NOMAHRAM… (5-qism)

0

 

 

* * *

 

Engiltak ayol bilan bir yostiqqa qo'yganidan bexabar Matnazar keyingi kunlarda qimorga mukkasidan ketgandi. Ortida nimalar bo'layotgani uni qiziqtirmas, faqat Qulmat ora-sirada qo'liga tutqazayotgan cho'tallardan mast edi. Xudoning bergan kuni qimorxonaga qatnar, har bir o'yinni berilib tomosha qilar, o'zicha oshiq tepishning eng sirli tomonlarini o'rganardi. Kunduz kunlari bo'lsa, birrov Hamida va qizchasidan xabar olgan bo'lib, so'ngra yana yengiltabiat Marhamatning bag'riga oshiqardi…

— Mana endi davraga qo'shiladigan vaqting yetdi. — dedi kunlarning birida Qulmat. — Buyog'iga cho'tal berish yo'q, oshna! Ekkaningni o'raverasan. Xo'sh, tikadigan biror nima yig'ib qo'ydingmi bir oy ichida?

— Albatta. — sal kerilgannamo javob qildi Matnazar. — Senday do'stim tufayli picha yig'dim.

— Bo'lmasa, o'shani tikasan. Qancha o'zi yiqqaning?

— Ha endi… Bola — chaqadan orttirganim yuz ming chiqar-ov!..

— Juda yaxshi. Qani, Qodir, munday qilamiz. Oramizga yangi o'yinchi qo'shilgani sabab ham nomardlik qilmaylik-a? Birinchi safarga hech narsa tikmasdan o'ynayveradi. Bizga o'rganganlarini bir ko'rsatsin-chi!.. Oshiqlarni buyoqqa ol!..

Qodir oshiqlarni olib Qulmatning qo'liga tutqazdi.

Birinchi bo'lib Qodir tepdi. Tushmadi. Undan keyin Qulmat tepdi. Yana tushmadi. Navbat Matnazarga yetdi.

U ichida Xudoga nola qilib tavakkal tepdi.

— Voh!.. — besh qimorboz baravariga qichqirib yubordi.

— Bekorga qatnamabsan, Matnazar! — qarsak chalib uni qutlagan bo'ldi Qulmat. — Bekorga oramizda o'tirmabsan. Qara, hamma pullarimizni yutib qo'yding-ku!.. Ana endi haligi yuz mingingniyam qo'shib tikasan. Boshla!..

Matnazar quvonchi ichiga sig'may qo'ynidagi bir dasta pulni dasturxonda sochilib yotgan pullar orasiga tashladi va oshiqlarni bir joyga joylab oyoq yubordi.

— Yo Jamshid!..

Afsuski, bu gal omadi chopmadi. Keyin oshiqqa yopishganlar ham hech natijaga erisha olishmadi. Faqat Qulmatgina xursand. Dasturxon to'la pullarni yutib olgach, shoshilmasdan qo'yniga tiqardi.

— Bas qilamizmi? — xavotir aralash so'radi undan Qodir. — Hali erta-ku!..

— Tikadiganlaring bormi o'zi? — hiringlab kuldi Qulmat. — Qurigan bo'lsang, nimangni tikasanlar?..

— Biz quribmizmi? — besh qimorboz baravariga cho'ntaklaridan dasta-dasta pul chiqarib o'rtaga qo'yishdi. — Mana, ikki baravar tikamiz!..

— Sen-chi, oshna? — Matnazarga yuzlandi Qulmat. — Nimani tikasan?

— Men bir safar o'yindan chiqib turaman. — teskari o'girilib javob qildi Matnazar. — Sizlar bir qo'l o'ynanglar, keyin bir gap bo'lar.

— E, yo'-o'q, — Qulmat uning yelkasidan tutib o'ziga qaratdi. — Bu o'yinga bir kirdingmi, chiqib bo'psan!.. Tikadiganing bo'lmasa, ayt, qarz berib turay!..

— Bilmadim. Negadir… Noqulay…

— Vey, qiyomatli do'stimsan, axir!.. Ma, yuz ming! Mana shuni tikaver!.. Qarz bo'lsa uzilar, xotin yonga qolar deb bekorga aytishmagan-ku!

— O'zi… Shundog'am sendan ikki yuz qarzman. — dedi Matnazar pullarni olishga ikkilanib. — Ko'payib boraversa…

— E, qo'ysang-chi shu gaplarni! Men seni qimorga hazillashish uchun yetaklab kelmadim. Harakat qilgin-da mundoq!.. Bo'l!..

