ShAYTANAT… (133-qism)

0

 

 

* * *

 

O'g'lining odatiga u ba'zan hayron qoladi: mehmon kelsa, boshqa bolalar kabi dasturxon atrofida aylanmaydi. Onasi karovotiga yotqizib qo'ysa, uyqusi kelmasa-da, qarshilik bildirmaydi. Bu holat ba'zan bir, ba'zan ikki soat ham davom etishi mumkin.

Bunaqa paytda Zohid o'g'liga achinib, mehmon ketgach, kech kirib qolgan bo'lsa-da, o'g'lini ko'chaga olib chiqardi. Bugun ham «bir aylantirib kelay» deb o'yladi-yu, ko'cha chiroqlari yoqilmagani sababli fikridan qaytib karavotga engashdi-da, o'g'lining yuzidan o'pdi. O'g'li bundan rohatlanib, ko'zini chirt yumganicha qiqirlab kuldi. Keyin otasining bo'ynidan quchoqlab oldi. «Boqchaga bordingmi, nima yeding, nimalar o'ynading?» kabi savollarga biyron javob bergach, bola otasidan ertak aytib berishni so'radi. Zohid bironta ham ertak bilmasdi. O'g'li ham so'raganida bitta ertak kitob topib o'qib qo'yaman, derdi-yu, ko'chaga chiqqach, unutardi. Hozirgi talabdan so'ng ham shunday ahd diliga tugilib, bolasiga «hozir oying kirib aytib beradi», deb oson qutuldi. Bola onasidan ham ertak eshitolmasligini bilsa-da, bu va'daga ishondi.

Oshxonadagi ishlarini saranjomlagan xotini kirgach, mehmonxonaga chiqdi-da, ustozi tashlab ketgan daftarlardan birini qo'lga oldi. Avvaliga daftarni hafsalasizlik bilan varaqlab, ayrim satrlarni «cho'qilab-cho'qilab» o'qidi. So'ng undagi ma'nolar diqqatini tortib, divanga joylashib o'tirib oldi-da, bir boshdan o'qishga tutundi. «Xotira daftari» deb atalmish yozuvlarning boshlanishi unga qiziq ertak kabi tuyuldi:

«Bir mamlakatning odil va dono podshosi qarilik yoshiga yetgach, taxtni o'g'liga topshirib debdiki:

— Ey ko'zimning nuri, umidim chechagi, bu obod mamlakatni senga topshiryapman, aql bilan ish yuritgin va uning xorlanishiga yo'l qo'yma. Men mamlakat boyligidan tashqari o'zimning boyligimni ham senga topshiraman. To jonim bor ekan, sen bu xazinaning bir misqoliga ham tegmagin. Ollohning huzuriga jo'naganimdan so'ng bu xazinani ochasan-da, miskinlarga ulashib chiqasan. Toki ularning duolaridan ruhim bahramand bo'lgay.

O'g'il ham ota kabi dono ekan. Mamlakatni yaxshi boshqarib, yurtni yanada obod qilib raiyat duosini olibdi. Ammo uning bir odati bor ekanki, na saroy ahli va na shahar ahli tushunarkan. Biron bir kishining «Ey podshohim, bu qilig'ingizni tushunmoqqa aqllarimiz qosirlik qilyapti, bizga buning ma'nosini anglatib qo'ying», demoqqa yuragi betlamas ekan. Vaqtiki kelib, keksa podsho sobiq va sodiq mulozimlarini chorlab, o'g'lining hol-ahvolini so'raganida ular yurak yutib, voqeani bayon qilgan ekanlar. O'g'lining qilig'idan hayratlangan podsho darhol uni chorlatib, bu harakatning ma'nosini so'rabdi. O'g'il farzandlik burchiga rioya qilgan holda debdiki: — Otajon, siz menga xazinangizni vafotingizdan so'ng xalqqa ulashishni vasiyat qilib edingiz. Rosti men bu amrni bajarmoqqa majbur bo'lganim tufayli sizga e'tiroz bildirmoqqa jur'at etmadim. Ammo har tun shaharga chiqqanimda fonus-chiroqni oldinda emas, orqa tomonda olib yurmoqni amr etdim. Sababki, vafotidan so'ng ehson ulashmoq qora tunda chiroqni orqa tomonda yoritib bormoq kabi emasmi? Orqa tomondagi fonus yorug'idan yo'lovchiga na foyda, oldinda yoqib bormoq afzal emasmikin?

