Rabindranat TAGOR: «DALIYa»

0

 

 

***

 

Urushda mag'lubiyatga uchragan shoh Shuja, Avrangzeb ta'qibidan qo'rqib, boshpana izlab Arakan rojasi huzuriga qochib kelishga majbur bo'ldi. Uning uch sohibjamol qizi ham o'zi bilan birga edi. Arakan rojasi ularni o'z o'g'illariga olib bermoqchi bo'ldi. Buni eshitib shoh Shuja juda g'azablandi.

Shundan so'ng, bir kuni Arakan rojasining farmoni bilan Shuja va uning qizlarini aldab qayiqqa o'tqizdilar-da, daryoning o'rtasiga olib kelib, g'arq qilmoqchi bo'ldilar.

O'lim havfidan dahshatga tushgan ota kichik qizi Aminani o'z qo'li bilan daryoga otib yubordi. Katta qizi o'z-o'zini halok qildi. O'rtancha qizi Julikxani Shujaning sodiq mulozimlaridan Rahmat Ali degan yigit qutqazib qoldi. Shoh o'zi shu kurashda halok bo'ldi.

Daryoning asov to'lqinlarida oqib borayotgan Amina taqdirning marhamati bilan bir baliqchining to'riga tushib, xalos etildi. Baliqchi uni o'z kulbasiga olib borib, tarbiyalab o'stirdi.

Bu orada Arakanning keksa rojasi o'lib, uning o'rniga taxtga yosh hokim o'tirdi.

 

* * *

 

Bir kun ertalab keksa baliqchi Aminaning oldiga kelib po'ng'illadi:

— Tinni (u o'zining arakan tilida Aminani shunday atar edi)! Bukun senga nima bo'ldi? Sen hozirgacha biror ish qilmabsan-ku! To'r yog'lanmagan, qayiq…

— Bobo, — muloyimlik bilan javob berdi qiz, — Bu kun mening opam kelganlar; gap bilan ovora bo'lib, ish qilolmadim.

— U qanaqa opa bo'ldi tag'in?

— Mana men, — dedi Julikxa, go'yo yer ostidan paydo bo'lganday.

Chol hayron qoldi. So'ngra qizga yaqinlashib, uning yuzlariga tikilgancha:

— Sening qo'lingdan biror ish keladimi? — deb ohista so'radi.

— Bobo, opam uchun men ishlayman, — dedi Amina, — U ishlab o'rganmagan.

Chol andak jimlikdan so'ng Julikxaga qarab:

— Sen qaerda yashaysan? — deb so'radi.

— Amina bilan.

Chol «bu yana qanday baxtsizlik» deb o'yladi-da, baland ovoz bilan:

— Nima bilan tirikchilik qilasan? — dedi.

— Bunga mablag' topilib qolar, — dedi Julikxa va bir oltin tangani jahl bilan baliqchining yuziga qarab otib yubordi.

Amina yerdan oltinni olib cholga berarkan:

— Bobo, bu haqda ortiq gapirmang, ishingizga boring; vaqt bo'ldi, — dedi muloyimlik bilan.

Julikxaning Aminani baliqchi kulbasidan topguncha; erkak kiyimida butun olamni kezib chiqqanini kitobxonga tushuntirish uchun alohida hikoya yozish kerak. Bu orada uning xaloskori Rahmat Ali ham Arakan rojasiga xizmatga kirib olgan edi.

 

* * *

 

Daryo bir maromda to'lqinlanib, sekin oqib borar, yozning salqin shabadasi ohista esib kayla daraxtining qizg'ish yaproqlarini to'kardi.

Daraxt tagida Julikxa bilan Amina o'tirardi.

— Xudo biz opa-singillarni otamizning halokati uchun qasos olsin, deb xalos etdi. Bunga bundan boshqa sabab yo'q, nazarimda — dedi Julikxa.

Amina bo'lsa qorayib ko'ringan o'rmon tarafga nazar solib, sekin gapirardi:

— Opa, bu gaplarning nima hojati bor? Men, olam qanday bo'lsa, uni shu turishicha sevaman. Agar odamlar o'lishni istasa, qo'ying, bir-birlarini o'ldirisha bersin. Menga shu yerning o'zi ham juda yaxshi.

— Oh, Amina! Axir sen shoh qizisan! Dehli taxti o'rniga qandaydir arakan baliqchisining kulbasida o'tiribsan!

