ShAYTANAT… (127-qism)

0

 

 

* * *

 

Qizining sochlarini silab o'tirgan Manzura deraza osha osmonga qaradi-yu, yengil xo'rsinib «Etqizganingga shukr», deb qo'ydi. Zaynab boshini ko'tarib, onasining ko'zlariga boqdi.

Yaratgan Olloh onalarning mitti qalbi, qalbidan-da ko'ra mittiroq ko'zlarini o'ziga xos bir qudrat va ajib mo''jiza bilan behad chidamli qilib yaratgan. Agar Tangri taoloning bu mo''jizasi bo'lmasa dunyoga sig'magan g'am-tashvish mitti yurakka, yurakdan-da mittiroq ko'z qorachig'iga sig'armidi…

Manzura shu paytga qadar ko'rguliklardan birovga hasrat qilmagan. Aytgandamidi, hasratini eshitgan odam, unga dushmanlik ahdida bo'lsa ham, achinib, «bundan ko'ra kelinlik chog'ingizdayoq eringiz qimorga yutqizib yubora qolsa ming marta yaxshi edi, bunchalik ko'p azob chekmasidingiz», demog'i shubhasiz edi.

Hozir ham qizi onaning ko'zlari tubiga yashiringan tashvish vulqonini ko'rmadi.

Onasining yengil xo'rsinib qo'yish sababini bilmay:

— Hm, oyi? — deb so'radi.

— Yangi Oy chiqibdilar, — dedi Manzura, deraza osha osmonga qarab. — O'zlariga tinchlar, elga notinch… Xudo saqlasin hammamizni.

Manzura shunday degach, qo'llarini fotihaga ochib, pichirlaganicha uzoq duo qildi. Oy yangilanganida onasining «Yangi Oy chiqibdilar», deb sizlab gapirishi, so'ng duo qilishi Zaynab uchun yangilik emas. Bunday holatni kichikligidan ko'raverib, duo faqat hilol ko'ringanida qabul bo'larkan, mavhumlikka emas, aynan hilolga topinmoq kerak ekan, degan yanglish o'yda, u ham ba'zi-ba'zida Xudodan so'raydiganlarini so'rab olardi. Hozir ham unsiz ravishda onasiga qo'shildi.

Duodan so'ng Zaynab onasining savolga tutib qolishidan cho'chib «U yoqning to'yi qandoq bo'larkan, aytib bering», deb qistadi.

To'y manzarasi tushirilgan videokassetaning Moskvada qolgan jomadonlarda ekanini eslagan Manzuraning ko'ngli xiralandi-yu, ammo parishonligini qiziga sezdirmaslikka intilib, taassurotlari bayoniga berildi.

Zaynab xavotir bilan kutgan noxush holatdan shu taxlitda qutulib qoldi.

 

***

 

Cho'lponoy ham, Mushtariy ham ota-onalarining ta'riflariga ko'ra, «Sovet Ittifoqi» deb atalmish mamlakatni ertaklarda tasvir etilgan qizil ajdaho saltanati kabi deb bilar edilar.

Ota-onalarining Vatani bo'lmish yurtini bosib yotgan bu ajdahoning boshlarini uzguvchi bir bahodir chiqarmikin, deb ular ham orzu qilar edilar. Faqat suratlarinigina ko'rgan bu yurtga ularning dillarini qandaydir bir kuch tortib turardi. Bir kuni dadalari hasratli ohangda:

— Yulduzlarim, kindik qonlariniz buraya to'kilmish o'lsa-da, chin Vatanlaringiz O'zbekistondir. O'zbekiston — bizim galbimiz, bizim umidimiz yulduzidir. Olloh jannatdan bir ulush olib, bizim ajadodlara Vatan qilib vermish ekan. Bu Vatan — O'zbekistondir.

Manda tunda Vatan, deb ko'z yumiyurman, subhi sodiqda esa yana Vatan, deb ko'z ochiyurman. Ollohning nomidan so'ng eng suyukli so'z men uchun Vatan — O'zbekiston!

Vaqti kelibkim, barcha so'zlarimni yoddan chiqarsalaringizda, mening bu so'zlarimni unutmakdan tiyiliniz, — degan edi.

