QIMORBOZ…

0

 

 

TOShTEMIR

 

Bu erkakning aft-basharasiga qaragan odam uni sira qirqqa kirgan demaydi. Ko'z ostidagi yong'oqchalar, bo'ynigacha yoyilib ketgan ajinlar Toshtemirni oltmish yoshli choldek ko'rsatadi. Hatto ba'zida ko'cha-ko'ydan o'tib qolsa, uni bilmasdan «Assalomu alaykum, otaxon!» deb o'tib ketishadi. Lekin bunga Toshtemir zarracha e'tibor qilmaydi. Unga aroq, ba'zida nasha topilib tursa, qimorxonada o'tiri-ib o'sha zormandalarning kayfini sursa, bas… Nima qipti?.. Ota-ona tiriklik paytida yolg'izgina bolamiz-ku, demasdan qarg'ab yuborgan bo'lsa… Buning ustiga anavi xosiyatsiz uy ham qimorga tikildi. Tekintomoq qizi Xosiyatdan bo'lak tashvishi yo'q…

Toshtemir beixtiyor qizi esiga tushib kayfdan yumila boshlagan ko'zlarini bazo'r ochdi-da, atrofga ko'z yugurtirdi. Ulfatlar negadir ko'rinmadi. Faqat… Ro'parasida qandaydir qora soya o'tirgandek bo'lib ko'zlarini kattaroq ochdi-yu… Yana Eshmat qoriga ko'zi tushib beo'xshov ijirg'anib qo'ydi. — «Obbo, shu nusxayam hech tinch qo'ymas ekan-da!.. — xayolidan o'tkazdi Toshtemir, — Qachon qarasa, orqamdan yurgani-yurgan… E, mahallaga oqsoqol bo'lsang, menga nima?! Pandavaqi-ey!..»
Eshmat qori Toshtemirning uyg'ona boshlaganini ko'rib birdan jonlandi.
— Menga qara, Tosh, — dedi uning yelkasidan turtib, — Sen qachon odam bo'lasan o'zi-a?.. Ota-onang seni dastingdan kuya-kuya o'lib ketdi… Xotinni-ku, boshiga yetmaguncha tinchimading…
— Vey, qariya, — qorining so'zini bo'ldi Toshtemir, — Sizga nima kerak o'zi?.. Yo menminan oshiq tashlamoqchimisiz?.. Hi-hi-hi!..
Eshmat qori uning bu gapidan achchiqlanib hassasini qo'liga oldi.
— Hoy, betamiz, nimaga otangdan qolgan uyni sotding-a?.. Hech bo'lmasa qizingni o'ylamadingmi?.. U qaysi ko'chada qoladi endi?..

— Pul kerak bo'ldi, qariya, pul!.. Yo sizdan so'rasam, berib turarmidingiz-a?.. Hi-hi-hi!..
— Kulma!.. Ko'mganda kulasan hali… Men senga emas, qizingga achinaman, xolos…

— E, namuncha qizinglayverasiz?.. Qiz meniki, nima xohlasam, shuni qilaman. Undan ko'ra machitingizga borsangiz-chi, peshin qazo bo'ladi… — Eshmat qori kelganiga pushaymon bo'ldi. Kayfi tarangligidan og'zining so'laginiyam artishga kuch topolmay o'tirgan Toshtemirga nafrat aralash tikilib turdi-da, qo'shib qo'ydi:

— Ko'zingni och, bola, agar qizingga bir narsa bo'lsa, mahalla kechirib o'tirmaydi, naq toshbo'ron qildirvoraman…

 

MEN ZO'RMI, SEN ZO'R?..

 

Mardonqul «boboy»ning qimorxonasi Toshtemirga o'z uyidek bo'lib qolgan. Ayniqsa, «uchib» qolgan damlarida ham emaklab-emaklab bo'lsa-da, mana shu katalakday hujraga yetib oladi-yu, to'ygunicha uxlaydi. To bir-ikkitasi kelib «o'yin» boshlamaguncha uxlayveradi. Xosiyat esa, bir gap bo'lar… Ijara haqini to'lab turgan bo'lsa… Qolaversa, qo'ni-qo'shnilar ham tashlab qo'yishmayotgandir…

Toshtemir boshi og'riqdan tars yorilgudek bo'lib sekin o'rnidan turdi. Uvadasi chiqqan eski ko'rpachani ustidan olib bir chetga uloqtirdi-da, choynakni paypaslab ko'rdi. Suv yo'q… U bazo'r o'rnidan turib hovliga chiqdi. Atrofni kuzatib vaqt peshinmi, ertalabmi, farqlayolmadi. Shu payt darvoza ochilib, «ulfatlari» Sodiq «g'aznachi» bilan Hoshim «novcha» kelib qolishdi.

— Ie, sen haliyam shu yerdamisan?.. — xoxolab kulgancha Toshtemirga qo'l uzatdi g'aznachi.

Toshtemir unga bir o'qrayib qo'ydi-yu, to'ng'illadi:

— Shu yerda bo'lmay enamning uyida bo'larmidim?..

Oradan hech qancha vaqt o'tmay hujra odamga to'ldi. Otdan tushsa ham egarni bo'shatmagan Toshtemirga xudo berib, oshiqqa birinchilardan bo'lib yopisha ketdi.
— Vey, bola, bor-yo'g'ingdan ayrilib zo'rg'a o'tirgan bo'lsang, — deya koyingan bo'ldi Mardonqul boboy, — Senga kim qo'yibdi yana oshiq tepishni… Qo'y, o'zingga jabr qilaverma!..
Toshtemir bu gaplarga e'tibor qilmay bir burchakda astoydil nasha tutatayotgan shop mo'ylovli kimsaga xo'mrayib qaradi.
— Hoy, To'xtash, qasam ichib aytamanki, bugun uyimni qaytarib, yana ustiga o'n ming ko'kidan qo'shib berasan…

To'xtash Toshtemirga sovuq jilmayish qildi.

