ALAMZADA… (17-qism. Ikkinchi fasl)

0

 

 

* * *

 

Xudoga aytgani bor ekan. Yarim soat deganda «Tez yordam» bo'limi shundoq qarshisidan chiqdi. Sevinch ichkariga kirib vrachlarga bo'lgan voqeani tushuntirdi-yu, ko'z ochib yumguncha ularni olib ortga qaytdi.

Etib kelishganda, Sevinchning ko'zlari g'alati, ajoyib, kutilmagan manzaraga tushdi.

Meliboy mirob aravachasini Tolib yotgan yerda to'xtatib qo'yib, nuqul uning peshonasini silar, allambalolar deya g'o'dirlab, Tolibni alqagan bo'lardi.

Bu manzara qalbi qarama-qarshi tuyg'ular qo'zg'olonidan ado bo'layozgan qizni larzaga solib qo'ydi. Shu mahal otasiga juda havasi keldi.

— Otajonim-ey, — «Tez yordam» mashinasida — Tolibning tepasida o'tirib hamon yov peshonasidan qo'lini olmagan mirobni quchoqladi. — Bizni nega xudoyim bunchalar yumshoq ko'ngil qilib yaratmasa-a? Boshimizda tegirmontosh yurgizishsayam, masxaralab, xo'rlashsayam, baribir ularning boshini silaymiz, kechiramiz, sevamiz, hurmatlaymiz! Nega? Axir, bizam boshqalar singari oddiy odammiz-ku! Bizdayam g'urur bor-ku! Nima uchun g'ururimizga qarshi boraveramiz?.. Shunday deyman-u, o'zim ham sizdan battarman. Mana shu behush yotgan ablahni ko'rsam, ko'nglim o'zimga bo'ysunmay qo'yaveradi. Kechasi uxlashga yotayotib, o'zimga o'zim «Ertaga albatta undan o'ch olaman» deyman-u, qarshimda paydo bo'ldi deguncha, qasamim yodimdan chiqadi. Nimaga shunday? Nimaga?..

Meliboy mirob Tolibning peshonasidan qo'lini tortib oldi-da, qizi tomon o'girildi. Sal qaddini oldinga tashlab boshini Sevinchning boshiga tiradi. Sochlarini siladi. Silash bahonasida qizining ko'nglini ko'targan, ortga chekinmaslikka undagan bo'ldi. Shu orada Tolibni ko'rsatib, lab burgan ko'yi tuzalib ketishidan belgi berdi…

Mirob haq edi. Tolibga jin urmabdi. Miyasi chayqalganini aytmasa, to'rt muchasi sog' ekan. Jonlantirish xonasida bir soat yotib, oddiy palataga chiqqach, hushiga keldi.

Ko'zlarini istamaygina ochib, bir muddat shiftga termilib yotdi. Bu vaqt Sevinch kiraverishda otasiga suv quyib berayotgandi. Tolibning chuqur-chuqur nafas olayotganini eshitib, yugurgancha tepasiga bordi.

Tolib nigohlarini shiftdan olib Sevinchga qadadi.

Shu taxlit bir daqiqaga yaqin tikilib turdi-yu, da'fatan qovoqlari uyilib, qoshlari chimirildi.

Yotgan yeridan kiraverishda aravachasi tutqichiga suyangan ko'yi o'tirgan mirobga alamli nazar tashlab oldi.

— Senlar nima qand yeb o'tiribsan tepamda? — so'radi Sevinchdan nihoyat boshini hiyol ko'tarib. — Namuncha arvohga o'xshab orqamdan ergashavermasalaring?..

Shu savolning o'zi Sevinchning ko'ksiga xanjardek sanchildi. Rangi oqarinqirab, lablari titray boshladi.

Nima deyishni bilmay garangsidi. Nimadir demoqqa chog'landi. Ammo aytmoqchi bo'lgan gapi zumda yodidan ko'tarilib, kalovlanishdan nariga o'ta olmadi.

Aksiga olgandek, oradan hech qancha o'tmay, palata eshigi ochildi va ichkariga Sarvar ikki barzangi shotir hamrohligida kirib keldi. Sarvar qo'lidagi mayda-chuydalarni tumbochka ustiga qo'ydi-yu, Tolib bilan ko'rishib, Meliboy mirob tomon yuzlandi.

