ShAYTANAT… (123-qism)

0

 

 

* * *

 

Deraza ortidagi olam shom qorong'uligi hukmiga bo'ysuna boshlagan damda eshik qulfining shiqillashidan sergaklandi. «Yaxshi niyatli odam eshikni bunaqa ehtiyotlik bilan ochmaydi», degan fikr vujudini qalqitib yubordi. Uning nazarida qulfga qandaydir odam emas, Azroil kalit solib burayotganday edi.

… Hozir kirib keladi.

Suratlarda chizilganday chalg'i ko'tarib, kafanga o'ralib olgan qoqsuyak mahluk ko'rinishida kiradimi…

… Balki

… Mamatbey qiyofasida kirar?

… Boshi chalg'ida olinadimi?

Balki…

Qilarqonda bo'g'ilar?..

Ertalabgacha tili osilib yotadimi? Jag'ini bog'lab qo'yishga bir mehribon topilmaydimi?

Bu fikrlar yashin tezligida kelib ketgan bo'lsa-da, shumligini amalga oshirishga ulgurdi:

Asadbekning hatto tili ham muzlab qolgandek bo'ldi. Xayolidagi Azroil kirib kelishga ulgurmay, o'lishga tap-tayyor bo'lib qoldi. O'zini himoya qilishga kuch topish u yoqda tursin, nechundir xohish ham uyg'onmadi. Yumuq ko'zlarini bilinar-bilinmas ravishda ochib yotaverdi.

Eshik juda astalik bilan ochildi.

Oyoq sharpasi eshitildi.

So'ng bir bosh ko'rindi…

Kim u? Jamshidmi? «Shunga topshirishgan ekanmi?»

Asadbek ko'zlarini baralla ochdi.

— Jamshid? — Asadbek shunday deb qaddini sal ko'tardi. — Nega mushukka o'xshab pisib yuribsan?

— Bek aka, — Jamshid ichkari kirib, qo'l qovushtirdi, — uxlayotgan bo'lsangiz, uyg'otvormay dedim. O'n ikkidagi samolyotning uchishi ertalabga qoldirilibdi. Aytib qo'ydim, uchadigan paytda xabar qilishadi. Ke-yin…

— Chaynalma, nima demoqchisan?

— Restoranda ham to'rt kishilik joy tayyor. Birga…

— Qornim to'q, o'zlaring o'tiraverlaring. Kenna-yingga aytib qo'ydingmi?

— Aytdim, lekin… Bek aka, chiqsangiz yaxshi bo'lardi. Chehrangizni ochib o'tirsangiz…

har holda do'st bor, dushman bor.

Jamshid aql o'rgatishga o'rgatdi-yu, biroq, xojasining yuzlari uchganini ko'rib, nafasini ichiga yutdi. Asadbek esa g'ashlangan ko'yi tirsagiga tiralganicha bir necha soniya harakatsiz yotdi. A'yonining taklifiga na «ha» dedi, na «yo'q». Ko'kragida «Sen bola, menga aql o'rgatma!» degan hayqiriq uyg'ondi-yu, baqiriq shakliga kirishi mumkin bo'lgan bu norozilikni sergak aql bo'g'izdan nariga o'tishiga yo'l qo'ymadi. «Nega sachramoqchisan, bola to'g'ri aytyapti, — dedi aql. — Mushukka o'xshab hurpayib olganing nimasi? G'alaba qilganingda gerdayib yurishni bilarding. Bir mushtlik holing bormi? Sen yig'lasang ular mazza qilib kuladilar. Yo'q, yaxshisi sen kul, ular alamdan dod solishsin!»

Aqlga taslim bo'lgan Asadbek o'rnidan turib ki-yindi-da, a'yon hukmiga bo'ysunib, ikki o'g'lini ikki qanotiga olgan holda, qaddini g'oz tutib, restoran tomon yurdi.