— Agar qizga baliqchi kulbasi bilan kayla daraxtining soyasi Dehli taxtidan ko'ra ma'qul bo'lsa, bundan toji taxtga hech qanday ziyon yetmaydi, — kulimsirab javob berdi Amina.

Bir oz o'ylagach, Julikxa singlisiga qarab yana gapirdi:

— Seni buning uchun ayblab bo'lmaydi, chunki sen u vaqtda juda yosh eding. Ammo shuni bilib qo'yki, otam seni juda sevardi, shuning uchun ham u seni o'zi suvga tashladi. Bunday yashashdan ko'ra otaning qo'lida o'lish ming marta afzal. Sening hayotingdan murod — otamizning halokati uchun o'ch olish.

Amina xayolga botib uzoqlarga tikildi. Suhbat jiddiy bo'lishiga qaramay, uni hozir ko'proq hayajonlantirgan narsa salqin shabada, daraxtlarning ko'lankasi, o'z yoshligi va yana allaqanday shirin xotiralar ekanligi ochiq sezilib turardi. Bir oz vaqt o'tgach, Amina chuqur nafas oldi-da, opasiga dedi:

— Opa! Siz biroz kutib turing. Men uyning ba'zi yumushlarini qilib qo'yay. Agar men ovqat pishirmasam, bobom och qoladi.

 

* * *

 

Julikxa tashvishga tushib, singlisining fe'l-atvori haqida o'ylab o'tirardi. Birdan yoniga birov sakrab tushganday tuyuldi va shu ondayoq kimdir qo'li bilan uning ko'zlarini berkitdi. Qo'rqib ketgan Julikxa qichqirib yubordi:

— Kim bu!

Yigit bu ovozni eshitib, qo'lini tortib oldi-da, qizning ro'parasiga o'tib turdi. Go'yo Julikxa o'zini Tinni qilib ko'rsatishga uringan-u, yigit bu hiylani payqab qolgandek:

— Sen Tinni emassan! — deb qichqirdi qizning yuziga qarab.

Qiz ko'ylagini tuzatib, g'urur bilan qomatini rostlab, yigitga nafrat to'la nazar solarkan:

— Sen kimsan? — deb so'radi.

— Sen meni bilmaysan. Tinni biladi. Qani u?

Mojaroni eshitib Amina chopib chiqdi. U opasining darg'azab bo'lib turganini, yigitning sarosimada va hayratda qolganini ko'rib, qah-qah urib kulib yubordi.

— Opa, uning so'zlarini ko'nglingizga olmang. Shu ham odammi? Axir u yovvoyi kiyikning o'zginasi-ku. Agar u sizga nojo'ya muomala qilgan bo'lsa, men adabini berib qo'yaman. Daliya, nima qilding? — Amina yigitga o'girildi.

— Men qo'lim bilan uning ko'zlarini berkitdim. Tinni deb o'ylagan edim, yanglishibman, — deb javob berdi yigit.

— Ana xolos! Unaqa haddingdan oshma? — zarda qildi Amina. — Qachon sen mening ko'zlarimni berkitib yuruvding? Juda dovyurak bo'lib ketibsanmi?

— Ilgari qilib yurgan bir ishni takrorlash uchun judayam katta jasorat talab qilinmaydi. Rostini aytsam, Tinni, men bukun bir oz qo'rqdim, — dedi yigit kulimsirab Julikxaga boqarkan.

— Sen rostdan ham yovvoyisan! Podshoh qizi ro'parasida turishga ham loyiq emassan! Senga odobni o'rgatib qo'yish kerak ekan. Menga qara, mana munday qilib, salom ber…

Amina sarvqomatini ajib bir nazokat bilan egib Julikxaga ta'zim qildi. Yigit juda qiynalib, no'noqlik bilan unga taqlid etdi.

— Uch odim orqaga qayt, — deb buyurdi Amina. Yigit bo'ysundi.

— Takrorla.

U yana ta'zim qildi.

Shu tariqa Amina yigitni uch qadamdan orqaga yur-gizib, ta'zim qildira-qildira, kulbaning eshigi oldiga olib bordi va:

— Endi uyga kir — dedi.

Yigit uyga kirdi.

— Bir oz ishla, o'choqqa o't yoq! — dedi qiz va eshikni berkitib opasining oldiga chiqdi.

— Opa, undan xafa bo'lib yurmang. Bu yerning odamlari hammasi shunaqa, o'lgudek beor.

