QASAMXO'R… (Voqea real hayotdan olingan)

1

 * * *

 

Mavlon bolalikdan mushtumzo'r edi. Yigirma yil oldin qo'shni qishloqlik bir bolani pichoqlab qo'yib qamalib ketdi. Omad ketsa birvarakayiga ketarkan. Ustiga ustak bola kasalxonada uch-to'rt kun yotgach, o'tib qoldi. Bu Mavlonning sho'riga sho'rva to'kdi. Unga yigirma yil berishdi. Ammo Mavlon qancha mushtumzo'r bo'lmasin, qilmishidan rostakamiga afsus chekkandi. Turmaga tushiboq hech qachon birovga qo'l ko'tarmaslikka, og'ir-bosiq, mehribon odam bo'lishga qasam ichdi. Yigirma yil davomida qasamini buzmadi. To'g'ri, juda ko'p bor qiyin vaziyatlar boshiga tushdi. Bunday lahzalarda manaman degan ham qasamidan voz kechib miyasiga kelgan ishni qilib ketishi tayin edi. Mavlon unday qilmadi. Ozodlikka chiqadigan fursati yetguncha orzular ummonida suzdi. Yoshi o'tib, beva qolgan otasiga mehr ko'rsatish, issiq-sovug'idan xabar olish, imkon topsa, tuzuk-quruq oila qurib bola-chaqa orttirishni astoydil niyat qildi. Bilganicha xudodan so'radi…

Mana, xudoning Mavlonga atab qo'ygan sovg'asi ham yo'q emaskan. Qanchalar mushkul kechmasin, yigirma yil o'tdi-ketdi. Nihoyat Mavlon ham turmaning baland, tikonli simlarga chulg'angan devorlarini tark etib, ozodlikka chiqdi. Eh, yillar odam bolasini yutar darajada shafqatsiz ekan. Mavlon ilk bor turmaga kelib tushganda, barvasta, sovuqqon, mushaklaridan ot hurkkulik norg'ul yigit edi. Bugun esa o'sha gavda, mushaklarga darz ketdi. Sochlari to'kildi. Qolganlari ham oqarib, pataklashib ketdi.

«Mayli, — o'ylardi Mavlon yelkasiga mayda-chuyda solingan yo'l xaltasini ilarkan boshini silab. — Bo'lar ish bo'ldi, nima bo'lsa, bo'lib o'tdi. Endiyam kechmas! Buyog'iga endi otamni parvarish qilishim kerak. Sho'rlik otam mana shu turmaga qatnab qaridi. Endiyam o'g'illik vazifamni ado qilmasam, kim degan odam bo'laman? Buyoqda… Bola-chaqa qilish kerak bo'ladi. Axir, otamning yolg'iz farzandiman! Nevaralarini erkalab, opichlab ko'cha aylanishni bir umr orzu qildi. Marazlik qilmay, endi otamning shu orzusini ro'yobga chiqarishim shart emasmi? Albatta shart. O'sha qasamga yigirma yil amal qildim. Buyog'igayam shunday bo'lib qolishim kerak-ku!.. Uf-f, shuncha umrimni behuda ko'kka sovurdim-a! Ablah Odil, Odil!!! Nima qilarding kayfi oshgan Mavlonning jig'iga tegib o'shanda? Bitta gapdan qolsang, olam sof edi-ku! O'zingni boshingni yeganing yetmay, meniyam sho'rpeshona qilding-a!.. Mayli, go'ringda tinch yotgin ishqilib!..»

Mavlon ikki soat deganda qadrdon shaharga yetib keldi. Erta tongda xursandligidanmi, tuz totmagandi. Endi-endi qorni tatalab borayotganini his qila boshladi.

Shu payt o'zi tomon tirjaygancha yaqinlashib kelayotgan erkakka ko'zi tushib, og'zining tanobi qochdi.