— Aka, palatada bolalar bog'chasi ochganmidingiz? — luqma tashladi u ota-bolani ko'rsatib. — Qarang, qaerga borsangiz, ortingizdan qolishmaydi-ya bular!..

Bu qochirimi Tolibni o'rnidan turib o'tirishga majbur etdi. U yostiqlardan birini beliga to'g'rilab qo'ydi-da, tizzasiga mushtladi.

— Sarvar, yo'qot bularni ko'zimdan! — buyurdi Tolib aftini bujmaytirib. — Dardim o'zimga yetib turibdi. Men enagalik qila olmayman. Daf bo'lsin ikkalasiyam!

Bu kamsitilish Sevinch uchun o'limdan-da battarroq, qo'rqinchliroq edi. Xo'rligi kelgan mahal tungi voqealar, Tolibning mashina salonida oynani mushtlab yordam so'ragani, qonga botgan tanasi ko'z o'ngida gavdalandi.

O'shanda Tolib hali hushini yo'qotmagandi. Sevinchni ko'rgandi. Ko'rib hech narsa demagandi. Koyimagandi, qarshilik ko'rsatmagandi. Hozir esa…

Sevinch iztirob alangasida bir tuki o'zgarmay, chiqib ketishlarini kutayotgan Tolibga qarab oldi-da, yugurgancha borib mirobning aravachasiga yopishdi.

— Otajon, yuring, ketamiz! Biz adashib kasalxonaga kelib qolgan ekanmiz!

 

* * *

 

Meliboy mirob ketishga shoshilmasdi. U aravachaning g'ildiragini ikki qo'li bilan mahkam siqimlagancha, g'ildiratishga qo'ymadi. Sevinch sal bo'shashganini payqagach, yonboshidagi qog'oz-qalamni olib nimalarnidir yozdi va qiziga uzatdi.

Sevinch qog'ozga bitilgan jumlalar Tolibga tegishli ekanini anglab, karavotda xo'mraygancha shiftga tikilib yotgan, ularning tezroq chiqib ketishini kutayotgan zo'ravonga sal yaqin bordi va otasi yozganlarni atayin tovush chiqarib o'qiy boshladi:

«Inim, qasos qiyomatga qolmaydigan bo'ldi. Yov ustingizga bostirib kelmoqda. Bizning peshonamiz esa baribir yarqiraydi. Agar hayot davom etishini istasangiz, Sevinch qizimdan albatta uzr so'rab qo'ying! Mening boshqa gapim yo'q…»

Tolib bitiklarni eshitgach, mirobni rostakamiga telbaga yo'ydi. Ko'zlari chaqchaygan ko'yi unga qarab turdi-da, to'satdan xoxolab kulib yubordi. Tolibga shotirlar ham jo'r bo'ldi. Ammo Sevinch bu masxaralashlarga e'tibor qilib o'tirmadi. Ko'ngli o'ksib, ro'molining bir uchini mahkam tishladi-yu, ortga qaytib otasi o'tirgan aravani tashqariga g'ildiratdi.

— To'xta! — qichqirdi Tolib hali ular palatadan chiqib ulgurmay. — Sevinch, iltimos, beri kel! Kela qolsang-chi endi!

Sevinch yurishdan to'xtab, Tolib tomon o'girildi. Ammo hech narsa demadi. Uning maqsadga o'tishini kutib turaverdi.

— Kechirib qo'yasan endi, — dedi Tolib Sevinch baribir yaqin kelmasligiga ko'zi yetib. — Bilasan-ku, asabiyman. Asabim qo'ziganda, nima deganimni o'zim bilmay qolaman. Iltimos, ketmanglar! Yana birpas o'tiringlar!

— Nima, otamning taxminidan qo'rqib ketdingizmi? — so'radi sovuqqonlik bilan Sevinch. — Bizdan himoya so'ramoqchimisiz? Qayg'urmang, otam shunchaki aytdi-qo'ydi xolos.

— Yo'-o'q, — deya jussasini ko'tardi Tolib. — Boboy shunchaki gapirmaydi. Keyingi paytlarda negadir bashorat qiladigan bo'p qoldi. O'tgan safargi bashoratiyam to'g'ri chiquvdi. Bunisiyam… Kel endi, birpas o'tirgin! Kechira qolgin!

