Islom Karimovga bag'ishlangan asar taqdimoti

0

Toshkentda yozuvchi Luqmon Bo'rixonning “Olov tutgan odam” kitobi taqdimoti bo'lib o'tdi. Mazkur badiiy asarda Islom Karimovning 1986-1989 yillarda Qashqadaryo viloyatidagi rahbarlik davri, “o'zbek ishi”, “paxta ishi” deb atalgan kampaniya avj olgan yillarda respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat, milliy mustaqillik g'oyasining tug'ilishi, shuningdek, Islom Karimov O'zbekiston kompartiyasi Markaziy qo'mitasining birinchi kotibi lavozimiga tayinlangunga qadar ro'y bergan, ham O'zbekistonning Birinchi Prezidenti uchun, ham butun mamlakat uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan voqealar qalamga olingan.

“Ma'lumki, o'tgan asrning 80-90-yillarida sobiq Ittifoq o'z umrining o'ta tang, tahlikali davrini boshidan kechirardi. Bu noxush holni ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha tarmoqlarida kuzatish mumkin edi. Bir so'z bilan aytganda, ulkan imperiya parchalanish arafasida edi. O'sha mash'um yillar, ayniqsa, O'zbekiston Respublikasi boshiga og'ir, azobli tashvishlar olib keldi. Xalqimizga malomat toshlari otildi. O'zbekistonda poraxo'rlik, ko'zbo'yamachilik, xiyonat, boqimandalik kabi qator jinoyatlar ildiz otgan degan bahona ostida Markaz tomonidan bu yerga guruh-guruh “adolatpesha amaldorlar”, taftishchilar, tergovchilar yuborildi. “O'zbek ishi”, “paxta ishi” degan haqoratomuz iboralar paydo bo'ldi. Oqibatda, yuzlab, minglab yurtdoshlarimiz nohaqdan-nohaq qamoqqa tashlandi, quvg'in qilindi. El-ulusda tushkunlik, ishonchsizlik, umidsizlik kayfiyati ustuvor edi. Luqmon Bo'rixonning “Olov tutgan odam” romanida xuddi shu davr, xuddi shu ijtimoiy holat mahorat bilan ochib berilgan.

Yozuvchi Luqmon Bo'rixon Islom Karimov siymosini badiiy adabiyotga olib kirarkan, odatda, shu toifadagi asarlarda ko'p uchraydigan balandparvozlikdan qochadi. Yozuvchi bosh qahramonning siyosiy-ijtimoiy portretini bo'rttirib ko'rsatishdan ko'ra uning insoniylik qiyofasini chizishga, odamiylik fazilatlarini tasvirlashga harakat qiladi. Romanda Islom Karimov yurt qismati bilan bog'liq zalvarli yukni yelkasiga olgan ulkan shaxs, salohiyatli rahbar timsolida ko'rinishi barobarida uning hamdardlikka, dilkashlikka moyil inson ekaniga guvoh bo'lamiz”,

loading...