ShAOLIN MONASTIRIDAGI “O'LIM YO'LAGI…”

0

 

Xitoydagi Shaolin monastiri haqida ko'pchilik ma'lumotga ega. Shaolin haqida filmlar ham yaratilgan. Ammo monastirning hali ko'pchilikka ma'lum bo'lmagan sirlari ham yo'q emas. Ularning asosiysi quyidagicha: Monastirga oddiy odam kirishining o'zi mushkul edi. Lekin kirib olgandan keyin chiqish undan-da qiyinroq kechgan. Agar Shaolinda xizmat qilgan monax erkin hayotga qaytish istagida bo'lsa, u «o'lim yo'lagi» deb nomlangan uzun labirintdan o'ta olishi lozim edi. Agar eson-omon o'ta olsa, u erkin hisoblanardi. Biroq bu yo'lakdagi sinovlardan o'ta olmasa, monastirdan uning murdasi olib chiqilardi.

Yo'lakka kirish joyiga uskuna o'rnatilgan. Uskuna ortida eshik. Yo'lakka o'tayotgan odam eshikni juda tez va bor kuchini ishga solgan holda ochib, shu zahoti qo'llarini nari olishi lozim bo'lgan. Agar ulgurmasa, qaerdandir yuqoridan keladigan o'tkir tig' uni qo'lsiz qoldirardi.

Bu imtihondan o'tgan monax qorong'i yo'lakka o'tadi. Kirishi bilan yana yuqoridan qandaydir og'ir bir narsa boshiga qarab katta tezlikda tushib keladi. U narsa qum to'la qop yoki aksincha avtomat tarzda o'zidan o'q otuvchi qandaydir sirli qurol bo'lishi mumkin edi. Agar chap berishga kechiksa, monax o'lim topardi. Bundan tashqari, labirintda qilich bilan qurollantirilgan yog'och askarlar turgan. Ular ham katta tezlikda harakatlangan. Taxminlarga qaraganda, o'lim yo'lagiga jami 18 ta shunday yog'och askarlar qo'yilgan.

O'lim yo'lagiga o'tgan odam uchun ortga yo'l yo'q. Yo chiqish eshigigacha yeta olgan, yo uning murdasi tashqariga olib chiqilgan.

Xo'sh, nega bu sinov yo'lga qo'yilgan? Nahotki, monastirdagi monaxlar shu qadar kamsitilgan? Nahotki, ular erkin hayot qurishga haqsiz hisoblangan? Buning sababi shuki, o'lim yo'lagi tashkil etilgunga qadar erkin hayotga qaytgan monaxlarning aksariyati odamlarga o'zlarini buyuk qilib ko'rsatgan. Bu esa Shaolin monastiri egalarining jahdini qo'zg'agan. Ular shu sinovni o'ylab topishganki, agar monax haqiqatan buyuk bo'lsa, demak, o'lim yo'lagidagi sinovlardan muvaffaqiyatli o'tadi. Aksi bo'lsa… Afsuski, o'lim topadi…

Xullas, o'lim yo'lagidan muvaffaqiyatli o'ta olgan monaxni so'nggi sinov kutib turgan. Chiqish joyidagi eshik o'rnini olovda qizdirilgan ulkan tosh egallagan. Monax shu qaynoq toshni yelkalari yordamida nari surib, o'ziga yo'l ochishi lozim edi. Shu ishni uddalagach, yelka qismida yo'lbars va ajdaho belgisi qolgan. Uni oldin toshga o'yib bitishgan. Monax qaynoq toshni yelkasi bilan surgan payt qaynoq belgi tanasiga xuddi muhr kabi chippa yopishgan. Uni monax umrining oxiriga qadar ham o'chira olmasdi. Qolaversa, belgi Shaolinning diplomi hisoblangan. Bu sirdan voqif bo'lgan odam monaxning yelka qismida o'sha belgilarni ko'rsa, u haqiqatan buyuk monax ekaniga ishongan.

Olimjon HAYIT tayyorladi