Ko'cha tomondan odamlar qo'yilmagan, xos mehmonxonaning nozikta'b mehmonlarigagina xizmat qilgani uchun restoran gavjum emas edi. Ularga deraza tomondan joy hozirlangan ekan. Asadbek yumshoq stulga o'tirayotib tashqarida qoramtir tusda ko'rinayotgan kreml-ning tuya tishlarini eslatuvchi devoriga ko'zi tushdi-yu, o'zi uchun ham kutilmagan tarzda Deputatning gaplarini esladi: «Bek aka, siz bilan bizning taqdirimiz kreml devorlari ortida hal qilinadi. Biz bu devorni buzmas ekanmiz, bag'rimizga shamol tegmaydi…» Bu gapga javoban Asadbek o'shanda

«Hammayoqni senga o'xshagan ishbuzuqilar buzadi», degan edi. Hozir esa boshqacha o'yladi: «Bu devorlarni yiqib bo'larmikin?..»

Asadbek siyosatni durustroq fahm etganida «Bizlar uchun bu devorning turgani ma'qul.

Sening bag'ringga shamol tegmasa tegmas, biz shu devorning ichida o'sib-ulg'aydik, qanot yozdik, bizlarning himoyamiz ham shu. Agar bu devor yiqilsa, tagimizga suv ketadi», degan bo'lardi balki.

Asadbek o'zini xushnud tutishga urinib, o'g'illari bilan chaqchaqlashib o'tirishga intildi.

Farzandlarining go'dakligidagi qiliqlarini esladi. Jamshid ham chetda turmay, bir-ikki latifa aytib kuldirgan bo'ldi. Ular tomonga qarab-qarab qo'yuvchilar go'yo baxtiyor oilaning mas'ud damlariga guvoh bo'ldilar. Asadbekning nigohi restoran bo'ylab sarsari kezib turishini sezishmadi. Asadbekka Xongireyning odamlari ularni qaysi bir burchakdan turib kuzatishayotganday tuyuldi. Bu gumon haqiqatga aylanayozganida Asadbek g'ashlandi. Ikki soat davomida u restoranda emas, balki tikonlar ustida ishtonchan o'tirganday bo'ldi. Go'yo amr etish huquqi Jamshidga berilganday, ijozat so'rash nazari bilan unga qarab-qarab qo'ydi. Jamshid xojasining bezovtaligini sezib «Yana ozgina kuting», degan iltijoli nigohi bilan javob berdi. Jamshidning maqsadi faqatgina kuzatishi mumkin bo'lgan ko'zlarni shamg'alat qilishgina emas, balki xojasining yolg'iz ezilish balosidan oz fursatga bo'lsa-da, qutqarib turish edi.

Jamshidning ixtiyori bilan uyushtirilgan restoran tomoshasi tugagach, u xonasiga yo'nalgan xojasini to'xtatdi:

— Bek aka, boshqa xonaga joy tayyorlatib qo'yganmiz.

Asadbek bu safar noroziligini yashirmadi:

— Ja oshirvording, bola!

Agar Chuvrindi bo'lganida xotirjamlik bilan «Bek aka, ehtiyot — shart!» — deb qo'yar, Asadbek esa unga itoat etardi. O'zining Chuvrindi martabasida emasligini yaxshi bilgan Jamshid ortiqcha gapirmadi. «Aytdim-qo'ydim, jon shirin bo'lsa, o'zingizni ehtiyot qiling», deganday qarab qo'ya qoldi. Hozir Asadbekka Chuvrindining o'rni bilindi. «Bu bola sodiqlikka sodiq, lekin ikki dunyoda Mahmud bo'lolmaydi», deb o'yladi.

Kengroq xonadagi uchta karavot bilan bitta divanga joy qilib qo'yilgan edi.

— Hammamiz charchadik. Tiniqib uxlashimiz kerak. Uyga ko'zlarimiz kirtayib borsak, onang o'zidan ketib qolmasin, — Asadbek shunday deb pidjagini yechib stul suyanchig'iga tashladi-da, shimini yechmay, o'rin ustiga cho'zildi. O'g'illari ham otalari kabi omonat yotishgach, Jamshid chiroqni o'chirdi.

