To'qnashuvlardan qo'rqmang!

0

Taxminimcha, siz judayam tushkunlikka tushib qolgansiz. Hamma narsa siz uchun mohiyatini yo'qotgandek: ish, odamlar, uy-joy, hattoki hayot. Bu dunyoda o'zingizni hech qanday qimmatga ega bo'lmagandek his qilmoqdasiz. Yashash uchun arzigulik sababingiz ham yo'q. Ammo…

Ammo yashamaslik ham siz uchun daxshatli. Mendan yashirolmaysiz. Bu bo'lmagan gap, safsata, deb o'ylamang. Hatto hozir ham men sizni his qilib turibman. Xayolingizdan nimalar kechayotganini taxminan, bilaman! Boshqa sahifaga o'tib ketish haqida o'ylamang ham. Kimdir sizga: “Hayotingni o'zgartirib yuboraman,” – desa, ishonasizmi. Men aytaman sizga bu gapni va siz menga ishoning! Balki tan olmassiz, lekin boshqa ilojingiz yo'q!

Sizda, ha, ha, aynan, sizda dunyodagi eng oliy yagona Qudratning bir tolasi bor ekanligini bilasizmi? Nahotki bilmasangiz? Xayolingizdan men haqimda “Bu nimadan lof urayapti?” – degan gap o'tdimi, o'tdi. Demak, biz tobora yaqinlashyapmiz.

Endi siz bilan suhbatimizning jddiy qismiga o'tsak ham bo'lar. Hozircha hech kim sizni chalg'itmay tursin. “Buning qo'lidan hech narsa kelmaydi” degan nigoh bilan sizga qaraydiganlardan rosa bezoringiz chiqdi, a? Qo'yavering. Axir ularning ham qancha-qancha qusrlarini juda yaxshi bilasiz-ku. Shunchaki, aytgingiz kelmaydi. Shunisi ma'qul.

Sizga bir savol: Jomolungma cho'qqisini bilasiz-a? Yo'qmi?! Shoshmang, shoshmang, Everest, desam-chi? Ha, endi esladingiz. Aslida aytib qo'ymaganimda ham topolardingiz! Bu savolni nega berganim haqida o'ylayapsizmi? Sababini aytaymi? Diqqat qiling!!!

Balki, hozir men aytmoqchi bo'layotgan narsani avvaldan ham bilardingiz. Agar shunday bo'lsa, yaxshi. Yanayam tushinarliroq bo'ladi sizga. Agar bilmasangiz… men orqali xabar topib, bilganlarni ham ortda qoldirasiz!

Everest. Siz uni bilasiz. Dunyodagi eng baland cho'qqi. Oh, buni bilmaslik mumkinmi? Xo'sh u azaldan shunday baland bo'lganmi? Yer yaralgan zamonlardan beri bormi u? Yo'q, Everest ancha keyin paydo bo'lgan. Unda qanday? Ha, endi bu – qiziq! “Everest bilan mening hayotim o'rtasida nima aloqa bor?” – deysizmi? Oxirigacha men bilan bo'ling, bilib olasiz.

Qachonlardir Yer yuzida yagona quriqlik bo'lgan. Keyinchalik sayyoraning shakllanishi natijasida qit'alar bir-biridan ajrab, uzoqlasha boshlagan. Bundan xabaringiz borligi tayin. Ko'p zamonlar o'tib, bo'laklangan quruqlik deyarli hozir biz bilgan holatga kelganida, hali Jomolungma yo'q edi.

Hozir biz Afrika deb atovchi qit'aning o'ng yonidan bir qismi undan ajrala boshladi. Everestning tug'ilishiga sabab yetilgan edi. O'sha ulkan bo'lakning harakatga kelishiga sabab nima ekani noma'lum. Nima bo'lganda ham o'sha ulkan quruqlik parchasi necha ming, balki bir necha million yillar mobaynida ummonni kesib o'tib bordi. Bu quruqlik hozirgi Hindiston edi. Uzoq asrlarni ortda qoldirib, butun boshli okeanni kesib o'tgan Hindiston Osiyo qit'asiga kelib urildi. Bu urilish shu qadar kuchli bo'lgan ediki, to'qnashuv nuqtasidagi tuproqlar shiddat bilan surilib, osmonga to'qnashuv nuqtasidagi tuproqlar shiddat bilan surilib, osmonga bo'y cho'zdi. Bo'y cho'zganda ham shu qadar bo'ldiki, hanuz sayyoraning eng baland nuqtasiligicha qolmoqda.

Ajabo, deb yubordingizmi?

Everest qanday Everest bo'ldi? Yuqorida ko'rdingizki, birinchidan, ajralib chiqqan ulkan quruqlik bo'lagi vaqt sinovlariga dosh berib, vazminlik bilan o'z yo'lidan chekilmasdan surilib boraverdi. Ikkinchidan, o'sha ulkan to'qnashuv bo'lmaganida, muqarrarki, tuproq ko'kka ko'tarilib, cho'qqiga aylanmasdi.

Ana bo'lmasa!

Sizni ishontira oldimmi? Bu o'ylab topilgan gap emas, fakt! Hamonki siljiyapsizmi, manzilni aniq qo'yib boravering. Balki ahvolingiz parokanda bo'lgan Pangeyani eslatar(“Pangeya nima?” – deysizmi? Bu o'sha avvalboshdagi yagona quruqlik edi). Bu parokandalikka ko'z yuming! Oldinda sizni muqarrar to'qnashuv kutib turganidan qo'rqmang. To'qnashuv kerak axir. Agar u bo'lmasa Everestingiz osmonni bo'ylamaydi!

Bilasizmi, mening bir yomon odatim bor. Ba'zi- ba'zida odamlarning o'zaro suhbatiga bilmasdan quloq tutib qo'yaman. Bir safar ham shunday bo'ldi. Lekin eshitgan gapimning ostiga “Muallif: Suqrot”, – deb yozib yuborilsa ham hech kim shubha qilmaydi: “Dunyoda odamga eng ko'p zavq beradigan narsa: sen haqda boshqalar: “Qila olmaydi”, deb o'ylagan ishni qila olishingda!” Aniq bilaman, shu gapni biror mashhur odam aytganida allaqachon qandaydir dabdabali binolarda serhasham shior sifatida turgan bo'lardi. Ammo bu gapni oddiy kishilar suhbatidan eshitib qoldim. Demoqchimanki, o'sha nomi olamni tutganlar ham oddiy odamlar. Va ayni vaziyatda, siz ham ularga tenglasha oladigan insonsiz!

Biz do'stlashib oldikmi? Menga ishonasiz-a?

Minnatdorman.

Endi olg'a!

 

Shahzod ShODMON

 

 

loading...