Sevinch javob o'rniga otasi tomon yuzlandi. Mirob bosh irg'ab, Tolibni kechirishga, shu yerda qolishga ishora qilardi. Balki, bu ham Sevinchni yo'ldan qaytara olmasdi. Otasining mamnun jilmaygani unga qattiq ta'sir qildi. Birdan ko'ngli yumshab, bo'shashdi. Asta yurib borib aravachani orqaga qaytardi.

Bu orada Tolibning imosi bilan shotirlar oldinma-ketin tashqariga yo'l olishgandi. Palatada faqat uchchovlarigina qoldi.

Shu tobda palata derazasining yon darichasi juda sekinlik bilan ochildi. Buni na Tolib, na Sevinch payqadi. Faqat mirobgina ushbu holatni tez ilg'ab beixtiyor qo'llarini oldinga cho'za boshladi. So'ngra jonholatda aravacha g'ildiraklariga yopishib qizining oldini to'sish payiga tushdi. Afsuski, ulgurmadi. Daricha ortidan qora ko'zoynakli kimsaning boshi ko'rindi va u miltiqning uch qismini ichkariga to'g'rilab, to'g'ri Tolibga qarata ikki karra o'q uzdi. Bu ish juda tez fursatda amalga oshirildi.

— Voy do-od, o'ldirib qo'yishdi!!! — Sevinch o'q uzilgani hamono o'zini Tolib yotgan karavotga otdi. Tolibning ustiga ag'anadi-yu, bir necha o'n soniya yanada qattiqroq qichqirib, birdan jim bo'ldi. Ikkala o'q ham uning soni aralash tekkan ekan.

Bir zumda karavot qonga bo'yaldi…

Meliboy mirob uv tortib yig'lagancha aravachani g'ildiratib kelib, behush yotgan qizini tortqilay boshladi…

Ko'z ochib yumguncha palata to's-to'polon bo'lib ketdi. Vrachlar, hamshiralar chopib kirib Sevinchni ko'targancha jonlantirish bo'limiga olib ketishdi. Shotirlar esa palata birinchi qavatda joylashgani sababli deraza osha sakrab tushishdi-da, qotilni qidira ketishdi…

 

* * *

 

Oradan bir soat mo'lroq vaqt o'tdi.

Bo'lib o'tgan fojia huquqni muhofaza qilish tashkiloti xodimlarini rostakamiga oyoqqa turg'azdi. Deraza, eshik, kasalxona devorlari yoniga, darvoza yaqiniga soqchilar qo'yib tashlandi. Qotilni qidirish ishlari boshlanib ketdi.

Meliboy mirob shu tobda jonlantirish bo'limiga kiritishmagani bois Tolibning palatasida o'tirar, yig'lashga ko'zida yosh ham qolmagan, nuqul xo'rsinar, qur-qur o'q uzilgan deraza tomon nafratli nigoh tashlab olardi. Tergovchi, militsionerlarning Tolibga bergan savollariga-da e'tibor bermasdi. Ichi uzilgudek, yuragi dahshatdan yorilgudek faqat Sevinchni o'ylardi. Garchi u tez orada oyoqqa turishini qalban his etsa-da, suyukli qizining joni og'rishi mirobni o'rtanishga majbur etardi.

Bukchayibroq qolgan jussasi ora-sirada ko'tarilib tushardi. Mirob shu lahzalarda nogironligini unutgan kabi ahyon-ahyonda beixtiyor o'rnidan turmoqchi bo'lardi-yu, darhol oyoqlari sholligi yodiga tushib, jonsiz tizzalarini siypalash bilan cheklanardi.

Tolibning ham bo'lari bo'lgan, tergovchilar bergan savollardan charchagandi. Charchoq sababmi, halokat tufayli olgan jarohatlari kuchliroq og'riq berar, bu ham yetmagandek, bo'lib o'tgan ishlar zo'ravonni tamom qilayozgandi.

U karavotida boshini changallagancha o'tirib inqillar, mirobga qanday taskin berishni bilmay garang edi.

