ShAYTANAT… (126-qism)

0

 

 

* * *

 

Hammasi ortga chekindi: ota-onasining mungli nigohi ham, Noilasi bilan bahslashuvlari ham endi bezovta qilmay qo'ydi. Bel tomonga azob berayotgan og'riq kamayib, uyquli damlaridan ko'ra uyg'oq soatlari ko'paydi. Behisob dorilarning kuchidan karaxt bo'lsada, o'tmish voqealarni idrok etishga urindi. Ana shunday onlarda Zelixonning «nodonsan, sen bola» degan gapini esladi. Qamoqdan chiqib uchrashganlarida Zelixon bu gapni erkalash ohangida aytgan edi. Asadbekning gapini ikki qilmay eski hovliga kelishi, uning hukmiga itoat etib, uzatilgan to'pponchani olganicha tashqariga chiqishini har eslaganida Zelixon endi erkalash o'rniga jahl bilan «Nodon!» deb so'kayotganday tuyulaverdi. Aslida Zelixon emas, «Qasoskor ham shunchalar ahmoq bo'ladimi!» deb Elchin o'zini o'zi so'kardi. So'ka-so'ka qancha o'ylamasin, Asadbek maqsadining tagiga yeta olmayotgani barobarida Jamshidning paydo bo'lib qolishi sababini anglashga ham ojiz edi. Uyg'ongan turli gumonlar oqimlari uning esini teskari qilib yubordi. Dastlab «Asadbek jonimni olishga yubordimi buni» deb o'yladi. Qimirlashga ham holi yo'q damda shuning qo'lidan o'lim topmog'i unga alam qildi. «Ey Xudo, mening azroilim shu jallod bo'lsa, mayli, olsin jonimni, ammo ozgina fursat ber menga, o'zimga kelib olay, menga ozgina kuch-quvvat ham ber, o'lsam-da, olishib o'layin!» deb nola qildi.

Zelixon Sochidan telefon qilib «Jamshid tirik» deganidan so'ng asadbeklar olamining nayrangiga tushunmay gangib yurgan Elchin hayronu parishonlik girdobiga yanada tortildi. Jamshid «Hofiz aka», deb chaqirgach, «o'ldirmaydi shekilli, jon oladigan odam chaqirib o'tiradimi?» deb o'yladi. Jamshid chiqib ketgach esa: «Nega chaqirdi? Biz Zaynab bilan topishdik, siz o'limingizni kutib shu yerda yotavering», demoqchimidi?» degan xom xayoli haqiqat maqomiga ko'tarila boshladi. «Zaynab endi kelmaydi», degan fikr bu haqiqatga quvvat berdi. So'ng taqdirga tan berib Zaynabni oqladi: «Tashlab ketishga haqqi bor. Agar shu maraz unga baxt berolsa, baxtli bo'lishga ham haqli!» Elchin shunday to'xtamga kelishga keldi-yu, biroq, «bir qo'li bilan jonimni olib, meni baxtsiz qilgan odamga ikkinchi qo'li bilan qanday baxt tutsin?» degan savolga javob topa olmadi.

Hamshiraning «gapirmasalar ham kerak» so'zlarini eshitgach «Qani edi, ham kar, ham ko'r bo'lib qolsam», degan armon uyg'ondi. Hamshira aytmasa-da, gapirolmasligi uning uchun yangilik emasdi. Uni hushsiz deb o'ylagan do'xtirning «umurtqa shikastlangan, bir umr harakatsiz yotadi, tildan ham qoladi», deganini eshitgan edi. Shu sababli yo'qlovchilar kelishi bilan beixtiyor ravishda chalajon kabi ko'zlarini yumib olaverdi. Hech kim yo'g'ida esa barmoqlarini qimirlatishga urindi. Oyoq panjalari ham harakatga kelganday bo'ldi. Gapirmoqchi bo'ldi, g'o'diragan tovushini o'zi ham eshitib, yengil tortdi.

