo mashina sotvolgan, yo xotini tuqqan! Qanday kunlarga qoldim? Qanday bojalarga, itga o'xshagan qo'shnilar, pastkash fermerlarga uchradim-a! O'lib qolama-an!

Olimjon HAYIT

 

 

 

 

loading...