ShAYTANAT… (134-qism)

0

 

 

* * *

 

Bu safar ham odati kanda bo'lmadi, qo'lga olingan qovurg'aning yarmi ham yeyilmadi. «Sen yeyaver, qornim to'q», degan da'vatga «Bolalar bilan yedim», degan yolg'on javob ovqatlanish jarayoniga yakun yasay qoldi.

Asadbek qo'lini sochiqqa artgach, Manzura choy qu-yib uzatdi-da: — Qamar aka chiquvdilar, — deb «nimaga chiqqanlarini aytaveraymi?» deganday savol nazari bilan qaradi.

— Tinchlikmi, nimaga chiqibdi? — deb so'radi Asadbek.

— Sizda maslahatli ishlari bor ekan.

— Senga aytmadimi?

— Bir uchini chiqarganday bo'ldilar.

— Qani, sen ham o'sha uchini chiqar-chi?

— Uyni sotishmoqchimishmi?

— Nega?

— Uchta o'g'ilni uyli-joyli qilishga qiynalishayotganga o'xshashadi. Kenjalarini uylay desalar ortiqcha xona yo'q. Hukumatning uylaridan ikki xona-ikki xonali qilibmi sotib olishsa kerak. Samadingiz gaplashayotgandi. Qamar aka hamma dardlarini unga aytgandirlar, xotin kishiga aytarmidilar.

Asadbek xotinining gaplarini eshitib «Bugun faqat uy mojarosi bo'ladigan kun ekanmi?» deb qo'y- di-yu, qo'shnining dardiga oid biron so'z aytmadi.

Choy og'ziga bemaza tuyulib, piyolani dasturxon ustiga astalik bilan qo'ydi. Avvalgi davrlari bo'lganda «nima balo, xashak solib damlaganmisan?» deb to'ng'illar yoki piyolani do'q etib qo'yar, yoinki jahli chiqib turgan bo'lsa, choyni sepib yuborardi.

Shunda xotin bechora hadik bilan sapchib turib, boshqa choynakda choy damlab kelardi.

Ammo yangi damlangan choydan ham ichilmasdi. Chunki aslida choy bemaza emas, kayfiyatning mazasi bo'lmasdi. Asadbek g'azab otidan tushgani bilan ko'ngli na ovqat, na choy tusardi. Er-xotin dam-badam bir-birlariga qarab qo'yib, jimgina o'tirishardi.

Asadbek jag'i-jag'iga tegmaydiganlarga toqat qilolmas, xotinining kamgapligidan mamnun yurardi. Biroq, hozirgiday hollarda uning gapirib o'tirishini istadi. «Nimani gapirsa ham mayli, javrab tursa bas», deb xotiniga umid bilan qaradi. Yo'q, Manzura javramadi. Mo''minalik libosini yechmadi. Ilgari ham, ayniqsa Zaynabning to'yidan so'ng mana shu tarzda ikkovlon ko'p yolg'iz o'tirishardi. Lekni unda Asadbek yolg'izlik to'rida siqilmasdi. Hozir siqildi, yomon siqildi.

— Adasi, choyingiz sovidi, qaynog'idan quyaymi? — Manzura shunday deb piyolaga qo'l uzatdi.

Asadbek «Yo'q, kerakmas», degan ma'noda kaftini piyola ustiga qo'ydi. Keyin ma'suma xotiniga qaradi-da:

— Manzur, yoshligimizda biz ham shahar aylangani chiqarmidik? — deb so'radi.

Kutilmagan bu savoldan Manzura gangib:

— Voy, shaharning nimasini aylanardik? — de-di.

— Ha endi, mundog' «aylantirib» deyiladimi yo «o'ynatib» deyiladimi, marojniy-parojniy olib berganmanmi? Mana, bolalaring ketishdi-ku?

— Bularning zamoni boshqa, bizniki boshqa edi, adasi.

— Bo'pti, bor, kiyinib chiq. Biz ham yangi zamonni bir ko'raylik.