Shu kecha Matnazar bo'lganicha bo'ldi. Qulmat uch o'yindayoq bo'yniga naqd besh yuz ming so'mni ilib qo'ydi…

 

* * *

 

Ana endi Qulmat niyatiga yeta boshlagandek seza boshladi o'zini. Matnazarni tuzoqqa ilintirdi. Faqat ishni tobora kuchaytirish qoldi, xolos.

— Xo'sh, qarzlarni bugun uzvorarmikansan? — ertasi kuni kechqurun oshiq tepishdan avval so'radi u. — Bugun omading kelar?..

— Harakat qilaman…

Ko'z ochib yumguncha qimor ham boshlandi. Qulmat Matnazarga yana ikki yuz ming qarz berdi…

Yigitdan omad yuz o'girsa qiyin ekan. Matnazar bor pullarni bir o'yindayoq boy berib tumshaygancha yer chizib qoldi.

— Mayli, yur, senda gapim bor. — uni tashqariga boshladi Qulmat. — Bir gaplashvolaylik!..

Yozning so'lim kechasi. Olislardan itlarning cho'zib-cho'zib uvillagan tovushlari, qurbaqalarning qurillashlari odamning ko'ngliga huzur baxsh etardi…

Ammo Matnazarning ikki qulog'i Qulmatda. Nima deyishini, qanday yangi gap aytishini intiqib kutar, qarzini orqaga surishidan umidvor edi.

— Qarzingni hali-veri uzishingga ishonmay qoldim. — shoshilmasdan gap boshladi Qulmat. — Xo'sh, endi nima qilamiz?

— Sabr qilib turgin, bugun bo'lmasa ertaga yutib qolarman. — dedi Matnazar.

— Tikadigan narsang qolmadi-ku!.. Nimani yutasan? Qarz oshib boraveradi… Uni to'lash ham bor-da!.. O'zing bilasan, menam ja unaqangi oshib-toshib ketganim yo'q…

— Xo'p, nima qil deysan? Qanday maslahat berasan?..

— Aytsam xafa bo'lmaysanmi?

— Yo'q, aytaver!

— Marhamatni garovga olib turaman.

— Nima?..

— Eshitganing, oshna! Bo'yningda yetti yuz ming qarz turibdi. Qo'rqma, unga tegmayman. Shunday qilsam, harakatingni qilasan…

— To'xta, to'xta… — Matnazar bir muddat bosh chayqab, aylangan bo'ldi. — Axir… U xotinim!.. Unga til tekkizma!..

— O'v, haddingdan oshma, bola!.. — Qulmat yaqin kelib Matnazarning iyagidan ko'tardi. — Buni qimor deb qo'yibdi. Hali sen uchdan biriniyam ko'rganing yo'q. Senga o'xshab qarzga botganlar xotinigacha tikib qarzdan qutulishgan. Bo'lmasa, o'lib ketaverasan. Qimorning qoidasi shunaqa…

— Shunday degin?.. Yaxshi… Faqat… Garovga olmaysan… Men bunga chiday olmayman…

— Nima qilay bo'lmasa? Ayting, ja aqlli bo'p ketdingiz-ku!..

— Menam o'sha sen aytgan yutqazganlarga o'xshab Marhamatni tikaman. Yutsang, seniki, yutqazsang, qarzingdan kechasan…

— O', shart zo'r-ku!.. Mayli, biz rozi! Qani, ichkariga kirib beshta-beshta anavi zormandadan olamiz-da, o'yinni boshlaymiz unda!..

 

* * *

 

Matnazar uchun Qulmatning tuyqus taklifi kutilmagan zarba edi. Garchi, ilgarilari u bilan ulfatchilik qilib ko'rmagan, yaqindan munosabat yuritmagan bo'lsa-da, qimorni o'rgata boshlaganidan so'ng, ayniqsa, uyini ochib bergani sababli unga ko'proq ishonib qolgandi. Dunyoda shunday mehribon do'sti borligidan faxrlanardi. Afsuski, Qulmatning niyati buzuq ekan. U Marhamatga ko'z olaytirdi. Matnazarning yigitlik g'ururini sindirdi. Qaddini egib qo'ydi…

— «Yo'q, — dedi Matnazar ichida. Bu yo'l bilan meni sindira olmaysan. Yuragim urib turibdimi, sendan, albatta, o'ch olaman!.. To'xta, nega u Marhamatga yopishib qoldi? Nahotki, bu ayolning o'zi ham ko'z suzgan bo'lsa? Ha, agar ko'z suzmaganida, tomdan tarasha tushganday bu gapni gapirmasdi. Qani, bir yuragiga qo'l solib ko'ray-chi!..»