Ota o'g'lining bu tadbiridan quvonib, xazinani o'zi ulashgan ekan.

Qissadan hissa: bizning tarix qatlarida yashirinib yotgan qancha boyliklarimiz bor? Ularni xalqqa qachon ulashamiz? Fonusni old tomonda yoqib, yorug' yo'l ko'rsatish kuniga  qachon yetamiz? Xolidiylar chiroqni oldinga olishga yo'l qo'yisharmikin?»

«Bir kar odamning ho'kizi yo'qolib qolibdi. Ko'chada qidirib yurib yana ham karroq odamga duch kelibdi. Ittifoqo bu odam ertalab eshak topib olgan ekan. Kar odam ho'kizi yo'qolganini aytib, uning shoxlari-yu, dumlarining ta'rifini keltiribdi. Karroq odam unga javoban:

— Ha, to'g'ri, men eshagingni topib qo'yganman, suyunchini berginu olib ketaver, — debdi.

Kar odam esa yana ho'kizining ta'rifini qilaveribdi. Shu holda gap talashib turishganda eshagiga bir juvonni mingashtirib olgan oqsoqol ko'rinibdi. Qarangki, oqsoqol ulardan-da karroq ekan. Yo'lni to'sib, biri ho'kiz, biri eshak haqida tinmay gapirayotgan odamlarga qarab «Xotinni olib qo'yishmoqchi shekilli», deb o'ylab:

— Yaqinda xotinim o'ldi. Bu juvon begona emas, xotinimning cho'risi edi, — debdi.

Xullas, uchovi uch xil gapirib, bahslashib, haqiqat istab qoziga kelibdilar. Xudoning qudratini qarangki, qozi ulardan battar kar ekan. Ramazon oyi yaqinlashib qolgan, agar yangi oy ko'rinsa nog'oralar chalinib, elga ma'lum qilinishi kerak edi. Qozi ularning tinmay, bir-birlariga gap bermayotganlaridan «Ha, ular yangi oy chiqqanini ko'rishibdi-da,», degan qarorga kelib, xizmatkorlariga buyuribdi:

— Hoy, nog'oralarni chalinglar, ertaga sahardan ro'za!

Qissadan hissa: Bizning barchamiz kar bo'lib qolganmiz. Birimizning gapimizni ikkinchimiz anglamaymiz. O'zimizning karligimiz kamlik qilganday tariximizni ham soqov qilib qo'yganmiz. Biz tarixning tiliga kishan urganmiz. O'zimizga kerak paytida kishanni yechib, gapirtiramiz, keyin esa yana mahkamlaymiz. Shunaqa paytda karligimizni ham unutamiz. «Eng kichkina ilmiy xodim» mening bu fikrimni qo'llamadi. «Tog'da bir keksa chinor ko'ruvdim, — deydi u. — Odamlar gulxan yoqaverib daraxtning badanini o'yib yuborishibdi. Uzoqdan qarasangiz daraxt tili sug'urib olingan odamga o'xshaydi. Bizning tariximiz ham shunaqa.»

Sobirjonning ta'rifida jon bor. Ammo… til o'sib chiqarmikin?..»

«Qayta qurib yotibmiz… Nimani? Buni hech kim bilmaydi. Xalq ashula ham to'qib qo'yibdi: «Mamlakat bo'ylab qilar yurish — Misha, Raya va qayta qurish…» Qayta qurishdan faqat shu ashula qolsa kerak.

Kunlarning birida xo'roz bilan it do'stlashib, o'zlari uchun qishloq qurmoqchi bo'libdilar-da, o'rmonga borib, joy tanlabdilar.

— Men qurishni bilmayman, sen-chi? — deb so'rabdi it.

— Men ham bilmayman, — debdi xo'roz.

