Amerika milliy xavfsizlik agentligi sobiq xodimi Snouden Rossiyada bekitiqcha uylanib oldi…

0

 

2014 yili Rossiyadan siyosiy panoh topgan Edvard Snouden bekitiqcha Lindsi Mills degan qizga uylanib oldi. Eslatib o'tamiz, Edvard Snouden 2013 yili «The Guardian» va «The Washington Post» nashrlari muxbirlariga Amerika milliy xavfsizlik agentligining o'ta maxfiylashtirilgan hujjatlarini taqdim etgan. Ular orasida AQSh razvedkachilari dunyodagi ko'plab yuqori lavozimli shaxslarning telefon so'zlashuvlarini noqonuniy tarzda tinglab borishlari haqidagi ashyoviy dalillar ham bor edi. Snouden hujjatlarni topshirdi-yu, mamlakatdan qochib ketdi. O'nlab davlatlar rahbarlariga murojaat etib, siyosiy panoh so'radi. Natijada 2014 yili Rossiya hukumati uni o'z himoyasi ostiga oldi. Unga uch yilgacha mamlakatda yashab qolishi uchun rasman izn berildi. Oradan ma'lum vaqt o'tib muddat yana shunchaga uzaytirildi.

Snoudenning gapiga ko'ra, uzoq vaqt Moskva ko'chalarini erkin keza olmagan. Amerika josuslari qo'lga olishidan cho'chigan. Hozir hammasi joyiga tushdi. Endi u hatto Rossiya bo'ylab ham bemalol keza oladi.

Darvoqe, agar Snouden Amerika hukumat rahbarlarining qo'liga tushsa, sotqinligi uchun kamida 30 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilarkan.