BADBAXT TOG'A… (Voqea real hayotdan olingan)

0

 

 

MASLAHATLI TO'Y TARQAMAS

 

Abrorning tog'asi Fozil kirakash qarindosh-urug'larning nazarida dunyoda bitta. O'zi pahlavonlarday gavdali, har bir mushagi xodaday-xodaday keladi. Mo'ylovdor. Enasi Xalcha opaning aytishiga qaraganda, yigitlik paytlari narigi mahallalik bittasi bilan yoqalashib qolgan-u, achchig'iga chidamay shartta qorniga pichoq tiqvorgan va shu ko'yi qamalib 10 yil deganda chiqdi. Chiqdi-yu, o'sha o'zi «o'tirgan» Bo'kada qolib ketdi. Bo'kada ham hech kimga so'zini bermadi. Urganni urdi, surganni surdi. Boylik to'plash ilinjida bo'ldi…

Abror tog'asidan qo'rqadi. Chunki o'ylab qadam bosmasa, o'ylab gapirmasa urdi Xudo. Tog'asi bir-ikki tepki yoki yengilroq tarsakini undan ayab o'tirmaydi.

— Ha, jiyan, armiyadan kelganingga bir oydan oshdi. Shu yoqda bir kirakash tog'am boriydi, borib ko'rayin demaysan-a, bachchag'ar?! — Abror darvoza hatlab ulgurmay tog'asining kutilmagan dag'dag'asidan turgan yerida toshdek qotib qoldi. — Nimaga indamaysan?.. Armiyaga borib ham sal yurakni baquvvat qilmabsan-a, vey!.. Yigit degan hadeb shalviravermaydi-da endi!.. Kel, bir bag'rimga bosay-chi!..

Abrorga shundan keyingina jon kirdi-yu, so'riga o'tirishgach, asta-sekinlik bilan maqsadga ko'chdi:

— Tog'a, sizminan maslahatlashay deb kelgandim… Enam uylanasan deb hech qo'ymayapti…

— To'ppa-to'g'ri… Yigit kishi vaqtida ola xurjunni bo'yniga ilsa kam bo'lmaydi… Endi… Biz shunday o'tib ketdik, xolos… — Fozil aka afsuslangandek birpas yerga jim qarab qoldi, — Xotinlardan ko'ngil qolgan, jiyan… Ha, mayli, qani, o'zingdan gapir-chi!.. Birontasini topdingmi, ishqilib?..

— Yo'g'-e… — Abror uyalib teskari qaradi, — Enam… o'zi topsa kerak…

— E, enang o'ziga o'xshaganidan topadi… Bo'maydi. Kelinni o'zim topaman senga… Ertaga enangga borib ayt, dasturxonini ko'tarib kelaversin Bo'kaga…

Bu gapni eshitib Abrorning yuragi beixtiyor dukillab ketdi… «Nahotki?.. Nahotki, tog'asi unga shu qadar mehribonlik qilsa?.. Qaniydi, hammaniyam shunaqangi tog'asi bo'lsa!..» U azbaroyi sevinganidan ovqat ham yemadi. Uzzukun tog'asi va'da qilayotgan go'zal, kelishgan, sarvqomat kelin haqida o'yladi. Shu ko'yi tunni ham mijja qoqmay o'tkazdi. Abror haqiqatan kerak bo'lsa bunday mehribon tog'aga bir umr poyi patak bo'lishgayam hoziru nozir edi.

 

ETIMNING OG'ZI OSh KO'RDI

 

Xalcha opa ham oshib-toshib ketgani yo'q. Birovlarning kirini yuvib, ko'rpasini qavib zo'rg'a kun ko'radi. Eri bo'lsa, Abror tug'ilgan yili traktorning tagida qolib o'ldi. O'sha-o'sha bu ayol ro'shnolik ko'rmadi. Qiynalib ketgan paytlarida ko'nglini ko'targan ham shu yolg'izgina norasidasining borligi bo'ldi. Bir so'm topsa, yarmini bolamning to'yiga deb asradi. Endi bo'lsa… Bolalikdan bemehr bo'lib o'sgan Fozil akasi kutilmaganda jiyanini uylantirishga tushib qolsa-ya!.. Xudo xayrini bersin, ishqilib!..

Xalcha opa to'yning ertasi kuni choy ichib o'tirib, goh yangi kelin Mo''tabarga, goh qovoq uygancha uzoq-uzoqlarga tikilib qolgan o'g'liga termuldi. Abrorning avzoyini ko'rib negadir yuragi g'ash tortdi.