Matnazar erta tongda qimorxonadan chiqib, qabristonga ketmoqchi edi. Kechqurungi gap-so'zlar, bo'lib o'tgan ishlardan so'ng Marhamatni ko'rarga ko'zi qolmagandi. Ayniqsa, yuragida shubha uyg'ona boshlaganidan so'ng unga nisbatan nafrati oshib borardi. Ammo yana bir tekshirib, ayolning tilidan haqiqatni eshitish uchun Qulmatning yangi hovlisiga yo'l oldi…

Shu tobda Qulmat bu uydan endigina chiqib ketgan, Marhamat esa, o'zicha kulimsirab, shirin xayollarga botganicha hamon to'shakda edi. Matnazarning kirib kelganini ko'rib birdan rangi oqardi. Dast o'rnidan turib eshitilar-eshitilmas salom berdi. Ko'zlari birinchi kunlardagidek tik boqa olmadi…

— Sen menga to'g'risini ayt, — ostonada tik turganicha gap boshladi Matnazar. — Qulmat bilan qanday yaqinliging bor?

— Nima?.. — Marhamat lablari titrab orqaga tislandi. — Bu nima deganingiz?

— Qulmat bilan munosabatingni aytyapman.

— Hech qanaqa… Nimaydi?..

— Bilmadim, — bosh chayqadi Matnazar. — Negadir ko'nglim g'ash. Men yengiltabiat ayolga ro'para bo'ldim, shekilli?..

— Nima?.. Kim yengiltabiat?

— Sen yengiltabiat, tushundingmi, sen!.. Qulmat qarzlari evaziga seni garovga oldi. Endi sen uning ixtiyorida bo'lasan. Mabodo qimorda qo'lim kelib seni yutib ololsamgina menga qaytishing mumkin. Yo'qsa… Lekin baribir ko'nglim sezib turibdi. Ikkovingning orangda bir gap bor. Buni vaqt ko'rsatadi. Baribir qing'ir ishning qiyig'i chiqadi… Bilib qo'y, men bugundan boshlab bu uyga qadam bosmayman. Agar meni yaxshi ko'rsang, Qulmatni insofga chaqirasan. O'zingga yaqin keltirmaysan uni. Yaxshi ko'rmasang…

— O'chiring ovozingizni!.. — beixtiyor baqirib yubordi Marhamat. — Keting! Keting!..

— Haliyam ketaman. Hech qaysingni ko'rishga ko'zim yo'q!.. Ifloslar!..

 

* * *

 

Qabristonda odatdagidek sukunat hukmron edi. Faqat qushlarning onda-sonda chirqillashlarigina bu makonda ham hayot mavjud ekanidan darak berib turardi.

Matnazar onasining qabri tepasiga kelib bir muddat turib qoldi. Anchadan beri kelmay qo'ygandi. Qabr atrofini begona o'tlar bosibdi. U marmartoshlar o'rnatilib, yon-atroflari supurib-tozalangan, gullar ochilib turgan qabrlarga qarab og'ir xo'rsindi.

— Ona, men sizni sog'inib ketdim, — tizzalab o'tirib Qur'on tilovat qilib bo'lgach, shivirladi Matnazar. — Bilaman, sizdan ancha payt xabar ololmadim. Tashvishlarim bilan o'ralashib sizniyam unutayozibman, kechiring, ona!.. Nima qilay? Boshimga balolar quzg'unday yopirilib keldi. Siz tirik bo'lganingizda bu ishlar bo'lmasdi. Cho'loqni olib bermagan bo'lardingiz. Buzuq ayollarga ilakishib qolmasdim. Endi nima qilishni bilmay arosatdaman, ona!.. Yolg'iz boshimni qaerga urishni bilmayman. Aylana atrofim dushman. Hammasi ber, deydi. Nimani beraman?..

Mardondan xavotir olmang! U ishonchli qo'llarda. Katta bo'lsa, o'zim yaxshi joylardan kelin topib uylantirib qo'yaman. Tashlab qo'ymayman jigarimni. Mana, hozir bu yerdan chiqib to'ppa-to'g'ri Mardonni ko'rishga boraman. Sizdan salom deyman. Xursand bo'ladi ukam ham. Mayli, ona, tinch yoting! Ruhingiz meni qo'llab tursin!.. Ajabmas, shu balolardan qutulib, yo'limni topsam… Xayr, endi tez-tez kelib turaman…

Matnazar ko'z yoshlarini yengiga artganicha qabr ustini o't-o'landan tozaladi va istar-istamas ko'cha tomonga yurdi…

(davomi bor)

Olimjon HAYIT