MENING BAXTSIZGINA BAXTINISAM… (Voqea real hayotdan olingan)

0

 

 

TEGINSAM NIMA QIPTI?..

 

Hech qishloqning asr paytidagi jamoliga ko'z tashlab ko'rganmisiz?.. Bo'lmasa, bir tasavvur qiling-a!.. Olaylik, siz dala yonboshidasiz. Qizarib botayotgan quyoshga qara-ab xayolga cho'ma boshlaganingizda chor-atrofni qo'y-qo'zilarning cho'zib-cho'zib ma'rashi, berilib o'ynayotgan bolalarning qiy-chuvi tutadi. Agar zovur yaqin bo'lsa, qurbaqa sayrashini ham eshitmay qo'ymaysiz… Qaerdandir yangi yopilgan non isi dimog'ingizga uriladi. Ko'sak tuya boshlagan g'o'zaga, paykal aylanib chirillayotgan chigirtkalarga termulib to'ymaysiz… Eh-he, qay birini aytay?!. Bu tom ma'nodagi qishloqning o'zginasi, xolos…

Gapning indallosini aytganda, Karima ham ana shunaqangi qishloqlardan birida — Qo'rg'onchada tug'ilib katta bo'lgan. Hozir ayni yetilgan vaqti. Yaqinda o'n yettiga to'ladi. Ba'zilarga o'xshab sohibjamol bo'lmasa-da, ko'hlikkina qiz. To'lan akaning xonadonida besh qizning kenjasi. Shu sababli ham sal erkaroq, erkakshodaroq bo'lib o'sgan. Lekin ota-ona uchun bu «kamchiliklari» unchalik sezilmaydi. Uy ishlaridan bo'yin tovlamasa, bir-biridan mazali ovqatlar tayyorlasa… Faqat… Haligacha o'g'il bolalarning jig'iga tegavergani yomon… Ularning sal hazilkashligini payqab qolsa, tamom… Kattami-kichikmi deb o'tirmaydi… To jonidan to'ydirib «u yoqli-bu yoqli» qilmaguncha ko'ngli taskin topmaydi… Biroq… Shu hazillari bir kun kelib boshiga falokatlar yog'dirishini kim xayoliga keltiribdi?!

Kun peshindan oqqanda o't terish ilinjida dalaga chiqqan Karima muyulish ko'chada yashaydigan Shavkatni ko'rib qoldi. Bu yigit hali harbiy xizmatga bormagan, o'zidan bir yoshgina katta, xolos. Lekin anchagina quv. Birov-yarimni sevib qolmagan-u, qizlarga «o'ch»ligini yashirolmaydi. Ayniqsa, Karimaning boshqalarnikiga o'xshamagan husni, qomatini har ko'rganda ichiga sig'maydi., bildirib-bildirmay tikilaveradi…

— Ha, Shavkat aka, — hiringlab kuldi Karima ketmon bilan astoydil ajriq kovlayotgan yigitga yaqin kelib, — Namuncha qovog'ingiz osilmasa?..

— Har safar seni ko'rganimda kayfiyatim tushaveradi, — dedi Shavkat qizning ko'zlariga qattiq tikilarkan.

— Voy, sizga nima yomonlik qildim?..

— Sen… Juda chiroylisan…

— O'ling… Shundan boshqa gapingiz yo'qmi?..

Qay bir bo'y yetgan yigit xayolida go'zal qizni orzulamaydi. Ayniqsa, hozirgi yoshlar bunaqangi «ishlarga» ustasi farang. Azaldan Karimani yolg'iz uchratish niyatida yurgan Shavkat kutilmaganda atrofga alanglay boshladi. Shu asnoda bir qizga qaradi, bir ketmoniga… Nima qilsa ekan?.. Shartta quchoqlab o'psa nima derkin-a?.. E, ichida jon-jon deb turgandir… Bo'lmasa, hadeb «suykalavermaydi-ku!..»

Shavkat endigina yerga egilib o't o'ra boshlagan Karimaning oppoq siynalariga birpas mahliyo bo'lib turdi-yu… O'zini tutolmadi… Qanday borib quchoqlaganini… Bilmay qoldi…

— Voy… Nima qilyapsi-iz?.. Qo'yvori-ing!.. Qo'yvoring deyapma-an!..