U Maksim degan sobiq mahbus edi. Bankni o'marib qamalgan ekan. Ular o'n yil bir turmada jazoni o'tashgan. Maksim o'zidan uch-to'rt yosh katta bo'lishiga qaramay, xuddi yaqin do'stidek yondoshardi. Mavlonga juda ko'p yaxshiliklar qilgandi.

— Tushimmi-o'ngimmi? — Mavlon turmadoshiga peshvoz chiqib ikki qulochini yoydi. — O'zingizmisiz yo adashdimmi?

— Sen bo'lgin-u adashgin, — Maksim Mavlon bilan ko'rishgach, ikki yelkasini siqimladi. — Qutuldingmi?

— Ha, qutuldim xudoga shukr, — dedi Mavlon bosh qashib. — Ertalab chiqdim.

— Yashavor, shovvoz! Mana buni uchrashuv desa bo'ladi. Qani, yur, ketdik! Uchrashganimizni nishonlamasak bo'lmaydi.

— Balki boshqa safar nishonlarmiz? — dedi Mavlon avtobus bekatiga ishora qilib. — Bilasiz-ku, dadam yolg'iz qolgan. Tezroq borib xursand qilsammi devdim.

— Xursand qilish qochmaydi. Ertaga azonda o'zim mashinamda tashlab qo'yaman uyingga.

— Sira iloji yo'qmi?

— Iloji yo'q. Seni mana mundoq restoranga opkirib mehmon qilaman. Keyin… Ketvorgan qizlar bor yerga olib boraman.

— Shunaqami? Obbo siz-ey! Sira qo'ymadingiz-qo'ymadingiz-da! Mayli, uyga ertaga borarman. Qani, boshlang!..

 

* * *

 

Ancha yildan beri ko'rishishmagani uchunmi, gaplari to'lib qolgan ekan. Restoranda yarim tungacha qolib ketishdi. Ikkovlarining ham kayfi chog'lanib, bir-birlariga suyangan ko'yi nihoyat tashqariga chiqishdi.

— Ana, endi qizlar bilan tillashishga boramiz, — dedi Maksim Mavlonni turtib. — Xuddi hammomdan chiqqanday yengil tortasan, ishonaver!

— Obbo, tag'in gunohga botarkanmiz-da! Keling, shu ishni qo'ya qolaylik!

— Xafa qilyapsan, Mavlon, — dedi Maksim qovog'ini uyib. — Sen bilan ne kunlarni birga ko'rmadik. Qancha qiyinchiliklarni birgalashib yengdik. Shundayam bir-birimizni xafa qilmadik, bir-birimizni sotmadik. Yo noto'g'ri gapirdimmi?

— Haqsiz. Xuddi shunday bo'lgan.

— Unda shashtimni qaytarma! Men har kimniyam siylayvermayman, bilasan. Yur! Vey, o'zing o'lay deb turibsan-u, nozlanishga balo bormi?..

Maksim shunday deb qota-qota kuldi. Mavlon ham unga jo'r bo'ldi. Kulgi poyoniga yetgach, piyodalashgancha Maksim aytgan manzil tomon yo'l olishdi.

Qandaydir tor ko'chalar bo'ylab yurib borib kichik bir hovli ro'parasiga yetgach, Maksim taxtali eshikni zarda bilan ochdi-da, ichkariga kirib ketdi. Zum o'tmay qaytib chiqdi.

— Oshna, — dedi u xiyol bosh egib. — Anavinaqasi… Haligi… Nimaydi… Xullas, ikkalamizdan birimiz kirishimiz mumkin ekan. Bor, sen kirib chiq, men shu yerda kutib turaman!

— Nega endi men? — qaysarlandi Mavlon. — O'zingiz kirib chiqavering! Mening kirishim ja shart emas.

— Qaysarlik qilmasang-chi! Boraqol, kirib chiq! Qolgan gaplarni keyin gaplashamiz! Aytgancha, pulini to'lab qo'ydim! Tag'in senam cho'ntak kovlab yurmagin!..

