O'ylab ko'rdingizmi? 2019 yil 9 sentyabr kuni yulduzlar sizga nimalarni va'da qilarkin?

0

 

 

QO'Y (21. 03 — 20. 04)

Bugun qarzga botishingiz tavsiya etilmaydi. Pul uchun obro'yingizni ham qurbon qilmang. Baribir maqsadga yeta olmaysiz. Qaytanga yo'qotishlarga yuz tutasiz. Tadbirkorlar qanchalar tartibli va pishiq-puxta bo'lishmasin, bugun hamkorlar bilan tashkil etiladigan kelishuvlar juda og'ir o'tadi. Kun davomida o'zingizga yoqqan mashg'ulotlar bilan band bo'lishga harakat qiling. Masalan, sevimli xobbingizga e'tibor qarating.

 

BUZOQ (21. 04 — 21. 05)

 

9 sentyabr kuni atrofdagilarning ko'pchiligiga yordam qo'lini cho'zishingiz kutiladi. Hatto, hech qachon sizga yordam so'rab murojaat etmaganlar ham bugun sizni hayron qoldirib, qarshingizda bosh egishadi. Bugun mebellar sotib olish muvaffaqiyatli kechadi. Tadbirkorlar kunning ikkinchi yarmida raqobatchilar bilan kurash boshlashi kutiladi. Bu kurashni vaqtida to'xtatmasangiz, asablaringizdan ayrilib qolishingiz hech gap emas.

 

EGIZAKLAR (22. 05 — 21. 06)

 

Agar o'zingizni munosib himoya qilishga tayyor bo'lsangiz, ish joyingizdagi obro'yingizni yanada mustahkamlashga erishasiz. Mehnat ta'tilidan qaytib endi ish boshlaganlar kun davomida ancha qiynalishlari mumkin. Ha, bir oy dam olish keyinchalik ishga moslashishni qiyinlashtiradi. Kechqurun olis safarga otlanishingiz mumkin. Hujjatlaringizni yana bir karra ko'zdan o'tkazib olishni unutmang. Olloh sizga yor bo'lsin!

 

QISQIChBAQA (22. 06 — 23. 07)

 

9 sentyabrda erta tong mahali badantarbiya mashqlarini bajarib, shundan keyin nonushta qilsangiz, yomon bo'lmasdi. Shaxsiy muammolarni vaqtincha chetga sura turing. Baribir ularni qo'shimcha pullarsiz bartaraf eta olmaysiz. Shunday ekan, birinchi navbatda pul topish harakatida bo'ling. Qo'shimcha daromad keltiruvchi ish topsangiz, to'g'ri yo'l tutgan bo'lasiz. Kechqurun jufti yoki bo'lg'usi jufti bilan janjallashib qolganlar yarash oshiga hozirlik ko'raversinlar.

 

ARSLON (24. 07 — 23. 08)

 

Arslon burji ostida tug'ilganlarning aksariyati kunning birinchi yarmini uy yig'ishtirish bilan o'tkazishadi. Vaqt qolsa, salomatligingiz haqida qayg'ursangiz ham ziyon qilmaydi. Qarzlaringiz ko'pligidan bugun kissangiz bo'shab qolishi mumkin. Harakatingizni qiling. Kechqurun vaqtingiz zerikarli kechishi kutiladi. Oila a'zolaringiz bilan birga kichik bayram tashkil etsangiz, bu zerikishlar ortga chekingan bo'lardi.

 

PARIZOD (24. 08 — 23. 09)

 

9 sentyabr siz uchun unumli kechadi. Ish ko'p, ammo barchasi barakali bo'ladi. Ayniqsa, yaqinda shaxsiy biznesini ochganlar bugun mo'may daromaddan umid qilaversalar bo'ladi. Dam olish va nafas rostlashga vaqtingiz bo'lmaydi. Na iloj, hayot-da. Oila qurmagan bo'lsangiz, uchrashuvni, oilali bo'lsangiz safarga chiqishni keyinga qoldirishga majbursiz. Moliyaviy ahvolingiz bugun o'rtacha darajada bo'ladi.