Yo'q… Bo'lmadi… Axir… Shunday chiroyli, kelishgan qizni qanday bo'shatadi bag'ridan?.. Shavkat shu tobda butkul boshqa bir dunyoga borib qolgandek edi… Qiz siltanib, uni o'zidan itargan sari u tobora qattiqroq yopishib borardi…

 

IKKI O'T ORASIDA

 

Karimaga bu safargi o't terish juda qimmatga tushdi. Qiz bo'lib bunaqangi narsalarni faqat kinolardagina ko'rgan Karima endi bu yog'iga nima qilishni bilmasdi. Og'riq azobi yetmaganday, ko'ylaklarigacha o'tib ketgan qonni zovur suvida yuvarkan, sal narida teskari o'girilgancha o'yga tolgan Shavkatga qaradi. Hozir bu yigitga negadir bog'lanib, suyanib borayotgandek sezardi o'zini. Go'yo bugundan boshlab ikkovlari er-xotin-u, barcha dard-hasratlarini aytishi mumkindek…

— Karima, endi… Nima qilamiz-a?.. — Nihoyat, o'rnidan qo'zg'olib qizning tepasida g'oz turdi Shavkat.

— Bilmasam…

— Sen… Hozircha… Uydagilaringga indamay tura qolgin… Bir yo'li topilib qolar…

Karima hozir gaplashi-ib o'tiradigan holatda ham emasdi. «Og'riqlari… Tarqab ketsa bas… Uydagilari bilib qolishmasa bo'ldi… Nimalar qilib qo'ydi-a?..» U sekin o'rnidan turdi-da, Shavkat terib qo'ygan yarim choyshabgina o'tni qo'liga olib uyga jo'nadi… Afsuski, bu barcha kasofatlarning boshlanishi edi.

 

MEN SIZNI SOG'INIB QOLAMAN

 

Karimaning gunoh ishini faqat Shavkat-u, Xudo bildi. Boshqa hech kimga aytmadi. O'z yog'ida o'zi qovrilsa ham tilini tiydi. Shunga yarasha, ba'zi qizlarga o'xshab o'zini o'ldirishga chog'lanmadi, uzzukun yig'lab xunob bo'lmadi… Faqat… Negadir… Oradan bir hafta-o'n kun o'tib Shavkatni sog'ina boshladi… Har kuni ko'chaga mo'ralab, o'zicha uning kelishini kutdi… «Koshkiydi… Yana o'sha kun, o'sha qaynoq, kutilmagan lahzalar qaytib kelsa-yu!..» Afsus… Chimildiq ko'rmay, ikki birdek to'ng'ich opalari kabi ota-onani orzu-havasga burkamay turib juvon bo'lgan Karimaning totli onlari, bir-biridan shirin xayollari uzoqqa bormadi. O'sha dala… O'sha zovur bo'yida «visol lazzati»ga andarmon payti da'fatan… Onasi Mo''tabar xolaning qo'liga tushdi. Bunaqa mahalda or-nomusi toptalib ketgan mushtipar ona ahvolini hech narsaga tenglab, mengzab bo'lmasdi…

Mo''tabar xola hushi boshidan uchib bir ahvolga kelib qolganiga qaramay, o'zini bosdi… Shavkatni so'kib, qarg'amadi. Boshqa ayollarda bo'lgani kabi hamma aybni qiziga to'nkadi. To'g'ri-da!.. Qiz bola ko'z suzmasa, qaysi yigit qayrilib qaraydi?..

— Sen juvonmarg, nomimizni bulg'ading… — deya o'shqirdi u yer chizib qolgan Karimaning bilagidan burab, — To'rtta opang bir taraf-u, sen kasofat bir taraf bo'lding… Ishqilib, kasofating opalaringga urib ketmasin, qiz o'lgu-ur!.. Yo'qot!.. Piyonistani bolasiga beradigan qizim yo'q… Bundan ko'ra tul o'tib ketasan…

— Unaqa demang, ena-a!.. — yig'lab yubordi Karima, — Shavkat yaxshi yigit… Otasi alkash bo'lsa, unda nima gunoh?.. Qolaversa… Men o'shanga tegishga majburman…

Mo''tabar xola ko'z o'ngida begona erkakning quchog'idan chiqib kelgani yetmaganday, yana tilga kelib gapirayotganini eshitib, umrida birinchi marta o'z tuqqan, ayni damda behayo bir juvonga aylangan qizidan nafratlanib ketdi… Ammo… Og'zini behuda makruhcha tutib ortiq diydiyo aytishga toqati yetmadi. Faqatgina… O'zini majburlab zo'rg'a so'nggi bor uqtirgan bo'ldi:

— Nima qand yesang,eb bo'lding, qanjiq… Lekin zinhor otangni qulog'iga yetmasin… Mahallada bosh ko'tarib yursin… — Mo''tabar xola bilardi. Bir kun kelib, baribir, sho'riga sho'rva to'kilishi aniq… Qizi bilan oldinma-ketin behol yurib borarkan, o'sha balolarni xayolan tasavvur etgan sari ichidan zil ketardi.