Bo'lib o'tayotgan voqealarning zamirida bir shumlik yotganini sezsalar ham, otalaridan so'rashga jur'at etolmayotgan o'g'illar shiftga tikilgancha qimirlashmasdi. Asadbek «O'g'illarim qattiq toliqishibdi, uxlash-yapti», deb yanglishdi. Yigitlar besaranjom bo'lsalar-da, karavotni g'ijirlatib otalarini bezovta qilgilari kelmay, xayollari oqimiga mayllarini berib yotishardi. Bu uch jonning joni uchun o'zini mas'ul deb bilayotgan Jamshid esa «tiq» etgan tovushga ham sergak quloq tutardi.

Tiniqib uxlab olish niyatidagi to'rtovlonga bu kech uyqu xiyonat qildi.

Hozir Asadbek ustiga kelgan odam uning ko'zlari yumuq ekanini ko'rardi. Biroq, tabiiyki, qalbi yumuq ekanini bilolmasdi. Abdurahmon tabibnikida ekanida, o'lim farishtasidan bo'sa olay deb turganida Tangri taolo sari ozginagina siljigan edi. Olloh esa, va'dasiga ko'ra, bandasi tomon yurib, uning boshi ustidagi balo bulutini hayday boshlagan edi.

Bundan qoniqqan Asadbek Yaratgan sari yurmoqdan to'xtadigina emas, dunyo tashvishlariga bandi bo'lib, asliga qayta qoldi. Ochilmoqqa moyil qalbi yumuqlik balosidan qutula olmadi. Ko'zlari yumuq Asadbek ayni choqda yumuq qalbi bilan chora izlardi.

Donishmand deb ekanki:

Ilohi, yomon af'olimdin parishonligim cho'qtur,

Va shum nafsimda pushaymonlik yo'qtur

Mundoq balolardan qutularg'a umidim sendin o'qtur…

Shunga ko'ra, Asadbek pushaymonlardan nari ekan, najotga ham umid yo'q ekanini idrok qila olmas edi. Uning ko'r qalbi «Ey Xudo, senga nima yomonlik qiluvdimki, menga bu ofatlarni yuboryapsan», deb xitob qilardi. Bandalarga qilingan yomonlik Tangriga qilingan yomonlik kabi ekanini esa fahm etmasdi. Hozir shu yotishida ham Xudoni savolga tutardi. Pushaymonlik, tavba ko'chalariga kirmoqlikni esa o'ylamasdi.

Ilohi, dardu xolimni har kimga aytsam Rad qilsa, senga tavajjuh etgayman.

Va agar sen rad qilsang, netgayman,

va kimga ketgayman… *

Asadbek dardini birovga aytadiganlardan emasdi. Afsus shuki, Tangriga yuzlanadiganlar safida yo'q edi u. Nadomatkim, rad etilganlar guruhida edi…

 

***

 

Manzura qo'rquv aralash taajjubini astagina «voy» deb, pastki labini tishlash bilan ifoda etdi-yu, bosh-qa sado chiqarmadi. «Voy adasi, u yoqda nima gap bo'ldi, nega sochingiz oqarib ketdi?» deb so'ragisi keldi-yu, mehmonlar, ayniqsa hadiksiragan qushday salomga shay turgan kelinlari oldida erining zaxarli gaplari otilib chiqishidan qo'rqdi.

Kelinlarining salomiga alik olib, har birining oyog'iga ostiga bittadan gilam tashlagach, erkaklar uchun yasatilgan xonaga qarab yurdi.

— O'g'illaring balo, — dedi Kesakpolvon, o'tirishgach, — kelinlaring naq shkalatning o'zi.

— Ko'zingni chaqchaytirma, — dedi Jalil uning gapini bo'lib. Keyin uy sohibiga yuzlandi:

— Asad, men ketdim.

Asadbek do'stining bu darajada shoshilishidan achchiqlandi:

— Kelmasang ham bo'lardi, ovoragarchilikda ancha aziyat chekkandirsan, — dedi zaxarli piching bilan. — Kelishingda bez-mezing tushib qolgandir, a?

Nasiyaga gap olishni yoqtirmaydigan Jalil bu safar odatiga xilof qildi, piching o'qlarini shirin, ammo tagdor so'z bilan qaytardi:

— Endi og'aynijon, chillalik uy, degan gap bor. Chillalik uyga hatto it ham kirmay turgani ma'qul.

