Taqdirlash marosimidagi qiziq holat: O'zbekistonlik kinologlar uchinchi emas, ikkinchi o'rin bilan taqdirlandi

0

Moskva viloyatining Dmitrov shahrida Xalqaro armiya o'yinlari doirasida o'tkazilgan “Sodiq do'st” musobaqasi o'z nihoyasiga yetib, unda vakillarimiz 3-o'rinni qo'lga kiritgani haqida xabar bergan edik. Ammo 11 avgust kuni bo'lib o'tgan taqdirlash marosimida qiziq bir holat bo'ldi. Ya'ni unda mamlakatimiz sharafini himoya qilgan yurtdoshlarimiz 3-o'ringa emas, shohsupaning 2-o'riniga munosib ko'rildi, deb xabar bermoqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti.

Gap shundaki, yakunda O'zbekiston bilan Belarus jamoalari deyarli teng ball yig'ishgan edi. Shunga ko'ra, birinchi o'rinni Rossiya Federatsiyasi, ikkinchi o'rinni Belarus va uchinchi o'rinni O'zbekiston jamoasi qo'lga kiritgani oydinlashdi. Ammo 11 avgustda bo'lib o'tgan taqdirlash marosimida mamlakatimiz nomidan qatnashgan shartnoma bo'yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Sodiq Dilmurodovning “Klift” laqabli xizmat iti bilan rekord o'rnatgani hakamlar hay'tining qarori o'zgarishiga sabab bo'ldi!

– Taqdirlash marosimi bo'layotgan payt bizni va Belarus jamoalarini ikkinchi o'rin sohibi, deya e'lon qilishdi, tabiiyki, biz bundan hayratga tushdik, – deydi vakillarimizga rahbarlik qilgan podpolkovnik Ulug'bek Jo'rayev. – Keyin bildikki, o'sha rekordchimiz bizni uchinchi o'rindan ikkinchi o'ringa olib chiqqan ekan. Baribir, yaxshi bo'ldi. Uchinchi o'rin esa o'z-o'zidan ballar hisobida bizdan keyinda kelayotgan Qozog'iston jamoasiga nasib etdi.

Kinologlarimiz va vatandoshlarimizni ushbu g'alaba bilan yana bir bor qutlaymiz!