 

BU KUNIMDAN O'LGANIM YaXShI

 

Shavkat og'zi bo'shlik qildi. Har bitta sirini otasi Sadir piyonga «gullab» o'rgangan yolg'iz o'g'il bu ishini ham yashirib o'tirmadi. O'g'lining bo'y yetganini yana bir bor his qila boshlagan Sadir piyon esa, unga tanbeh berish, urishish, to'polon ko'tarishni xayoligayam keltirmay, «malades» degandek «erkak»ning yelkasiga qoqib qo'ydi-da, o'zi hovliqib choyxonaga yugurdi… Yo'q… U aslo To'lan akaga bildirmoqchi emas, to'satdan sovchi yuborib qo'ya qolmoqchiydi… Kayfchilik… Kayfchilikda bilmay og'zidan chiqib ketdi… Yana… Hammaning oldida…

— To'lan, endi meni bemalol quda deb chaqiraver, — dedi Sadir piyon chayqala-chayqala, — Bugundan boshlab qiyomatli qudalarmiz… — Piyonning kutilmagan «hazili»dan o'tirganlar «gurr» etib kulib yuborishdi. To'lan aka ham kulgidan zo'rg'a o'zini to'xtatib Sadir piyonga yuzlandi.

— Vey, senga quda bo'lsam, o'zimni osib qo'ysam kerak…

— Hecham-da!.. — gerdaygancha davraga tikildi Sadir piyon, — O'zingni osib nima qilasan?.. Karimang o'g'limminan allaqachon qilar ishni qilib bo'lishgan… Endi qayga borarding noz qilib?..

— Nima?.. — kutilmagan gapdan esxonasi chiqayozgan, ustiga-ustak mahallaning katta-kichik erkaklari oldida sal bo'lmasa yerga kirib ketayozgan To'lan aka Sadir piyonning yoqasiga yopishdi, — Nima deding?.. Yana qaytar, alkash!.. Meni qizim unaqalardanmas, bildingmi?.. Og'zingga qarab gapir!.. Yo'qsa…

Sadir piyon bazo'r uning qo'lidan yulqinib chiqdi-da, ovozining boricha baqirdi:

— E, nimaga jizzakilik qilasan-a?.. Ishonmasang, bor, qizingdan so'ra… O'tirgandir xursand bo'lib…

To'lan aka bo'lganicha-bo'ldi… Bunaqa paytda qaysi g'ururli erkak chidab o'tirardi, axir?! Shahd bilan hovliga kirib keldi-yu, ostonadanoq ayuhannos soldi:

— Karima-a!.. Hoy, Karima!.. — erining bemavrid hayqirig'idan yuragi o'ynab chopib chiqqan Mo''tabar xola ham baloga qoldi, — Qizing… Buzuqi qizing qani?..

— Hoy, otasi, sekinroq, qo'ni-qo'shnilar eshitsa, nima deb o'ylaydi?.. — uni tinchlantirmoqchi bo'lib qo'ltig'idan olgan xotinini To'lan aka jahl bilan itarib yubordi.

— Eshitadiganini eshitib bo'lishdi… Hamma bilib bo'ldi-i!.. Qizingni top, dedim!.. Nimaga ammamni buzog'iga o'xshab lallayasan?.. Demak… Hammasi rost ekan-da-a?.. Rost ekan-da?!