Asadbek uning maqsadini uqib, Kesakpolvonga zimdan qarab oldi. Unda o'zgarish sezmagach, o'rnidan turdi:

— O'tirib tur. Chillalik uyga sen begona emassan. Shu bolalarning amakisisan. Men hozir kelaman.

Kesakpolvon unga ergashmoqchi edi, Asadbek ostona hatlamay turib, o'girildi:

— Sen ham o'tirib tur.

Asadbek yolg'ondan bo'lsa-da «Sen ham amaki qatoridasan», demoqchi edi-yu, biroq, tili bu gapga aylanmadi.

Asadbek hovlida turgan Halimjon bilan Jamshidga imlab qo'yib, darvoza sari yurdi.

Aslida uning uchun yigitlardan biri kifoya edi. Biroq, «Kesakpolvon deraza yonida turib kuzatayotgandir», degan xayol ikkala yigitni ergashtirib chiqishga undadi.

U yanglishmadi: joyiga qaytib o'tirmay deraza yonida turgan Kesakpolvon yigitlarning xojalariga ergashganlarini ko'rgach, ko'ngli g'ashlandi, chap yuzi uchdi.

Asadbek Moskvani tark etar mahali «Borishim bilan onam bilan ukamni ziyorat qilaman, mozorga u-bu atayman», degan niyatni diliga tukkan edi. Bu g'ofil banda ham o'zga adashganlar kabi najotni Yaratgandan emas, qabristondan kutayotgan edi. Dastlabki mo'ljali bo'yicha to'g'ri qabristonga borishi lozim edi. Lekin kutib olgani chiqqan Kesakpolvonni o'ziga ergashtirgisi kelmadi. Kesakpolvon Asadbekni mag'lublik jandasida ko'rmoqni, arazlagan odamning ginali gaplarini eshitmoqni kutgandi. Asadbekning ochiq chehra bilan tushib kelib, «Haydar oshnam, omonmisan», deb quchoqlab qo'yishi uni tamom gangitib qo'ydi.

Kecha kechqurun Xongirey qo'ng'iroq qilib «Ish pishdi. Endi bek — sensan. Asadni istasang ostonangga it kabi bog'lab qo'y. Xohlasang eshak qilib minib yur. Rahm qilsang, tepasiga tuproq tortib qo'yaver. Ha, qulingning oppoq sochlaridan silab, o'pib qo'y.

Bekman, deb kerilib, jonlaringni oladigan xo'jayining ishtonini ho'l qilib qo'ydi», degan edi. «Sochlari oqarganini hisobga olmasa, ishtonini ho'l qilib qo'yganini» Kesakpolvon sezmadi.

Hovlidan chiqib ketayotgan Asadbek bilan yigitlar izidan qarab turgan Kesakpolvon deraza ko'zini sindirib, tashqariga uchib chiqmoqqa shay edi, ammo o'zi ham anglamagan bir kuch uni joyida mahkam tutib qoldi. O'zi bilmagan bu kuch — oqibat qo'rquvi edi. Garchi Xongirey Asadbekning bo'ynini (go'yo) bukib bergan bo'lsa ham, Kesakpolvon undan qo'rqardi. It qilib bog'lab qo'yolmasligini, eshak qilib minolmasligini, hatto tepasiga tuproq tortib ham tinchiy olmasligini yaxshi bilardi.

Asadbek biron bir odamning shoxini qayirmoqchi yoki sindirmoqchi bo'lsa, «Sen hamma narsani unutsang unut-u, ammo Bek akangni unutma! Sen hatto mening o'ligimdan ham qo'rq. Chunki men go'rimda ham tinch yotmayman. Tirigimda shu odamni o'ldirib qutulaman», deb niyat qilarsan. Lekin go'rda yotganimda yonimga kelib qayta o'ldirolmaysan, mendan qutula olmaysan. Yotgan yerimdan qo'limni chiqarib, kekirdagingni sug'urib olaman!» deb po'pisa qilardi. Bu po'pisani eshitgan Kesakpolvon «Bek, gapni ham qiyvorasan-da», deb kulardi. Bir kuni navbatdagi o'ljaning popugi pasaygach, Kesakpolvon hazil tariqasida «Bek, bu dunyodagi ishlaringni ko'rib turibman-u, go'rdan chiqaradigan qo'lingga hayronman-da» deganda Asadbek «Hayron bo'lma, go'rdan chiqaradigan qo'lim — sensan», degan edi.