— Unda qishloqni qanday quramiz? — deb ajablanibdi it.

— Juda oson: sen vovullayverasan, men tuproq titib qichqiraveraman. U yog'i yana bir gap bo'lar, — debdi xo'roz.

Bu taklif itga ma'qul kelib «ish» boshlashibdi. Bir ozdan so'ng charchashgach, it dam olib, xo'roz poyloqchilik qilibdi. Shu onda tulki xo'rozni ko'rib qolib, unga yaqinlashibdi-da, «nima qilyapsan?» deb so'rabdi.

— Biz bu yerda qishloq quryapmiz, — debdi xo'roz.

— Meniyam ishga olgin, men judayam zo'r quruvchiman, — deb yalinibdi tulki.

— Yaxshi, — debdi xo'roz. — Hov anavi butaning orqasida ishboshi dam olyapti. Borib uchrash, «xo'roz aytdi», desang ishga oladi.

«Ayyor» deb nom olgan tulki shu onda nodonlik qilib itga tashlanib, dumdan ayrilib qochibdi. Bir balandlikka chiqib olgach, «quruvchilar»ga debdi:

— Men-ku, laqmaligim tufayli dumdan ayrildim, endi isnodga qolaman. Sizlarning nodonligingiz oqibatidagi sharmandalik bundan kam bo'lmasov…

Qissadan hissa: Tulki bir ahmoq hayvon, gapiraveradi. Biz ham xo'roz emasmiz. Qayta quramiz, dedikmi, quramiz. Ammo nimani? Qayta qurishga ovora bo'lgandan ko'ra buzib tashlay qolingani afzal emasmikin?

«Bir podsho» hayotni o'rganib kel», deb o'g'lini dunyo safariga yuboribdi. Oradan oylar o'tib, shahzoda saroyga kirib kelib, bir kaftida tuproq, yana birida tosh bilan otasiga ro'para bo'libdi.

— Dunyo kezib topganing shu bo'ldimi? — deb ranjibdi podsho. — Xo'sh, bulardan qanday ma'no uqmog'im kerak?

— Podsho qanchalar ulug', qanchalar qudratli bo'lmasin, u tuproqdan yaralgan va oqibat yana tuproqqa aylangusi. Shunday ekan, to asliga qaytguniga qadar Ollohga maqbul ishlarni qilishi, ya'ni ra'iyatga mehr-muhabbatda bo'lmog'i shart ekan.

Toshning ma'nosi esa: xazinadan yaxshilik yo'lida foydalanilmas ekan, undagi oltin-u, javharlarning qadri bilan bu tosh-ning qiymati bir xildir, — deb shahzoda rivoyat aytibdi:

— Bir odam dalaga chiqib xurjun to'la oltinni ko'mib qo'yibdi-da, xazina ko'milgan yerni har kuni ziyorat qilaveribdi. Qo'shnisi uning bu qilig'idan ajablanib, u havas bilan tikilib turadigan joyni kavlab oltinlarni olibdi-yu, o'rnini tosh bilan to'ldiribdi. Boylik egasi kunlarning birida oltinlarini silab, rohatlanish maqsadida yerni kavlasaki, oltin yo'q!

Alamdan dod solib turganida qo'shnisi yaqinlashib ne hol yuz berganini so'rabdi.

— Oltinlarimni sarf qilmay ko'mib qo'ygan edim, o'g'irlab, o'rniga tosh qo'yib ketishibdi, — deb javob beribdi boylik egasi.

— Bekorga yig'layapsan, — debdi qo'shnisi. — Sen kuyinmagin-da toshni joyiga ko'mib qo'yaver. Sarf qilmaganingdan keyin bu chuqurchaga oltin ko'milganmi yo toshmi, senga nima farqi bor?»

O'g'lidan bu rivoyatni eshitgan podsho achchiqlanibdi-da:

— Demak, seningcha boylik to'plab, saqlash shart emas ekan-da? — debdi.

— Boylikka ega bo'lmaslik yomon, boylikka ega bo'la turib undan oqillik bilan foydalana olmaslik undan-da yomonroq, — deb javob qilgan ekan dono shahzoda.