Asadbek «Manzur» deb gap boshlaganida u bir ajablangan edi. Chunki eri asosan unga «hey» deb murojaat etar, mehmon huzurida esa «onasi» der, juda kam hollardagina erkalaguvchi samimiy ohangda «Manzur» deb chaqirardi. Dastlabki ajablanishi so'nmay turib sayrga taklif etilishi unga g'alati tuyuldi. Eriga «hazillashayapsizmi, adasi?» degan ma'noda qarab, baloga qolay dedi.

— Imillamasang-chi, tur tezroq, — dedi Asadbek po'pisa ohangida.

Bitta mashinani Abdusamad, ikkinchisini Halimjon haydab, yoshlarni sayrga olib ketishgan edi. Manzura amrga itoat etib o'rnidan turdi-yu, «Mashina yo'qligini adasi unutdilarmikin», degan xayolda:

— Mashina… — deb gap boshlagan edi, «Ishing bo'lmasin», degan qo'pol javobni eshitdi.

Asadbekning bu qilig'i Manzuragagina emas, boloxonadagi yigitlarga ham g'alati tuyuldi.

Ulardan biri shoshganicha pastga tushdi, ko'chada xotinining yonida xotirjam borayotgan xojasi izidan bir oz tikildi. Asadbek hech qachon mashinasiz ko'chaga chiqmasdi. Biror yoqqa ketayotgan bo'lsa darvozadan chiqish oldida ularga nimadir deb qo'yardi.

Yigit picha tek turgach, sodiq mulozimlik vazifasini bajarib, sakkiz-o'n qadamlik masofani saqlagan holda izma-iz yura boshladi. Buni sezgan Asadbek to'xtab, orqasiga o'girildi.

Yigit ham to'xtagan edi, imlab chaqirdi-da, u yaqinlashgach: — Izimdan yurma, — dedi. — Halim akang kelsa, ayt, uyiga ketaversin. — Asadbek biroz o'ylandi-da, qo'shib qo'ydi: — Akalaring kelishganidan keyin senlar ham uylaringga ketaverlaring. Ertalab Haydar akangga uchrashsalaring, bundan bu yog'iga nima ish qilishlaringni aytadi.

Yigit «xo'p» dedi-yu, ammo hayronligini yashirmay, qarab turaverdi.

— Ha, gapimga tushunmadingmi? — dedi Asadbek, qoshlarini chimirib.

— Tushundim, Bek aka… Hovli… yolg'iz qoladimi?

— Sen tashvishlanma, ketaver, bizni bo'ri yermidi, akasi.

Yigit iziga qaytgach, er-xotin katta ko'chaga chiqishdi.

— Mashina to'xtat, — dedi Asadbek, keyin kulimsirab qo'shib qo'ydi: — xotinlarga to'xtashi oson- roq.

Mashinalarning to'xtashi oson bo'lmasa-da, chetroqda turgan Asadbek g'ashlanmadi.

Kuzatib turaverdi. Aksincha Manzura «Noshud!» deb so'kib qolmasalar edi, deb tashvishlandi.

Nihoyat, bir mashina to'xtagach, Asadbek yaqinlashib, manzilni aytdi:

— Anhor bo'yiga.

— Qancha berasiz? — dedi haydovchi.

Asadbek unga javob bermay, Manzura uchun orqa eshikni ochdi-da, o'zi old o'rindiqqa o'tirdi.

— Akajon, kira haqqini kelishmadik-ku? — dedi haydovchi.

— Sen avval olib borib qo'y, kelishaveramiz, — dedi Asadbek eshikni yopib.

— Hisobli do'st ayrilmas, degan gaplar bor.

— Menga do'stmisan hali, unda tekinga olib borib qo'yasan. Men do'stlarimga pul bermayman.

