O'zbek oshxonasi: Samarqand noni ikki dollar

0
Yaqinda yurtimizga Belarusdan kelgan xonimlardan biri nikoh to'yining 25 yilligini Minskda faoliyat yuritadigan o'zbek choyxonasida nishonlaganini, mazkur o'zbek choyxonasiga kirish har bir belarusning orzusi ekanini aytganda juda quvongan edim.
Keyinchalik bu mavzuga qiziqib, surishtirganimda dunyoning har bir davlatida o'zbek oshxonalari faoliyat yuritishini bildim. Hatto AQShda Samarqand noni pishirib sotishlari va uning har biri bahosi 2 dollar ekanidan hayratlandim.
Bugun esa yurtimizda gastronomik turizm borasidagi imkoniyatlarimizni yanada kengroq namoyon etish uchun “Gastro Bazar-2019” I-Xalqaro gastronomik festivali boshlandi.
Mirtolib Mirzohidov,
Butunjahon turizm tashkilotining “Ipak yo'li ofisi” direktori:
– Keyingi yillarda xorijiy mamlakatlarda o'zbek restoranlarining soni oshib bormoqda. Birgina Moskva shahrida 300 ortiq restoranda o'zbek oshxonasi mavjud. Nyu-York, Berlin, Frankfurt, London, Los-Anjelos, Dubay, Pekin, Seul, Sankt-Peterburg, Riga, Istanbul va boshqa yirik shaharlarda ham faoliyat yuritishi milliy taomlarimizga qiziqish katta ekanidan dalolat.
“O'zbek palovi” YuNESKOning ro'yxatidan joy olgani, o'tgan yili
“O'zbegim” milliy qadriyatlar festivalida 8 tonnalik o'zbek palovining Gennisning rekordlar kitobiga kiritilishi ham millionlab odamlarning O'zbekistonga sayohat qilish va taomlarga bo'lgan qiziqishini oshirdi.
Dmitriy Ilin,
Butunjahon turizm tashkilotining (WTO) affilangan a'zolik dasturi vakili:
To'g'ri dunyoda har bir millatning o'ziga xos taom turlari mavjud. Uni chiroyli qilib, iste'molchiga taqdim etish ham o'ziga xos e'tibor talab etadi. Shu bois dunyoda har yili gastronomik turizm forumi o'tkaziladi. Mana uch kun davomida bunday tadbir O'zbekistonda ham birinchi marta o'tkaziladi. Albatta, bu yaxshi natija berishiga ishonamiz. Vaholanki, birgina palovning har bir viloyatga xos turi va mazasi bor. Italiya, Ispaniya va yoki boshqa davlatlarda ham o'zbek oshxonasi alohida qadrlanadi. Ba'zi hududlar bo'ladi, unda tayyorlanadigan taomlari tufayli mashhur bo'ladi. Surxondaryo tandiri, Jizzax jizi, Andijon palovi haqida men ham bilaman. Boshqalarga ham aytib bera olaman.
Gurkan Bo'ztepe,
Turkiyaning Gastronomik turizm uyushmasi raisi:
 O'zbek oshxonasi dunyo taniydigan, qo'lda sanaladigan mashhur oshxonalar orasida turadi. Shu bois sayyohlarni jalb qilishda imkoniyatlar yetarli. Mazkur yo'nalishga sayyohlar ko'proq mablag' sarflashini Turkiya misolida tahlil qilganmiz. Unga ko'ra, boshqa yo'nalishlar-ziyorat, tog' turizmi uchun kelganlar o'rtacha 174 dollar sarflasa, gastroturizm maqsadida kelganlar o'rtacha 259 dollar xarajat qiladi. Ana shularni hisobga olib, Istanbul yaqinida eng mashhur milliy taomlarimiz tayyorlanib, sotiladigan gastro qishloq barpo etishni boshladik. Unda turk qahvasidan tortib, eng mashhur taomlarini tanovul qilish mumkin. Mazkur qishloqda o'zbek taomlari uchun ham joy ajratib berishimiz mumkin, agar istovchilar bo'lsa.
Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi va Toshkent shahar hokimligi hamkorlikda tashkil etgan “Gastro Bazar-2019” I – Xalqaro gastronomik festivali 11 avgustda yakunlanadi. Unda yurtimizning mashhur restoranlari, qahvaxonalari, tamaddixonalari bilan bir qatorda xorijiy davlat oshpazlari ham ishtirok etmoqda.
Sayyora ShOYEVA, O'zA