Mo''tabar xola gunohkorona bosh egib ichkariga kirdi… Yo'q… U hozir Karimaning qaerdaligini aytolmasdi. Xudo biladi, g'azablangan otaning miyasida qanday xayol aylanib yuribdi… Ikki o't orasida qolib azob chekayotgan ayol boshini changallagancha derazadan tashqariga o'ychan, horg'in nigohlar bilan boqarkan, eshik ortida erining qat'iy, shu lahzada o'zi uchun sovuqdan-sovuq gaplari qulog'iga chalindi-yu, dod deb yig'lab yubordi:

— Menga qara, o'sha buzuqi qizingga tayinlab qo'y… Yaxshisi, ko'zimga ko'rinmasin… Ko'rib qolgan kunimoq oq qilaman uni!..

 

MENGA KIM PANOH BERADI?..

 

Sadir piyon, baribir, piyonistaligiga bordi. Go'yoki «bo'lg'usi qudasi»ning choyxonadagi dag'dag'alari alam qilib na sovchi yubordi, na o'g'lining iltijolariga quloq tutdi. Qalbida nogohoniy muhabbat o'ti alangalagan Shavkatga marhuma onasining juda-juda qadri o'tdi. Ammo qo'lidan nima kelardi?.. Qaysi puliga oladi xotinni?.. Buning ustiga, qur-qur Karimani ko'rgisi kelar, aksiga olib bu baxtdan ham allaqachon mahrum edi…

Karima-chi?.. Unga ham oson kechgani yo'q… G'azabnok otaning nigohiga ilinmaslik uchun qo'shni qishloqdagi To'lg'on ammasinikidan panoh topdi. Bo'lib o'tgan ishlarni aytib o'tirmadi. Ammasi o'ta maydagap xotin. Shuning orqasidan tug'ishgan ukasi bilan bordi-keldini yig'ishtirgan.

«Shunday erka qiz nega uydan bezadi?..» degan xayolda qayta-qayta surishtirdi. Karima esa, har safar «Otamminan aytishib qoldim»dan nariga o'tmadi… Na iloj?.. Oradan 4-5 oy chamasi muddat o'tib tasodifan jiyanining «qorni»ga ko'zi tushgan amma hayratdan, bir tomoni, qo'rquvdan yoqa ushladi.

— Sen… Hali shunaqa qand yeb qo'yganmiding?.. — deya Karimaning ma'yus ko'zlariga tikildi u, — Hali sen «buzilib» qolganmiding?.. Voy, sho'ri-im!.. Aytdim-a har gal enasi kelganda nimaga pichir-pichir qip qoladi deb?! Gap buyoqda ekan-da!.. Qo'y, meni tinch qo'y!.. Pochchang bilsa, naq bo'ynimni uzadi-ya!.. Nomusga o'ldirma meni… O'zim zo'rg'agina kun ko'rib yurgan odamman… Ket!.. Tezda keta qol!.. Ortiqcha janjalga sira tobim yo'q meni… Voy, xudoyim-ey!.. Qanday kunlarga qoldim-a!.. Uyat… Uyat…

Yakka-yu yolg'iz panohdan judo bo'lgan Karima dala yo'lga chiqib kechgacha sang'idi. Goh yig'ladi, goh yupandi… Quyosh qizarib bota borgan sari yuragi o'ynayverdi. Biroq ana shu g'o'za ekilgan paykaldan bo'lak joyga borishga haqsiz edi.

 

TUG'IShGA AHD QILDIM

 

Jigar-da!.. Qayg'uga tushib halovatini yo'qotgan to'ng'ich opasi Ko'paysin yig'ladi-siqtadi. Otasiga yalinib-yolvordi. Oxiri, Karimani uyga olib kirdi. Ammo To'lan aka bu qiziga mehribonchilik qila olmas, har gal qorniga ko'zi tushganda og'ir uf tortib ko'chaga o'zini urardi… Chidayolmasdi… Kechirolmasdi… Nima qilsin?.. Mahallada bosh ko'tarib yurishning o'zi bo'larmidi?.. Yo'q… Qizi o'zboshimchalik qildimi, endi o'zidan ko'rsin… Qismatni o'ziga-o'zi tayin etdimi, hech qanaqangi to'y bo'lmaydi… Piyonistaga quda bo'lmaydi!.. Sharmanda qizni uzatishga tushib qolgan puli yo'q… To'lan aka alamini ichkilikdan ola boshladi. Shunday kunlar bo'lardiki, Sadir piyondan ham o'tib tushardi go'yo. Mo''tabar opa nima ham derdi?.. Hammasiga chidaydi-da!.. Hech qursa qizini ko'chada qo'ymaganiga shukr qiladi-da!..