«Do'xtirlarning hamma gaplari bekor», deb o'zini o'zi ovutdi. Jamshid kelib ketganidan so'ng Zaynabni kutdi. Hatto «ikkovi birga kelsa fotiha berib yuboraman», deb ham o'yladi. U qaynotasining «mening eng katta xatoim — seni o'ldirtirmaganim», degan gapini unutmaydi. Shunga ko'ra, hali bu ahvolga tushmay turib, «mening eng katta xatoyim shular bilan o'chakishganim bo'ldi, qiziga uylanib, past ketdim», degan fikri qat'iylashgan edi. Bu yerda yotib xushi o'ziga kela boshlagach, bu o'yindan, bu davradan chiqish yo'lini izladi. Nazarida birinchi qadami — Zaynabning javobini berish edi. Zaynab ko'nglida iliqlik uyg'ota boshlagan bo'lsa-da, «undan ayrilish azobi yuragimni parchalab tashlamas», deb hisobladi. Asadbek olamidan qutulish baxtining saodati xotindan ayrilish parishonligidan ulug'roq tuyuldi. Zaynabdan ajralish ahdi jon berish hukmi bilan barobar ekanini uning noqis aqli fahm etmas edi.

Elchin uzoq yillar davomida muhabbat olovlari haqida ashulalar aytib yurgani bilan odamlarning qalbini bilmas edi. Ayniqsa ayol qalbining qudratini, undagi ruh to'lqinlarini his eta olmasdi. U «Zaynab alamzada, meni hech qachon kechirmaydi», deb o'ylab yanglishmagan edi. To'g'ri, Zaynab qalbi to'ridagi umid chinnisini sindirgan, tuproqqa qorgan odamni kechirmas edi. «Muslima kechirimli bo'lmog'i kerak, Ollohning roziligi uchun gunohidan o't, kek saqlash durust amallardan emas»ligini bilganida ham, taqdiridagi mash'um kunlarni unuta olmasdi.

Biroq, unda Elchindan qasos olish rejasi yo'q edi. To turmushga chiqquniga qadar, aniqrog'i, «Siz… o'shami?» deyilguniga qadar unda qasos o'ti mavjud edi. «Otam meni xorlagan yigitni topsalar uni o'zim o'ldiraman», degan ahdi bor edi. Qiynab o'ldirishning turli yo'llarini o'ylab, topib ham qo'ygandi. Lekin o'sha xorlagan odamning qiyshiq barmoqlari nikoh kechasi o'zini oshkor qilgan damda bu ahdi — qarori bo'g'ildi. Bu ahdga nisbatan «Erga itoat etmoq» degan hayot qonuni ustunlik qildi. Jamshidga bo'lgan muhabbati xurujga kirgan damlarda ham o'sha itoat qonuniga omuxta bo'lgan erlik juvon hayosi vujudidagi o'ch olovini o'chirib turdi. Elchin xotiniga xos bu fazilatlarni bilmas, his qila olmas edi.

Shu sababli ham keyingi safar Zaynab yolg'iz kirib kelganida ajablandi. Yarim ochiq eshikka qarab, Jamshidning qorasi ko'rinishini kutdi. Zaynab erining eshikka tikilib qolganini ko'rib, orqasiga o'girilib qaradi. So'ng hayron tarzda «tuzukmisiz?» deb so'radi.

Elchinning «rahmat» deyishga qurbi yetardi. Biroq, gapirishni istamay, kiprik qoqib «ha» ishorasini qildi. Ular sog' paytlarida ham uzoq suhbatlashishmas edilar. Shunda Elchin o'zida bir mas'uliyat sezib, Zaynabni qiziqtirishi mumkin bo'lgan voqealarni bayon qilib o'tirardi. Hozir bunday zo'raki suhbatga xohish ham, quvvat ham yo'q edi.

Hamshira kirib, bir-biriga tikilib turgan er-xotinning unsiz suhbatini uzdi.

— Ertalab eringizning jiyanlari kelishuvdi. Professorga ham uchrashishdi. «Javob tegadigan bo'lsa olib ketamiz», deyishdi. Professor aytdilarki, buni faqat siz hal qilar ekansiz?

Bu gapni eshitib, Elchinning qalbi bir qalqib tushdi. O'zi ham sezmagan holda xotiniga najot ko'zlari bilan qaradi. Yaqinginada xotinining javobini berib, uni Jamshidning ixtiyoriga uzatishni o'ylab yotgan Elchinning yuragi «Yo'q!» deb faryod urganday bo'ldi.