— Endi aka…

— Bo'ldi, mijg'ovlik qilma. Pul ishlaydigan odam shunaqa imijiqi bo'ladimi, e so'tak! —

Asadbek achchiqlanib, cho'ntagidan o'n so'mlik chiqardi-da uning tizzasi ustiga tashladi.

«So'tak» deyilganiga ichi og'rib bir nima demoqchi bo'lgan haydovchi o'n so'mlikni ko'rib, tilini tishlay qoldi. O'zicha hisobni to'g'rilab qo'ydi, ikki so'mi kira haqqi, sakkiz so'mi «so'tak» deb haqorat qilgani uchun jarima…

Anhor bo'ylab yurish Manzura uchungina emas, Asadbekning o'ziga ham dastlab g'alati tuyuldi. Atrofga qarab yengil tortdi: quchoqlashguday bo'lib bir-birining pinjiga kirib borayotgan yoshlardan tashqari chol-kampirlar ham, bolalarini o'ynatgani olib chiqqan juvonlar ham sayr qilishardi. Birovning boshqasi bilan ishi yo'q… Hech kimning, jumladan, Asadbekning soyadek ilashib yuradigan qo'riqchilari ham yo'q. Shunday yashasa ham bo'lar ekan-ku? Erkin hayot deb shunga aytilmaydimi?

— Manzur, bundan bu yog'iga boloxonada odam o'tirmaydi, — dedi Asadbek.

Bu yangilikni eshitib, Manzura beixtiyor «voy» deb yubordi.

— Qo'rqasanmi? — deb so'radi Asadbek.

— Yo'g'-a, nimadan qo'rqaman, — dedi Manzura.

— Endi kelinlar bor, tepadan ko'zlarini lo'q qilib o'tirishi menga yoqmayapti.

— To'g'ri qilasiz, adasi, kelinlaringiz ham «bu-lar nima qilib o'tirishadi», deb hayron bo'lishuv- di.

— Shunaqami? Sen nima deding?

— Bular qarindoshlarimiz, institutga kirishga dars tayyorlab o'tirishadi, dedim.

— Boplabsan-ku, shu paytda institutga kiradimi?

— Nima deyishim kerak edi?

— Ha, mayli, institutga kirmaydigan bo'lib, qaytib ketishdi, deb qo'yasan endi, — dedi Asadbek kulib.

Shundan so'ng gap xaltasi bo'shab qolganday indamay ketishdi. Bunday yurish Asadbekka yoqmay:

— U tomonlarda hayot qanday ekan, aytib ham bermading, a? — dedi.

— Mavridi bo'lmadi-ku, — dedi Manzura aybli ohangda.

— Odamlarining muomalasi qanaqa ekan?

— Tillariga tushunmasam… Lekin qo'ni-qo'shni bir-birini tanimas ekan, oqibat ham qilmas ekan.

— Qo'ni-qo'shnilarning bir-birlarini tanimaganlari ham ma'qul. Tinch yashashadi, g'iybat qilishmaydi.

— Voy qo'ying-e, yomon bo'lsa ham qo'shnining bori yaxshi.

— Sen o'sha tomonlarda qolib yashagan bo'larmi- ding? — deb o'smoqchilab so'radi Asadbek.

— O'lsam ham yashamasman.

— Kelinlaring o'yimizga ketamiz, deyishsa, o'g'illaring ularga qo'shilib jo'nashsa-chi?

— Voy, nafasingizni issiq qiling-a, tavba deng, o'zim yuragim hilvillab turibdi. Bunaqa gaplarni boshqa gapirmang, — keyingi so'zlarni aytayotganida Manzuraning ovozi titradi. Asadbek uni ovutish maqsadida yelkasiga qo'lini tashladi. Manzura bundan cho'chib, o'zini chetga oldi:

— Voy, nima qilyapsiz?

— Ha, nima qilibman, — dedi Asadbek, — o'zimning happai-halol xotinimsan. Ana, qara, hamma shunaqa yuribdi.