— Haromi bolasini meni uyimga ko'tarib kelmasin!.. — dedi bir kuni oyoqda zo'rg'a chayqalib turgan To'lan aka xotiniga, — Qaerda tug'sa-tug'sin… Lokigin, u haromiga hovlimda joy yo'q…

Bunday keskin gaplarni ichkaridan turib eshitayotgan Karima bir necha daqiqa orasida yana uch-to'rt yoshga ulg'ayib qolgandek edi. «Nega oqibatini o'ylamadim-a?.. — o'ylardi u ba'zi-ba'zida chimillab qo'yayotgan belini siypalab, — Axir yosh bola emasdim-ku!.. Shavkat xabar olay demasa, otam to'y qilishga ko'nmasa… Dardimni kimga aytaman?.. Uy ichida tug'ib qo'ysam nima bo'ladi?.. Tug'olmay o'lib qolsam-chi?.. Yo'q… Dalada bo'lsayam tug'aman… Peshonamdan ko'rdim… Keyin bir gap bo'lar… Zo'r kelsa, Ko'paysin opamni chaqiraman…» Karima borgan sari kuchayib kelayotgan og'riqqa chidayolmadi. Xuddi hozir-hozir bola tushib ketadigandek qo'rqqanidan Ko'paysin opasini yoniga oldi-da, o'zi o'ylab qo'yganidek, dalaga chopdi. Tug'ruqxonagacha yetib bora olmaslikdan, qolaversa, tanigan-tanimagan odamlar qarshisida ersiz, to'ysiz, nikohsiz tug'ishdan qo'rqdi… Chunki Ko'paysinning hisobi bo'yicha oy-kuni yaqin edi.

 

MENING QO'LIM QANI?..

 

Ko'paysin to'lg'oq azobida qiynalayotgan singlisini dalada tug'ishga qo'ymadi.

— Odamlar nima deydi?.. — qaysarlarcha oyoq tirab turib olgan Karimani jerkib tashladi u, — Otamga zarda qilib bolani nobud qilmoqchimisan?.. Biz turibmiz-ku!.. Avval eson-omon tug'ib olgin, keyin bir gap bo'lar…

Ko'nmay qaergayam borardi… O'ylanishga, ikkilanishga, qolaversa, nomus qilishga vaqt yo'q…

Mo''tabar opa yuragi o'ynab ketayotganiga qaramay, tug'ruqxonaga kela olmadi. Karimadan deyarli voz kechib bo'lgan To'lan aka yo'liga ko'ndalang bo'ldi. Uydan chiqib ketishga sira iloj topolmagan ona Ko'paysinni umidvor bo'lib kutish, yashirincha qiziga Xudodan oq yo'l tilashga majbur edi…

— Bizni kechirasiz-u, qiz topdi singlingiz… Lekin… Go'dak bir qo'lsiz tug'ildi… Sizlarga Xudo sabr bersin…

Ko'paysin kutilmagan shum xabarni eshitdi-yu… Xayollari alg'ov-dalg'ov bo'lib ketdi… U bosh g'uvillashidan qarshisida hamon javob kutayotgan hamshirani unutgandek, tili tanglayiga yopishib qolgandek edi…

— Sizga nima bo'ldi?.. Nega rangingiz oqarib ketdi?.. Yo mazangiz qochdimi?..

— Nima?.. Y-yo'q… — Ko'paysin beixtiyor peshonasida hamshiraning qaynoq kaftini tuyib keskin boshini ko'tardi, — Yo'q… Yaxshiman… Singlim… Bildimi?..

— Bildirmadik hali…

— O'zi… O'zi qalay?..

Hamshira jilmayib Ko'paysinga tikildi.

— Judayam yaxshi… Unchalik qiynalmadiyam… Hozir uxlayapti…

— Menga qarang… — Ko'paysin hamshiraning cho'ntagiga «suyunchi» solarkan, yolvorgan ohangda so'z qotdi, — Jon singlim… Bildirmay turinglar… O'zini bir narsa qip qo'ymasin yana… Xudo bir yo'lga boshlar, axir!..

U vujudi ezilib asta-sekinlik bilan Karima uchun biron yegulik olish niyatida oshxonalar tomon yo'l olgan ham ediki, ancha narida halloslagancha kelayotgan Shavkat bo'y ko'rsatdi.

 

SEN MENGA HECh KIM EMASSAN!..