Muzaffarxon Vatanga yo'l ko'rsatar, degan umidda yo'lchi yulduz — tong yulduziga umid qilib, qizining ismini Cho'lponoy qo'ygan edi. Qizlar bularni bilishardi. Bilishgani uchun ham O'zbekistonga kelin bo'lib borajaklari haqidagi xabarni bir oz xavotir, ayni damda jindek shodlik ila kutib oldilar. Ularning xavotirlari qizil ajdaho egallab yotgan yurtga borishdan bo'lsa, shodliklari «bizim bahonamiz ila ota-onamiz Vatanga yetishurlar, yulduzlari chindan-da chaqnar», degan o'yda edi. Bo'lajak kuyov bolalar bilan tanishib, gaplashishgach, xavotirlari ancha chekindi. Bo'lajak qaynotalarini qanday yumushlar bilan band ekani, Tangri bu yumushlar evaziga qanday ajrlar tayyorlab qo'ygani, ular uchun shubhasiz mavhum edi.

Bu yoruq olamda yashab turgan odam, istiqomat yeridan, sig'inayotgan dinidan qat'i nazar, biron joyga bormoq istasa, aqli yetgan darajada rejalar tuzadi. Biroq, Ollohning istagi tamoman o'zgacha bo'lmog'i mumkinligini o'ylab ko'rmaydi. G'ofil banda mo'ljalidagi tadbiru rejalari amalga oshmasa-da, yana o'z aqlining mahsuli bo'lmish tadbirlaridan umid qilaveradi. Donolar deb ekanlarkim: «Qul tadbir oladi, biroq, taqdirning qaysi markazda bo'lishini bilmaydi. Tadbir esa Yaratganning taqdiri ro'parasida mahv etilajakdir».

Vatan havosining gadosi Muzaffarxon ham, Guluzor begim ham o'z tadbirlaridan baxt kutgan nodon qullardan edilar.

Roviylar derlarkim: Ibrohim Adham Balhda podshohlik martabasida ekanida ovga chiqib, bir jayron izidan ot solibdi. Jayron bechora qochaveribdi, u esa quvaveribdi. Ot charchab, holdan toygach, jayron to'xtab, inson singari tilga kirib, debdiki: «Quvishni bas qilsang-chi, ey g'ofil banda! Sen bu ish uchun yaratilmagansan. Seni Olloh meni ovlamog'ing uchun bor etmadi. Menga yetib olib, ovlagan taqdiringda nimaga yetishasan?» Bu gapni eshitgan Ibrohim Adham haqiqatni anglab, podshohlik liboslarini cho'ponlik kiyimlariga almashtirgan ekan.

Afsus shuki, bu haqiqatni anglamak baxti ham barchaga nasib etavermaydi.

Ota-onalarining tadbirlari tufayli baxtga yetishajaklariga ishongan ikki qiz charchagan bo'lishlariga qaramay uxlay olishmadi. Oy nurida yaltillagan shilliq qurtdan quyosh yasab bo'lmaganidek, ota-onalarining tadbiridan baxtga yetisholmasliklarini anglab yetmagan qizlarning har biri bo'lib o'tgan voqealarni o'zlaricha tahlil etardilar. Qizlarini ko'zlarining ikki gavhari singari avaylagan Muzaffarxon ularga yuqori maqomda odob bermoq maqsadida islomni qabul qilgan nemis ayolini tarbiyachilikka yollagan edi. Fizika ilmidan e'tiborli olimalardan hisoblangan frau Xelga islomning ilmiy mo''jizalari bilan tanishgach, universitetdagi vazifasini tark etgan, hatto ismini «xonim Xadicha» deb o'zgartirgan edi.

Tarki dunyo qiluv niyatidan uzoq bo'lmish bu ayol ilmdagi yolg'on, noto'g'ri yo'nalishlardan yiroq yurmoqni istagan edi.

Muzaffarxon ham zamonni, ham islomni biluvchi ayolning qizlariga tarbiya bermog'ini orzu qilardi. Bu muammoni doktor Xudoyor osongina yechib berdi. Ota-ona bir, hatto tarbiya mezoni bir bo'lgani bilan qizlarning fe'llari ayri-ayri edi. Cho'lponoy ruhan xonim Xadichaga yaqin edi. Uning so'zlarini hamisha butun jonu dili bilan berilib tinglardi.

Uning har bir gapini hatto haqiqat tarzidan qabul qilardi. Mushtariy esa, aksar hollarda bu gaplarni zerikish azobi bilan tinglardi.

Asadbekning xonadonida, kelinlik ko'shkida birinchi tunni o'tqazayotgan opasingillarning xayollari olgan tarbiyalariga monand ravishda edi. Cho'lponoy kuyov to'ralarning Moskvada olinib qolinishlarining asl sababini bilmasa-da, bu harakat zamirida zulm yotganini aqli bilan his etardi.