— Men juda afsusdaman, boboy, — nihoyat ilkis boshini ko'tardi-da, mirobga yuzlandi Tolib. — Sizlarga ko'p aziyat yetkazdim. Ko'ngillaringizni og'ritdim. Bu ishlarimni xudoyam kechirmasa kerak. Nima qilay? Shu paytgacha odamlardan nafratlanardim, hamma menga bo'ysunishini, mendan qo'rqishini xohlardim. Shu xohishlarim bajo bo'lgan damlarda rohatlanardim. Afsus, shu yoshga kirib haliyam oqdan qorani ajratolmay yashabman. Endi ko'zim ochildi…

Mirob unga diqqat bilan quloq tutardi. Gapira olmasa-da, boshi bilan Tolibning so'zlarini ma'qullab qo'yardi. Ammo shu asnoda qog'ozga nimalarnidir yozish bilan band edi.

Tolib so'zini tugatib, tek qolgach, Meliboy mirob qo'lidagi qog'ozni unga tutqazdi.

Qog'ozga shunday jumlalar yozilgandi:

«Qotillar ikki kishi. Biri atrofni kuzatib turgan, ikkinchisi ish bajargan. Hozir ular falon rayondagi restoranda kayf-safo qilishyapti. Melisalarga ayt, tezroq qo'lga olishsin! Biri qirra burun, sochlari jingalak, bo'yi yo bir yuz to'qson, yo bir yuz sakson besh santimetr, vallohi a'lam. Ikkinchisi pakana, qorin qo'yganroq. Egniga makintosh kiyib olgan. Boshi kal…»

Tolib qog'ozdagi bitiklarni o'qib bo'ldi-da, mirobga hayrat aralash termildi.

Hech narsa demadi. Bir necha daqiqa qotgancha qarab qoldi.

— Boboy, tushunmadim, — dedi nihoyat ko'zlari alang-jalang javdirab. — Boya qo'rqitib xat yozgandingiz, endi bunisi… Nima balo, rostdanam folbin bo'p qoldingizmi? Qaerdan olyapsiz bu gaplarni?

Buyog'iga mirob Tolib bilan xuddi shu yo'sinda, maktub orqali suhbatlasha boshladi.

«Yaratganning o'zi dilimga solyapti hammasini. Bashoratim to'g'ri chiqqaniga amin bo'lgandirsiz? Yo yo'qmi?»

— Amin bo'lishga-ku bo'lgandayman, biroq bu qanaqasi bo'ldi? Qanaqa bashorat haqida gapiryapsiz? Hazillashyapsizmi?

«Mening ahvolimda hazilga o'rin qolmaydi. Undan ko'ra, ortingizga bir nazar soling. Aytganlarimning hammasi to'g'ri chiqqanini tan oling.»

— Tan olaman… Boboy, ochig'i… Meni g'alati ahvolga solib qo'ydingiz. Hatto jarohatlarim ham og'rishdan to'xtaganday bo'lyapti… Qiziq bo'ldi-ku-a? Bizning boboy bashoratchi bo'p qolgan bo'lsa… Menga qarang, buyog'i nima bo'ladi? Shundan gapiring, boboy! Sevinch-chi? U tuzalib ketarmikan? Shuni ochiq ayta olasizmi? Axir… U mening hayotimni saqlab qoldi, tushunyapsizmi, saqlab qoldi!

«Qizim tuzaladi, inshoolloh! Amm siz uchun buyog'i yomon, inim, yomon. Bor budingizdan deyarli ayrilib bo'ldingiz. To'rt tomoningiz dushmanga to'ldi. Xo'sh, endi qanday kun ko'rmoqchisiz?»

— Bunisini bilmadim. To'g'risi, jonga tegdi. Endi menga baribir.

«Yo'q, shu yerdayam yolg'on gapiryapsiz, inim. Aslida nima rejalar tuzib yurganingizam menga ayon.»

— Xo'sh, aytsinlar-chi, qanday reja tuzibman?

«Pul, foyda chiqadigan joy qolmagandan keyin zo'rlar nimayam qilardi? Siz qo'shni davlatga odam jo'natib, narkotik opkeltirmoqchi bo'lyapsiz. Shu yo'l bilan qaddingizni tiklab olmoqchisiz.»