«Nimjonginaydi bolam, — o'yladi u Fozil kirakash yotgan uyga xavotir aralash qarab qo'yarkan, — Biror yeri og'rib qoldimi nima balo?!»

— Hoy, Abror, senga nima bo'ldi? — Xalcha opa nihoyat toqati toq bo'lib o'g'lining yelkasidan ushlab o'ziga qaratdi, — Biron yering og'riyaptimi?.. Nimaga o'ylanib qolding?..

Abror javob berish o'rniga asta o'rnidan turdi.

— Ena, tog'am uyg'ondimi?

— Uyg'ongandir… Nimaydi?..

— Gapim bor.

— Ie, qanaqa gap?.. Mengayam ayt-chi!..

— Yo'q. Bu sizga aytadiganmas… Erkaklarni gapi.

Xalcha opa og'zini ochgancha qolaverdi. Abror esa, bu mahal tog'asining bosh tomonida cho'k tushib o'tirardi.

— Tog'a, sizga bir gapni aytmoqchi bo'lib kirgandim…

— Nima gap ekan o'sha, kuyov bola?.. Qani!.. — Fozil kirakash astoydil yonboshlab olgach, Abrorga ma'noli ko'z tashladi.

— Keliningiz… Mo''tabar… Qiz chiqmadi.

— Nima-a?.. — Fozil kirakash ko'zlari ola-kula bo'lgandek o'rnidan turib ketdi, — Bunaqangi bema'ni gapni qaerdan topa qolding?..

— Qaerdan topardim?.. — Abror lablari, iyagi asabiy titrab teskari qaradi, — Juvon ekan-da o'shaningiz!..

— Shunaqa degin, shunaqa degin… — Fozil kirakash beixtiyor boshini egib burchakdagi stolni asabiy cherta boshladi, — Ha, bo'pti… Qovog'ingni osiltiraverma!.. Qiz chiqmasa osmon uzilib yerga tushmaydi. — U birpas o'y surib oldi-da, jiyaniga yaqinlashib yelkasidan mahkam tutdi, — Kichkinaligida otdan yiqilib tushgan Mo''tabar… Shundan bo'lsa kerak-da!..

— Siz… Bilarmidingiz?.. — Abror dam hayrat, dam nafrat nazari bilan tog'asiga tik boqdi.

— E, menga bunaqa qarama, tirrancha!.. Uylangan sen-u, men qayoqdan bilaman?.. Endi… Gap mundoq… Bu to'g'rida birovga og'iz ocha ko'rma… Eng asosiysi, xotining yengiltak emas… Men kafil…

Abror Fozil kirakashning oldidan ancha ko'ngli ko'tarilib chiqdi. Ammo Mo''tabarga tikilgani sayin yuragi g'ash tortib tishlari g'ijirlayverardi.

 

HIYLAGAR

 

Kambag'al odam shirin so'zning gadosi bo'ladi. Abror ham tog'asining keyingi kunlardagi xush muomalasidan so'ng barcha qayg'ularni harqalay yelkasidan oshirdi. Yaxshi kunlar kelishiga umid qildi. Ayniqsa, Fozil kirakash ularning hammasini Bo'kaga ko'chirib ketishi Abror uchun ham, Xalcha opa uchun ham ayni muddao edi. Chunki u yoqlarda yer ko'p, kengchilik. Sal jonni qiynasa, boyib ketish hech gapmas. Mo''tabar qiz chiqmagan bo'lsa… Demak, tog'asi to'g'ri aytgan…

Afsuski… Abror, yo'q, nafaqat u, Xalcha opa ham hatto, ayni haqiqatdan, Fozil kirakashning haqiqiy basharasidan bexabar qolishdi. Negaki, Mo''tabarning otasi Fozil akaga turmadagi eng yaqin og'ayni edi. Katta bir mushtlashuvda qattiq kaltak yeb qazo qilgach, sal o'tmay ochiqlikka chiqqan Fozil kirakash qizni go'yoki o'z himoyasiga oldi. Aslida buyog'i erkakchilik. Ustiga-ustak u chiroyli, yana… Yetim qolgan… O'zi yoqtirgan bu qizni he yo'q, be yo'q Abrorga olib berishi ham bejiz emasdi. O'z rejalari bor edi. Biroq yigit qurmag'ur bir daqiqa yolg'iz qoldirgisi kelmaydi Mo''tabarni. Qiz o'lgur ham qachongacha sog'intirib yuradi, Xudo biladi…

«Bu ablahni narigi paykaldagi tarvuzga qorovul qip qo'ymasam bo'lmaydi shekilli, — ko'nglidan o'tkazdi u bir kuni, — Har tugul Mo''tabarning qo'yni bo'shaydi… Qamoqda yotganimda bir marta xabar olishga yaramagan (Xuddi bir umr o'zi mehr ko'rsatib qo'yganday) singilniyam izzati bitdi, ishini qilsin…»

Fozil kirakash bir-ikki kun deganda hammasini hal qildi. Endi old tarafi qirga ulanib ketgan hayhotday hovlida yolg'iz Mo''tabargina aylanib yurardi.

— Erga tegdim deb eski qadrdonlarni unutvorish ekan-da-a?.. — Fozil kirakash Mo''tabarni zarb bilan ichkariga tortarkan, sersoqol yuzlarini qulog'iga bosdi, — Sog'inib ketdi-ku, odam!..

— Yo'q… Qo'yvoring!.. Nima qilyapsiz?.. Endi erim bor… Yaxshimas…

— Ie, bu nima deganing, qizaloq?.. Kim seni erli qildi? Menmi?.. Bo'yningdagi tilla zanjir kimniki?.. Barmog'ingda yonayotgan anavi uzuk-chi?.. Men atayin gap-so'zdan qochaylik deb shunday qildim-ku, ahmoq qiz!.. Qolaversa, qorningdagi bola… Aytgancha, ikki oylik bo'p qoldi-yov-a?..

Mo''tabar kutilmaganda yig'lamsirab orqaga tisarildi.

— Qanaqa ikki oy?.. Uch oy bo'lyapti… Qo'rqib ketyapman… Qornim chiqib qolsa, nima qilaman?..

— E, shunga shunchami?.. Vahima qilaverarkansan-da!.. Hammasi yaxshi bo'ladi. Faqat… Meni aytganimdan chiqsang, o'-la-san, uqdingmi?! — Fozil kirakashning ortiq sabri chidamadi. Shartta eshikni ichkaridan qulfladi-da, Mo''tabarni bag'riga tortdi. Shu tobda katta bir paykalga urug' qadayotgan Abror hamda Xalcha opaning ikki xayoli tezroq boyish, boyish va boyish edi…

 

ORTIQChA GAP-SO'ZLAR

 

Fozil kirakashni turma ham, keyingi hayot-u, ba'zi-ba'zidagi kattalarning nasihat-o'gitlari ham odam qilolmadi. Yomon edi, yomonligicha qoldi. Ayniqsa, Abror buni bilmagan ekan. Xotinining qorni to'ylariga bir yarim oy to'lmay ko'tarilib qolgach, bu ham yetmagandek, kichkinagina Adirqishloq odamlari ularni negadir barmog'i bilan ko'rsata boshlagachgina bildi. Eng yomoni, tez-tez qusayotgan, tunlari besababdan-besabab erining uzatilgan qo'llarini siltab tashlayotgan, keyingi kunlarda qovoq uyishdan bo'shamay qolgan Mo''tabarni kuzatgani sari yuragidagi noma'lum shubha tobora oshib borar, ayniqsa, bir-ikki o'g'rincha ko'z urishtirishganini, o'tgan hafta ishdan qaytganida Mo''tabarning qo'lidan ushlab qo'yganini ko'rgandan beri tog'asidan gumon qilardi. «Nahotki, xotinim, umid bilan bir yostiqqa bosh qo'ygan odam shunchalikka borgan bo'lsa?.. — o'ylab o'ylarining so'ngiga yetolmasdi u. — Nahotki, xiyonat qilayotgan bo'lsa?.. Nega to'yimizga hech qancha bo'lmay qorni ko'tarilib qoldi?.. Bunaqa paytlarda qanday yo'l tutish kerak?.. Nahotki, tog'am bilan?..»

— Sen menga to'g'risini ayt, — vaqt o'tgan sari joni xalqumiga kelib qolayozgan Abror bir kuni xotinini siquvga oldi, — Nega qorning anavinaqa… Ko'tarilib qoldi?.. Nega Xudoning bergan kuni qusganing-qusgan?.. Nima uchun meni yaqiningga yo'latmay qo'yding?.. Axir ikkiqat xotinlargina shunday qiladi-ku!..

Mo''tabar shu tobda ko'ngli ag'darilib turganiga qaramay, eri tezroq ishga ketishini istar, Fozil kirakash kelib qolishidan, erining oldida o'ziga tashlanib qolishidan qo'rqar, (undan hamma narsani kutsa bo'lardi) o'zi ham sezmagan holda baqirib darhol o'zini tashqariga urdi.

— Yo'qoling!..