— Ko'ramiz…

Usta qimorbozlar omad ketsa juda uzoq vaqt ortga qaytavermasligini doimo tan olishadi. Shuning uchunmi, ular mabodo bir-ikki ketma-ket yutqazib qo'yishsa, darhol o'yindan chiqib, ma'lum vaqt cho'tal yig'ib kun ko'rishadi… Ammo bunaqangi irim-sirimlar Toshtemirga begona bo'ldi. O'z uyidan, otasidan qolgan mol-holidan ayrilib rasvoyi olam bo'lgani yetmay yana tavakkal oshiqqa oyoq tiradi.

— To'xta, to'xta, avval pul tik… Puling bormi o'zi tikishga?.. — ayuhannos solib qichqirishdi atrofdagilar… Toshtemir birpas sukut saqlab turgach, beixtiyor tilga kirdi:

— Gartkam!.. Qizim Xosiyatni tikaman…

— Astag'firillo… Hoy, bola, ko'zingni och, hozir yutqazib qo'yasan, — qichqirdi Mardonqul boboy, — Sen To'xtashminan bekor hazillashyapsan… To'xtash Xosiyatni yaxshi taniydi. Juda kelishgan, buning ustiga yuvosh qiz. Kayfchilikda bir-ikki teginib ham ko'rgan. «Indamagan…» Buyog'i, xotinsiz bo'lsa… Xosiyat ham yetilib turibdi… Hozir manavi ahmoqni bir yurishdayoq tindira olsa, qiz o'ziniki… Ana undan keyin birovga g'ing deb og'iz ochib ko'rsin-chi…
To'xtash sovuq tirjayib, Toshtemirning tepkisiga bo'ysunmay bir chetda yumalab yotgan oshiqlarni qo'liga oldi-da, oyog'i ostiga qo'ydi.

— Gartkam!..

Qimorbozlarning hammasi kutilmaganda uv tortib yubordi. Toshtemir ne ko'z bilan ko'rsinki, raqibning oshig'i olchi edi…

 

XOSIYaTNING HASRATLARI

 

Xosiyat bolaligidan mung'ayib, ne-ne qiyinchiliklar bilan katta bo'lgan. Otasi ichkilik, qimor deb deyarli ro'zg'or bilan ishi bo'lmaydi. Ayniqsa, onasi bechora ne azobda o'lib ketdi. Er ko'rib, ro'zg'or qilib ro'shnolik ko'rmadi. Buning o'rniga, butun umr piyonista, zo'ravon erning dastidan somonxonalarda, og'ilxonalarda jon saqlab o'tdi… Xayriyatki, Xosiyatning baxtiga qo'shnilari Sarvi kampir bor ekan. Otasi ichib keldi deguncha, o'n yashar Xosiyatni darrov qo'ltig'iga olardi. — «Yur, qizim, sen o'zingning joningni saqla, qiz bolasan… Er-xotin bir amallab kelishib olishar…» — derdi u nuqul Xosiyatning boshini silab…

Mana, endi u o'n sakkizga kirdi. Xosiyat tengilarning aksariyatini uzatib yuborishyapti… U bo'lsa, hanuz bo'lmag'ur otani deb el-ulus oldida boshi egik… Garchi, hamma Xosiyatning kim ekanini bilsa-da, baribir nomus qiladi…

Xosiyat o'rnidan turib devordagi soatga qaradi… Yarim kecha bo'pti… «Qaerda yuribdiykin-a? Yana ichib kelmasin-da, ishqilib!..»

Shu payt tashqarida dupur-dupur ovoz keldi-yu, Xosiyat hovliqib derazadan qaradi. Otasi ekan… «Xayriyat, ichmaganga o'xshaydi, — deb qo'ydi ichida, — Bir kun bo'lsayam tinch uxlaydigan bo'pman…»

Lekin qizaloq Toshtemirning nima ishlar qilib qo'yganidan, afsuski, bexabar edi. Shu bois, otasi hushyorligidan quvonib darrov oldiga dasturxon yozdi-da, ovqat isitib keldi. Toshtemir qovog'i uyilgan ko'yi kutilmaganda qo'ynidan bir shisha aroq chiqarib dasturxon ustiga qo'ydi.

Aroqni ko'rib Xosiyatning jon-poni chiqib ketdi… —

«Uyga aroq ko'tarib keladigan odati yo'q edi-ku! — ko'nglidan o'tkazdi u yelka qisib, — Ishqilib, bir baloni boshlamasin-da!»

Toshtemir bir ko'tarishda kosadan sal kichikroq piyoladagi aroqni sipqorib, pishillay-pishillay tuzlangan bodring kavsharkan, yer ostidan qiziga qarab qo'ydi… To'g'risi, bitta-yu bitta qizini o'sha To'xtashning qo'liga topshirgisi yo'q… Lekin… Iloji qancha… U bilan hazillashib bo'lmaydi… Odamlari ko'p… Gapidan qaytganini sezib qolsa, bir kechada o'ldirtirib yuborishiyam hech gapmas… Yo'q… Bo'lar ish bo'ldi… Vaqt ketyapti… Aytilgan paytga yetkazib bormasa bo'lmaydi… Nima qilish kerak?.. Qiziga bir og'iz aytsinmikan yo aldab olib borsinmikin?.. Yo'q… Qimorboz dangal bo'lgani yaxshi… O'zining bolasi-ku!.. Uning xohishiga qarab o'tirsa, nimalar demaydi… Qani, qarshilik ko'rsatib ko'rsin-chi… Naq bo'g'izlab qo'ya qoladi…

Toshtemir piyoladagi qolgan aroqni ichib, shishani derazadan tashqariga uloqtirdi-da, boshini eggancha jimgina dasturxonning bir chetini o'ynab o'tirgan Xosiyatga o'girildi.