Ayni faryod Zaynabning ko'kragini zirillatdi. Chuvrindining xotini «Boyaqish oyoq-qo'lsiz, tilsiz nima qiladi, bu azoblardan ko'ra Xudo jonini ola qolmaydimi?» deganida Zaynab undan ranjigan edi. «Oyoqsiz-qo'lsiz bo'lsa ham u mening erim-ku?!» degandi. «Endi jiyanlari ega chiqishmoqchimi? — deb o'yladi Zay- nab. — Ha… xotini tashlab ketadi, xor qiladi, deyishayotgandir-da…» Zaynab xayolida uyg'ongan bu fikrni hamshiradan eshitganday, unga norozi qiyofada qa- radi:

— Bu kishi mening erim, bilasiz, a? — dedi zardali ovozda. Bu ovozda Asadbekning ruhi sezilib, Elchin yengil titrab oldi. Zaynab eridagi o'zgarishni sezmay, hamshiradan, ko'zlarini uzmaganicha gapini davom ettirdi: — Bu kishining uylari bor, oilalari bor.

Jiyanlari yana kelishsa shunday deb qo'ying. Ruxsat tekkan kuni o'zim olib chiqaman.

Siz esa… — Endi Zaynabning ovozidagi qat'iylik kuchaydi. — Aytilgan ishni qiling: kasalning oldiga har xil qalang'i-qa-sang'ilarni qo'yavermang.

Zaynab «to'g'ri qilamanmi?» deganday eriga qaradi. Undagi otasiga xos mardlik Elchinning ruhini tamomila parcha-parcha qilib tashladi. Ko'zlari yoshga to'lib, kipriklari pirpiradi. Zaynab erining bosh tomonidagi stulga o'tirib olgach, qo'lidagi tugunni yechdi.

Qaynog'i salgina bosilgan qaynatma sho'rvadan ichirmoqchi bo'ldi. Zaynab «bu kishi mening erim» deganidayoq ko'kragida uyg'onib, bo'g'ziga qadalganicha turib qolgan faryod sho'rvaga yo'l berarmidi? Zaynabning zo'ri bilan ikki qoshiqni amallab ichdi-yu, bosh chayqab «ichmayman» ishorasini qildi.

— Do'xtir «kuchliroq ovqatga o'tish mumkin», dedi. Ertaga dimlama qilib kelaymi? — deb so'radi Zaynab.

Hamma erkaklar «o'ldirsa ham palovxonto'ra o'ldirsin», deganda Elchin «taomlarning podshosi dimlama», deb hisoblardi. Ba'zan hafsala qilib ikki kishilik dimlama tayyorlardi.

Zaynab shifoxonada yotganida ham faqat dimlama pishirib kelardi.

— Sizchalik shirin pishirolmasam ham urinib ko'raman, — dedi Zaynab jilmayib. Bu jilmayish Elchinning ilinib turgan jonini joyiga qaytardi. U shukrona ma'nosida yengil xo'rsindi. Shu xo'rsinish bo'g'zida tosh kabi tiqilib turgan faryodni yo'qot- di-yu, Elchin ham xotiniga jilmayish bilan javob berdi.

Zaynab ketganidan so'ng Elchin o'zini soppa-sog' his qildi, o'rnidan turmoqni, qanot chiqarib uyga qarab uchmoqni istadi.

Tunda esa shirin bir tush ko'rdi: tog'ning lolazor bag'rida Zaynab bilan quvnab yurganmish. Zaynabning qo'lida shirin bir bola emish. «Bu kimning bolasi?» deb so'rarmish Elchin. «O'zimizniki» — Zaynab shunday deb quvnarmish. «O'lik tug'ildi», deyishgandi-ku?» «Sizni aldashgan». Elchin ham quvnab-quvnab yayrabdi…

Uyg'ondi-yu, ko'ngli yana xiralashdi. O'lik tug'ilgan bolasini ko'mgan kuni o'z-o'zidan tilga kelgan marsiyani esladi. Elchin o'sha kuni yolg'iz o'zi uyiga qaytib, beixtiyor tarzda qo'liga tor olgan, o'ziga bo'ysunmagan barmoqlari «Girya»ning pardalarini topishni iroda etgan edi. Kuyga monand ravishda yig'lagisi kelgan, ammo yig'lay olmagan edi.

