Dilbar Najmutdinova: «Mening asosiy vazifalarimdan biri qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga yordam berishdir»

0

— Dilbar opa, avvalo «Do'stlik» ordeni bilan taqdirlanganingiz bilan tabriklaymiz! Yutuqlaringiz ko'p, ularning qay biri bilan hammasidan ko'proq faxrlanasiz?

— Tabrik uchun rahmat. Men, birinchi navbatda, shifokorman va faxrlangulik yutug'im avvalo shu deb hisoblayman.

— Adashmasam so'nggi olti oyda xotin-qizlar qo'mitasi faoliyati to'g'risida yangiliklar ko'p bo'ldi. Faoliyat bunchalik jonlanganligining sababi nimada?

— Darhaqiqat, yangiliklar ko'paydi, chunki bu yo'nalishdagi ishlar kuchaygan. Avval xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash  va ularga amaliy yordam ko'rsatish hozirgidek aniq va manzilli emasdi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentning «Xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi farmonida bu boradagi ishlarning aniq yo'nalishlari ko'rsatilgan. Xususan, ushbu farmonda O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasi faoliyatining ustuvor yo'nalishlari belgilab berilgan:

birinchidan, xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlashga doir davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini ta'minlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirish;

ikkinchidan, xotin-qizlarning muammolarini o'z vaqtida aniqlash, yordamga muhtoj bo'lgan va og'ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar, shu jumladan, nogironligi bo'lgan ayollarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam ko'rsatish;

uchinchidan, xotin-qizlarning bandligini ta'minlash, mehnat sharoitlarini yaxshilash, xotin-qizlarni, ayniqsa, qishloq joylardagi yosh qizlarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etish masalalarida har tomonlama manzilli qo'llab-quvvatlash;

to'rtinchidan, xotin-qizlar o'rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan xotin-qizlarning ijtimoiy reabilitatsiyasi va moslashishi bo'yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqin hamkorlikni ta'minlash.

Ko'rib turganingizdek, faoliyatimizning asosiy yo'nalishlari belgilab berilgan va biz ushbu barcha yo'nalishlarda faol ishlayapmiz.

— Xotin-qizlar reabilitatsiya qilish markazi ochilgan kuni bo'lib o'tgan brifingda, jamiyatning asosiy maqsadi ayollarga yordam berish va ular o'z joniga qasd qilishiga yo'l qo'ymaslikdir, deb ta'kidlab o'tgan edingiz. Shu o'rinda agar ushbu mavzuga oid statistik ma'lumotlar bo'lsa, keltirib o'tishingizni so'ragan bo'lardim.

— Ha, Toshkent bo'yicha bunday statistika mavjud. 2018 yilning yetti oyida (yanvar-iyul) o'z joniga qasd qilish bo'yicha qayd etilgan 127 holatdan  43 nafari ayollarga taalluqli bo'lgan. Joriy yilning dastlabki yetti oyi mobaynida 101 ta (26 taga kam) holat kuzatildi, ularning  29  nafari ayollardir, bu esa o'tgan yilga nisbatan 14 taga kamaydi degani. Ushbu ko'rsatkichga qiyin vaziyatga tushib qolgan har bir ayol bilan manzilli ish olib borish natijasida erishdik, desak xato bo'lmas. Va bu yo'nalishda xali ishlarimiz ko'p.

— Qiyin ahvolda qolgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazida kunu tun faoliyat yurituvchi Call-markazi faoliyati yo'lga qo'yilgan va u yerda psixologlardan bepul va anonim maslahat olish mumkin, yordam so'rab murojaat etgan ayollarga yordam ko'rsatamiz va qo'llab-quvvatlaymiz. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2 sentyabr kuni imzolangan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonunida faoliyatimizga daxldor yangi vazifalar belgilab berildi. Qonunda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta'minlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari belgilangan. Bundan tashqari, xotin-qizlarni jinsi bo'yicha kamsitishga yo'l qo'yilmasligi, davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda, saylov jarayonida teng ishtirok etishi, sog'liqni saqlash, ta'lim, fan, madaniyat, mehnat va ijtimoiy himoya sohalarida, shuningdek, davlat va jamiyat hayotining boshqa sohalarida teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlangan. Shuningdek, nafaqat zo'ravonlikning turli shakllarini aniqlash, balki ayollarning hayoti va sog'lig'i uchun xavf-xatarni bartaraf etish, ularning xavfsizligini ta'minlash, shuningdek, ularga nisbatan  takroriy noqonuniy xatti-harakatlarning oldini olish maqsadida iqtisodiy, ijtimoiy, huquqiy, tashkiliy, psixologik va boshqa xarakterdagi favqulodda choralar tizimi ham belgilangan. Bizning vazifamiz buni to'laqonli amalga oshirishdir.

— Yaqin bir yil davomida ijtimoiy uylar qurilishi boshlandi. Ular kimlarga beriladi? Uni olish uchun qanday mezonlar mavjud? Uy-joyni olish bo'yicha ustuvorliklar bormi?

— Aholini ijtimoiy uy-joy bilan ta'minlashning ustuvor yo'nalishlari O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 26 fevraldagi 170-sonli «Davlat uy-joy fondidagi turar joylarni taqsimlash va fuqarolarga ijara shartnomasi shartlari asosida berishni tartibga solishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to'g'risida»gi qarorida belgilangan.