Shaytanat olamidagi kichik bir mamlakat hukmdori Asadbekning taxtiga o'tirish onlari yaqinlashgani sayin Kesakpolvon o'sha suhbatni bot-bot esladi. «Endi men uning go'rdan uzatib chiqaradigan qo'li emasman. Kekirdagi uzib olinadigan o'ljasiman. Qo'l kim?

Jamshidmi yo Halim so'takmi?» Shu savollar ichini bir tirnasa, «E, yo'q, Bek bunchalik past ketmaydi. U mard odam. «Olsang olaver!» deb choponni yelkaga tashlab chiqib ketaveradi. Har holda bolalikdan qadrdonmiz. Nima qilgan bo'lsak ham birga qilganmiz», — degan fikr o'zini go'yo ovutardi. Ammo yuki bo'lmagan bu fikrlariga o'zi ham ishonmasdi. Deraza yonida turib xavotir tirnog'i hukmiga tushishi shundan.

Musallama kazzob o'zini payg'ambar deb e'lon qilganida bir ko'zi ko'r, ikkinchisi esa xiralashgan qariya kelib «payg'ambar bo'lsang duo qilib, ko'zlarimning nurlarini qaytar», deb so'rabdi. Kazzob «kuf-suf» qilgan ekan, cholning ikkinchi ko'zi ham ko'r bo'libdi.

Kimga e'tiqod qilishni bilmagan nodon cholga o'xshab qolgan Kesakpolvonning noqis aqli bo'lajak falokatni to'la fahm etmasdi, biroq yuragi his etib, jonsiz kuz yaprog'i kabi titrab turardi.

Uchoqda uchib qaytayotgan Asadbek endigi hayoti islohga muhtoj ekanini anglagan, shu yo'lda ayrim ahdga ham kelgan edi. Ko'ngil ba'zan aqlga bo'ysunib «Qo'y endi, bu tashvishlarni, to'ringdan go'ring yaqin bo'lib turibdi, yemoq-ichmog'ing yetarli ekan, boshqasiga qarama», derdi. Biroq afsuskim, inson fitratida nafs degan narsa ham bor.

Aql va nafsning bir-biriga zid ekanligi oydindir. Aql rad etmish narsani nafs da'vo qilaverar. Ayni damlarda nafs Asadbekni boylikka undamayotgan edi. «Asadbek» deb nom berilgan bu vujudga, nainki vujudga, butkul ruhoniyatiga hukmini o'tkazib kelayotgan nafs endi kibrga nikohlandi. Mazkur nikohning mahsuli esa Asadbekdagi mardlikni bo'g'ib, uni o'yindan chiqishiga yo'l qo'ymaydi. To'g'ri, u taxtini Kesakpolvonga topshirib qo'yaverishi mumkin edi. Biroq, mag'lub holida chekinishni istamadi. Endi uni hech kim, hech qanday kuch ahdiga qaytara olmas edi. Daryoni ko'zachaga qamash mumkin bo'lmaganidek, Asadbekning g'azab o'tlarini o'chirishga urinish befoyda edi.

Moskvadagi mehmonxonada bedorlik bilan olishib yotgan Asadbekni yo'qlab kelgan Iliko o'tlarga moy sepgan edi. Aslida Asadbek ertasi kuni Ilikodan ko'ngil so'ragani borishi kerak edi. Jamshidga «qaytishning harakatini qil», deb topshiriq bergan Asadbek Xongireyning birga borish haqidagi amrini unutmagandi. Asadbek mehmonxonadan qaytayotganidayoq bu masalani puxta o'ylab, hal qilib qo'ygandi. Iliko bilan uchrashmay o'zini salkam Xudo deb hisoblayotgan bu kibrli chechenga javob — tarsaki bo'lardi.

Ikkinchidan, u Xongireyning Iliko bilan yarashib olishini istamadi.