— Xosiyat, — dedi u jiddiy ohangda qiziga yaqin kelib, — Kiyimlaringni kiy, men seni bir joyga olib bormoqchiman…

— Qaerga?.. — Toshtemir nima deyishni bilmay biroz sukut saqlab olgach, so'zida davom etdi:

— To'xtash amakingnikiga…

— Men uerda nima qilaman, ota?..
— E, nima qilarding?.. Men seni qimorga boy berib qo'ydim… Bilasan-ku… Pul bo'lmagandan keyin…

Bu gaplarni eshitib Xosiyatning rangi-quti o'chdi… Nahotki?.. Nahotki, otasi shunday pastkashlikka borgan bo'lsa?.. Axir… Odamlar nima deydi?.. Dugonalarining ko'ziga qanday qaraydi?.. Yo'q… Bormaydi… Hech qaerga bormaydi…

Xosiyat beixtiyor orqasiga o'girilib tashqariga chiqib ketmoqchi bo'ldi. Ammo otaning baquvvat qo'llari bilaklaridan tutib uni o'ziga qaratdi.

— Ha-a, qochmoqchimisan, haromi?.. Qochib bo'psan… Agar ra'yimga qarshi borsang naq bo'g'izlab tashlayman… Kiyin, dedim senga!..

— Qo'yvoring!.. Men hech qaerga bormayman… Qo'yvoring!.. — Xosiyat otasining qo'llaridan qutulish ilinjida jon-jahdi bilan siltanib dod solar, lekin uning ovozini suvog'i ko'chib tushgan paxsa devorlardan bo'lak hech kim eshitmasdi.

 

MADAD

 

Shayton domiga tushgan odamning ko'zlari ko'r, quloqlari kar bo'lishi mana shu yerda bilindi-qo'ydi. Qizining ohu nolalari, yalinib-yolvorishlari Toshtemirning tosh yuragini erita olmasdi. U jon-jahdi bilan Xosiyatni tashqariga sudrar, albatta, qanday qilib bo'lmasin, o'z jonini qutqarib qolish ilinjida edi… Shu payt u boshiga kelib tushgan kuchli zarbadan beixtiyor qalqib ketdi-yu… Yiqilayotib shoshilinch orqasiga qaradi. Tepasida temir hassasini navbatdagi «zarba»ga shaylagancha Eshmat qori turardi. Bu orada Xosiyat otasining qo'lidan chiqib to'g'ri Sarvi kampirnikiga yugurdi. Eshmat qori kaltak zarbidan yerda garangsib o'tirgan Toshtemirning bo'yniga hassasini taqadi.

— Bu kuningdan ko'chaga chiqib gadoylik qilganing yaxshi emasmi, haromi?! — o'shqirdi Eshmat qori, — Saroylarday manavi uyingni, otang rahmatlidan qolgan mol-holni osmonga sovurganing yetmay, endi begunoh qizga yopishdingmi?.. Ha… Ilgarigi kuchim bo'lganda-ku, sendaqalarni ikki yamlab bir yutardim-a!.. — U o'zini o'nglab sekin o'rnidan turmoqchi bo'layotgan Toshtemirning yelkasi aralash yana bir tushirdi-da, «He, hezalak!» — deya so'kingancha, hovlini tark etdi.

 

XOSIYaTNING QAYTIShI

 

Xosiyat Sarvi kampirning hovlisiga sochlari to'zgan holda, rangi-quti o'chib kirib keldi.
— Ha, qizim, senga nima bo'ldi?.. Kim seni xafa qildi?.. — hayron bo'lib uni so'roqqa tuta boshladi Sarvi kampir. Xosiyat esa, javob berish o'rniga piqillab yig'lardi, xolos… Sarvi kampir darrov unga qaynoq choy berdi. Yig'lashdan to'xtab, sal o'ziga kelgach, yana so'radi:
— Xo'sh, endi gapir-chi, nima gap o'zi?..

— Enajon, otam meni qimorga yutqazib qo'yibdi… Anavi To'xtash qimorbozga…

— Voy, yashshamagur-ey!.. — Sarvi kampir azbaroyi jahli chiqqanidan boshidagi doka ro'molining ikki chetini tortib-tortib qo'ydi, — Voy, baloga yo'liqqur-ey!.. Menga qara, qizim, mahallaga chiqib aytib bermaymizmi u yaramas mahluqni-a?.. Bir adabini bersin…

— Eshmat qorining o'zi kelib ketdi-ku!.. Meni tortqilab sudrayotgandi, o'sha kep qolib otamni hassasiminan rosa savaladi… Seni mahalladan haydattirvoraman dedi…

— Ajab qipti!.. — tizzasiga shapatiladi Sarvi kampir, — Imonsiz otangga buyam kam… Men qorining o'rnida bo'lsam, eshakka teskari mindirib, sazoyi qilardim u go'rso'xtani… Ha, mayli, unchalik bo'lsa, sen sekin uylaringga kirib hech narsa bilmaganday o'tiraver… O'zim sendan xabar olib turaman… Bor, qizim, iloyo, boshing toshdan bo'lsin!.. Xosiyatga Sarvi kampirning gaplari dalda bo'ldimi, piyoladagi choyini apil-tapil ichdi-da, ko'chaga yo'l oldi…

Darvozasi qarshisiga yetgach, ichkariga kirib sekin atrofni kuzatdi. Hovlida hech kim ko'rinmadi. Ko'ngli tinchib, ehtiyotkorlik bilan ichkari uyga kirdi-yu… Qotib qoldi… Chunki uning karovatida… Sovuq tirjaygancha, To'xtash qimorboz o'tirardi.