Qissadan hissa: Tarix oltindan qimmat boylikdir. Biz o'z oltinlarimizni ko'mib qo'yganmiz.

Ovrupolik olimlar esa uni olib istaganlaricha istifoda etyaptilar. Oltinlarimizdan foydalanish o'zimizga ham nasib etarmikin?..»

Zohid bu yozuvlarni o'qib, o'ylanib qoldi. Ko'z oldiga Anvar keldi. Oxirgi uchrashuvlarida Anvar «Jamshidning o'limi bilan shug'ullanadigan odamga tayinlab qo'ying: Elchindan gumon qilib yurmasin, ig'volarga uchmasin, Asadbekdan har baloni kutish mumkin-da.

Ko'r hassasini bir marta yo'qotar ekan, ko'zi ochiqlar ikki marta yo'qotmasin tag'in…» degan edi. Elchin otildi, Jamshid esa tirik, Anvar o'zini osdi… «Asadbekdan har baloni kutish mumkin…» Zohidga bu uch taqdir iplarida bir bog'liqlik borday tuyuldi. Lekin qancha o'ylamasin, fikrlarini jamlay olmadi.

«Ikki marta jinnixonaga tushgan. Ikkinchisida o'zini osgan… — deb o'yladi u. — Shunday aqlga ega odam jinnixonada o'zini ossa, nima bu, aqllilik balosimi?..»

Zohid bu savolga javob topa olmadi.

 

***

 

Jalil «Shorasul aka ikkovimizni o'z o'g'liday ko'rar edi, bel bog'lamasak ham borib turaylik», dedi. Asadbek o'rtog'ining donoligidan g'ashi kelib «Ehtiyot bo'l, aqling oshib-toshib ketmasin», demoqchi bo'ldi-yu, «Gap talashish fursati emas», degan fikrda tilini tiya qoldi.

— Bir narsaga e'tibor bermagan ekanman, bugun aqlimga kelib qoldi, — dedi Jalil mashinaga o'tirgach. Asadbek «Yana nimaga e'tibor bermabsan?» degan ma'noda unga qarab qo'ydi.

— Shorasul aka ota ulfatdan oxirgilari ekanlar. Adalarimizning oshnalari tamoman o'lib bitdi. Eng ko'p yashagan shu Shorasul aka ekanlar. Eng uzoq umr ham, eng og'ir hayot ham shu Shorasul akaga atalgan ekan.

— Bunaqa uzoq umr bergandan ko'ra Xudo ikkita o'g'il bera qolsa yaxshi edi.

— Sen unaqa dema, Xudoning ishlariga aralashma, tavba qil, — dedi Jalil.

— Xudoning ishlariga aralashayotganim yo'q. Shu odamning ikkita o'g'li yashab qolsa, yaxshi bo'lardi, deyapman. Senga o'xshagan kindigini o'zi kesadiganlardan bo'lsa ham mayliydi.

Bu gapni eshitib Halimjon ko'zgu orqali orqaga qaragan edi, baloga qoldi. Jalil:

— Sen bola menga emas, yo'lga qara, — deb jerkib berdi.

Shorasul akanikiga borishgach, Jalil keldi-ketdi bilan ovora bo'ldi. Asadbek ko'rpacha to'shalgan o'rindiqdan joy oldi. Shorasul akani ko'mib kelganlar uzoq o'tirmay, tarqalishdi. Fotihachilar ham kam keldi. Asadbek siqilib, bir soatga arang chidadi.

O'rnidan turib, «ketyapman» degan ma'noda Jalilga imlab qo'ydi. Uch-to'rt qadam qo'ymay To'xtaxonning eri chaqirdi. Asadbek janozada paydo bo'lganidan beri kuyov u bilan gaplashishga fursat izlardi. Asadbek uning besaranjom ko'zlaridan maqsadini anglagan edi. U chaqiriqqa binoan to'xtab, g'ashlangan holda o'girildi.