Qarorga muvofiq, quyidagilar uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj deb hisoblanadi:

* turar joy maydoniga ega bo'lmagan yoki yashash uchun yaroqsiz uy-joylar (baraklar, vaqtinchalik uylar, avariya holatidagi uylar, yerto'lalar)da yashovchi fuqarolar;

* qarindoshlik aloqalari bo'lmagan ikki va undan ko'p oila bo'lib bir kvartirada yashovchilar;

* quyidagi og'ir turdagi surunkali kasalliklarga chalingan fuqarolar:

disforiya, shaxsiyatining o'zgarishi va aqli zaiflik bilan kechadigan epilepsiya;

tez-tez takrorlanishi oqibatida muvozanatdan chiqaruvchi affektiv va vasvasa sindromi bilan kechadigan surunkali psixozlar;

*1941 — 1945 yillardagi urush faxriylari

* 16 yoshgacha yetti nafar va undan ziyod bolalari bo'lgan ko'p bolali oilalar;

* chin yetim bolalarni vasiylikka olgan oilalar;

* uch nafar va undan ziyod mehnatga layoqatsiz oila a'zolari bo'lgan, boquvchisini yo'qotgan oilalar;

* ishlamaydigan I va II guruh nogironlari;

* keksayib qolgan yolg'iz pensionerlar — yolg'iz yashaydigan keksalar, voyaga yetmagan bolalar yoxud qamoqda va jazoni o'tash muassasalarida, uzoq muddat davolanishda bo'lgan shaxslar bilan birga yashaydigan o'zgalar parvarishiga muhtoj bo'lgan pensiya yoshidagi shaxslar (60 yoshga yetgan erkaklar, 55 yoshga yetgan ayollar);

Tuman hokimliklari huzurida uy-joy sharoitini yaxshilash bo'yicha komissiyalar tuzilgan. Uy-joyga muhtoj bo'lgan ayollar ushbu komissiyaga belgilangan shaklda ariza berishadi, komissiya arizachining yashash sharoitlarini atroflicha o'rganadi va uni ijtimoiy uy-joy uchun navbatga kiritishga qaror qiladi. Shu o'rinda joriy yil boshidan beri ijtimoiy himoyalanmagan oilalarga, shu jumladan, bolali yolg'iz ayollarga 815 ta kvartira ajratilganligini eslatib o'tish joiz.

— Ijtimoiy liftlarning mavjudligini qanday baholaysiz? Oddiy oilada voyaga yetgan qiz muvaffaqiyatli karyera qila oladimi?

— Albatta. Bunga misollar juda ko'p. Asosiysi, buning uchun qizlar bilim olish va har tomonlama rivojlanish masalasida qat'iyatli bo'lishi kerak. Bugungi kunda yoshlar, shu jumladan, qizlar ham yurtimizdagi yoki chet eldagi o'zi istagan oliy ta'lim muassasasida o'qishi va o'zi xohlagan kasbga ega bo'lishi uchun imkoniyat va sharoitlar yetarli darajada.

— Siz tibbiyot fanlari doktorisiz, ilm bilan emas, balki boshqaruv bilan shug'ullanayotganingizdan afsuslanmaysizmi?

Yaxshi olim yaxshi rahbar bo'lishi, ilmni amaliyot bilan uyg'unlashtirish, eng so'nggi yangilik va yutuqlarni amalda qo'llash kerak deb hisoblayman. Nazarimda, bu taraqqiyotga muhim hissa qo'shadi. Mening rahbarligim ostida 5 ta doktorlik va 17 ta nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilindi, yana ikkita doktorlik va bitta nomzodlik dissertatsiyalari himoyaga tayyorlanyapti.

— Hokim o'rinbosari sifatida qanday masalalar bilan shug'ullanasiz?

— Faoliyatimning asosiy yo'nalishlari quyidagilar:

• qiyin vaziyatga tushib qolgan ayollarni qo'llab-quvvatlash;
• ayollar o'rtasida huquqbuzarliklarni kamaytirish;
• qiyin vaziyatga tushib qolgan ayollarni o'qitish va ishga joylashtirish;
• ayollarning ijtimoiy faolligini oshirish, yetakchi xotin-qizlarni aniqlash va ulr bilan ishlash, ayollarni faol ijtimoiy hayotga jalb qilish maqsadida o'quv va amaliy mashg'ulotlarni o'tkazish;
• ajralishlar sonini kamaytirish, oilalarni mustahkamlash bo'yicha ishlash;
• ayollarimizning reproduktiv salomatligini mustahkamlash.

— Sizni ijtimoiy tarmoqlarning faol foydalanuvchisi deb atash mumkinmi? Blogerlarning sahifalarini o'qiysizmi? Tanqidga munosabatingiz qanday? Sizningcha, ijtimoiy tarmoqlardagi har qanday tanqid va e'tirozlarga javob berish kerakmi?

— Men deyarli ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmayman, blogerlarning sahifalarni o'qimayman, bunga vaqtim yetmaydi. Men konstruktiv tanqidga ijobiy munosabatdaman, chunki bu xato va kamchiliklar ustida ishlashga imkon beradi. Shuningdek, har qanday tanqid va e'tirozga javob berishga hojat yo'q, deb o'ylayman, nazarimda bunga vaqt ajratish o'rinli emas.

— Hozir kir yuvish mashinalari, o'zi ovqat tayyorlovchi turli texnikalar bor, bu bilan uy yumushlari kamaydimi? Siz uy ishlarini shaxsan o'zingiz qilasizmi yoki bu masalada yordamchingiz bormi?

— Oilamizda keksalar bor va ularni yaxshi parvarish qilish kerak. Shu bois xizmatchi yollaganmiz. So'nggi ikki yil davomida ishxonadagi ishlarim nihoyatda ko'payib ketgani sababli to'g'risi uy ishlarini qilishga umuman imkonim yo'q.