Tizza va tirsak nima uchun qorayishini bilasizmi?

0

Albatta, teri organizmdagi har qanday buzilishlar va ichki a'zolardagi o'zgarishlarni o'zida aks ettiradi. Bu estetik muammo bo'lib, yuzdagi dog'lar kabi odamga ko'p aziyat yetkazadi. Asosan, gigienaga amal qilmaslik, doimiy tarzda stolga tirsakni tirab o'tirish, tizza va to'piq suyagining dag'al gilamga ishqalanishi, ko'p vaqt quyoshda yurish bo'g'imlardagi terining qo'pollashishiga olib keladi.

Ayrim shifokorlarning aytishicha, tirsak va tizza   qorayishiga ichki endokrin kasalliklar sabab bo'lar ekan. Kuzatuvlarga ko'ra, bunday alomat odatda, 40 yoshdan oshgan klimaks davridagi ayollarda ko'p uchraydi. Mutaxassislar buni ular organizmida ro'y berayotgan tabiiy biologik jarayon menopauza bilan bog'lashadi. Mazkur holat ularda gormonlar me'yorining buzilishi, kayfiyat o'zgarishi, holsizlik, jizzakilik bilan uyg'unlikda kechadi.

Yana bir guruh mutaxassislarning ta'kidlashicha, tirsak va tizza qorayishi organizmdagi gijjalar oqibatidir. Ichakda gijja qoldiqlari qanchalik ko'p to'plansa, bu toksinlarning ichakka so'rilishi ortib boraveradi. Oqibatda terida muammolar paydo bo'lishi mumkin.

Bu muammoning yana bir sababi — qabziyat. Keksa kishilardagi bo'g'imlar usti terisining dag'allashishi ularning yoshida odatiy bo'lib qoluvchi ich qotishi natijasi sanaladi. Qabziyat teridagi nuqsonlarga to'g'ridan-to'g'ri aloqador, chunki ichak orqali chiqib ketmagan ortiqcha moddalar hazm bo'lmasa, teri orqali bo'y ko'rsatadi. Ichaklarni tozalash, ich kelishi me'yoriy bo'lishini ta'minlash tizza va tirsak terisini silliqlashtirishga yordam beradi.

Ko'pincha katta yoshli ayollar bu muammodan aziyat chekadi, dedik. Ammo bu holat ba'zan yoshlarda ham kuzatilishi mumkin. Ya'ni tanada qandaydir muvozanat buzilishi va terida aks etishi ayollarda organizmda estrogen gormonlari yetishmasligi sabab yuzaga keladi. Shuningdek, sun'iy matolardan tikilgan liboslar, tor kiyim-kechaklar ham terining dag'al tortishiga sabab bo'ladi.

Tirsak va oyoq bo'g'imlari terisida qorayib, po'sti qurib turuvchi dog', aslida, nobud bo'lgan terilarning to'planib qotishidir.

Uy sharoitida davolash choralari

Bu noxush dog'lardan qutulmoqchi bo'lsangiz, dengiz tuzidan foydalanishingiz mumkin. Uni qo'llash uchun qo'l va oyoqni yuvgandan keyin namlantiruvchi krem surtish tavsiya qilinadi.

Qo'l va oyoq bo'g'imi sohasidagi qorayib xira tortgan joyni oldin yaxshilab o'lik terilarni tushiruvchi (skrab) krem bilan tozalab, so'ng kartoshkani qirg'ichdan o'tkazib, suvini surtish lozim.

Bir hafta davomida har kuni ertalab och qoringa 1 stakan issiq sutga 1 choy qoshiq zarchava va 1 choy qoshiq asal qo'shib iching. Bu teri rangini tozalash bilan birga tirsak va tizzadagi qora dog'larni yo'qotishga ko'maklashadi.

Terining qoraygan joyiga kartoshka bo'laklarini qo'yib, ustidan polietilen qog'oz o'rab qo'yilsa va ertalab iliq suvda yuvilsa ham ular yumshab, asta-sekin tuzalib ketadi.

Uy sharoitida tizza va tirsak bo'g'imi terisining dag'allashishini limon yordamida ham davolash mumkin. Buning uchun   kechqurun qoraygan sohani limon sharbati shimdirilgan doka bilan ishqalaysiz. Bu muolajani bir necha kun takrorlaysiz. Bir haftadan keyin qo'l va oyoq terisi oqarganini ko'rasiz.

Qotib qoraygan tizza, tirsak va to'piq sohasiga dumba yog'i shimdirilgan paxtani qo'yib, ustidan klyonka o'rab yotasiz. Ertalab iliq suvda yuvib tashlaysiz.

1 hafta ertalab va kechqurun och qoringa 2-3 bo'lak qovun iste'mol qiling. Bu parhez ichaklarning bir maromda bo'shalishini ta'minlaydi. Agar ichkarida muammo bo'lmasa, tashqi teri qavatlari oddiy glitserin yoki yumshatuvchi krem surtish bilan silliqlanadi.

5 dona lavr bargini 0,5 l suvda 1 stakan suv qolguncha qaynating. So'ng bu suvdan kun davomida 1-2 ho'plamdan ichib yuring.

Agar yuqoridagi tavsiyalarga amal qilsangiz yoz issig'ida tirsagingizni uzun yengli ko'ylak ostiga yashirib yurishingizga hojat qolmaydi.

Gulchehra ORTIQOVA,
terapevt