 

Yomon xabarning qanoti borligi rost shekilli. Shavkat qayoqdan eshita qoldi bu gaplarni, Ko'paysinga yaqin keldi-yu, birinchi so'ragani shu bo'ldi:

— U… Qiz… Qo'lsiz ekanmi?..

— Nima-a?.. O'sha qiz seni bolang-ku!.. Nimalar deb valdirayapsan?..

— Yo'q… Meni bolammas!.. Men invalidmasman… — Shavkat xuddi birov o'rgatib qo'ygandek sira tutilmay gapirardi, — Hozir o'sha singlingizga hammasini aytaman… Aytaman… Aytama-an!..

Ko'paysin sezgandi… Shundoqqina ko'nglidan o'tgandi… Bu gaplarni kimdir o'rgatib yuborganiga ishonib turuvdi-ya!.. Qara-ya!.. O'g'li so'zini tugatib ulgurmay otasi qorasini ko'rsatdi…

Sadir piyon Ko'paysinning salomiga alik ham olmadi. Faqat… O'g'lini qaytargan bo'ldi…

— Mayli, bormay qo'ya qol, — dedi kesatiq ohangda, — Opasiga aytding bo'ldi-da!.. Endi ora ochiq… Bizdan hech nima umid qilishmasin… Yur, ketamiz!.. — Ayniqsa, o'g'lini yetaklab ketayotgandagi takror va takror aytgan so'nggi so'zlari Ko'paysinning bag'rini ezardi, — Yaxshiyam otasi bermagani-ya!.. Yaxshiyam kelin qip qo'ymabmiz-a!.. Yaxshiyam…

Ko'paysin ovqat olishni ham unutib qirg'oqdagi o'rindiqlardan biriga o'tirib qoldi… Jigar-da, go'yo shu kunlar, shu savdolar o'zining boshiga tushgan-u, yo'l topolmay, imkon topolmay azoblanar, yig'lar va yig'lar, har yig'laganda silkinib-silkinib ketardi.

 

BAXTINISAMNI KIMGA BERAMAN?..

 

Uyqusida yomon tush ko'rgan odamning anchagacha ko'ngli xijil bo'lishi, yuragiga qil sig'masligini hamma biladi. Biroq… Afsuski… Karimaning ko'rganlari tush emasdi… Ozg'indan-ozg'in, ustiga-ustak, chap qo'lsiz go'dakni qo'rqa-pisa qo'liga olarkan, dardini kimga aytishni bilmas, opasining ko'zlariga tik boqishga ham botinolmasdi…

— Bu baxtsizning ismini Baxtinisa qo'yamiz, — dedi yig'lab Ko'paysin, — Ajabmas, sen ko'rmagan yaxshi kunlarni shu ko'rsa…

Ammo go'dakni hovlisi tugul qishloqqa ham ko'tarib bora olmaydi Karima, nogiron, zaif, nikohsiz tug'ilgan go'dak kimga yoqinqiraydi?..

Ha-a… Haromdan tuqqaniga, gunoh ish qilib qo'yganiga, qarg'ishga qolganigacha aqli yetdi… Hammasini, barcha xatolarini tushundi… Lekin… Nima foyda endi?.. Bu ko'chaga kirishga-kirdi, adashishga-adashdi… Ming ko'z yosh qilsin, kuyib-yonsin, uni hech kim yupatmaydi… Qishloq urf-odatiga qarshi borgan, mahallaning yuziga oyoq qo'ygan odamning hamisha holiga voy… Axir ne-ne nuroniy bobolar, farishtalarning qadami tekkan edi ikki nodon jirkanch ishlar qilgan o'sha joyga!.. «

Bolamni Samad birgadning bug'doyzoriga tashlab ketaman, — ko'nglidan o'tkazdi Karima Baxtinisaning ko'k tomirlargina bo'rtib turgan ozg'in badanini ehtiyotkorlik bilan silab, — Insofli odam uchrasa, asrab olar… Bo'lmasa… Peshonamdan ko'rdim…»

Opasi bola tug'ilgani to'g'risidagi guvohnomani bir amallab «to'g'rilagach», hamshiralar bergan eski-tuski choyshablarga bolani o'ragancha boshi egilib tashqariga yo'l olgan Karimaga hamma achinish bilan boqdi, barchaning hayfi keldi go'dakka… Ko'paysin esa… Singlisining miyasidan kechayotgan o'ylarni taassufki, bilmasdi.