Ammo Aminaning chehrasi uning gaplariga sira mos kelmasdi, aslida u mahalliy xalqqa haddan ziyoda xayrixoh edi.

— Amina, rostini aytsam, sening qilig'ing meni taajjubda qoldirdi, — dedi jahli chiqqan Julikxa. — Allaqanday yosh bola senga qo'l tegizishga jur'at qilsa, axir!

— Opajon, bordi-yu biror shahzoda shunday qilganida, shubhasiz men uni jerkib tashlardim, — dedi Amina opasini quchoqlab.

Julikxa o'zini kulgidan tutib turolmadi.

— Rostini ayt, Amina, o'zing aytganday, bu dunyoni bor bo'yicha sevishing shu yovvoyi yigitcha tufayli emasmi? — deb so'radi opasi kulib.

— Yashirib o'tirmayman, opa, uning menga ko'p yordami tegadi. Gul terib yurganida ham, meva terganida ham, ov qilayotgan chog'ida ham, men bir og'iz chaqirdimmi — darrov yetib keladi. Ba'zan uning ta'zirini berib qo'yay deyman, lekin qilolmayman. Agar juda jahlim chiqib: «Daliya, men sendan juda xafaman», — desam, u menga qarab sekin kulib qo'yadi, xolos. Nazarimda, bu o'lkada shunday hazillashadilar, chog'i. Agar uni turtib qo'ysang, quvonib ketadi. Men buni sinab ko'rdim. Hozir ham uni uyga qamab qo'yganimdan xursand. Agar shu tobda eshikni ochsak, ko'zlari qizarib, xushnudlik bilan o't yoqib turganini ko'rasiz. Opajon, uni nima qilishimni o'zim ham bilmayman.

— Men biror narsa o'ylab ko'raman, — dedi Julikxa.

— Iltimos, opajon, menga ko'maklashing. Ammo unga hech narsa demang, — dedi Amina uyalib jilmayarkan.

Amina Daliya to'g'risida, hali yaxshi o'rgatilmagan, begona odamdan hurkadigan sevimli kiyik haqida gapirganday so'zlardi.

Shu palla opa-singillar oldiga baliqchi chol keldi.

— Tinni, bukun Daliya kelmadimi? — deb so'radi u Aminadan.

— Keldi.

— Qani?

— Beboshlik qilgani uchun qamab qo'ydim, — dedi qiz.

— Agar u sho'xlik qilsa, sen sabrli bo'l. Uning yoshida biz hammamiz ham tentak edik. Qattiq jazolama, — dedi chol va bir oz o'ylab: — Kecha Daliya uchta balig'imga bir tilla berdi, — deb qo'ydi.

— Bobo, xafa bo'lmang, bukun men undan ikki tilla olib, bitta ham baliq bermayman, — dedi Amina.

Keksa baliqchi asrandi qizining ziyraklik va puxtaligiga qoyil qolib, erkalab boshini silab ketdi.

 

* * *

 

Qizig'i shuki, Julikxa bora-bora Daliyaning kelib turishiga e'tiroz qilmay qo'ydi. Agar yaxshigina o'ylab qaralganda, buning taajjublanadigan yeri ham yo'q. Daryoning shiddatli oqimini qirg'oqlar tutib turganday, ma'rifatli kishilar orasida go'zallarning yurak urishini ham andisha tutib turadi. Ammo madaniyatli kishilardan yiroqda, Arakan o'rmonida andisha nima qiladi! Bu yerda mavsumning o'zgarishi bilan daraxtlar kurtak chiqaradi. Ko'k daryo yomg'ir suvidan to'lib-toshadi, u qishda tinch, yozda esa quriydi. Bu yerda qushlarning yoqimli ovozida ta'na sezilmaydi. Janub shamoli esa narigi qirg'oqdagi qishloqdan aravalarning taraqlagan ovozinigina olib keladi.

Tashlandiq va xaroba saroy o'rnida tezdan daraxtlar o'sib chiqqanidek, tabiat ham yashirin hujumida davom etib, odamlar vujudga keltirgan qattiq shartlilik asoslarini tadrijiy ravishda va sezilmas bir yo'sinda vayron etadi. Xotinlarga hech narsa bir-biriga munosib yigit bilan qizning totuvligiday halovat bag'ishlamaydi. Hech bir narsa ular uchun shu totuvlik kabi sirli va quvonchli bo'lmaydi. Bu yovvoyi kulbada Julikxaning nopisandligi, sipoligi yo'qolgach, gullab turgan kayla daraxti soyasida Daliya bilan Aminaning uchrashuvlari uni ham boshladi.

