ARMON HALINChAGI…

    0

     

     

    ***

     

    Necha bahorim o'tdi gul atriga begona,

    Shamoldayin shoshgani — yo'l qadriga begona,

    Qaysi oshiq, axir, ayt ishq dardiga begona,

    Oymomojon, o'zingni so'roqlardan izladim.

     

    ***

     

    Paykarmiding, bilmadim, suvlarda oqqim keldi,

    Baliqlarga aylanib ortingdan chopgim keldi,

    Eh, bilsayding, shunchalar o'zingga yoqqim keldi,

    Oymomojon, o'zingni qirg'oqlardan izladim.

     

    ***

     

    Qaylarga uray boshim, dog'larga yetolmasman,

    Qadginamni dol qilgan tog'larga yetolmasman,

    Shunchalar sog'intirgan yoqlarga yetolmasman,

    Oymomojon, to'zimni yiroqlardan  izladim.

     

    ***

     

    To'zib ketdi xayolim, to'zon bo'lib qoldim men,

    O'z qalbimga sig'mayin zindon bo'lib qoldim men,

    Hasratlarga ko'milgan armon bo'lib qoldim men,

    Oymomojon, o'zingni firoqlardan izladim.

    Olimjon HAYIT

     

     

    loading...