O'shanda «Girya» tinib, undan-da ma'yusroq kuy tarala boshlagan edi, tilidan esa undan-da qayg'uliroq satrlar uchgan edi.

Ay, bag'rimni tig'lagan bolam,

Ay, dunyoga sig'magan bolam,

Ay, dunyoning bevafoligin

Go'daklikdan ilg'agan bolam…

Elchin bu satrlar qaerdan quyilib kelayotganini bilmadi. Barmoqlari lozim pardalarni o'zlari topganlari kabi, til ham zarur satrlarni o'zi bayon qilardi:

Qaydan kelib, qayga yo'qolding,

Achchiq-achchiq o'ylarga solding,

Onangning yo mening gunohim

Qay birining kasriga qolding.

Noilasining o'limidan so'ng qamoqxonada taqdiri hal bo'lishini kutib yotganida xuddi shunga o'xshash marsiya quyilib kelgan edi. Xayolida tug'ilgan marsiyaning so'zlari, kuyi tilga chiqmay, buning evaziga ko'z yoshiga aylanib yonoqlarini yuvgan edi.

Bu safar ham shunday bo'ldi. Ko'z yoshlariga singgan marsiyadan yonoqlari kuydi.

Uyg'ongan dardini esa yana qalbiga dafn etdi.

 

***

 

Erining qarindoshlari aytib ketgan gap Zaynabning hamiyatiga tegib, g'azabini uyg'otdi.

U «nogiron erni kim olib ketadi?» degan muammo uyg'onar, deb sira o'ylamagan edi.

«Bunaqa notavonni boshimga uramanmi, battar bo'lsin, kim olib ketsa-olib ketaversin.

Xudoning o'zi meni undan qutqardi. Yosh umrimni xazon qilib jinnimanmi, endi xohlaganimga tegaman…» deyish u yoqda tursin, bunaqa bema'ni gaplar hatto xayoliga ham kelmagan edi. Otasi kabi o'jarlik g'azab o'tlarida yonib tursa-da, onasi singari tobelik, erga itoat uning hamishalik yo'ldoshi edi. To'g'ri, u Jamshidni sevdi. Ammo hayo qo'rg'onidan chiqmadi. Bu tarzda sevmoq ayb emas, balki juvonning o'zi uchun mislsiz bir azobdir. Qora dorining xumori kuchi bilan Mardona boshlagan botqoqqa qadam qo'ydi, biroq, botmadi. Chunki ona tomonidan ham, ota tomonidan ham yetti pushti toza edi. Kishining aqli bovar qilmas nasl quvvati uni saqladi. Eri o'lib ketgan taqdirda ham uning ruhi ro'parasida vijdoni qiynalmas edi.

Eri o'lmay qoldi. Qo'lsiz, oyoqsiz, tilsiz bo'lsa ham eri bor. Zaynab buning uchun Yaratganga shukr qilmasa ham, xotinlik majburiyati yuzasidan notavon erga qanoat etmog'i lozimligini bilardi. Bila turib, uni parvarishlashga hozirlik ko'rardi.

Bo'lajak zahmatlarga o'zini ruhan tayyorlagan damda qandaydir qarindoshlar erini olib ketishmoqchi bo'lishsa? Ularning bu harakatlarini Zaynab o'zi uchun haqorat deb bildi.

«Kimsan, Asadbekning yolg'iz qizi bo'lsa, erga qaramaydi, xorlaydi» — Zaynabning nazarida ular do'xtirga shunday deb, o'z da'volarini asoslashga urinishgan. Juvonning alami aynan shundan edi. «Erimni olib chiqsammi yo yo'qmi?» deb ikkilanganida ham ularning bu harakatlari, bu gaplari g'azabini qo'zg'otmagan bo'lardi.

Bu gap-so'zlar bo'lib o'tganda Manzura Olmoniyada edi. Uning qaytishini sabrsizlik bilan kutayotgan Zaynab hasrat daftarini varaqlab, onasiga dardlarini aytish umidida edi.