— Bek aka, kechirasiz, sizdan bir narsa so'ramoqchiydim. — Kuyov Asadbekdan «Nima gapingiz bor, aytavering», degan sado kutdi. Asadbekning norozi qiyofasidan bunday lutf qilinmasligini anglab, maqsadini aytishga shoshildi: — Bek aka, uch kundan keyin uyni bo'shatishsin debsiz?

— Uyning xo'jayini men emasman. Qaynotangning hohishi shunaqa bo'lgan. Uch kunni men qo'shib berdim.

— Bek aka, biz qayoqqa boramiz, bola-chaqa bilan kimnikiga sig'amiz?

Zorlanish bilan aytilgan bu gapdan Asadbekning g'ashi keldi. «Senam erkakmisan!» deb tupurmoqchi bo'ldi. Darvoza og'zida turgan To'xtaxon bilan Jalilga ko'zi tushib, o'zini bosdi-da:

— Qaerdan kelgan bo'lsang, o'sha yoqqa borasan, — deb orqasiga o'girildi. Asadbekning odatini bilmagan kuyov nodonlik qilib yana gapirdi:

— Bu uyda To'xtaxonning ham haqqi bor.

Bir qadam qo'ygan Asadbek bu gapni eshitib to'xtadi-yu, ammo uning basharasiga qarashni, bir nima de-yishni istamadi. Yo'lida davom etib, yana uch qadam qo'ygach, orqadan To'xtaxonning ovozini eshitdi:

— Asad aka, to'xtang, orani ochiq qilib keting.

Asadbek to'xtab, yarim o'girildi-da, juvonning yonida turgan Jalilga qarab:

— Bularga tushuntirib qo'y: to'rt tomonlari qib-la, — dedi.

— Yuringlar, buni keyinroq gaplashamiz, hozir mavridi emas, — dedi Jalil, ziddiyatni yumshatish maqsadida.

— Yo'q, — dedi To'xtaxon bo'sh kelmay, — otamning uyiga bu odam nega xo'jayinlik qiladi? Sadir sariqqa rahmlari kelsa, ana o'zlarining uylari bo'm-bo'sh, xangillab yotibdi, bersinlar.

Asadbek unga g'azab bilan tikildi-yu, bir yutinib qo'yib, teskari qaradi.

— To'xta bo'ldi, yur, bu ishga Asad akangning dahli yo'q, u sira aralashmagan, bu adangning vasiyatlari.

— Vasiyat bo'lsa qog'oz ko'rsatsinlar.

— Bo'ldi qil-e, buncha shang'illaysan! — Jalil jerkib, juvonning yengidan siltab tortdi: — Bor, uyga kir.

To'xtaxon Jalilning amriga bo'ysinib orqasiga o'girilishga o'girildi-yu, ammo tilini tiymadi:

— Qorinlari to'yib qolgan bularning. Adamning nonlari bo'lmaganida qirilib ketishardi…

Ming'irlab aytilgan bu so'z o'qlarining barchasi Asadbekning yuragiga sanchilib, qalqitib yubordi. Jalil epchillik qilib o'rtaga tushmaganida To'xtaxon shart o'girilgan Asadbekning tepkisini yeb qolishi tayin edi.

— Past ketma! Bular pastkash, sen ularga teng kelma! — deb baqirdi Jalil.

Asadbek g'azabini yutib, o'girildi-da, bu safar tez-tez yurib ketdi. Mashinaga o'tirgach,

Halimjonga:

— Akangni chaqir, — deb buyurdi. Jalil kelgach: — Uch kundan keyin bularni shaharda ko'rmay, ko'rsam, uvoli sening bo'yningga, — dedi. Keyin Jalilga bir so'z aytishga ham fursat bermay Halimjonga «Hayda!» deb buyurdi.