— Nima? Yo'g'-e! Qani, yozavering, qaddimni tiklaymanmi shu yo'l bilan?

«Tiklaysiz. Lokigin kelgusida bu harakatlaringiz sizga juda qimmatga tushishi mumkin. O'ylab ko'ring.»

— Mana shu gapingiz sal noto'g'riroq chiqdi. Ko'r ham hassasini bir marta yo'qotadi, boboy. Buyog'iga jilovni birovga berib qo'yadigan ahmoq yo'q. Pishdik, boboy, pishdik!..

«Bilganingizni qilingiz. Faqat aytib qo'yay, Olloh nasib qilib qizim oyoqqa tursa, biz qishlog'imizga jo'naymiz. Yo'limizga to'g'anoq bo'lib yurmang tag'in!»

— Ie, bu nimasi, boboy? Qanaqa qishloq? Yo'-o'q, bunaqasi ketmaydi. Kemaga tushganning joni bir. Qolaversa, Sevinch katta o'qishga kirishni niyat qilib kelgan ekan. O'qitmasdan jo'natish yo'q.

«Sizning ko'magingizga muhtoj emas u. Peshonasida bo'lsa, ertami-kechmi kiradi o'sha o'qishga. Ammo bu gal ra'yingizga qaramaslikka haqlimiz.»

— Shunaqa ekan-da! — Tolib asabiy lab tishlagancha yuzini ters burdi va qo'llarini musht qilib karavot chetiga mushtladi. — Ot ustida ekanimda gaplaringizam, o'zingizni tutishlaringizam boshqachaydi. Endi yerga tushganimni ko'rdingiz-da! Shuning uchun to'ningizni ters kiyib oldingiz-da-a? Yo'-o'q, boboy, otdan tushganim bilan haliyam o'sha Tolibman. Zo'r kelsa, sizdaqalarga kuchim yetadi. Nima, qamatmoqchimisiz meni? O'sha ishlarni silliqqina qilib melisalarga aytmoqchimisiz? O'zingizni chetga olmoqchimisiz? Bunisiga ko'nmaymiz, boboy, ko'nmaymiz. Boya aytdim-ku, kemaga tushganning joni bir. Hali bir-ikkita bo'lsayam qolgan oshna-og'aynilar bizdan yuz o'girishmadi. Bir og'iz aytsak, kovushingizni to'g'rilab qo'ya olishadi. Faqat jahlimni chiqarmang! Bilasiz-ku, jahlim chiqsa, pirimniyam tanimay qolaman! Shunday ekan, o'ylab, tanangizga kengashi-ib ish tuting. Bashoratchi bo'lsangiz o'zingizga. Men qaerda bo'lsam, o'sha yerda tosh qotasiz. Qani, bir qadam chetga chiqib ko'ring-chi!..

Meliboy mirob bu tahdidlarni jim o'tirib, sabr bilan tingladi. Shu orada qog'oz-qalamni aravachaning chetiga tashlab ham qo'ydi. Aftidan, Tolib bilan tenglashishni, bahslashib, asab buzishni xohlamadi. Barchasini Yaratganning ixtiyoriga berdi-yu, qizini ko'rish, undan yaxshi xabarlar eshitish ilinjida aravachasini tashqariga g'ildiratdi.

 

* * *

 

… Oradan uch oy o'tdi. Sevinch sog'ayib, otasining xohishiga ko'ra, qishloqqa qaytdi…

Hovliga kuzning nuqsi urib, daraxt yaproqlari, daladagi o't-o'lan sarg'imtir tusga kira boshladi. Bu faslni Sevinch bolalikdan xush ko'radi. Chunki kuzda anor pishadi. Anor esa Sevinchning joni-dili. Bolaligida enasining ortidan qolmay, qorayib pishgan anorlarni uzdirib, donalarini kosaga terdirib yerdi.

