Tungi xabar (hayotiy voqea)

1

— Bu uyda tinchlik bo'lmaydi o'zi, hoy bola, nimaga poyabzalga shampun surtib yuvasan, ota-onangning shampun zavodi bormi? — qaynonamning ovozi bolalarnikiga qo'shilib ketdi. Yana bir yoqda erim, bularning oyoq kiyimini o'ziga yuvdirmay, o'zing yuvgin, deb tanbeh berarkan, uning ovoziga chaqalog'imning yig'isi ulanib ketdi. Yo'q, bu ahvolda jinni bo'lib qolish hech gapmas. Hamma ish ham menga, noroziligu, alam ham menga. Bolalarni uxlatib, kir-chirni yuvgunimcha yarim kecha bo'ldi. Tungi sukunatni qo'l telefonimga kelgan xabarning ovozi buzdi. Yarim kechada kim menga xabar yozdi ekan, yoki yana bema'ni reklamalardir-da , deb hafsalasizlik bilan xabarni o'qiy boshladim.
“Ayyomingiz bilan, opajon. Bu dunyoning tugamas tashvishlari oldida taslim bo'lmay, kulishga kuch topib yuribsizmi? Aslida, bayramdan boshqa vaqtda sizni yo'qlamaydigan mendek noshud ukangizdan qancha xafa bo'lsangiz, shuncha kam. Jiyanlarim ham katta bo'lib qolishgandir? Uzoqda bo'lsam ham, ko'nglim sizda. Sizning siniq jilmayib turishingiz, doim nimalargadir kuyib-pishib yurishingizga o'rganib qolgan ekanman, musofirchilikda o'rningiz judayam bilindi. Ish, ish deb, hatto qo'ng'iroq qilolmayotganim uchun uzr. Bayram sizga jamiki yaxshiliklarni olib kelsin, sabringizga yarasha ajr albatta qaytsin. Men sizga bir sirni aytaymi? Aslida, sizning, uyda hamma yaxshi, pochchang meni yer-u ko'kka ishonmaydi, qaynonam ham qizidek ko'radi, degan yolg'onlaringizni sog'indim. Bu yerda esa, hamma rost gapiradi. Qaniydi, opaginamga o'xshab chiroyli aldashni biladigan bittagina odam bo'lsa edi, deb o'rtanib ketaman. Yolg'onlaringiz tugamasin, opa, hayotning faqat yaxshiligini aytadigan yolg'onlaringizning xumori tutganida, sizga yetib borolmayotganim alam qiladi. Har urganida jigarlarini eslab yonadigan yuragingizga ulkan matonat tilab qoluvchi ukangiz”.
Negaligini bilmayman, ammo ko'zimdan yosh chiqib ketdi. Balki ukam rostdan ham uzoq yurtdaligi uchundir. Keyin raqamga qaradim. Mutlaqo notanish. Bu xat balki begonanikidir. Lekin shu tobda u menga o'zim anchadan beri kutayotgan daldani bera olgandi. Ertasiga raqam egasiga xat yozib, kimsiz, deb so'radim.
“Kechirasiz, yanglishib, sizga jo'natibman” degan javob keldi. Men esa, “tez-tez yanglishib turing, uka” deb javob yubordim. Seni yupatsa, yarim ko'nglingga malham bo'lolsa, o'sha so'z egasi omon bo'lsin, deb yuborarkansan. Ehtimol, o'sha vaqtda biror qimmatbaho buyum ham ayni o'sha notanish kimsaning yupanch berib yozgan tabriknomasi o'rnini to'ldirolmasdi.
Yaqinlaringizni ko'rishga vaqt topolmayapsizmi? Unda bir enlik xat yozing, o'zining yolg'iz emasligini sezsin, hayotida sizdek mehriboni borligini ikki og'iz gap bilan yetkazingki, so'zning ulkan qudratini u ham his qilsin.

1 TA FIKR

Comments are closed.