Cho'lponoy boylik baxt emasligini yaxshi tushunardi. Xonim Xadichaning «Ulug' Olloh Fir'avnga to'rt yuz yillik umr, mol-mulk, shohlik va uning boshqa turli orzulari adosini nasib etdi. Bularning barchasi farog'at emas, balki uni Olloh huzuridan uzoqlashtirgan narsalar edi. Fir'avnga hatto bosh og'rig'i ham berilmadiki, oqibat u Haqni eslamay o'tdi.

U o'z murodi bilan band bo'ldi va Yaratganni xotirlamadi», deganlarini tez-tez yodlaydi, har eslaganida yangi ma'no uqadi. U boylikni atrofi parishonlik ummoni bilan o'ralgan ojiz orol deb bilib, bu orolning qachondir cho'kib, yo'q bo'lib ketmog'i tayin ekanini ham anglaydi. Orol cho'kib ketmagan taqdirda ham, undagilar parishonlik ummonida tez-tez cho'milarlar, bu suvdan icharlar. Balki jon berar onlarida ham lablariga ana shu parishonlik ummonining afsus suvidan tomizarlar…

Opa-singil bir-biroviga tunning xayrli o'tmog'ini tilab, uy-uyiga kirgach, o'zlarini olam aro yolg'iz qolgandek his etdilar. Bundagi hamma narsa ular uchun begona edi. Bu yaltiroq pardalarni, serhasham qandillarni, javon to'la idish-tovoqlarni Ovrupo tarbiyasini olgan qizlarning didlari hazm qilolmas edi. Ortiqcha hashamsiz, latiflik ila uy tutishga ko'nikkan qizlarga bu uydagi bezagu anjomlar og'ir yukday tuyulib, xuddi boshlari ustiga bostirib kelayotganday bo'laverdi. Ham bu og'irlik, ham yolg'izlik ularni dastlabki ondanoq siquvga oldi. Xonim Xadichaning tarbiyasiga ko'ra, ular zerikkan daqiqalarida kitob bilan hamroz bo'lardilar. Ularning xonalaridagi javon bezaklar bilan emas, turli tillarda, turli mamlakatlarda nashr etilgan kitoblar bilan band edi. Opa-singillarning o'zlari uchun ajratilgan kelinlik xonalariga kirgandagi dastlabki ajablanishlari ham javonda birorta kitob yo'qligi bo'ldi.

Qizlar lozim bo'lganda ruhlariga dalda beruvchi kitoblardan besh-o'ntasini olvolgan edilar. Ammo hozir, yolg'izlik omburiga mahkum onlarida xaloskor bo'la olguvchi bu kitoblar erlari bilan birgalikda Moskvada qolgan…

Cho'lponoy bir oz yengil tortish maqsadida ichkariga kirib, yuz-qo'lini muzdek suvga yuvib chiqdi. Xonaning chirog'ini yoqmay, deraza pardasini surdi. Shunda ko'zlari samodagi hilolga tushib, «alhamdulillah!» deb pichirladi. Xuddi sog'ingan kishisiga yetishganday, uch kunlik Oyga suqlanib boqdi. «Bu yerning osmoni biz tomonlardan tamizroq, tiniqroq ekan, — deb o'yladi u. — Oyning nuri-da, yulduzlarning nurlari-da tamizroq. Odamlari-da shunday bo'lsin, inshoolloh» Cho'lponoy yana bir oz osmonga maftun holda tikilib turgach, singlisining huzuriga oshiqdi.

Tungi chiroqni yoqib, yumshoq oromkursida o'tirgan Mushtariy opasining kirib kelishidan quvonib ketdi.

— Bu ne holki, aqlim lol, — dedi u o'rnidan turib. — Ayriliq kishani urilgan mahkuma martabasiga yetushmagimiz muborak o'lsun.

— Zinhor! Aqlingiz lol-u hayron bo'lmasin, yulduzim, — dedi Cho'lponoy, singlisini xuddi onasi kabi erkalab. — Beri keling-chi, ko'kka bir boqing-chi…

Bu xona derazasidagi parda ham surilib, Mushtariy hilolga opasi singari sog'inib boqdi.

So'ng xuddi o'ziga o'zi gapirayotgan devonavash singari pichirladi:

Jon qasdi ko'p etti yor hijroni manga,

Xirmon o'qin urdi ulchi imkoni manga,

Gar bo'lsa mute' charx davroni manga

Etkursa men ul oyg'a yo oni manga. *

— Bale, yulduzim! — Cho'lponoy yengil qarsak chalib, singlisini olqishladi. Bu olqish aynan Guluzor begimniki edi. Qizlarini maqtagisi kelsa shunday deb, yengil qarsak chalib qo'yardi. Cho'lponoy uylarida ba'zan atayin, ba'zan beixtiyor taqlidan ravishda onasining gaplarini aytib, qiliqlarini takrorlab turardi. Mushtariy uyda bunga e'tibor bermas edi.