Bugun ham tomorqadagi anor daraxtlariga qarab turib yuragi uvishib ketdi. Enasi hayotligida bu anorlar novdasini ko'tarolmay meva solardi. Endi o'sha anorlarning yarmini ham solmabdi. Borlari ham kichrayib, oqarinqirab qolgandek…

Tura-tura xayol yana katta shaharga olib ketdi. Sevinch Tolibning sovuqqon, zaxil chehrasini ko'z oldiga keltirdi. Tasavvurida o'sha zaxil chehraning nimasidir bordek edi. Hatto dag'al muomalasi zamirida har gal yaxshilik, mehr ko'rgandek bo'laveradi. Otasiga boqadi. Tolib qilib qo'ygan ishlar xayolida jonlanib, lab tishlaydi. Afsus chekadi. Ammo hammasini ko'rgilik, peshonaga yo'yaveradi. Sira Tolibni ayblagisi kelmaydi. Shu onlarda qalbi entika-entika muhabbat lazzatini tuya boshlaydi. Sevinch so'nggi bor bo'lib o'tgan voqea haqida o'ylaydi. Qiz bola boshi bilan o'qlar yomg'iri ostiga o'zini otganini o'ylasa, vujudi titrab ketadi.

«Nahotki, muhabbat deganlari shu bo'lsa, xudoyim? — ko'nglidan kechiradi qizarib-bo'zarib, «birov ko'rib qolmadimikan?» degan xayolda atrofga o'g'rincha alanglab. — O'shandan beri tinchim yo'q. Tolibning bemehrligini bilaman. Boshimizga it kunini solganiyam esimdan chiqmadi. Lekin baribir o'sha yaramas tomon talpinaveraman. Hozir kirib kelsa-yu, qo'limdan yetaklab hovlimdan olib chiqib ketsa, bir og'iz qarshi so'z aytolmaschalik shashtim bor. Nega? Nima uchun meni arosat muhabbatga yo'liqtirding, yaratgan egam? Tolibdan boshqasi qurib ketganmidi? Bilmadim… Sevgisidayam peshonam sho'r ekan shekilli… Qurib ketsin!..»

Sevinch yuragi ezilib ko'kimtir osmonga boqdi. Vaqt shomga yaqinlashayozibdi. Otasiga ovqat suzib berishi yodiga tushib shosha-pisha ortga o'girildi. Shu mahal ko'chada mashinaning cho'zib signal bergani qulog'iga chalindi. Signal tovushi juda tanish tuyulib ketdi. U yuragi dukillagancha darvoza tomon yurdi. Tirqishdan ko'rdiki, haqiqatan qora «Volga» darvoza ro'parasida turar, g'ira-shirada qandaydir erkak mashinaga suyangan ko'yi sigaret tutatardi.

«Tolib akami bu? — o'yladi Sevinch ehtiyotkorona darvoza tirqishidan mo'ralab. — Ha, o'sha. Ie… Endi nima qilaman? Nega keldiykin? Nima ishi bor ekan? Nimaga ichkariga kira qolmayapti?.. Chiqsammikan, chiqmasammikan? Nima qilay?..»

Ikkilana-ikkilana darvozaning bir qavatini ochdi-da, tashqariga mo'raladi.

Mashina yonida turgan odam haqiqatan Tolib edi. U sigaret chekkan holda u yoqdan bu yoqqa borib kelar, negadir oqsardi.

«Avariyaga uchraganda oyog'idan qattiq lat yegandi, — ko'nglidan o'tkazdi Sevinch to'kilay deb turgan bo'lsa-da, arang o'zini qo'lga olib. — Sho'rlik, keyingi paytlarda boshi balodan chiqmay qoldi…»

Tolib uni ko'rgandi. Faqat sir boy bermay, yurishda davom etardi. Sevinch darvozani yopib ko'chaga chiqishini kutardi. Shunday bo'ldi ham. Qiz turaverishga sabri chidamay, Tolibga peshvoz chiqdi. Ko'zlar to'qnashdi. Ular shu taxlit bir necha o'n soniya turib qolishdi. Bu orada Tolib qo'lidagi sigaretni bir chetga uloqtirishga-da ulgurdi. Sevinch esa xuddi aybdor bandadek xiyol bosh egib turaverdi.

— Sevinch, kutmaganmiding? — birinchi bo'lib savol tashladi Tolib. — Yaxshi o'tiribsizlarmi? Oposh bo'p ketdingmi? Otang omonmi?

Sevinch hech qachon Tolibdan bunday yoqimli savol eshitmagandi. Tolib biror marta undan hol so'ramagandi.