Julikxaning yosh qalbida allaqanday orzu uyg'onib, u xushnudlik va alamdan beqaror bo'lib qoldi. Bora-bora shu darajaga yetdiki, agar yigit hayallab qolgudek bo'lsa, opa-singil bir xilda sabrsizlik va hayajon bilan kutar edilar. Rassom endigina tamomlagan suratiga mahliyo bo'lib qaragandek, ular ham yigitga mehr-muhabbat bilan jilmayib nazar solardilar. Ba'zan ular janjallashib qolishar, shunda Julikxa Aminani, Daliya bilan ko'risholmay qolsin deb, uyga qamab qo'yardi.

Podshoh bilan o'rmon orasida bir o'xshashlik bor: har ikkisi ozod, har ikkisi o'z saltanatining yagona hukmdori, na unisi, na bunisi hech kimning qonuniga bo'ysunmaydi. Har ikkisida allaqanday o'ziga xos tabiiy ulug'vorlik va poklik bor. Oddiy odamlar bo'lsa jamiyat qonunlariga butunlay bo'ysunib yashaydilar, ular mustaqil emaslar: kattalarga — qul, kichiklarga — xo'jayindirlar. Ular shu o'rgangan o'rinlarini yo'qotib qo'ygan taqdirda o'zlarini uddalay olmay qoladilar.

Tabiat qo'ynida betashvish o'sgan yovvoyi Daliyada esa, malikalarga nisbatan zarracha ishonchsizlik yo'q edi, ular ham buni o'z o'rtoqlari deb hisoblardilar. Uning quvnoq, pok, hamisha dadil va ikkilanishni bilmaydigan tabiatiga kambag'allik va qashshoqlik o'z muhrini bosmagan edi.

Ammo bu uchrashuvlar vaqtida Julikxaning yuragi tez-tez siqilib: «Nahotki malikaning qismati shu bo'lsa?» deb o'ylardi.

Bir kuni ertalab Daliya kelganda, Julikxa uning qo'lidan ushlab:

— Daliya, menga shu yerning rojasini ko'rsata olasanmi? — deb so'radi.

— Ko'rsata olaman, nega siz uni so'rab qoldingiz?

— Men bir xanjar saqlab yuribman, uni rojaning yuragiga sanchishim kerak, — dedi qiz.

Daliya dastlab biroz taajjublandi. Keyin Julikxaning nafrat to'la yuziga boqib, umrida bunday o'tkir hazilni eshitmagandek jilmaydi. Faqat podshoh qizigina bunday hazil qilishi mumkin. Daliya Julikxaning bir og'iz gap-so'zsiz, sababini ham aytmay, yurakka xanjar urishidan rojaning naqadar hayron qolishini ko'z oldiga keltirib, qah-qah kulib yubordi.

 

* * *

 

Ertasiga Rahmat Alidan Julikxaga yashirin maktub keldi. Bunda yosh roja qaysi bir yo'l bilan opa-singil malikalarni topgani, bir ilojini qilib Aminani ko'rgani va sevib qolgani, hozir saroyda roja bilan Aminaning to'yga tayyorgarlik bo'layotgani xabar qilingan edi…

Shunda Julikxa singlisining qo'lini mahkam qisib dedi:

— Xudoning xohishi aniq. Amina, sen o'z burchingni bajarishing kerak, endi ermak vaqti emas.

Daliya kelganda, Amina razm solib, uning g'alati tabassum qilayotganini ko'rdi.

— Bilasanmi, — dedi qiz uning kulgisidan ozor topib, — Men rojaning xotini bo'lyapman.

— Bu uzoqqa bormaydi, — dedi yigit jilmayib.

«Bu chindan ham o'rmon kiyigi, — deb o'yladi o'ksingan va hayratda qolgan Amina, — Men jinni bo'lmasam unga odamchasiga gapiramanmi».

Daliyaga masalaning mohiyatini anglatmoq uchun qiz sekin gap boshladi:

— Agar men rojani o'ldirsam, qaytib kelolmayman.

— Albatta, qaytish qiyin, — xayrixohlik bilan javob berdi yigit.