Mavlon ikkilana-ikkilana ichkariga kirdi. Haqiqatan, xonada past bo'yli, oq-sariqdan kelgan, yoshgina bir juvon o'tirgan ekan. Mavlon kirishi bilan unga boshdan oyoq razm soldi-da, boshi bilan narigi xonaga ishora qildi.

— Yuring, keyingi xonaga kiramiz! Bu xo'jaykaning xonasi.

Mavlon ancha yildan beri ayol kishi bilan hamsuhbat bo'lmagani sababmi, ensasi qotgan ko'yi ayolga ergashdi. Xonaga kirgandan so'ng juvonning yechina boshlaganini ko'rib negadir hushyor tortdi.

— To'xta! — dedi juvonning bilagiga chang solib. — Shoshilma! Oldin kimligingni ayt! Turmushga chiqqanmisan? Uy-joying bormi?

— Bu yerga shuni so'ragani keldingizmi? — juvon hayron bo'lib qaytadan koftasini kiydi. — Tezroq bo'la qolsangiz-chi, aka!

— Avval savolimga javob ber!

— Ha, erim bor. Uy-joyim ham yo'qmas.

— Unda nega bunaqa ish qilyapsan? Sababi bormi? Uyoqda ering kutayotganini nahotki o'ylamasang?

— Sizga nima? Baribir emasmi?

— Yo'q, baribir emas, — dedi Mavlon battar jahli qo'zib. — Axir… Oilali odam…

— Erim qarib qolgan, — deya karavotning bir chetiga o'tirib oldi juvon. — Shuning uchun…

— Qarib qolgan bo'lsa, nega tekkansan?

— Majbur edim. Olis qishloqdan kelgandim. Ota-onam o'lib ketgan. Qarindosh-urug'lar bilan murosam kelishmadi. Ota-onamdan qolgan uyniyam xolalarim imi-jimida o'zlariga xatlab olishgandi. Nima qilay? Ularga qarshi hech narsa qila olmasdim. Chunki ular ko'pchilik edi. Qishloqdagilargayam meni qora ko'rsatib bo'lishgandi. Xullas, ko'zimni chirt yumdim-u, shaharga keldim. Omadim bor ekan, yoshi o'tgan bir erkakka duch keldim. Sho'rlikning xotini o'lib ketgan, issiq-sovug'idan xabar oladigani yo'q ekan. Tayyor uy-joy, ko'rpa-yostiq deganday… Ayol kishi palaxmon toshiykan-da, aka!.. Faqat… Meni sizam qoralamang! Hali yoshman, o'ynab-kulgim keladi. Qolaversa, erimning pensiyasi ikkalamizga yetmaydi. Shu yo'lga kirdim. Boshqa ilojim yo'g'idi…

— Shunaqa degin? — Mavlon juvonning gaplaridan bag'ri yanada muzlab o'ng qo'lini oldinga cho'zdi.

— Sen xudo qarg'agan odamsan, — dedi tashqariga yo'nalib. — Bir kunmas bir kun juvonmarg bo'lasan! Ishqilib, o'sha qari eringni xudo yarlaqasin! Suf senga-e, manjalaqi!..

Shunday dedi-yu, Mavlon tashqariga otildi.

Xuddi shu manzara, g'amginlikka da'vogar hikoya Mavlonning ko'ksini pora-pora qilayozgandi. Maksimning yonida ketib borardi-yu, nuqul shu paytga qadar uylanmaganiga shukr qilardi.

 

* * *

 

Mavlon juvon bilan bo'lib o'tgan gap-so'zlarni Maksimga aytib o'tirmadi. O'zini go'yo yengil tortgandek, mamnundek tutib qo'ya qoldi. Ertasiga tongda Maksim so'zida turib uni hovlisiga eltib qo'ydi.

Endi tong otgani sababmi, mahalla ko'chasi deyarli bo'm-bo'sh edi. Faqat ba'zi xonadonlar atrofida kelinlar ko'cha supurayotgani ko'zga tashlanardi.

Mavlon darvozasiga yaqin keldi-yu, tevarakka ko'z soldi. Darvoza o'sha-o'sha. Hatto bo'yog'i ham o'zgarmabdi. Darvoza atroflari esa top-toza.