Mamnun bo'lganidan titrab ketdi.

— R-rahmat, — deya oldi zo'rg'a. — O'zingizam tuzuk yuribsizmi?

— Meni jin urarmidi? — sovuq tirjayib Sevinchga yaqinroq keldi Tolib. — O'zingdan gapir!

— Meniyam jin urmadi, — hazillashdi Sevinch. — Biz qishloqi odamlar bo'lsak, bizda qanaqa arzirli gap bo'lardi? Hammasi eskicha.

Tolib bosh egib, qansharini qashigan bo'ldi-da, da'fatan yaqinlashib, Sevinchning bilagidan tutdi.

Kutilmagan holat qizni butkul dovdiratib qo'ygandi. Yuzlari battar qizarib, kimpriklarigacha titrab ketgandek bo'ldi. Qafasga tushgan qush kabi ortga talpinib, Tolibning qo'llaridan bo'shalishga urindi. Ammo bu nomus, hayoning zo'rligi edi xolos. Qalbi butkul boshqa maqsadni ko'zlardi. U sherkelbat yigitning bilagidan taralayotgan qaynoq taft qiz vujudini kuydirishi tarafdori edi. Shu sababli Sevinchni ortiqcha qarshilik ko'rsatishga undamadi. Qaynab ketsa-da, sokinlikka yuz tutdi. Durkun qizning muhabbati himoyasida bo'ldi.

— Men bilan bir joyga bormaysanmi? — Sevinchni battar hayajon domiga tashlab so'radi Tolib. — Ayt, borasanmi-yo'qmi? Sen bilan gaplashib olish uchun atayin katta shahardan keldim. Gapir, borasanmi?!.

— Men… Men… — tutilib qoldi Sevinch kutilmagan taklifdan boshi aylangudek darajaga yetib. — Axir… Dadam…

— Dadang o'tirib turadi. Nima, mening hurmatim yo'qmi? Shuncha yerdan kelsam-u, sen dadangni ro'kach qilasanmi?

— Yo'-o'q, — deya oldi bazo'r Sevinch. — Shunchaki… Qo'rqaman-da!

— Nima? — Tolib tizza-yu, lablari dag'-dag' titrayotgan Sevinchning iyagidan tutdi. — Mendan-a? Shunchalik qo'rqinchlimanmi? Vahshiymanmi?

— U-unday demadim, — javob qildi qiz hanuz tutilib. — Men… Haligi…

— Gapir, borasanmi-yo'qmi? Yo'q desang, ketaveraman ters burilib. Faqat cho'zma, vaqtim ziq!

— D-dadamga shundoq… — uyi tomon ishora qildi Sevinch.

— E, dadangga nima qilasan aytib? Bekorga bezovtalanadi. Uzoq qolib ketmaysan! Bo'la qolgin endi! Yalintiravermasang-chi!..

— Bo'pti, bo'pti, boraman!

— O'tir unda mashinaga! Kechikmaylik!

Sevinch yana bir necha marta uyi tomonga ko'z tashlab oldi-da, ehtiyot shart qishloq ko'chasiga qaradi. Hech kim yo'qliliga amin bo'lgach, asta mashinaga chiqib o'tirdi.

 

* * *

 

Tolib uni tuman markazidagi allakimning shohona uyiga olib bordi. Bu uyni Sevinch umri bino bo'lib ko'rmagandi. Egalarini ham tanimadi.

Faqat alohida xonaga kira boshlashganda, yuragi beixtiyor g'ash tortdi.

Qandaydir falokatni ko'ngli oldindan sezgan kabi eti jimirlab ketdi.

Sevinch tahlika iskanjasida yer ostidan Tolibga boqdi. Uning ko'z qarashlari, o'zini tutishida hech qanday o'zgarish sezmagach, picha tinchlangandek bo'ldi.

Xona o'rtasiga xontaxta qo'yilib, turli noz-ne'mat, ichkiliklar bilan bezatilibdi.

Tolib uni to'rga taklif etdi.

— Qani, o'tir, — dedi hamon sovuqqonlik bilan. — Mana shu yerda hammasini gaplashib olamiz!

Sevinch battar hayrati ortib itoat bilan ko'rsatilgan joyga cho'kdi.