Aminaning yuragi pora-pora bo'lib ketganday tuyuldi. Qiz chuqur nafas olib, Julikxaga qaradi:

— Opa, men tayyorman, — dedi va so'ngra, o'zini quvnoq ko'rsatishga urinib, Daliyaga murojaat qildi: — Rojaga xotin bo'lganimdan so'ng, birinchi ishim unga suiqasd hozirlashda sherik bo'lganing uchun senga jazo berish bo'ladi, undan keyin o'z burchimni bajaraman.

Daliya Aminaning so'zini eshitib, bu bilan qiz unga qandaydir juda qimmat bir narsani va'da qilganday sevinib ketdi.

 

* * *

 

Mana, baliqchi kulbasining eshiklari tantanali ravishda ochiladigan payt ham keldi. Kichik uy muzika sadolari, otlar, fillar va piyodalarning qadam tashlashidan larzaga keldi. Shoh saroyidan oltin bilan ziynatlangan ikki taxtiravon olib keldilar.

Amina Julikxaning qo'lidan xanjarni olib, uning fil suyagidan yasalgan nafis dastasiga uzoq qarab qoldi. So'ngra xanjarni qo'yniga yashirdi. Xanjar xuddi o'z qiniga solinganday uning ko'ylak burmalari orasiga bekindi-yu, sovuq po'lat tig'i qizning badanini kuydirganday tuyuldi.

Qizning birdan-bir xohishi bu tahlikali safar oldida Daliyani yana bir ko'rish edi. Ammo u kechadan beri g'oyib bo'lib ketdi. Kecha istehzo qilib kulgan Daliyaning g'ururi tug'yon urmadimikan qizdan?

Taxtiravonga o'tirishdan oldin Amina, ko'zlari, jiqqa yoshga to'lgan holda, yoshligida boshpana bo'lgan uyga, daraxtga va uy yonidagi daryoga nazar soldi. U baliqchi cholning qo'lidan ushlab, yig'idan qaltirab, ko'ksidan uzilib chiqqan ovoz bilan dedi:

— Bobo, mana endi men ketaman, Tinni ketadi, sizga kim ovqat pishirarkan?

Chol yosh boladay yig'lab yubordi.

— Bobo, agar Daliya kelsa, mana bu uzukni, Tinni ketayotganda senga qoldirib ketgan edi, deb berib qo'ying. — So'ngra Amina darhol taxtiravonga kirdi.

Dabdabali yurish boshlanadi. Daryo qirg'og'i bo'shab, Aminaning uyi bilan kayla daraxtini zulmat qoplab oldi.

Nihoyat, ulug'vor yurish katta darvoza orqali saroyning ichkari hovlisiga kirdi. Opa-singillar taxtiravondan tushdilar.

Aminaning chehrasi jiddiy, ko'zlari quruq edi. Julikxa esa, oqarib ketgan. Qasos soati uzoq ekan choqda burchini ado etish istagi zo'r edi. Hozir esa, uning yuragi qaltirab, sevikli singlisini mahkam quchoqladi.

«Men ilk muhabbatning birinchi novdasidan yulib olingan gulni qonga botirish uchun boryapman», — deb o'ylardi Julikxa.

Biroq o'ylab o'tirishning vaqti emasdi. Yangalarning yo'lboshchiligida opa-singil, go'yo tushdagidak, yuz minglab porlab turgan chiroqlar yorug'ida yurib borardi.

Nihoyat, nikoh xonasi oldida bir onga to'xtab, Amina:

— Opa! — dedi.

Julikxa uni mahkam quchoqlab o'pdi. So'ngra ikkala qiz ohista xonaga kirdilar. Nikoh xonasining o'rtasida, jasmin gulning xush hidlari anqib turgan karavotda, shohona libos kiyib roja o'tirardi. Amina qat'iyatsizlik bilan eshik oldida taysallab qoldi.

Julikxa yaqinroqqa borib, rojaning sekin va ma'noli kulimsirab turganini ko'rdi.

— Daliya! — deb qichqirdi birdan Julikxa. Amina xushdan ketib yiqildi.

Daliya sakrab o'rnidan turdi-da, Aminani ohista ko'tarib asta karavotga yotqizdi. Qiz o'ziga keldi-da, xanjarni chiqarib opasiga qaradi. Julikxa Daliyaga qaradi, yigit esa jilmayib, so'zsiz ularga boqardi. Qindan chiqqan xanjarning po'lat tig'i yaltirab, kulganday tuyulardi.

 

 

 

 

 

 

loading...