— Qo'ying-e, qariganda…

— Men hali qarimadim. — Asadbek shunday deb xotinini qo'ltiqladi. Bu safar Manzura o'zini olib qochmadi.

Kun bo'yi mashriqda ivirsib yurgan qo'ng'ir bulut parchalari shomga yaqin birlashib, quyoshni bag'riga oldi. Shuni kutib turgan izg'irin qo'zg'olib, bahorning totli nafasini bo'g'di. Izg'irin anhor sohili bo'ylab cho'zilgan sayrgohga ham hukmini o'tkaza boshlagach, bolalarini o'ynatgani olib chiqqan juvonlar uylariga shoshildilar. So'ng keksalar ko'rinmay qolishdi. Unda-bunda, daraxt panalarida qorong'u tushishini intiq kutayotgan juft-juft yoshlargina qolishdi.

Erining yonida asta yurib borayotgan Manzuraga bu sayr xush yoqayotgan bo'lsa-da, ko'nglining bir chekkasini g'ashlik so'nasi kemirib yotardi. U eridagi bu o'zgarish sababini bilishni istardi. «Bir tog'ning o'z o'rnidan qo'zg'alib, boshqa yerga ko'chganini eshitsangiz ishoning-u, biroq, odamning fe'l-tabiati, qalbi o'zgaribdi, deyilsa inonmangiz», deyilmish ekan. Shunga ko'ra eridagi bu o'zgarishning yaxshilik nishonasi ekaniga Manzurada gumon bor edi.

Xotinlar davra quruvchi ziyofatlarda ayrim juvonlar «Shunday odamning xotini-ya!

Egani oldinda, yemagani ortida, aytgani aytgan, degani degan. Munchalar baxtli ekan-a, bu ayol!» deb havas qilishsa, Manzura chindan ham baxt egasi singari jilmayib qo'yardi. Holbuki, baxtlimi yoki baxtsiz ekanini o'zi ham aniq bilmasdi.

Agar ayolning ustara tig'i ustida yashashi baxt de-yilsa — Manzura rostdan ham baxtli.

Erining har bir xatti-harakatini hadik bilan kuzatish, kechki payt eri ostona hatlab hovliga kirib kelguniga qadar ming turli havotir tikanlari ustida yalangoyoq yugurmoq agar baxt deyilsa — Manzuradan o'zga baxtliroq ayol yo'qdir.

Agar eri uyga qaytmagan tunlari beshikni quchoqlab, tiq etgan tovushga hadik bilan quloq tutish, tong-ni o'zi beva, bolasi yetim holida kutib olmasligi uchun Xudoga nolalar qilib chiqmoqlik baxt deyilsa — haqiqiy baxt egasi aynan Manzuradir.

Agar baxt faqat yemoq, ichmoq, o'ynamoq, kulmoqdan iborat bo'lsa — Manzuraga havas qilsa yarashadi.

Shunday tarozi bo'lsa-yu, uning bir pallasiga yemoq, ichmoq, kiyinmoq saodati, ikkinchisiga turmush tashvishlari-yu, g'am ko'lankalari qo'yilsa balki baxt haqiqati ayon bo'lar?

Agar dunyo aylanib, Manzuraning kelinlik onlari qaytsa-yu, deyilsakim: «Tanla, umring shu eski hovlida o'tsinmi yoinki yangi, dang'illama imoratda, zebu ziynatlar ichida yashashni istaysanmi?»