Hozirgi ahvolida onasining erkalashlari yodiga tushib, bir entikdi-yu, opasini yengil quchib, yelkasiga boshini qo'ydi.

— Tinglang-chi, yulduzim, hilol biza bir shirin xabar shivirlaydir, — dedi Cho'lponoy singlisining sochidan o'pib. — Bu xabardin ayriliq zindonida tut-qun bo'lganlar taskin topgaylar.

Mushtariy bir oz jim turdi. Xuddi sukunatga quloq tutib opasi aytmoqchi, hilolning shivirlashlarini eshitgandek bo'ldi. So'ng boshini ko'tarib Cho'lponoyga tikildi:

— Olloh, Olloh, ayriliq shomining zimziyoligi qanchalar dilni xuftonu jonni sargardon etguvchi emish.

Cho'lponoy singlisining dardli gaplarini eshitib, kulimsiradi-da, qoshlari, yuzlarini silay turib, dedi:

— Vah, vah! Visol tongining ravshanligi qanchalar dilga yoqimligu jonni quvontirguvchi emish…

Mushtariy o'zini majburlab jilmaydi-da, joyiga qaytdi. Opasidan ilgariroq o'tirib, hurmat qoidasiga xilof qilganini angladi-yu, chaqqon turib, Cho'lpon-oyga uzrli nigoh bilan qaradi. Cho'lponoy singlisining yoniga o'tib o'tirgach, Mushtariy yengil xo'rsindi:

— Ko'nglim bir qahva istar. Bunda bir xizmatkor bormi ekan? Zaynab xonimdan so'ramagimiz lozim edi.

— Picha sabr eting, yulduzim. Darrovda biron nimarsa so'ramagimiz odob sanalmas.

— Ajoyib qiziq qurilmish bu uylar. Sayr qilmoqqa bog' hech yo'qtur. Odamlari-da ajoyib qiziqdurlar. O'tirarlar, taom yerlar, so'ngsiz gapirarlar. Gapira-gapira charchamaslar, taom yeya-eya toliqmaslar, uzoq vaqt o'tira-o'tira hormaslar. Ko'rdimki, musulmon yurt bo'lsa-da, bunda namoz qilmaslar.

— Bu menga-da ajab tuyuldi. Nasroniy yurtda namoz qilmaslik bizim uchun ayb edi, bunda ayb emas ko'rinadur. Bu sizning uchun muddaoning o'zi emasdurmi, deb xavotir qilurman.

Mushtariy opasidan farqli o'laroq, uyda ekanida namozga ko'p ham e'tibor bermas, hushiga kelsa o'qir, bo'lmasa yo'q edi. Cho'lponoy hozir uning shu odatiga shama qilib, ayyorona kulib qo'ydi. Umr yo'ldoshlarining doktor Xudoyor ta'sirida o'sha yerda namozga o'rganganlari, ularning ham ibodatda sobit emasliklarini ular ham bilmas edilar.

Asadbek o'g'illari bilan mehmonxonada tong ottirgan azobli kechada uning xonadonida ona va qiz, opa va singil dunyoning sho'rishlaridan parishon o'tirishgan edi.

Ertasiga qaynotalariga salom berayotganlarida suyuklilariga o'g'rincha qarab olishgach, ko'ngil osmonida quyosh charaqladi.

 

***

 

 

Dastlabki kunlardagi keldi-ketdilar kamaygach, opa-singillar zerika boshladilar.

Abdusamad bilan Abdulhamid sog'ingan oshnalari bilan choyxonalardagi o'tirishlarini boshlab yuborishgach, ular avvaliga ajablanishdi. So'ng bu yerlarning odaticha «er-xotin birgalikda sudralib yurmasliklarini» bilib, afsus chodiriga o'ralgancha bunga ham ko'nikishdi.

Ular uchun bu xonadonda birdan-bir yupanch — Zaynab edi. Erlari oshxo'rliklarga ketgan damlarda ular Zaynab bilan shahar sayriga chiqdilar. Elchinni ham yo'qladilar.

Bir kuni choy ichishib o'tirishganda Mushtariy:

— Zaynabxonim, siz biza kutubxonangizi ko'rsatmaysiz? — deb qoldi.