 

ShAYTONNING ELChISI

 

Xosiyat birpas nima qilishini bilmay dovdirab turdi-da, beixtiyor asta-sekinlik bilan orqaga tisarila boshladi. Lekin ostona hatlashga ulgurmadi. To'xtash qimorbozning baquvvat, chayir qo'llari uning ikki bilagidan tutdi.
— Obbo, o'zimning qushcham-ey!.. Qaerga qochmoqchisan o'zi-a?.. Yo'-o'q, sen endi menikisan… Qani, bag'rimga kel-chi, kelaqol!..
To'xtashning ko'zlari shu tobda katta-katta ochilib, o'zi o'ljasiga tashlanayotgan ilon qiyofasiga kirgan edi. Xosiyat bu nobakor erkakning qo'llaridan qutulish uchun beto'xtov silkinar, afsuski, sira ilojini topolmasdi.
— Qo'yvoring!.. Nima haqqingiz bor?.. Hozir dod solaman… Voy-dod!.. Yordam beringla-ar!.. Xosiyatning faryodini hech kim eshitmadi. To'xtash uni to'shakka sudrab olib borib yotqizdi-da, avvaliga ikki qo'lini orqasiga qilib mahkam bog'ladi, so'ngra asta-sekin qizning ishtonini yechdi. Xosiyatning hali biron-bir begona erkak qo'li tegib ulgurmagan oppoq, bo'liq sonlariga, depsinayotgan toychoqdek ko'ylagini turtib turgan anor yanglig' siynalariga hirs bilan termularkan, To'xtash shoshib qoldi. U yoq-bu yoqqa tez ko'z tashlab olgan bo'ldi-yu, hovliqib shimini yecha boshladi.

— Mayli, qizaloq, — harsillagancha uqtirgan bo'ldi u hanuz oyoqlari ostidan chiqib, turishga intilayotgan Xosiyatning tizzasidan bosib, — Men seni olib ketmay qo'ya qolaman… Faqat… Birpas jim turib bersang bo'ldi…

Biroq u shimini yechishga ulgurmadi. Kimdir yelkasi aralash ushladi-yu, o'rnidan turg'azdi… To'xtash qarshisida uchastka nozirini ko'rgach… yulqinib qochmoqchi bo'ldi. Bunga ham ulgurmadi. Uchastka noziri uning qo'llarini kishanlab, sekingina ko'chaga, militsiya mashinasi tomonga boshladi…

 

SAFAR OLDIDAN

 

To'xtash qimorboz voqeasidan so'ng Toshtemir qishloq ko'chasida yurishga qo'rqib qoldi. U kunduzlari dala qirg'oqlarida yoki shaharda daydib vaqt o'tkazar, qorong'i kechadagina qishloqqa qaytardi. Eski «qimorxona»ni esa, mirshablar yopib, u yerga o'z qo'riqchilaridan birini qo'yib ketishdi. Lekin qimorbozlar qishloqning boshqa chekkasida o'yinni davom ettiraverishdi…

Toshtemir astoydil oshiq tepayotganlarga boqib ichi qizib-qizib qo'yardi-yu, yana o'yinga qo'shilishga sira yuragi dov bermasdi. Uning holatini payqagan Mardonqul boboy kalaka qilgan bo'ldi:

— Ha, Tosh, tepmaysanmi bachchag'ar oshiqni?.. Yo To'xtash yuragingni olib qo'ydimi deyman-a?..

Past bo'yli, yumaloqqina, boshida bironta ham tuki yo'q Mo'min kal unga qo'shimcha qildi:

— Menga qara, Tosh, aytishlaricha, Toshkanni qimorbozlari ja bo'sh-bayov emish… Ular ko'pincha qarta o'ynar ekan-da!.. Sen, yaxshisi, o'sha yoqqa borib o'yna… Ajabmas, qo'ling pul ko'rib odam qatoriga qo'shilsang…
O'tirganlar gurr etib kulib yuborishdi. Ammo bu kulgi Toshtemirga kor qilmadi. U kalning gapini jiddiy qabul qilgandi.
«Haqiqatanam, Toshkentga borsammikan?.. — o'yladi Toshtemir o'yinni beparvo kuzatib o'tirarkan, — Yolg'izning yori Xudo, deyishadi-ku!.. Bu yerda tumshayib o'tirganimminan birov menga bir so'm berarmidi?.. Anavi mirshablarning ko'zidanam panaroq bo'lib turardim… Ha, boraman… Omadimni sinab ko'raman…»

Toshtemir bir qarorga kelgandek dast o'rnidan turdi-yu, Mardonqul boboyni tashqariga imladi. Hovliga chiqishgach, muddaoga o'tdi:

— Otaxon, kalning gapida jon borga o'xshab qoldi… Toshkentga borib bir tavakkal qilib ko'rsammikin deyapman-da!.. Shunga… Yo'l xarjiga picha pul qarz berib tursangiz… Kelishimminan o'sha zahoti qaytaraman…
Mardonqul boboy pulning daragini eshitib Toshtemirga xo'mrayib qaradi.
— Menga qara, sen o'zi 20 ming qarzsan… Yana qanday qilib senga pul bera olaman-a?..