Manzura shubhasiz, qaynona-qaynotasining umri o'tgan, erining kindik qoni to'kilgan shu eski hovlini, bir tishlam nonni betashvish yemoq baxtini tanlagan bo'lardi. Ne g'amki, insonga, ayniqsa o'zbek ayoliga bunday tanlash huquqi berilmagan…

Hozir ham bu kutilmagan sayrga erining xohishi bilan chiqdi. Qovushmagan suhbat bilan ovunib borayotgan Manzuraning zimiston ko'ngli shomni dog'da qoldirgan qorong'ulikka monand ravishda yanada qoraroq chodirga burkalayotgan edi. O'g'illarini Moskvada qoldirib kelganidan beri tutqun qush singari potirla-yotgan yuragi tag'in ham yorilib ketmaydi. Xudo tag'in ham sabr beryapti. Bugundan e'tiboran hovlilarida poyloqchilarning bo'lmasligi ham uning bezovta yuragini timdalayverdi. U erining gapiga ishonganday ko'rinsa-da, bu harakat zamiriga kutilmagan shumliklar yashiringanini sezib turardi. Asadbek «Sen o'sha tomonlarda yashagan bo'larmiding?» deb o'smoqchilab so'raganida go'yo eri «hozir uyga borib narsalarni yig'ishtir, erta-indin o'sha yoqqa ko'chamiz», deb buyurganday yengil titrab oldi. Qo'shnilarning beoqibatligi xususidagi taassurotidan so'ng gaplari tugab qolganday bir oz jim yurdi. So'ng muhim narsani eslaganday:

— Restoranlarda ovqat yeyishni yaxshi ko'rishar- kan, — deb qo'ydi.

— Xotinlarini avaylashadi-da, — Asadbek shunday deb Manzuraga qarab qo'ydi. Xuddi xotini «Siz nima uchun meni avaylamaysiz?» deganday bo'ldi. Asadbek qudalaridan farqli o'laroq, restoranlarga Manzurasiz borardi. Restoranda o'tuvchi to'y-hashamga birga kelishsa ham ayri-ayri o'tirishardi. Yangi uyga ko'chib o'tishganida Asadbek Manzuraning og'irini yengil qilish maqsadida xizmatchi yollagan edi. Uy tutishda o'zining yo'rig'i bo'lgan Manzuraga, xizmatchi qanchalar chaqqon, qanchalar sarishtalik bo'lmasin, baribir ishlari yoqmadi. Ayniqsa yetti yot begona ayolning uyida ivirsib yurishi malol kelib uch kundan so'ng javobini berib yuborgan edi. Erining «nega bunday qilding?» degan savoliga «Qo'ying, bolalar bilan o'zimiz eplaymiz. Hamma ishni xizmatchi qilsa, bolalar tanbal bo'lib o'sishadi», deb javob qaytargan edi. Zaynabni uzatishgach, Asadbek yana xizmatchi yollamoqchi bo'lganida Manzura rad etdi, Asadbek «mayli, uydagi ishlar bilan ovunadi», deb uning ra'yiga qaradi.

Hozir restorandan gap ochilganidan Asadbek xotinini siylagisi keldi. Ko'prikka yetishganida o'ylab o'tirmay narigi sohilga, undan esa markaz tomonga yo'l boshladi.

Restoran sari yurishganida Manzura eriga savol nazari bilan qaradi.

— Qornim ochdi, bir nima yeb olaylik, — dedi Asadbek bu qarashga javoban.

Restoranda odam ko'p emasdi. Ichkari kirgan Asadbek bir zum to'xtab, atrofga nazar tashladi. Yoshlari o'tibroq qolgan bu er-xotinga birov e'tibor qilmadi. Burchak tomondagi stol atrofida davra qurib, sigaret tutatib o'tirgan xizmatchi juvonlardan biri ularga ko'z qirini tashlab qo'ydi-yu, «istagan joylariga o'tirishsin, shunga qarab bittamiz o'rnimizdan jilamiz», deganday yana o'z davrasi bilan mashg'ul bo'ldi.

Bu holda turish Asadbekning o'ziga ham erish tuyuldi. Uzoq emas, kechagina restoran ostonasiga yetmayoq uni ta'zim bilan kutib oladiganlar qani? «Bek aka, to'rga o'ting…», «Beka aka, qanaqasidan quyay?», «Bek aka, bedana kabobni olib kelaveraylikmi?», «Bek aka, ashula yoqmayaptimi? Hozir ovozini o'chiradi»… Qani bu izzatu ikromlar?