Yarim tunda mehmonxonaga kelib Asadbekni yo'qlatgan Iliko ko'p gapirmadi. «Nega kelding, o'g'illaringga nima bo'ldi? Bu yog'ini menga qo'yib ber», demadi. Akasining o'limidan qayg'uda ekanini ayta turib «Xongirey o'lim raqsiga tushishni boshladi. Endi qancha yashashini men hal qilaman», deb qo'ydi. Asadbek uning ahdi ohangidan «Xongireydan o'ch olaman, u bilan olishaman, deb ovora bo'lma», degan ma'noni uqib, gapni cho'zmadi.

Derlarkim, vaqti kelganda ba'zi narsalar uchun jonni fido qilmoq mumkin. Ammo nomus hech bir narsaga fido qilinmas, nomus jondan-da qimmatliroqdir. Asadbek ota-ona mehrisiz ham bu dunyoda yashamoq mumkinligini biladi. Biroq, erkakning nomussiz yashamog'i qanday bo'lishini tasavvur etolmaydi. O'zgalarning nomus-ori toptalganda rohatlangan odam, o'ziga tajavvuz qilinganda chiday olmadi. Uzoq yillar ilgari yangragan, so'ng unut g'uborlari ostida mudrab qolib ketgan bu qarg'ish hech kutilmaganda uyg'ondi. Bu qarg'ish oldida Jalilning «Xudodan qaytibdi», degani arzimas bir gap edi. Hosilboyvachcha tashlab ketgan videokassetadagi manzarani ko'rib ko'z oldi qorong'ilashganda zulmat qa'ridan o'sha ovoz bo'g'iq momaguldirak kabi chiqib kelgan edi:

— Asad, men senga Xudodan o'lim tilayman. Men bugun sening qo'lingdan o'lim topmasam, ertaga joningga qasd qilmayman. O'g'illarim ham qasos olishga urinishmaydi. Yo'q, sen osonlikcha o'lib ketmagin, Asad. Sen bolalaringning xorlanganini ko'rginu so'ng o'lgin…

U damda Zaynab hali tug'ilmagan edi…

Alam bilan aytilgan bu qarg'ish nahot tug'ilmagan qizning qismatiga yozilib qolgan bo'lsa?..

Nahot uning joni-jahoni, suyukli qizi tug'ilganidayoq o'sha qarg'ish yo'rgagiga yo'rgaklangan bo'lsa?..

Baqirib emas, ingrab aytilgan bu so'zlar shunchalar qudratga ega ekanmi?..

Moskvadagi mehmonxonada yotganida bu qarg'ishni yana eshitdi. Ovoz bu safar bo'g'iq emas, yeru ko'kni larzaga soluvchi momaguldirak yangrashi kabi eshitildi.

… Aslida o'sha g'alvani shumqadam Kesakpolvon boshlagan edi. «O'qilon» degan laqabdan boy odamlarning endi-endi cho'chiy boshlagan damlari edi. Markazdagi restoran boshlig'i ularning talabiga ko'ra cho'talni kanda qilmay, kamaytirmay berib turardi. Kesakpolvon qaerdandir hid olib «cho'taliga gadomizmi, shuncha boyligi bor ekan, etakka to'ksin», dedi. Bu fikr Asadbekka ma'qul kelgach, restoran boshlig'iga talab avval yaxshilik bilan aytildi. Talab rad etilgach, tunda uyiga bostirib borildi. Asadbek Kesakpolvonning bunaqa ishlariga aralashmas edi. O'sha kuni «sen ham bor, kimligingni odamlar bilib qo'yishsin», degach, bordi. Asadbek borguniga qadar Kesakpolvonning yigitlari ishni boshlab yuborishgan edi. Kesakpolvonning ta'biri bilan aytilganda «profilaktika ishlari»ning ikki kun avval boshlanganini Asadbek o'sha yerga borganida bildi. Isitgich quvuriga bog'lab qo'yilgan uy egasi urib-kaltaklanmagan, lekin ikki kundan beri qultum suvga zor bo'lib, sillasi tamom qurigan edi. Yon xonadagi xotini, ikki o'g'li, ikki qizi ham shu ahvolda edi.

(davomi bor)

Tohir MALIK

 

loading...