— Nima?.. Nima deding, kim yo'qoladi? To'xta, dedim!..

— Voy-dod! Kim bor?.. Yordam bersalaring-chi, o'ldirib qo'yadi hozir!..

— Hoy, nonko'r!

Mo''tabarning sochini tutamlab endigina yerga bosgan Abrorning ko'zlari ro'parasida to'satdan paydo bo'lgan tog'asiga tushib battar junbushga keldi.

— Qo'yvor uni! Haqqing yo'q Mo''tabarda!

Abror xotinini qo'yib yubordi. Ammo orqasiga dast o'girilib qo'liga yo'g'on bir xoda oldi.

— Ha, bu bilmaydi, ko'rmaydi, devdingmi?.. Ishga ketgan, boraman-u, qo'yniga kiraman devdingmi?.. Kir, qani, qanday kirarkansan!..

— O'ldiraman!.. Sen ko'rnamakni so'yaman hozir!.. — Afsuski, Fozil kirakashning pichoq tutgan qo'llari xoda zarbidan shalvirab qoldi.

Abror esa uning duch kelgan yeriga urar, yugurib hovliga kirgan qo'shni erkaklar jazavaga tushgan yigitni hadeganda ushlab qola olishmasdi.

— Voy, qo'lim! Voy, belim! Ushlasanglar-chi bu psixni! Hozir… Hozir ko'rsatib qo'yaman haromiga! — Fozil kirakash jon achchig'ida to'g'ri uchastkovoyga chopdi.

Abrorni bir amallab to'xtatishdi. Mo''tabar bo'lsa, allaqachon o'z uyiga yashirinib ulgurgan edi.

 

DARBADARLAR

 

Harqalay, melisalar kirakashning kimligini bilganlari uchunmi, unga quloq tutib o'tirishmadi. Aksincha, tinch yurmasa, yana panjara ortiga qaytib qolishini aytib po'pisa qilib qo'yishdi. Lekin bo'lib o'tgan dilxiraliklardan so'ng ona-bolaga qiyin bo'ldi. Ayniqsa, Xalcha opa nomus azobi, alam iskanjasida qolib adoyi tamom bo'layozgandi. Orqasi qiyshayib ichiga kirib ketgan kalishini bazo'r sudragancha o'g'lining ortidan ketib borayotgan, achchig'ini bosolmay tishlari g'ijirlab-g'ijirlab qo'yayotgan Abrorga gohi-gohida o'g'rincha qarab qo'yardi.

— Oyijo-on!.. Abror aka!..

Qumloq yo'l holdan toydira boshlagan Xalcha opa tanish ovozni eshitib istar-istamas orqasiga o'girildi. O'ttiz-qirq metrlar chamasi narida Mo''tabar harsillagancha yugurib kelardi.

— Nima deysan?.. — unga javoban qichqirdi Xalcha opa, — Hammani tiriklay ko'mib bo'lib nimaga yana orqamizdan chopasan?..

Mo''tabar ularga yetib olgach, bir muddat bo'g'riqib, hansirab turdi. Ko'zlaridan esa, betinim yosh duvillardi.

— Oyijon… Jon oyijon, hech bo'lmasa siz tushunsangiz-chi!.. U yaramas meni bolaligimdan qo'rqitib kelgan… Nima desa, aytganini qilishga majbur edim. O'ldirib yuborishidan qo'rqardim. Abror akamgayam majburlab uzatgan. Qilib yurgan ishlarini odamlar sezib qolishidan cho'chigan… Men ayol bo'lsam… Qo'limdan nima keladi?..

Bu gaplarni eshitishniyam istamayotgan Abror Mo''tabarga nafrat bilan tikildi.

— Unda nega ilgari indamading, manjalaqi?.. Meni ishga jo'natib o'sha iflos ikkalang aysh qilgansan, bilaman. Anavi qorningdagiyam o'shaniki…

— Kechiring… Abror aka… Men sizni baribir yaxshi ko'raman…

— Nima? Yaxshi ko'raman?.. Men esa, yaxshi ko'rmayman!.. Nafratlanaman sendaqalardan, bildingmi?! Orqamdan dumga o'xshab ergashma!.. Bor, o'ynashing kutib qolgandir, qo'shmozor bo'llaring!.. Bor yo'qol, dedim!.. Hozir toshminan boshingni yoraman!..

— Yo'q!.. Hech yerga ketmayman!.. Sizdan ayrilishni istamayman!..