Akalarini nima sababdandir Moskvada qoldirib kelgan onasi, kelin ayalarining yuzlaridagi ma'yuslik uni bu harakatdan to'xatdi.

Hasrat daftarining ochilmaganiga yana bir sabab bor edi. O'sha kuni erining qarindoshlaridan g'azablanib, ota uyiga qaytdi-yu, yuragi toshib ketaverdi. Uyga ham, hovliga ham sig'madi. G'oyibona bir kuch uni shifoxonaga tortaverdi. Shunda otasi ziyofat berganda xizmat qiladigan oshpazni chaqirtirdi-da, dimlama pishirtirdi. Shomga qolmay qaynoq ovqatni ko'tarib, shifoxonaga jo'nadi. Uning nazarida uydagi dimlama pishguncha erining qarindoshlari ishni pishitib, uni olib ketishganday edi. Eri yotgan xona eshigini ochib, uni joyida ko'rguniga qadar yuragi hapriqib ketaverdi.

Hamshira boya tashlab ketilgan qaynatmani isitib ichirayotgan edi. Shu damda Zaynab erini undan-da qiz-g'andi. Hamshirani chiqarib yuborib, sho'rvani chetga surib qo'ydi-da, erini dimlama bilan siyladi. Elchinning ovqatlanishidan ko'ngli joyiga tushdi. Zaynab lablarini artib qo'yayotganida Elchin o'zi ham kutilmaganda «rahmat» dedi. Past ovozda aytilgan bu so'z Zaynabning quloqlariga ajib bir rohatbaxsh jarang bilan urildi.

Keyin kelganida ham aytildi bu so'z. Undan so'ng esa eri duduq bola kabi tilga kirib, «Zaynab… ke-chiring…» dedi. Shundan so'ng Zaynabning saodat yulduzi chekinmoqdan to'xtab, baxtiyorlik osmonida charaqlay boshlagan bo'ldi.

Onasi, kelin ayalari kelishganda erining taqdiridan so'z ochmadi. Manzura «Ering ko'rinmaydimi?» deb so'raganida «sal toblari yo'qroq», deb qo'yaqoldi. Manzura kuyovining qanday xastalik bilan og'riganini surishtirmadi. Cho'g' tegib qovjiragan soch tolasiday bo'lib qolgan qizining ko'rinishi uni tashvishlantirdi. «O'zing tuzukmisan? Deb bag'riga qayta-qayta bosdi. Zaynabning kulimsirab «Yaxshiman, oyi», deyishidan xavotiri bosilib «balki boshi qorong'udir», deb gumon qildi. Bu nurli gumon xufton dilini yoritib, «eson-omon qutulib olishini» Xudodan so'radi.

Bulutlar bilan olishib charchagan quyosh ufqqa umidsiz ravishda bosh qo'ydi. Zaynab, tabiat odatiga xilof bo'lsa-da, bu safar quyoshning botmasligini, shom, so'ng xufton kirmasligini istardi. Chunki shom kirishi bilan yo'qlovchilarning qadamlari uziladi. So'ng esa shirin so'zlari, shiringina jilmayishlari bilan Zaynabning xufton ko'nglini yoritayotgan kelinlar hordiq chiqarmoq uchun uy-uylariga kirib ketadilar.

Shunda… Zaynab onasi bilan yolg'iz qoladi. Uzoq vaqt diydor ko'rishmagan, har daqiqasi sog'inch azobi bilan o'tayotgan ona bilan qizning yolg'iz qolishlari odatda saodat hisoblanadi. Agar onasi yo'qligida shum ko'rgiliklar balchig'idan o'tmaganida balki Zaynab uchun ham shunday bo'lardi. Bu kech esa onasi bilan yuzma-yuz o'tirish baxtni emas, ruh azobini va'da qilardi. Shubhasiz, onaning sezgir nigohi farzandu arjumandining ich-ichini kemirayotgan dardni payqaydi. Dardga ro'para qilgan sababni bilmoqni istaydi. O'shanda Zaynab nima deb javob beradi? Mardonaning makriga uchraganinimi yo otasiga sharmandali holda ko'ringaninimi? Yo otasining arqondan sirtmoq yasaganinimi? Balki Mardonani o'ldirish qasdida borib, uddasidan chiqolmaganini bayon qilib berar?

