Aliment to'lashdan bo'yin tovlagan 24 shaxsga ma'muriy qamoq jazosi tayinlandi

0
Majburiy ijro byurosi Farg'ona viloyati boshqarmasi tomonidan aliment pulini o'z vaqtida to'lamayotgan otalarning javobgarligini kuchaytirish borasida ularga nisbatan jazo choralari qo'llanilmoqda.
Byuroning Qo'qon shahar bo'limi tomonidan sud hujjatiga asosan aliment to'lovchi sifatida belgilangan qarzdorlarning aksariyat qismi ishsiz bo'lgani bois o'z vaqtida aliment to'lovlarini to'lay olmayapti. Shu munosabat bilan o'tgan davrda 6 marotaba mehnat yarmarkalari tashkil etildi. Ularda 158 nafar aliment to'lovchi qarzdorlar munosib ish bilan ta'minlandi.
Tadbirlarda qarzdorlar tomonidan to'lanmasdan kelinayotgan 1 milliard 250 million so'mlik aliment pullari to'liq undirilib, profilaktik suhbatlarda 68 ta yosh oila o'zaro yarashtirildi.
Xususan, fuqarolik ishlari bo'yicha Qo'qon tumanlararo sudining qarori bilan qarzdor A.Gaipovdan undiruvchi N.Gaipova foydasiga ikki nafar farzandining moddiy ta'minoti uchun aliment undirish belgilangan bo'lib, qarzdor bilan o'tkazilgan tushuntirish natijasida A.Gaipov oldindan 35 million 364 ming so'mlik aliment pullarini to'liq to'lab qo'ygan.
Shuningdek, tushuntirishlarga qaramasdan aliment to'lovini to'lashdan qasddan bo'yin tovlab kelgan 24 nafar qarzdorga nisbatan sud tomonidan ma'muriy qamoq jazosi qo'llanilgan.
Fuqarolik ishlari bo'yicha Qo'qon tumanlararo sudining qarzdor X.Abdunazarovdan undiruvchi S.Abdunazarova foydasiga 4 nafar farzandining moddiy ta'minoti uchun aliment undirish belgilangan bo'lsada, qarzdor 2015 yilning sentyabr oyidan 2019 yilning avgust oyiga qadar jami 34 million 408 ming so'mlik aliment pullarini to'lamagan. Sud qarori bilan unga 15 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlandi. Aytish joiz, bu ma'muriy qamoq jazosi qarzdorni aliment to'lash majburiyatidan ozod qiladi, degani emas. U ma'muriy qamoq jazosidan keyin tegishli xulosa chiqarmasa, unga nisbatan ikkinchi marotaba jinoiy ish qo'zg'atiladi
Hozirda voyaga yetmaganlarning manfaatini ko'zlab aliment undirish bilan bog'liq ishlar alohida nazoratga olingani holda ishlar tashkil etilmoqda.

 

M.SULAYMONOV, O'zA
loading...