— Axir… Meni yaxshi bilasiz-ku!.. — dedi iltijoli ohangda Toshtemir, — Oxirgi marta bir qo'llab yuboring, boboy!.. Mana ko'rasiz, men toshkanliklarning burnini yerga ishqab kelaman… — Mardon boboy biroz mulohaza qilib ko'rgach, Toshtemirga «Mayli, ishondim» degandek bosh irg'ab qo'ydi va pul olib chiqish uchun ichkariga kirib ketdi.

 

IKKI YO'L ORASIDA

 

To'xtash bilan bo'lib o'tgan ko'ngilsizliklardan so'ng o'z uyiga qadam bosib kirishga Xosiyatning yuragi dov bermadi. U kunini Sarvi kampirnikida o'tkaza boshladi. Ammo Sarvi kampir ham o'zidan qo'rqardi.

— «Ayni yetilgan payti bo'lsa, — derdi u o'ziga o'zi, — Xudo ko'rsatmasin, birov bir narsa qilib ketsa nima qilaman-a?..»

Sarvi kampirning yuragini vahm bosib kunlarning birida Xosiyatni yoniga chaqirdi.

— Qizim, mana bir necha kunlardan berisiga birgamiz, — dedi u Xosiyatning peshonasini silab, — Menam senga ancha o'rganib qoldim… Axir, sen kirgandan beri uyimning yuzi ochildi. Hammayoq saranjom-sarishta… Lokigin… Bitta sal yomon tarafi bor-da, qizim!..
— Voy, nima ekan u, ena?..

Sarvi kampir bir-ikki tomoq qirib oldi-da, so'zida davom etdi:

— Nima desamiykin?.. Mana, senam bo'y yetib qolding… Buning ustiga kechagi voqealardan keyin men ancha yurak oldirib qo'ydim… Xudo urib senga bir narsa bo'lib qolsa-yu, qarigan chog'imda meniyam melisama-melisa sudrab qolishsa nima bo'ladi?.. Ana shuning uchun… Senga maslahatim… Anavi Salomat ammang boridi-ku, o'shanikiga borib tursang… Nimayam qilardik, qizim, peshonang qurmag'ur sho'rakan-da!.. Xosiyat kampirning gaplariga tushundi. Uning gaplaridan sira xafa bo'lmadi. Asta boshini egib Salomat ammasini ko'z oldiga keltirdi. U o'zlaridan ikki-uch qishloq narida — Oydinko'lda turadi. Hali qirqq aetmay bir etak bolani tug'volib butunlay o'ralashib qolgan. Otasining ona bir ota boshqa singlisi. Shuning uchunmi, bordi-keldi ham haminqadar… Bilmaydi. Hozir borsa, ammasi yaxshi kutib oladimi-yo'qmi?.. Harqalay, u ham tilli-jag'li ayol… Bo'lar-bo'lmas gaplarni gapirib Xosiyatni xo'rlab qo'ymasmikin?.. Umuman, shunday og'ir damlarda ostonadan ichkariga qo'yarmikan o'zi?..
Xosiyat o'ylay-o'ylay Sarvi kampir bilan xayrlashib, tavakkal ammasinikiga yo'l oldi.

 

AMMA

 

Salomat oriqdan kelgan, oq-sariqqa moyil ayol. Shuning uchun bo'lsa kerak, sal narsaga jahli chiqib ketaveradi. Ana shu jahldorligi dastidan to'rtta bolasi bilan eri tashlab ketgan. Bolalar tashvishi, ro'zg'or og'irligi yelkasiga tushgach, yanada jahldor, yanada jizzaki bo'lib qoldi. O'gay bo'lsa ham Toshtemirga ishongandi. Lekin u ham rasvoi olam bo'lib ketdi. Birgina qizini boqolmaydi-yu, Salomatga qararmidi?.. Qurib ketsin aka bo'lmay!..

Salomat jizg'anagi tutib endigina hovliga chiqdi-yu, darvozaxonada qo'lida tugunini ko'tarib nima qilishini bilmay turgan Xosiyatga ko'zi tushib battar tutoqdi.

— Ha-a, — deya turgan yerida qichqirdi Salomat ikki qo'lini beliga tirab, — Qaysi shamollar uchirdi?.. Eshitdim, go'rso'xta otang bor burdini qimorga yutqazib yuboribdi… Endi ko'chada qolib ammang esingga tushibdi-da-a?.. Ilgarilari… Dilbarim demasdilaring-ku!..

Xosiyat ammasiga yaqin kelib sekin tugunini yerga qo'ydi.

— Amma, otam meniyam qimorga tikvoribdi… Endi u uyga borishga qo'rqyapman…

Bu gaplarni tinglab turib kutilmaganda Salomatning qoshlari chimirildi.

— Xo'sh, uyga borishga qo'rqsang, men nima qib beray?..

— Siznikida picha yashab tursam…
— E, yo'-o'q, — dedi qat'iy ohangda Salomat, — Agar shu gaping rost bo'lsa, demak, seni o'sha yutib olganlar istab yurishibdi. Men o'zi bolalarimminan zo'rg'a o'tirgan bo'lsam… Sening dastingdan bizniyam bir yoqli qilib ketishsinmi keyin… Yo'q, ammang o'rgilsin, qarindosh-urug'chilik o'z yo'liga… Seni olib qololmayman…

Xosiyat ammasidan bunday muomalani kutmaganidanmi, qizarib-bo'zardi. Boshi egilib, ko'zlariga yosh keldi.