Otdan tushganidan keyingi ahvol shu bo'ladimi bundan bu yog'iga?..

Asadbek g'ashlanganini xotiniga sezdirmaslik uchun uni bilagidan asta ushlab, derazaga taqab qo'yilgan bo'sh stol sari boshladi. O'n daqiqa chamasi vaqt o'tgach, bo'liqqina xizmatchi ayol yaqinlashdi-da, qanday ovqatlar borligini ma'lum qildi. Asadbek tilga olinmagan taomni so'radi.

— Manpar yo'q, umuman suyuq ovqat yo'q, — dedi xizmatchi bir oz ensasi qotgan tarzda.

— Unda toboqi jo'ja olib keling, — dedi Asadbek.

— Bunaqasini uyingizga borganda yeysiz, bizda umuman toboqi bo'lmaydi, — dedi xizmatchi endi qo'rsroq ohangda. Manzura «bu qo'rslikdan erim sachrab ketmasin», degan hadikda unga qarab:

— Kiyevcha kotlet beraversin, mayli, — dedi.

Xotinining muloyim ohangdagi bu so'rovi bo'lmaganda Asadbek chindan ham bir-ikki «shirin» gap aytishdan o'zini tiymagan, xizmatchi juvon esa shu bahonada onasining qaysi mahluqqa qo'shilishi oqibatida dunyoda kelganini bilib olgan bo'lardi. Asadbek «Umring bo'yi kiyevcha kotlet yeyishni orzu qilib, endi shu yerda yetishdingmi?» degan ma'noda Manzuraga qaradi-da, xizmatchiga:

— Ikkita kiyevcha kotlet. Xotinimning boshi shunga qorong'u bo'lgan, — dedi.

Juvon bu hazilga e'tibor bermay, daftarchasiga buyurtmani yozdi-da, «Yana nima?» deb so'radi.

— Bo'ldi, — dedi Asadbek.

— Salat… vino?..

Xizmatchining takliflari chala qoldi. Asadbek qo'pol ravishda:

— Nima kerakligini senga aytdim, — dedi.

Xizmatchi juvon ensasi qotganini yashirmay burilib ketgach, Asadbek so'kinib qo'ydi.

— Uyga bora qolsak bo'lardi, — dedi Manzura, yalinish ohangida.

— Yo'q, kotlet, dedingmi, endi yeysan shu kotletni, — dedi Asadbek.

— Voy, qornim to'q, — dedi Manzura og'ir jazoga hukm bo'lgan odam kabi cho'chib.

Xotinining bu sarosimasini ko'rib Asadbek kulib qo'ydi:

— Ke, endi sen ham bir yayrab o'tirgin. Bizning qudalaringdan kamimiz bormi? Biz ham yeb ko'raylik o'sha kotletni. U yoqlardagi xizmatchilar qanaqa ekan, shunaqa lopillagan xotinlarmi?

— Yo'g'a, u yoqda yosh yigitlar xizmat qilisharkan. Shamolday yelib-yugurishadi, baraka topgurlar. Dasturxonga bitta ushoq tushsa darrov tozalashadi. Men o'zimizning odatimizni qilib qoshiqni sochiqqa artsam, Hamidingiz «unaqa qilmang, xizmatchi yigitni baloga qo'yasiz», deydi.

— Nega? — deb ajablandi Asadbek.

— Xo'jayin ko'rib qolsa «qoshiqni yaxshi tozalamay qo'ygan ekansan», deb uni ishdan haydab yuborarkanda…

Nihoyat, kiyevcha kotlet ham keldi. Asadbek sanchiqda bir tishlam uzib olib, og'ziga soldi-yu, tuflab tashlashni yoki yutishni bilmay, javdirab qoldi. Manzura erining holini fahmlab kuldonni u tomon surdi-da:

— Ko'nglingiz tortmasa yemang, adasi, — dedi.

