Toshkent jahon chempionatini qabul qilishga tayyor FOTOGALEREYa

0

7-10 avgust kunlari Toshkent shahri taekvondo bo'yicha kadetlar o'rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Ayni paytga kelib, musobaqani o'tkazish uchun deyarli barcha narsa shay. Musobaqaga mezbonlik qiladigan “Universal” sport saroyi sportchi va mehmonlar uchun ajoyib ko'rinishga keltirildi.

Janglar boshlanishidan avval sportchilar chigalyozdi mashqlarini olib boradigan maxsus joy ham bugungi kun iqlimidan kelib chiqib, ishtirokchilar uchun qulay tarzda qurib berildi.

Hozirda terma jamoalar O'zbekiston taekvondo assotsiatsiyasining sport zallarida so'nggi tayyorgarlik mashg'ulotlarini olib borishmoqda. Jahonda o'z o'rniga ega bo'lgan Eron, AQSh, Janubiy Koreya, Braziliya kabi o'nlab terma jamoalar rejalashtirilgan grafik asosida mashq qilishyapti.

O'zbekiston terma jamoasi esa musobaqada to'liq tarkibda ishtirok etishi belgilab qo'yilgan. Jahon chempionatida jami 20 nafar sportchi (10 nafar yigitlar va qizlar) o'z vazn toifalarida oltin medal uchun jang qilishadi. Kadetlarni aka-uka Sobir va Zaynobiddin Nazaraliyevlar hamda Jasur Boyqo'ziyev boshchiligidagi tajribali murabbiylar musobaqaga tayyorlashdi.

Bahslar ertaga 09:00 dan start oladi. Jahon chempionatining tantanali ochilish marosimi esa ertaga 17:00 da boshlanadi. Shuningdek, mazkur musobaqa doirasida O'zbekiston taekvondo assotsiatsiyasi mamlakatda sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish maqsadida 8 avgust kuni 19:00 da “Xalqlar do'stligi” maydonida yirik fleshmob tashkil qilishni rejalashtirib qo'ygan.

Mazkur dunyo birinchiligi xalqaro ekspertlar nigohida bo'lishi tabiiy. Bugun tunda O'zbekistonga jahon taekvondo federatsiyasi rahbari Chung Van Choy tashrif buyuradi va ertanggi bahslarni bevosita kuzatib boradi.