Nega sud bolasini sotmoqchi bo'lgan ayolni ozodlikdan mahrum etmadi?

0

Jinoyat ishlari bo'yicha Navoiy viloyat sudi ochiq sud majlisida odam savdosi bilan bog'liq jinoyatni sodir qilgan ayolga nisbatan hukm o'qidi.

Sudlanuvchi Adiba Raimova (ism-shariflar o'zgartirilgan) 2019 yilning 21 may kuni tungi soat 00-10larda “Dilnoza” kafesida 6 yoshli o'g'li Doniyorni “Kamola” ismli shaxsga 15 mln. so'mga sotayotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ushlangan.

Unga nisbatan jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlari olib borilib, ish sudga oshirilgan.

A.Raimova sudda, aybiga to'liq iqrorlik bildirib, sharoiti og'ir ekanligini, bolani sotishdan maqsad kelajakda yashash uchun uy-joy sotib olmoqchi bo'lganligini, qilmishini og'ir jinoyat ekanligini tushunib yetganligini, kelgusida bu kabi kechirib bo'lmas xatolarga yo'l qo'ymasligini bildirib, qonuniy yengillik berishni so'ragan.

Sud majlisida Navbahor tumani xotin-qizlar qo'mitasi vakili ishtirok etib, sudlanuvchiga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog'liq bo'lmagan jazo tayinlashni so'rab, unga foydali mehnat bilan shug'ullanish imkoniyatini yaratib berishini bildirib, kafolat xati taqdim qildi.

Sud, A.Raimovaning qilmishiga iqror va pushaymonligini, ayolligini, qarmog'ida 4 nafar voyaga yetmagan farzandi bo'lib, o'zi yagona tarbiyachi va boquvchi ekanligi, moddiy jihatdan qiynalganligi, ilgari sudlanmaganligi, shu bilan birga Navbahor tumani xotin-qizlar qo'mitasi raisi tomonidan unga nisbatan kafolat xati berilganligi va ishdagi boshqa yengillashtiruvchi holatlarni, sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlar sifatida baholab, insonparvarlik prinsipiga amal qilgan holda O'zbekiston Respublikasi JK 135-moddasi 3-qismining “a” bandi bilan JKning 57-moddasini qo'llab, ya'ni u ayblanayotgan modda sanksiyasida nazarda tutilmagan ozodlikni cheklash jazosi tayinlashni lozim topdi.

A.Raimovaga 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Abulqosim Ruziqulov,

Jinoyat ishlari bo'yicha

Navoiy viloyat sudi raisi