«Nahotki, ko'chada qolayotgan bo'lsam?.. — derdi ichida qon yig'lagudek bo'lib, — Axir, bitta-yu bitta tug'ishgan ammam shu edi-ku!.. Endi qaerga, kimlarning oldiga yig'lab boraman?..»

Xosiyat birpas qandaydir noma'lum ilinj bilan Salomatga tikilib turgach, undan jo'yali bir gap chiqmasligini tushunib yetdi va yana qo'liga tugunini olib ko'chaga chiqib ketdi.

 

MUSOFIR

 

Ko'r ko'rni qorong'ida ham topishiga Toshtemir Toshkentga kelgandan so'ng yuz karra ishonch hosil qildi. Avvaliga katta, to'polon shaharda panoh izlab biroz dovdiragan bo'lsa-da, oradan hech qancha vaqt o'tmay o'zi qidirayotgan haqiqiy qimorbozni topdi. U Eski shahardagi choyxonalardan birida yotib yurar, ismi Xo'jayli edi. O'zi endigina 25 ga qadam qo'ygan bo'lishiga qaramay, Xo'jayli shaharda anchagina nom chiqarganlar xilidan ekan. Toshtemirning atayin Qo'qondan qimor o'ynash uchun kelganini eshitdi-yu, avval uni mensimagandek kulib qo'ydi. Ulfatlar: «E, Qo'qondan quruq qo'l bilan kelmagandir… Bir nimasi bordir, axir!.. Qiztaloqni shilib olmaysanmi?!» — deyaverishgach, noiloj rozi bo'ldi. Afsuski, Toshtemirning kissasida qaytib ketishga yaroqligina pulidan bo'lak hech vaqosi yo'q edi. U faqat yutishiga… Yutishiga ishonardi…

Xufton o'qilib, bozor-o'char tarqagach, qimorbozlar asta-sekin choyxonaga to'plana boshlashdi. Toshtemir to'rda go'yoki savlat to'kib o'tirgancha, ularning aft-basharasini, hatti-harakatini kuzatish bilan ovora, izzat saqlabmi, hech kimga ortiqcha so'z qotavermasdi.

Nihoyat o'yin boshlandi. Oshiqlarni hurmat yuzasidan Toshtemirga uzatishdi. U oshiqni qo'lida sharaq-sharaq aylantirib, oyog'i ostiga tikdi.

— Gartkam!.. — Ne ko'z bilan ko'rsinki, oshiq olchi keldi. O'rtaga tikilgan dastlabki ellik ming so'm (mehmondo'stlik nazaridan Toshtemirni birinchi martalik pul tikishdan ozod etishgandi) Toshtemirga o'tdi. O'tirganlar baravar qarsak chalib unga aroq tutqazishdi… Hammasi, aslida ana o'sha aroqdan boshlangan edi. Quvonchi ichiga sig'magan Toshtemir birontayam «mezbon»ning qo'lini qaytarmas, o'zining ilk g'alabasini nishonlash bilan ovora edi. Afsuski, bu toshkentlik qimorbozlarning kichik bir hiylasi ekanini mutlaqo bilmasdi… Kayf orasida bo'yniga besh yuz ming so'm ilib qo'yishganini, puli yo'qligini sezib qolishgach esa, o'lasi qilib kaltaklab Qoraqamishdagi sassiq anhor bo'yiga tashlab ketishganini ertasi kuni a'zoyi badani qaqshab uyg'ongandagina zo'rg'a-zo'rg'a eslay oldi. U amal-taqal o'rnidan turib atrofni kuzata boshladi. Sal naridan unga hayron qarab o'tib ketayotgan o'ris yigitidan papiros so'ramoqchi bo'ldi-yu, til bilmasligi yodiga tushib tilini tishladi. So'ngra shoshilib kissasini paypaslab ko'rdi. Xayriyat, pullariga tegishmabdi. «Yaramaslar, shafqatsiz bo'lsayam mard ekan… — Xayolidan o'tkazdi Toshtemir, — Yaxshiyamki, manavi anhorga tashlab yuborishmabdi. Bo'lmasa…»

Toshtemir og'riqdan zo'riqib turgan oyoqlarini zo'rg'a qo'zg'atib o'rnidan jildi-da, to'g'ri kelgan tomonga keta boshladi. Maqsadi, kechgacha boshqa bir qimorxona topish, Toshkent qimorbozlarini, baribir yutish va yutish edi…

 

KO'RGULIK

 

Xosiyat ammasinikidan chiqib qaerga borishini, tunni qayda o'tkazishni bilmay hayron bo'lib qoldi. Aksiga olib tobora qosh qorayib borar, kuzning badanni junjiktiruvchi muzdek shabadasi Xosiyatning yupqa, odmi ko'ylagi osha urilgani sayin yanada vahimaga tushardi. Shu payt uzoqdan dalachi qizlarning sho'x qiyqiriqlari, ora-sirada qandaydir erkaklarning hazilomuz so'kinishlari quloqqa chalina boshladi. Xosiyat ularning ko'ziga ko'rinishdan qo'rqib zovur yoqalab Bachqirga — qishloq guzari tarafga qarab keta boshladi… Qancha yurganini bilmaydi. Bir payt kutilmaganda boshida qattiq og'riq turdi. U: «Qornim ochligidan bo'lsa kerak» deb xayol qildi-yu, beparvo ketaverdi. Lekin… Uzoqqa bora olmadi… Endi ko'ngli aynib, boshi aylana boshladi… Xosiyat ortiq yurishga majoli kelmay, yerga o'tirib oldi va tinimsiz o'qchiyverdi. Qancha o'qchimasin, ichidan hech narsa chiqmas, faqat… Ko'ngli ketib borayotganini o'qtin-o'qtin his qilib turardi, xolos…
Qancha yotganini bilmaydi… Ko'zini zo'rg'a-zo'rg'a ochganida allaqachon tun yarim bo'lgan, uzoq-yaqindan daydi itlarning akillashi qulog'iga chalinar, badani qizib ketayotganiga qaramay, nuqul qaltirardi, xolos.
Xosiyat dard ichida bir amallab o'rnidan qo'zg'aldi-da, atrofni kuzatgan bo'ldi. O'zidan ancha narida qanaqadir noma'lum binoning devorlari ko'ziga ko'ringandek bo'ldi. Qishloqda o'sgan emasmi, qorong'ilikdan, zovurdagi qovg'alarning shitirlashidan qo'rqib o'tirmadi. Iloji boricha qadamini tezlatib shiyponga keldi-yu, xonalardan birining eshigi lang ochiq turganini ko'rib sevinib ketdi va shartta ichkariga kirib chiroqni yoqdi.

