Saudiya Arabistoni Podshohi qabul marosimi o'tkazdi

0

Kecha, 12 avgust kuni Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud qirollik saroyida ikki muqaddas masjid mehmonlari, hukumat amaldorlari, delegatsiya rahbarlari va ziyoratchilarga xizmat ko'rsatadigan idora rahbarlari uchun qabul marosimini o'tkazdi.

Mazkur tadbirda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi, “Haj – 2019” ishchi guruhi rahbari J.Akramov, O'zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi U.Maqsudov ishtirok etdi.
Qabul marosimi Qur'on tilovati bilan boshlandi.

– Xudo Saudiya Arabistoni Podshohligini ikki muqaddas masjidga va Rahmon mehmonlariga (hojilar) xizmat qilish bilan sharafladi. Qirol Abdulaziz davridan to bugungacha dunyo musulmonlari haj ibodatini qulay sharoitlarda, mukammal ado etishi uchun bor kuch-g'ayratimizni sarflayapmiz. Allohdan amallaringizni qabul bo'lishini, eson-omon o'z yurtingizga yetib olishingizni so'rayman, – dedi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud.

Qabul chog'ida Saudiya Arabistoni Haj va Umra vaziri doktor Muhammad Solih bin Taher Bintin so'zga chiqib, ziyoratchilar va butun dunyo musulmonlarini Qurbon hayiti bilan tabrikladi.

Vazir dunyoning 130 dan ortiq mamlakatidan 170 dan ortiq millat va elat vakillaridan iborat 3 millionga yaqin birodarimiz Arafotda hozir bo'lganini, ularning uchdan bir qismi 70 yoshdan oshgan qariyalar ekanini ma'lumot uchun aytdi. Hojilarning haj amallarini bajarish va xavfsizligini ta'minlash masalasi qirollikning doimiy e'tiborida ekanini ta'kidladi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita
Matbuot xizmati