 

TAROZI (24. 09 — 23. 10)

 

Bugungi kuningiz nafaqat og'ir, balki agressivlikda kechishi mumkin. Kun davomida kimlar bilandir bahslashasiz, o'zgalarning muammolari haqida o'ylash, qayoqdagi bo'lmag'ur g'oyalarga o'ralashish bilan band bo'lasiz. Ro'zg'ordagi ko'ngilsiz vaziyatlarni esa aksincha juda oson yo'l bilan yo'q qila olasiz. Muammo baribir pulga kelib taqaladi. Pul esa sizda yetarli. Kechqurun toza havoda sayr qiling. Salomatligingizga putur yetishiga yo'l qo'ymang. Omad sizga yor bo'lsin!

 

ChAYoN (24. 10 — 22. 11)

 

9 sentyabr kuni ish boshlashdan oldin o'zingizni o'zingiz sug'urtalab olishingiz talab etiladi. Biling, har qanday chuqur o'ylanmasdan bosilgan qadam jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi hech gap emas. Romantika ishqibozlari ham istagiga yarasha bu ajoyib ne'matdan bahra oladi. Ayniqsa, yolg'iz yashaydiganlarning kuni tug'adi. Faqat juda e'tiborli bo'ling. Kechqurun qaysidir qarindoshnikiga mehmonga otlanishingiz ehtimoli bor.

 

O'QOTAR (23. 11 — 21. 12)

 

Ish joyingizda martabani oshirish uchun bugun juda qulay imkoniyatlar yuzaga keladi. Bo'shashmasangiz, faollikni qo'ldan bermasangiz, har bir qulay vaziyat siz uchun xizmat qiladi. Shaxsiy xavfsizligingizni ta'minlash uchun safarga o'z avtomobilingizda chiqmang. Jarohat yetish ehtimoli bor. Olovdan va kesuvchi uskunalardan nari bo'lishingiz tavsiya etiladi. O'zingizni va yaqinlaringizni juda ehtiyot qiling.

 

TOG' EChKISI (22. 12 — 19. 01)

 

9 sentyabr kuni yaqin o'tmishda boy bergan yutuqlardan tortib imkoniyatlargacha qaytarib olish istagida kuyib-pishasiz. To'g'ri qilasiz. Oila qurmagan bo'lsangiz va sevgan insoningiz bilan arazlashib yurgan bo'lsangiz ham bugun omadingiz keladi. Uni ham qaytarish imkoniga ega chiqasiz. Endi tadbirkorlik bilan shug'ullanishni boshlaganlarning ham omadi kuladi. Sizga ajoyib hamkorlik amalini taklif qilishadi.

 

QOVG'A (21. 01 — 19. 02)

 

Bugun qalbingizda ezgu maqsadlar to'lib-toshadi. Ammo ularning hammasini ham haqiqatga aylantira olmaysiz. Bo'lar-bo'lmas ishlarga jalb etishlari tufayli ular qalbingizning tubida qolib ketadi. Yolg'iz bo'lsangiz, kunning ikkinchi yarmida romantik tanishuv boshingizga tushadi. Qolganlarning ayrimlari esa kunning ikkinchi qismini yolg'izlikda o'tkazsalar foydadan xoli bo'lmaydi. Tabiat qo'yniga chiqib dam olsangiz yana yaxshi.

 

BALIQ (20. 02 — 20. 03)

 

9 sentyabrda xato qilib qo'yishdan ehtiyot bo'ling. Bu ishda bo'ladimi, shaxsiy hayotdami, farqi yo'q. Har bir qadamingizni o'ylab bosing. Pul masalasida shubhasiz yuz foiz sergaklik talab qilinadi. Ayrimlar kechki payt yangi manzilga ko'chib o'tishlari, ba'zilar esa uy ta'mirini boshlashlari mumkin.

Xushvaqt bo'ling! Hammavaqt bo'ling!

Olimjon HAYIT tayyorladi