«Qo'shni xotinlar supurib berishayotgan shekilli, — o'yladi Mavlon ichkariga kirishga shoshilmay. — Ishqilib dadamning salomatligi yaxshi bo'lsin. Ancha bo'ldi ko'rishmaganimizga. Sho'rlik dadam! Yolg'izlanib, huvillab o'tirgandir-da mensiz!..»

Mavlon bir-ikki yo'talib oldi-yu, ostona hatlab hovliga kirdi. Kirdi-yu, chetdagi kranda yuz-qo'lini chayayotgan dadasini ko'rib yuragi hapriqdi. Bir necha o'n soniya ichida yillar osha yig'ilib qolgan faryod sal qursa bo'g'zidan otilib chiqayozdi. Mavlon arang o'zini tutib dadasiga yaqin bordi.

— Assalomu alaykum, dada!

Mardon aka tanish ovozni eshitib, beixtiyor sakrab o'rnidan turdi.

— S-senmisan, bolam? — deya oldi u yig'lamsiragancha farzandini bag'riga bosarkan. — Eson-omon keldingmi? Nega oldinroq xabaringni bermading? Kutib olishga chiqardim-ku, bolam!

— O'zingiz bardammisiz? — titroq aralash so'radi Mavlon Mardon akani qo'yib yubormay. — Mensiz rosa qiynalgandirsiz-a?

Mardon aka asta ortga tislandi-da, aybdorona bosh egdi. So'ngra kalovlana-kalovlana gap boshladi.

— O'g'lim, sen yo'g'ingda bir ayb ish qilib qo'ydim-ku! Kechira olarmikansan noshud otangni?

— Bu nima deganingiz Qaysi ahmoq otasiga aql o'rgatadi? Unaqa demang-e, dada! Nima gap o'zi? Gapiravering!

— Yosh o'ta boshlagandan keyin erkak kishiga haligi… Issiq-sovug'idan xabardor bo'lib turadigan bir ayol kerak bo'larkan. Menam azbaroyi qiynalganimdan bir juvonni nikohlab oluvdim. Nima deysan, bolam? Yo'q, agar senga ma'qul bo'lmasa, shu bugunoq pattasini qo'liga tutqazaman, ha!..

— Unday demang, dada! Men tushunaman!.. Kim o'zi u? Qaerda? Tanishtirmaysizmi?

Mardon aka javob o'rniga ayvon tomonga o'girilib qichqirdi:

— Munisa, buyoqqa chiqmaysanmi? O'g'lim keldi, axir!..

Ko'z ochib yumguncha egniga atlas ko'ylak-lozim kiygan, ozg'indan kelgan, sochlari bejirim o'rilgan ayol ayvonda hozir bo'ldi. Mavlon uni ko'rdi-yu… Miyasida kuchli og'riq sezib o'zi sezmagan holda qalqib ketdi. Nimadir demoqchi bo'ldi, ammo tili aylanmadi. Qalbining tub-tubidan otilib chiqqan yovvoyi hayqiriq bo'g'zini teshib o'tgandek bo'ldi.

Mavlon bor ovozda baqirib yubordi.

— Dada-a-a-a!!! Nima qilib qo'ydingiz? Nega-a-a???

Ha, ko'rgani Maksim olib borgan uydagi suyuqoyoq edi. Xuddi shu ayolni kechagina so'ka-so'ka chiqib ketgandi…

Mavlon nima deyishmasin, nimalar bo'lmasin, baribir bunday vaziyatda o'zini idora etishga ojiz edi.

Yigirma yil oldin ichgan qasamiga xiyonat qildi. Suyuqoyoqni padari buzrukvorining ko'z o'ngida bo'g'ib o'ldirdi.

Munisani o'sha kuni tushdan keyin dafn etishdi.

Mavlon esa bu gal o'n ikki yilga qamaldi.

Olimjon HAYIT

 

1 TA FIKR

Comments are closed.