— Qo'y, bolam, — kutilmaganda oraga tushdi Xalcha opa, — Mayli, yursa-yurar… Nima bo'lsayam, nikohdagi xotining-da!.. Kechirim so'radi-ku hartugul!.. Bechora qaergayam borardi, adashgandir-da!.. Esi kirib qolar bir kun.

— Ena, bu nima deganingiz?.. Shuncha boshimizga axlat to'kib yana yonma-yon ketsinmi?..

— Mayli, jinni bo'lma!.. Kiradi insofga…

— Yo'q! — ovozining boricha qichqirdi Abror titrab-qaqshab, — Bormaydi! Borsa, baribir o'ldiraman uni, esingizda bo'lsin!..

Mo''tabar, baribir, ona-boladan ajralmadi. U bir kunmas-bir kun Abrorning o'zgarishi, ilgarigidek yumshoq tabiatli yigitga aylanishidan, baxtli bo'lishidan umidvor edi. Ular qosh qoraygandagina beadad qirlikning qoq o'rtasida, hech kimi yo'q o'tov ro'parasida to'xtashdi.

 

BIR BOShGA BIR O'LIM

 

Abror kechasi hamma uxlagandan so'ng sekin o'tovdan chiqdi. Tashqarida muzdek shabada esar, allaqaerdan eshaklarning beo'xshov hangrashi bot-bot eshitilib turardi.

U sira o'zini bosolmadi. Mo''tabarning yana enasi bilan yonma-yon yotganini o'ylagani sari jahl otiga minaverdi, shaytonga zo'r beraverdi.

— Men bu qanjiqni baribir o'ldiraman, — asabiy shivirlardi u, — Keyin… Anavi Fozilni so'yaman… Hammasini… Hammasini o'ldiraman… Qanjiqni aldab tashqariga olib chiqsam, enamga sezdirmasam bo'ldi…

Abror oyoq uchida ichkariga kirdi-da, beozorgina uxlayotgan Mo''tabarni turta boshladi:

— Eshityapsanmi, tur!.. Tursang-chi, tashqarida — ochiq havoda yotamiz…

Mo''tabar erining titragan qo'llarini badanida tuyib dast o'rnidan turdi.

— Nima?.. Qaerga?.. Tashqarida deysizmi?.. Meni kechirdingizmi, Abror aka, kechirdingizmi?..

— Ha, kechirdim… Ko'rpani olgin-da, yur!..

Qum ustiga o'rin to'shalgach, Abror noiloj, uyquga ketishini kutish niyatida xotinining yoniga yotdi. Mo''tabar esa, eri bunchalik tez «yumshashi»ni kutmagani uchunmi, ancha vaqtlardan beri ilk bora uning yelkasiga boshini qo'ydi-yu, ishonib-ishonmay ko'zlarini yumdi… Yo'q, uzoq-uzoq gaplashib yotmoqchi bo'ldi avvaliga. Faqat… Birinchi bo'lib gap boshlashga negadir yuragi dov bermadi…

— Ena-a!.. Men o'ldirib qo'ydim!.. Odam o'ldirib qo'ydim!.. Pichoq qani?.. Ha, mana!.. Ena, chiqsangiz-chi!.. Men uni o'ldirib qo'ydim!.. Endi… O'zimni o'ldiraman!.. Melisasiga bormayman!.. Bormayman!..

Yarim kechasi kuchli qiyqiriqni eshitib jonholatda tashqariga chiqqan Xalcha opa o'zi ham bilmagan holda Mo''tabarning jasadiga yopishdi.

— Voy, sho'rim qurib qoldi!.. Voy, endi nima qilama-an?! Hoy jinni, nima qip qo'yding?.. Nima «qand»lar yeb qo'yding?.. Qayt dedim, qo'lingda nima balolar ko'tarib olding?.. Ahmoq bo'lma, qayt!..

Xalcha opa qorong'ida u yoqdan bu yoqqa telbalarcha shataloq otib chopayotgan Abrorga yeta olmadi. Ko'z ochib yumguncha, kuchli xirillash keldi qumloq tarafdan, keyin… Yer qip-qizil qonga bo'yaldi… Abror o'zini-o'zi so'yib qo'ygan edi…

Er-xotinga Bo'kaning o'zida, Mo''tabarning qizlik uyida janoza o'qildi. Farzand dog'ida kuyib ketgan Xalcha opaning jinni bo'lib qolgani-yu, ikki yoshning jasadini ham unutib katta ko'chada bosh yalang uzoq-uzoqlarga behol qo'l siltayotganini ko'rgan borki, yig'ladi. Faqat… Yig'layotganlar orasida Fozil kirakashgina ko'rinmadi.

Olimjon HAYIT