O'zbekiston karate milliy federatsiyasida sodir etilgan jinoyatlar fosh etildi. Huquq tartibot idoralari nega jim?

0

O'zA minbari: Karatechilarimiz Olimpiada o'yinlari yo'llanmasidan bebahra qolmoqda yoxud A.Mullayev va N.Iminov milliardlab so'm mablag'ni qaerga sarflagan?

Xalqimiz O'zbekistonda karate sport turi ommalashishini Nurxon Nafasov nomi bilan bog'laydi. Bunda tarixiy haqiqat bor. Chunki 1996 yili O'zbekiston karate milliy federatsiyasi tashkil etilishida bevosita N.Nafasov jonbozlik ko'rsatgan edi. Shu yildan e'tiboran mamlakatda yoshu qari bu sport bilan shug'ullanishni boshlagan, qisqa fursatda ular soni 70 mingdan oshgan edi.

Nafasov 2005 yilda federatsiya faoliyatidan chetlatildi. 12 yillik tanaffusdan so'ng – 2018 yil 16 may kuni u yana federatsiya rahbarligiga qaytib keldi.

Oradan ko'p o'tmay, ya'ni 2018 yil sentyabr oyida N.Nafasov federatsiya rahbarligidan yana noqonuniy tarzda chetlatildi.

2019 yil 27 avgust kuni Fuqarolik ishlari bo'yicha Toshkent shahar Shayxontohur tumanlararo sudi qarori bilan N.Nafasov yana O'zbekiston karate milliy federatsiyasi prezidenti lavozimiga tiklandi.

Biz aytmoqchi bo'lgan asosiy gap O'zbekiston karate milliy federatsiyasi prezidenti lavozimida ishlagan A.Mullayev va o'sha vaqtda federatsiya ijrochi direktori bo'lgan N.Iminovning milliardlab so'm mablag'ni noqonuniy o'zlashtirgani haqida.

O'zbekiston karate milliy federatsiyasining 2015-2018 yillardagi faoliyati auditorlik tekshiruvidan o'tkazilganda, asosiy e'tibor Nafasov 4 oy ishlagan davriga qaratilgan. Ungacha rahbar bo'lgan A.Mullayev va N.Iminov davrida talon-taroj qilingan 4 milliard 600 million so'mga esa hech qanday munosabat bildirilmagan.

Bu haqda tegishli joylarga murojaat qilinganiga qaramay savol ochiqligicha qolmoqda.

Birgina misol, O'zbekiston karate milliy federatsiyasining bayonoti bo'yicha 2017 yilda federatsiyaga 400 million so'm kirim qilingani ko'rsatilgan. Lekin Vazirlar Mahkamasining bayonnomasiga asosan o'sha yili federatsiyaga 2 milliard so'mga yaqin mablag' o'tkazib berilgan. Auditorlik tekshirish jarayonida bu mablag' haqida hech qanday ma'lumot yo'q. Ya'ni, 2 milliardga yaqin mablag'ning qaerga, qanday maqsadlarda sarflangani ko'rsatilmagan.

Bundan tashqari federatsiyaning qarzlari haqida hech qanday ma'lumot berilmagan. Vaholanki hozirda federatsiyaning yirik miqdorda qarzlari mavjud. Bu qarz qanday paydo bo'lgan, degan savol tug'iladi. Aytish mumkinki, sportchilarning musobaqalarga qatnashishi uchun biletlar faqat qarz hisobiga olingan. Qizig'i o'sha vaqtda federatsiyaning hisob raqamida 700 million so'mdan ortiq mablag' bo'lgan. Bu holat mablag'larning noto'g'ri ishlatilganini ko'rsatadi.

Xususan, federatsiya mablag'lari qonun talablariga zid holda murabbiylar A.Muhamedov, D.Bakirova, O'.Bekpo'latovlarning shaxsiy bank plastik kartochkalariga 20.10.2017 yilda 235 million so'm, 28.11.2017 yilda 77 million 870 ming so'm, 12.02.2018 yilda 136 million so'm, 28.02.2018 yilda 303 million so'm mablag' o'tkazib berilgan. Shu tariqa yirik miqdordagi mablag' noqonuniy o'zlashtirib yuborilgan.

Shuningdek, A.Mullayev rahbarligi davrida byudjetdan kelib tushgan va homiylar mablag'lari qaerga yo'naltirilgani haqida ham ma'lumotlar mavjud emas.

Eng achinarlisi A.Mullayev rahbarlik qilgan keyingi 1 yilga yaqin vaqt mobaynida karatechilarimiz Olimpiada o'yinlariga yo'llanma beradigan 8 ta musobaqadan medalsiz, biron natijasisiz qaytib kelgan.

Biz bu haqda, ya'ni O'zbekiston karate milliy federatsiyasi prezidenti lavozimida ishlagan A.Mullayev va o'sha vaqtda federatsiya ijrochi direktori bo'lgan N.Iminov tomonidan sarflangan mablag'lar yo'naltirilganini tekshirish haqida tegishli huquq-tartibot organlariga murojaat qilishimizga qaramasdan, noqonuniy o'zlashtirilgan mablag'lar uchun javobgar shaxslarga nisbatan hech qanday chora ko'rilmadi yoki jinoiy ish qo'zg'atilmasdan kelmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 4 sentyabr kuni jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni kuchaytirish masalalariga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishida sport yo'nalishidagi ishlarga tanqidiy baho berildi. Federatsiyalar faoliyatidagi kamchiliklar haqida kuyunchaklik bilan gapirildi.

Bundan barchamiz to'g'ri xulosa chiqarib, vijdonan ishlashimiz kerakligi ayon haqiqat. Shu ma'noda biz ko'tarib chiqayotgan masalalarga tegishli huquq-tartibot organlari jiddiy e'tibor qaratishiga umid qilamiz. Va bu kelgusida karatechilarimizning xalqaro musobaqalarda, Olimpiada o'yinlarida yaxshi natijalarga erishishiga xizmat qiladi, degan ishonchdamiz.

Alisher Mamatov

O'zbekiston milliy axborot agentligidan olindi

loading...