 

UYING DONGA TO'LSIN, BOLAM-E!..

 

Hech qishloqning asr mahaldagi jamoliga mahliyo bo'lib ko'rganmisiz?.. Bir ko'z oldingizga keltiring-a!.. Siz dala yon bag'rida, endi-endi boshoq tuyishga kelgan bug'doyzor yonidasiz. Qizarib botayotgan quyoshga qara-ab xayol sura boshlaganingizda… Beixtiyor go'dakning chinqirib yig'lagan tovushi qulog'ingizga chalinadi… Yo'q… Bu qishloq emas… Qishloq bolasi ham emas… Bu… Bemavrid dunyo yuzini ko'rib qo'ygan tashlandiq Baxtinisaning cho'zi-iq-cho'ziq nolasi, xolos…

Biz gunohlarimizni shaytonning boshiga to'nkarishga ko'nikib qolganmiz. Bundan osoni bormi?.. Ammo bilmay bosib qo'ygan qadami bois qancha ta'na-dashnomlar eshitgan, it kunini ko'rgan, yurak-bag'ri yemirilib ado bo'layozgan Karima shaytonni ayblamoqchi emas… Ana, go'dagi chinqirgancha bug'doyzorning o'rtasida yotibdi… Hozir… Hozir… Sal nari ketsa, kimdir eshitib qoladi-yu… Olib ketadi Baxtinisani…

Karima har go'dak nolasini eshitganda chidayolmay bir to'xtab olar, qanchalar qaytgisi kelib yuragi ezilsa-da, qandaydir noma'lum kuch uni tinimsiz oldinga… Oldinga sudrardi… Shu payt… Birdan… Chaqaloq ovozi tingandek bo'ldi-yu, Karima shoshib ortiga o'girildi… Ne ko'z bilan ko'rsinki, qayoqdan insof kirdi, qaerdan bu qadar qat'iylik, mehr topdi, bilmaydi, jon-jahdi bilan yugurib kelgan Shavkat qizini dast qo'liga olgancha, o'z uyi tomon ketib borar, chamasi, Karima bilan boshqatdan, yaxshilikcha gaplashib olish uchun kelgan-u, vahshiylarcha tutgan ishini ko'rib to'nini teskari kiyib olgandek edi…

 

MENING BOLAMNI BERINGLAR!..

 

Oradan yillar o'tib Baxtinisa qizmisan qiz bo'ldi. O'shanda… Shavkat yaxshiyam olib ketgan ekan uni. Piyonista otasining dashnomlariga chidab bo'lsa-da, yuvib-tarab to'g'ri qilgan ekan. Bir qo'lli ekaniga qaramay, yuzini yerga qaratmadi qizgina… Lekin… Baxtinisani deb bo'y yigitligicha qolib ketdi… Mahalla uning gunohlarini qanday unutsin?.. Hech kim qiz bermadi Shavkatga… U-ku, harqalay yigit kishi… Bir yo'lini topar… Karima-chi?.. Ojiz-notavon ayolga hammadan og'ir edi. O'z uyida o'gaydek yashab o'tayotgan Karima har kun, har soniya ko'rganning suqi kirgulik husni bor qiziga talpinadi. Ko'cha-ko'yda uchratib qolsa, «Men sening onangman», deb yuborgisi keladi-yu, tilini tishlaydi… Ayniqsa, bir kuni ariqdan suv tashiyotgan Baxtinisa ko'chada o'tib ketayotib beixtiyor bosh aylanishidanmi, yerga o'tirib qolgan Karimani qo'ltig'idan suyab uyigacha kuzatib qo'ygani alam qildi… Alam qildi…

— Ey, Xudo, bunchayam azoblamasang?.. — xonasiga kirib ko'rpaga burkandi-yu, dod soldi Karima, — Bo'ldi-da endi!.. Muncha bolam deyishga zor qilmasang meni?.. Tavba qildi-im!.. Tavba!..

Afsuski, uning tavbalarini hech kim, hatto kayfi oshib ayvon ustuniga suyanib qolgan otasi To'lan aka ham eshitmadi… Qishloqda esa, kun peshindan og'ib, quyosh qizarib bota boshlagan, allaqaerda navbatma-navbat chirillayotgan chigirtkalar ham nuqul Karimani masxaralayotgandek edi.

Olimjon HAYIT