Asadbek chala chaynalgan qiymani tashladi-da, baland ovoz bilan xizmatchi ayolni chaqirdi. Manzura janjalning hidi kelib qolgani sababli turishga taraddudlandi.

— Adasi, yuring, ketaqolaylik, bolalar ham qaytishgandir.

— O'tir, — dedi Asadbek amr ohangida. — Men bu yerga ovqat yegani kelganman.

Ikkinchi chaqirishdan so'ng xizmatchi keldi-da «Buncha betoqatsiz?» deganday qoshlarini chimirdi.

— O'tir, — dedi Asadbek.

— Mijozlar bilan o'tirish mumkinmas, — dedi xizmatchi.

— Men sening mijozingmasman, o'tir degandan ke-yin o'tir.

Oppoq sochli bu odamning ko'zlarida chaqnayotgan qahr-g'azab uchquni xizmatchini omonat tarzda bo'lsa-da, o'tirishga majbur etdi.

— Mana shu kiyevcha kotletni senga ilindim. Ol, ye! — deb amr qildi Asadbek.

— Qornim to'q, yemayman, — dedi xizmatchi.

— To'q bo'lsang ham ye.

— Yaxshi pishmabdimi, sizga yoqmadimi?

— Yeyaver, zo'r pishgan.

Xizmatchi bu mijozdan oson qutula olmasligini fahmlab qiymadan ozgina ushatib oldi.

Xuddi totli taom yeyayotganday chapillatib chaynab, tezgina yuta qoldi.

— Xo'sh, yoqdimi? O'lgan eshakning go'shtimidi bu?

— Yomon emas-ku, sizga nimasi yoqmadi? — dedi xizmatchi bir yutinib qo'yib.

Taomning yomon emasligiga o'zi ham ishonmagani uchun bu gapni popugi pasaygan tarzda, Asadbekning ko'zlariga qaray olmagan ravishda gapirdi.

— Itga bersang it yemaydi buni, yana yomonmas deysan-a! — Asadbek shunday deb bo'ralab so'kdi-da, likopchani uning oldiga surdi: — Oxirigacha yeysan. Yemasang emchakxaltangga solib beraman, uyga borganingda kechasi bilan kavshab chiqasan.

— Siz menga qo'pollik qilmang, — xizmatchi shunday deb o'rnidan turmoqchi edi, Asadbek uni bilagidan ushlab tortib, joyiga o'tqazib qo'ydi. Bunga ko'zlari tushgan xizmatchilardan ikkitasi yugurib kelishdi:

— Natali, nima gap?

— Grajdanin nega to'palon qilyapsiz?

Asadbek ularga bir xo'mrayib qaradi-yu, indamadi. «Natali» deyilguvchi xizmatchiga esa yana amr qildi:

— Ye!

Ko'zlari javdirab Manzura o'rnidan turmoqchi bo'ldi:

— Adasi…

— O'tir joyingga!

Xizmatchilardan biri tez-tez yurib qalin parda ortidagi oshxona tomon o'tdi. Dam o'tmay o'sha tomonda restoran xo'jayinining muovini ko'rindi. U avvaliga sochlari oqarib ketgan Asadbekni tanimadi. Dadil yurib kelayotib, Asadbekning o'tkir nigohi bilan ko'zlari to'qnashdi-yu, birov oyog'iga o'roq urganday taqqa to'xtadi. Shu nafasning o'zida tizzasiga qaltiroq yugurdi. Ammo turli odamlarni ko'raverib, muomalaning ming bir turini o'zlashtirgan muovin tezda o'zini qo'lga oldi. Noxushlikdan xabar berib, endi ergashib kelayotgan xizmatchiga o'girilib, bir nima deb shivirladi. Xizmatchi «ma'qul» ishorasini qilgach, epchillik bilan oldinga o'tib, dugonalarining himoyasiga shay turgan ikki ayolni asta turtdi-da, nariga boshladi.

(davomi bor)

Tohir MALIK

loading...