Kasaba uyushmalari Federatsiyasi paxta mavsumida majburiy mehnatga yo'l qo'yilmaslik bo'yicha Milliy monitoring o'tkazadi

1

O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasida o'tkazilgan brifingda paxta yig'im-terimi mavsumida terimchilar uchun shart-sharoit yaratilishini nazorat qilish, bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanmaslik yuzasidan 25 sentyabrdan 31 oktyabrgacha Milliy monitoring o'tkazilishi ma'lum qilindi.

Milliy monitoringda tarmoq va hududiy kasaba uyushmalari, Xotin-qizlar qo'mitasi, Savdo-sanoat palatasi, Yoshlar ittifoqi va joylardagi NNT vakillari, mahalliy huquq himoyachilari, shuningdek AQSh, Yevropa davlatlari va bir qator xalqaro kasaba uyushmalari markazlari vakillarining ishtirok etishi kutilmoqda.

Monitoring guruhlari rahbarlari kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan internet tarmog'iga ulangan planshetlar bilan ta'minlanadi hamda zaruriy tashkiliy-texnik ko'mak ko'rsatib boriladi.

O'rganish jarayonida paxta terayotgan voyaga yetmagan shaxslar aniqlansa, ularni zudlik bilan daladan olib chiqish va o'quv dargohiga yoki uyiga qaytarish choralari ko'riladi.

Majburiy mehnatdan foydalanish holatlari aniqlangan holda ham zudlik bilan Akt (Dalolatnoma) tuziladi hamda mehnat inspeksiyasi chaqirilib, ularni ish joylariga qaytarish choralari ko'riladi.

Alohida ta'kidlash zarurki:

– korxona, tashkilot va muassasalar xodimlaridan hech kimni mehnat shartnomasini bekor qilish yoki intizomiy jazo berish tahdidi ostida paxta yig'im-terimiga jalb etish mumkin emas;

– hech bir korxona, tashkilot, muassasa rahbari xodimlarni paxta yig'im-terimiga yuborish to'g'risida buyruq chiqarishi mumkin emas;

– mehnatkashlar, tadbirkorlar, dehqon bozorlarida savdo-sotiq bilan shug'ullanuvchilar, mahallalarda istiqomat qiluvchi fuqarolardan paxta yig'im-terimi uchun pul mablag'lari yig'ish qat'iyan taqiqlanadi;

– terilgan paxtaning har bir kilogrammi uchun to'lanadigan terim pullari har besh kunda, terimchilar xohishiga ko'ra zarurat tug'ilganda – har kuni to'lanishi lozim.

Shuningdek, majburiy mehnat qaltisliklarini keltirib chiqaruvchi boshqa alomatlar, ya'ni fuqaroning zaifligini suiiste'mol qilish, aldov, hujjatlarni olib qo'yish, ish haqini to'lamaslik, xavfli mehnat sharoitlarida ishlatish, ish vaqti me'yorlariga rioya qilmaslik kabi holatlar ham qonunan taqiqlanadi.

Yuqoridagi qonunbuzilish holatlari ro'y berganda huquqni muhofaza qilish organlarga yoki kasaba uyushmalarining 10-92 raqamli “Ishonch telefoni”ga xabar berish lozim.

Bundan tashqari joriy yildan boshlab majburiy mehnatga oid holatlar to'g'risida @kasaba_bot Telegram boti orqali ham murojaat qoldirish mumkin.

loading...

1 TA FIKR

Comments are closed.