Tolib esa shosha-pisha egnidagi kostyumni yechib, shkafga ildi-da, ortga qaytib, shampan sharobi to'la shisha qopqog'ini juda ustalik bilan ochdi va ikkita qadahga quydi.

— Ma, buni qo'lingga ol! — qadahni Sevinchga uzatdi Tolib. — Olaver, qo'rqma! Bu shampan vinosi xolos.

— Yo'-o'q, men… Ichmayman unaqa narsalarni! — gavdasini orqaga tashladi Sevinch. — Y-yo'q…

— Xo'p, qo'lingga ol hech bo'lmasa!

Sevinch majburan qadahni qo'liga olib xontaxta ustiga qo'ydi.

— Sen bir gapimni yaxshilab yodlab ol, — dedi Tolib qovoq uyib. — Qo'lga olgan narsani hech qachon qaytib yerga tashlashga odatlanma! Bu baxtsizlik, omadsizlik belgisi! Shuni bilasanmi?

Sevinch yelka qisib bosh egdi.

— Unda ol, — tezlashda davom etdi Tolib. — Qadahni qo'lingga ol!

— Yo'q, — dedi Sevinch yer chizib. — Men… Siz o'ylagan qizlardanmasman.

— Meni sevasanmi?

Bu savol quloqlari ostida jaranglagani hamono Sevinch to'satdan boshini ko'tarib, Tolibga boqdi. Ammo shu zahoti nigohlarini tortib olib, qaytadan bosh egdi. Yuzlari lov-lov yonib, yonoqlarigacha qizarib ketdi. Tolib esa javob kutardi. Axir… Qanday aytsin? Qay yuz bilan to'g'ri javobni bersin? Nima desin? Bunday lahzalarda odobli qizlar qanday yo'l tutadilar? Yuragi to'kilay deyapti-ku! Tolibning bir og'iz savoli a'zoyi badanini titratib yubordi-ku! Bu savol ko'ngliga moydek yoqib tushdi-ku! Qaniydi ixtiyori qo'lida bo'lsa, shartta rostini aytsa! «Ha, sevaman» desa-yu, yovvoyi, qaysar muhabbatining ko'ksiga bosh qo'yib olsa! Afsuski, unday qila olmaydi. Ibo, andisha sira yo'l bermaydi. Biroq «yo'q» deyishga-da, cho'chimoqda. Chunki bu savolni juda uzoq kutgan…

Sevinch aytajak javobini tiliga ko'chirmay, amalda ko'rsatishga qaror qildi. Qadahni tavakkal qo'liga oldi-da, sharobni ichdi.

— O', rahmat, rahmat! — sharobning achchiq ta'mi ko'nglini buzgan qizning o'qchiganiga e'tibor qilmay, chapak chalib yubordi Tolib. — Bilardim, ishonardim! Barakalla!

Shunday dedi-da, o'zi ham qadahni oxirigacha bo'shatdi. So'ngra bir chetda turgan konyakni qo'liga olib qadahlarga quydi.

— Sevinch, — dedi yarimlatib konyak quyilgan qadahni tutqazarkan Tolib. — Javobing negadir ishonarli chiqmadi. Ochig'i, unchaligam ishonqiramadim. Masalan… Menga kelsak, seni sevaman, ishon! Agar sevmasam, shuncha joydan seni qidirib kelmasdim. Fe'limni bilasan-ku!..

Eh, bunchalar totli bo'lmasa sevgi izhori? Sevinch uchun ikki qultum sharob kuchidan sarxushlar dunyosida keza boshlagani bir taraf, Tolibning ko'ngil izhori sababli go'yo yettinchi osmoniga parvoz qila boshlagani bir taraf bo'ldi. Yarim, nozik, o'ksik ko'ngli shu qadar tez fursatda erib ketdiki, Tolib tutqazgan konyakdan ham ho'plab qo'yganini sezmay qoldi. Ho'pladi-yu, tag'in o'qchib, boshini pastga egib oldi. Shunda uzun sochlari ichra chumoli kabi ohista o'rmalayotgan barmoqlar taftini tuydi.

Bu Tolib edi. U Sevinchni mahkam quchgancha sochlarini siypalar, hirs bilan o'pardi…

(davomi bor)

Olimjon HAYIT