Zaynab onasi bilan ko'z urishtirib olib, javobga taraddudlandi. Chunki kiyim-kechagu bezaklardan kam-ko'sti bo'lmagan bu juvonning kutubxonasi yo'q edi. To'g'ri, u kitob o'qirdi, ba'zan dugonalari maqtagan asarni uch-to'rt kunga so'rab olardi, ba'zida esa o'zi ham xarid qilardi. Uydagi kitobni birov olgani, qaytib bermagani bilan ishi yo'q edi.

Kitoblarni to'plab, kutubxona shaklida tartib berishni esa o'ylamasdi. Kelin ayasining savolidan shu sababli ham xijolat bo'ldi. O'zini mutolaasiz, johil qilib ko'rsatib qo'ymaslik uchun:

— Kutubxona narigi uyimda, — deb og'ir vaziyatdan qutuldi.

— So'ramakka ijoza vering, Zaynab xonum, mumkinmikin bilmagimiz: bunlarda qaysi bir kitob cho'x sevilib o'qiyulur?

Bu savolga javob tayyor bo'lishiga qaramasdan Zaynab «aytaveraymi?» deganday onasiga qarab oldi. Manzura bu qarashni boshqacha tushunib, «yoshlarning gaplariga halal bermay», degan fikrda o'rnidan turib, chiqdi. Qaynonaning hurmati yuzasidan o'rinlaridan turishgan kelinposhshalar joylariga qaytishgach, savolga javob kutib, Zaynabga qarashdi.

— Katta-yu kichik «O'tgan kunlar»ni yaxshi ko'rib o'qishadi, — dedi Zaynab.

— O, cho'x go'zaldir bu! — dedi Cho'lponoy quvonib. So'ng quvonchi sababini izohladi:

— Men ayni shundaydir, deb mulohaza qilib edim. Bu go'zal rumonni o'zbeklarning cho'x suymasliklari mumkin emasdir.

— Siz… o'qiganmisiz? — deb ajablanib so'radi Zaynab.

— Cho'x-cho'x marotabalab, — dedi Mushtariy suhbatga qo'shilib. — Unda zikr etilmish satrlar xayolimizga-da muhrlanmish.

— Siz kitobni nardan oldiniyiz, deb ajablaniyursizmi? — dedi Cho'lponoy. — Bizim bir vatandosh vordur, ism-nasablari Jo'ra Bo'tako'z. Eshitganiyiz vormi?

Zaynab bunaqa odamni eshitmagan edi, yo'q, ma'-nosida yelkasini qisib qo'ya qoldi.

Cho'lponoy bu kishini o'zi ko'rmagan, shunday millatparvar vatandoshlari borligini otasidan eshitgan edi. Hozir ana shu hikoyalarni bayon qilib berdi. Jo'ra Bo'tako'zning bu kitobga g'oyat mehri balandligi tufayli «O'tgan kunlar»ni barcha vatandoshlarim o'qisin», degan maqsadda arab alifbosida nashr qildirganini, buning uchun Istanbuldagi mehmonxonasini sotib, barcha mablag'ini bosmaxona xarajatlariga sarf etganlarini, noshir istab Eronu Pokistonga qadar borganlarini hayajonli tuyg'u bilan aytdi. Opa-singilga millat ravnaqi yo'lidagi ulug' fidoyilik va jo'mardlik bo'lib tuyulgan bu vo-qeani Zaynab oddiy ish sifatida qabul qildi. Cho'lponoyning hayajonli hikoyasini ehtirossiz tarzda tingladi. Xonadonida ham, o'qishda, dugonalari davrasida ham millat taqdiri, Vatan ravnaqi haqida so'zlar eshitmagan, «Vatanni suymak», degan tarbiya mezonidan uzoq bo'lgan Zaynab bu voqeadan kelin ayalari kabi iftixor eta olmasdi. Chunki uning uchun Vatanni sog'inib yashash hissi begona edi. Millat uchun borini berish, hatto jondan kechish ham bir baxt ekanini u qaydan bilsin? Uning uchun baxt — Kumushbibi kabi suyganiga yetishmoq edi. Yetisholmaganini baxtsizlikka yo'ydi. Bu olam aro bundan-da ko'ra ulug'roq baxt, bundan-da ko'ra o'lchovsiz bebaxtliklar borligini u tasavvur eta olmasdi. Shaxs tashvishidan tashqari millat qayg'usi degan fazilatlar borligini Zaynab birovlardan ko'p martalab eshitsa-yu, his qila olmasa, uni ayblash o'rinli bo'lardi.

Yaxshiki, kelinposhshalar Vatan taqdiri, millat qayg'usi haqida ota-onalaridan eshitganlarini aytib, Zaynabdan bu borada fikr so'rab, uni og'ir ahvolga solishmadi.

(davomi bor)

Tohir MALIK

 

loading...