 

KUTILMAGAN MEHMON

 

Toshtemir sudrala-sudrala katta yo'l bo'yiga chiqdi-da, qay tarafga yurishni o'zicha chamalagan bo'ldi. Shu tobda oyog'iga qattiqroq tepib qo'yishgan shekilli, lo'qillab og'rir, kaltak zarbidan tirs-tirs yorilib ketgan lablari achishib, og'iz ochishga qo'ymasdi.
«Xo'-o'p qimorbozlar ekan-da, bachchag'arlar!.. — deya o'ylardi u turgan yerida, — Musofir-ku, deb o'ldirvorishganda nima qilardim?.. Ayniqsa, anavi To'xtash xunasaga o'xshaganning qo'liga tushib qolsang, yuzingda ko'zing deb o'tirmaydi, ha!..»
Toshtemir bir o'ngga, bir chapga qaradi. O'ngda uy kamroqdek ko'rindi.
“Nima bo'lsa-bo'ldi… O'ngga yuraman, — ko'nglidan o'tkazdi Toshtemir, — Qimorboz baland-baland uylarda nima qiladi, yaylovroq joylarda bo'ladi-da!..»
Yanglishmagan ekan. Bir-ikki chaqirim yo'l bosgach, qozoq o'toviga o'xshab ketadigan qora uy ko'rindi. Oqsoqlangancha, endi uyga yaqinlashgan ham ediki, ichkaridan yoshi yetmishga borib qolayozgan, cho'qqisoqol qariya chiqib kelib, Toshtemirga savol nazari bilan boqdi.
— Kel, bola, qaydan bo'lasan? — Toshtemir uning Toshkent chollaridan emasligini payqagach, erkinroq turib gap boshladi:
— Ota, men musofirman… Ho'-o', Qo'qon taraflardan kelyapman…

— Nima bo'pti kelsang?.. Og'zi-burning qon-ku!.. Tepalab ketishganmi deyman-a?.. Ha-a, bu yerlarni Toshkan deb qo'yibdi, bola!..

Qariyaning og'iz ko'pirtirib maqtanishi Toshtemirning joniga tegdi. Shuning uchunmi, o'ylab o'tirmay shartta so'zini bo'ldi:

— Ota, shu yerlarda oshiq tepadigan mardidan yo'qmi munday?..

— Ie, hali… Qimorbozmisan?.. Shunaqa demaysanmi, qizig'ar?!
— Bu nima deganingiz?..

Qariyaning beo'xshov so'kinishidan jahli chiqib dedi Toshtemir, — Qizig'ar deysiz-a?!

Qariya beixtiyor so'kinib yuborganidan hiyla xijolat chekib, Toshtemirni yupatgan bo'ldi:

— Mayli, mayli… Xafa bo'lma!.. Men o'zi hovv Sayramni o'zbeklaridanman-da!.. Kel, yaxshisi, tanishib olaylik… Mening ismim — Polvon ota… Seniki-chi?..

— Toshtemir… — Qariya shundan keyingina uni ichkariga taklif qilib, ostiga ko'rpacha to'shadi.
— Shunday qilib, qimorbozman degin, — so'radi dasturxondagi bir lagan qo'y go'shtini maydalab to'g'rab Toshtemirga uzatarkan, — Hali shoshmay tur, kech kirsin, kelishadi Toshkanni ucharlari… Ularga bas kela olarmikinsan, ishqilib-a?..

Toshtemir qariyaning gapini eshitmaganga olib go'sht chaynashda davom etdi.

 

SO'NGGI SAS

 

Kech kirib qo'y podalari otar-otarlariga qayta boshlagach, Toshtemirning yuragi negadir g'ash torta boshladi. Ko'ngliga qil sig'may atrofni o'zicha sayr qilgan bo'ldi. Bu ham chigalini yozavermagach, barchasiga qo'l siltab, ketib yubormoqchi bo'ldi. Lekin g'ururi qurg'ur sira yo'l bermadi.

— Yo'q, men baribir toshkanlikni adabini berishim kerak, — derdi o'zicha g'udranib, — Shunday yutayki, enadan tug'ilganiga pushaymon yeb, soyamga salom qiladigan bo'lsin… Yutmasam, qo'qonlik… Yo'q, bachqirlik otimni boshqa qo'yaman…»

Oradan bir soatlar chamasi vaqt o'tib, qora «Mersedes» va uning ortidan ergashib kelayotgan «Jiguli» qora uy tarafga qarab burildi. Toshtemirning shundoq ham bezovta urayotgan yuragi battar taka-puka bo'ldi. Mashinalar oyog'i ostiga kelib to'xtagach esa… Toshtemirning ko'z o'ngida kutilmagan manzara namoyon bo'ldi… Mashinadan kechagina o'zini o'lasi qilib kaltaklagan yigitlar davrasida Xo'jayli tushib kelardi. Toshtemir uni ko'rdi-yu… Oyog'iga battar og'riq kirdi. Kaltak zarbidan yorilib ketgan lablari bir-biriga qattiqroq yopishdi. Orqaga tisarilib sekingina juftakni rostlab qolmoqchi bo'ldi… Ammo kech edi. Xo'jayli unga yaqin kelib yelkasiga qo'lini qo'ydi.

