Duolarimiz nega ijobat bo'lmayapti?

0

Zargar yasagan uzuk bor edi, uni zargar yoki mutaxassis olib-sotar bilmasa, oddiy odam «zavod ishi» deb o'ylardi. Shuni sotishga to'g'ri keldi. Bozorga chiqdim. Bir tillafurush ayol qo'limdagini ko'rib narxini so'radi.
– Zargar ishi, zavodniki emas, ammo probasi 583 – dedim.
– Mayli, beravering, pulini olgani tushlikdan keyin kelavering,- dedi. U ayolning oldidan hali jilmasimdan turib bir xaridor onaxon qizi bilan kelib qoldi:
– Tozasimi?
-Ha, toza, zavodniki. Ukraina ,- dedi uzuq-yuluq qilib.
Onaxon «Bizga Rossiyaniki kerak edi»,- deb qo'liga qaytarib berdi.
Savdogar ayol ustomonlik bilan:
-Bu xuddi o'sha, Rossiyaniki,- deb qayta qo'liga tutqazib qo'ydi. Bu yolg'onlar menga yoqmadi. «Berib turing, hozir kelaman»,- deb qo'lidan olib, boshqa haridor oldiga ketdim…

Ul-bul xarid qilgani do'konga kirdim. U vaqtlarda eslasangiz pallalik tarozi ishlatilardi. Sotuvchi bir ayolga choy tortib beryapti. Uning aytishicha, o'zi qimmatga olganmish, bu xaridorni doimiy mijoz bo'lgani uchun hurmat qilarmish, shunga oz-moz zarariga ham beraverarmish. Ayolning gapga ustaligidan avvaliga men ham ishondim, tasodifan qo'lining g'alati harakatiga ko'zim tushib qoldi. Uzun pichoq ushlab olibdi. Tarozisining pallalari orasidan o'tkazib, choy turgan tarafni sekin bosyapti. U shunchalik mohir ekan-ki, bu ishida na taroziga, na qo'lidagi pichog'iga qaramadi, haridordan ko'zini uzmadi ham…

Bir tanishim mashinasini xaridorga ko'rsatyapti. Aytishicha, mashina deyarli yurmagan emish. Mashinaning egasi bir hoji akamish. Mashinasini yurgizib to'g'ri masjidga kelarmish, namozini o'qib bo'lib, qaytib uyiga borarmish. Umuman og'ir yuk yuklanmagan emish, hatto uch kishi o'ltirmaganmish, bor yo'g'i o'n besh mingina yurganmish. Yaxshiyam biroz bo'lsada mashinani turqiga qarab tushunaman, bo'lmasa bu «pokiza» mashinaga o'zim xaridor bo'b qolardim…

Eshik taqilladi, chiqsam bir ayol, «toza asalim bor, atigi ikki kilogina qolgan, tog' asali»,- deydi. Olti ming so'mdan berarmish, o'ylanib qoldim, shakar to'rt ming so'm…

Qassobdan go'sht oldim. Uyga borganimda ne ko'z bilan ko'rayki, butunlay boshqa go'sht edi. Qachon ulgurdi, bilmadim…

Yana nega pulda baraka yo'q, nega kunda baraka yo'q, nega u, nega bu…deb hayron bo'lamiz. Duolarimiz ijobat bo'lmasligi sababi ham shundan… Biz ham ko'rib turib ko'rmaslikka olamiz…

Hikoyalar olami