O, yo'q! Ona qiz uchun eng yaxshi hamroz bo'lsa-da, dard daftarining bu qora sahifalari unga ochilmaydi. Bu sirni biluvchilardan to'rttasi tuproq ostida yotibdi. Endi zaqqum daraxtining mevasidan ham achchiqroq bo'lmish g'am bolini faqat ota-bolagina baham ko'radi. To so'nggi nafaslariga qadar o'lchab qo'yilgan bu g'am boliga Manzuraning sherik bo'lishini Asadbek ham, Zaynab ham istashmaydi.

Zaynab Elchin tomonidan o'g'irlanib, uyga tashlab ketilgach, nima voqea yuz berganini onasiga necha yuz ming azob bilan zo'rg'a aytgandi. U voqea qiz uchun sharmandali bo'lsa-da, Zaynabning aybi yo'q edi. Shunda ham bir necha so'zni aytguncha qizning tili go'yo cho'qqa aylanib, kuygan edi. Endi-chi, endi qanday aytadi?..

Sirtmoq yasab, tashlab chiqqan otasi qaytib kelib, uni bag'riga bosgan, bu bilan gunohidan o'tganini ma'lum qilgan bo'lsa ham, Zaynab o'zini o'zi kechirolmas edi. Uzoq yillar Kumush bo'lishni orzu qilgan qiz, so'ng esa kitobdagi Zaynabdan ham battarroq ahvolga tushgan baxtsiz juvon o'z taqdirining tushunuksiz satr-laridan hayronu lol qolardi. «O'layin desam o'lim olmasa, hech bo'lmasa Zaynabga o'xshab aqldan oza qolmaymanmi?» deb o'ylardi. Keyin… uning siniq ko'ngli bir toshga duch kelishni istadi.

Toshga qarab: «Yorilgin tosh, yoriltoshim yorilginey, men bag'ringda panoh topayin», desa-yu, tosh uning iltijolariga chiday olmay yorilsa-da, yoriltosh quchog'iga kirib, o'tkinchi dunyo o'tgunicha unda qolib ketsa… Yoshlik sururi tuproqqa qorilgan, Kumushbibi emas, «Tuproqbibi» «martabasi»ga yetgan juvon endi bolalik umidlaridan panoh izlardi. Umidlari puch ekanini bilsa-da, g'oyibdan mo''jizali panoh kutardi.

Bir donishmand hayotni tumshuq tomoni yirtilib, og'zi ochilib qolgan etikka o'xshatgan ekan. Etik och odam kabi og'zini ochib turgani bilan unga birov taom bermaydi.

Aksincha, mensimay tepib o'tadi. O'sha etikni baxtga tashna odamga ham o'xshatish mumkindir… Har holda Zaynabning hayotdan baxt kutishi shu holatni eslatadi. U g'oyibdan o'z saodatini kutardi. G'oyibdan keluvchi «sening baxting otangning nafsi uchun qurbon bo'lgan», degan sadoni eshitmas, eshita olmas edi.

O'zigina emas, otasi, onasi ham eshitmas, eshita olmas edilar. Chunki g'oyibning bu kabi ovozlarini hidoyat yo'lidagilargina eshita olishlari mumkin… Hidoyat yo'lidagilar esa farzandlari baxtini o'z nafs-lari yo'lida qurbon qilmaslar.

Zaynab xavotir bilan kutgan kech sel kabi yopirilib kirdi. Mehmonlar tarqalishdi.

Manzuraning izni bilan kelinposhshalar yotoqlariga yo'nalishdi.

Kelin ayalarini kuzatgan Zaynab mehmonxonaga qaytib, divanda o'tirgan onasining yonidan joy oldi-da, erka qizaloq kabi uni quchdi. Ko'kragiga bosh qo'ydi. Manzura qizining sochlarini silab, o'pdi.

Kun bo'yi quyosh eplolmagan yumushni kechki shamol oppa-oson hal qildi: bir ozgina yomg'ir yog'ishga imkon bergach, so'ng bosh ko'tarib, bulutlarni haydab osmonni tozalab qo'ydi.

(davomi bor)

Tohir MALIK