— Ha, qo'qonlik, haliyam o'lmadingmi?.. Obbo, sen-ey!.. — U boshqa hech narsa demadi. Faqat… yonidagi sheriklariga ma'noli qarab qo'ydi-da, ichkariga kirib ketdi…

 

QAERDASIZ, OTAJON?..

 

Xosiyat shiypon ichkarisiga kirdi-yu, bo'sh turgan karovatga cho'zildi. U uxlab qoldimi, yo hushidan ketdimi, bilmaydi. Ko'zini ochganida qovoqlari sim-sim og'rir, oyoq-qo'llari madorsiz edi. Ichkarida kimdir u yoqdan-bu yoqqa ivirsib yurardi. Xosiyat arang boshini ko'tarib noma'lum kimsa tarafga o'girildi. U mozor mahallalik qorovul chol Yo'lchi bobo ekan.
— Bobo, non… non beri-ing!.. — yalingan ohangda zo'rg'a so'z qotdi Xosiyat. Yo'lchi bobo uning uyg'onganini payqab, — «Xudoga shukr», — deb qo'ydi-da, asta karovatga yaqin keldi.
— Adashmasam, sen anavi qimorbozning qizisan-a?..

Xosiyat «Ha», degandek bilinar-bilinmas boshini qimirlatdi.

— Bu yerlarda nima qilib adashib yuribsan, qizim?.. Ha-a… Eshitgandim… Eshitgandim…

Yo'lchi bobo nimadir esiga tushgandek, boshini sarak-sarak qilib xaltachadagi nondan bir bo'lak sindirdi-da, Xosiyatga uzatdi.

— Ma, avval mana buni yeb ol-chi!.. — Xosiyat nonni qo'liga olib zo'rg'a bir burda tishlay oldi. Ortiq og'iz qimirlatishga madori yetmadi. Yo'lchi bobo esa, unga birpas yer ostidan tikilib turgach, yana gap boshladi:
— Menga qara, qizim… To'g'risini aytsam… Sening bu yerda yotishing, harqalay, to'g'ri kelmasa kerak-ov!.. Bu yer shiypon bo'lsa… Do'st bor, dushman bor…

Xosiyat ikkinchi marta non tishlashga harakat qilib, nonni qo'llari qaltiray-qaltiray og'ziga yaqin olib borarkan, o'pkasi to'lib ketdi… Axir… Qaerga boradi?.. Yarim kechada kimning eshigini qoqib kiradi?.. Hech kim uyiga kiritmasa… Hamma undan hazar qilsa…

Shu tobda Xosiyatning ko'z oldiga otasi keldi.

«Ota, meni ne ko'ylarga solib qo'ydingiz?.. — xayolan savol berardi otasiga, — Axir… Men yakka-yu yagona farzandingiz edim-ku!.. Mendan keyin nima qilarkinsiz, ota?.. Sochingizni yulib, «bolam»lab yig'larmikinsiz?..»

Xosiyat sekin o'rnidan turib, dala chetidagi tor so'qmoq oralab keta boshladi. Uning tinimsiz boshi aylanar, ko'ngil aynishidan o'qchib-o'qchib bormoqda edi… Yo'q, u uzoqqa bora olmadi. Qishloqqa yaqinlashay deganda beixtiyor oyog'i toyib ketdi-yu, yonboshdagi bahaybat zovurga quladi. Suv ostiga cho'kib ulgurgan Xosiyatning faqatgina «bilq-bilq» qilib go'yoki Yaratgandan qayta hayot so'rayotgan nafas tovushlaridan afsuski, barcha bexabar edi.

 

ONA TUPROQ

 

Xo'jaylining kaltaklari zarbidan qo'l-oyoqlari, qovurg'alari sinib, a'zoyi badani momotaloq bo'lib ketgan Toshtemirni o'z uyiga o'tkinchi mashinada olib kelib tashlashdi. Toshtemir qadrdon so'risida majolsiz yotgancha, zo'rg'a-zo'rg'a nafas olar, o't bilan o'ynashganlariga, umuman, ana shu yaramas qimorga ilakishib qolganlariga ming pushaymon chekardi…

Mahalla kattalari kelishib, qizining o'lganini unga bildirishmadi. Undan har kuni Eshmat qorining o'zi xabar olib turdi. Oradan uch kun o'tgach, Eshmat qori uyqu orasida xirillab-xirillab qo'yayotgan Toshtemirga birpas tikilib turdi-da, qo'shni yigitlardan bir-ikkitasini chaqirib keldi.

— Buni ichkariga olib kiringlar, kun-soati bitgan ko'rinadi!..

O'sha kuni xufton mahalida Toshtemirning joni uzildi. U hech kim bilan vidolasha olmadi. Hech kimga so'nggi so'zini ayta olmadi. Qizini so'roqlamadi. Faqat… O'zi yotgan polsiz uyning poxol to'shalgan joyidan bir siqim tuprog'ini qo'liga oldi-da, o'sha tuproqni changallagancha jon berdi.

Olimjon HAYIT

 

 

loading...