Har nechuk To'xtaxon bilan kuyov bolaning taxti bo'lmasa-da, baxti bor ekan. Chol bundan ikki-uch oy avvalroq qaytish qilib, bu mojaro o'shanda yuz berganida ikkovining sho'ri yomon qurirdi. Hozir Jalilning zimmasiga yuklangan vazifa Kesakpolvonga yoki Chuvrindiga aytilardi. Shunda ijro ham boshqacharoq bo'lardi. Asadbek g'azablangan kezlari Kesakpolvonga qay tarzda, qay ohangda amrlar qilgan bo'lsa, hozir o'zi bilmagani holda aynan shu ohangda buyurdi. Mashina bir oz yurib, o'zi sal hovurdan tushgach, «Jalilga bunaqa deyishim kerakmas edi. Baribir eplolmaydi. Lekin gapni ko'paytirib yuboradi. «Shaharga xo'jayin bo'lsang ham bunaqa qilishga haqqing yo'q», deb boshlarimni og'ritadi hali. Buni Jamshidga buyurishim kerak, imi-jimida to'g'irlaydi», deb qo'ydi.

Asadbek o'zicha haqiqat yo'lida bir ish qilib qaytayotgan edi. Ilgarilari ham biron bir masala xususida hukm chiqarsa, yoinki biron bir kishining taqdirini hal etsa «Ish haqiqat yo'rig'icha, vijdonan bo'ldi», deb hisoblardi. Ammo ko'p hollarda u yanglishardi. Chunki u haqiqat degan narsa aslida haqiqat emas, to'g'rilik degan narsa to'g'rilik ham emasdi.

U vijdon deb hisoblaydigan narsa aslida insoniy vijdon emasdi. Chunki zulm bilan vijdon bir tanada, bir qalbda yashay olmasligi oyday ravshan.

Bu safargi zulmga Asadbekni ayblamoq insofdan emasdir. Chunki bu zulmni To'xtaxon bilan kuyovning o'zlari befarosatsizliklari tufayli sotib oldilar. Ular haqlarini talab qilib, nohaqlikning achchiq suvini ichib, qiynalishga erishdilar. Agar oradan uch kunni o'tkazib, keyin «Mayli, otamning vasiyatlariga qarshi bormaylik, uyga da'voyimiz yo'q, lekin bola-chaqamiz bilan ko'chada qolmaylik», deyishganida masalaning boshqacha hal bo'lishi aniq edi.

Insonni har baloga giriftor etuvchi til bir oilani boshpanasiz qoldirdi.

Asadbek uyiga ana shu ko'ngilxiralik bilan qaytdi. Avval o'g'illari, so'ng kelinlari chiqib salom berishgach, bu g'ashlik bir oz ko'tarilgandek bo'ldi. Ayniqsa kelinlarning shirin talaffuzda so'zlashishlari, salomni ham dilni erituvchi ohang bilan berishlari Asadbekning qorong'u ko'nglini yoritguvchi chiroqdek edi. Kelinlaridan shodlanishi barobarinda «shunday ajoyib qizlarni uzoq, notanish yurtga uzatgan qudalaridan ajablanardi.

Zaynabni uzatganida necha kun bir narsasini yo'qotgan odam kabi garangsib yurgan edi.

Zaynabi shundaygina qanoti ostida, istagan onida ko'rib, sog'inch dardiga malham topishi oson edi. Qudalari qanday chidashayotgan ekan?

Janozadan qaytgan Asadbek kelinlarining salomidan rohatlandi, ammo bu safar qudalarining sog'inchini o'ylamadi. Zaynab kasalxonadan qaytgach, Manzura kirib, yoshlarning shahar aylanib kelish uchun ruxsat so'rashayotganini aytdi. Ijozatdan shodlangan yoshlar ketishgach, Manzura «ovqatni suzaveraymi?» deb so'radi. Asadbek kelgan mahalida xuddi shu savolga «qornim to'q» deb javob bergan edi. Bu safar Manzuraning ovqatlanishni kutayotganini fahmlab, ishtahasi bo'lmasa-da, «hozir chiqaman, suzaver», dedi.

Xotinining ra'yini qaytarmaslik uchun qozonkabobdan kichikroq bir qovurg'ani olib ermak qildi. Manzuraning ishtahasi ham erinikiga bog'liq edi. Asadbek ishtaha bilan ovqatlansa, u ham ko'ngli tusaganicha yerdi.

(davomi bor)

Tohir MALIK

 

loading...