ALAMZADA… (23 qism. Ikkinchi fasl)

0

 

 

* * *

 

Kamerada kalta yubka kiygan, sochlari erkakcha kaltalangan, yuz-ko'zlari, lablariga qadar qalin bo'yoq surilgan o'ttiz yoshlar atrofidagi ayol o'tirar, oyoqlarini kergancha go'yo o'zini tashqaridagi qo'riqchilarga ko'z-ko'z qilardi.

Bo'lari bo'layozgan Sevinch uni ko'rdi deguncha battar vahimaga tushdi. Umrida bunday behayo ayollar bilan yolg'iz qolib ko'rmagani uchunmi, ijirg'andi. Ayniqsa, uning oyoq kerib o'tirishi g'ashini keltirdi.

Biroq shu tobda nafratning mavridi emasdi. Qalbi bezovtalanar, taqdiri nima bilan tugashini tasavvur etgani sayin dunyo ko'zlariga suvoqlari ko'chib tushgan, ichini zax hidi qoplagan kameradan-da torroq ko'rina boshlardi.

— Ha, qaqajon, seni nimaga qamashdi? — Sevinchning xayolini bo'lib so'radi ayol dast o'rnidan turib. — O'g'irlik qildingmi, yo melisalarning gapiga kirmadingmi? Bekor qipsan. Qara, chiroylikkina, oydekkina, yoshgina ekansan. Kamayib qolarmiding? Yarim soat ko'nglini olsang, qo'yib yuborishardi.

Ayolning bu gaplari Sevinchga juda og'ir botdi. Shundoq ham alamdan dod solay deb turgan qiz kutilmaganda ayolga yopishdi.

— Meni kim deb o'ylading, qanjiq? — uning tomog'ini siqimladi Sevinch. — O'zingga o'xshatmagin, tuzukmi!?. Senga o'xshagan buzuqimasma-an!..

— Voy-dod, yordam beringlar! O'ldirib qo'yadi-i!..

Ayolning xirillab qichqirishi bir zumda qo'riqchilar qulog'iga yetdi. Darhol kamera eshigi ochildi va ikki qo'riqchi kira solib Sevinchga yopishdi.

— O'zingni bosvol! Qo'yvor uni! O'tir dedim!..

Nima qilsin? Sevinch yum-yum yig'lagan ko'yi boshini changallagancha beton supacha ustiga o'tirib qoldi. Ayolni esa boshqa kameraga ko'chirishdi…

Shu taxlit bir soatcha o'tiribdi. Jazava zo'r kelib, o'zi bilmagan holda unsiz yig'layveribdi, qarg'anibdi, yupanibdi, yana yig'labdi, xudoga nola qilibdi, otasini ko'makka chorlabdi. Ammo bularning barchasi bo'g'zidan nariga o'tmabdi.

Sevinch kamera eshigining sharaqlab ochilishidan seskanib boshini ko'tardi.

Ichkariga tag'in ko'chada uchragan, uni militsiya qo'liga topshirgan erkak kirdi.

Bu gal erkak qandaydir jildni qo'ltiqlab olgandi.

Kirdi-yu, erinmay kamerani ko'zdan kechirdi. Qayta-qayta norozi bosh chayqadi. Shu asnoda Sevinchga bilinar-bilinmas nazar tashlashga ulgurdi.

— Xo'sh, singlim, yaxshimikan qamoq? — so'radi erkak beo'xshov tirjayib. — Tek o'tirishingga qaraganda, yoqib qoldimi deyman kamera-a?

Sevinch ilkis bosh ko'tardi-da, erkakka sovuq tikildi. Aftidan qarg'ashga, urishib tashlashga chog'landi. Biroq nimadir xalal berdi. Bir qadam ortga tislanish bilan kifoyalandi.

— Hali bu o'tirishing holva, — davom etdi erkak. — Agar taklifimni qabul qilmasang, ertaga bundanam battar kunlar boshingga tushadi. Seni eng maraz kallakesarlar o'tirgan kameraga o'tkazib qo'yishlarini so'rayman. U yerda dodingni hech kimga ayta olmaysan. O'ylab ko'r, hozircha yoningda turibman.

— Endi menga baribir, — alamli shivirladi Sevinch. — Qanday o'lishning qizig'i qolmagan. Dadajonimning yoniga tezroq borsam bas.

— E yo'-o'q, — dedi erkak jiddiy tortib. — Seni o'ldirishmaydi. Chunki bizga kerakli qizsan. Nomusingga tegishlariga esa ming foiz kafolot beraman. Joning qiynaladi, belchalaring qayishib-qayishib og'riydi. Shu kerakmi senga?

— Iflos, — deya erkakka nafratli nigoh tashladi Sevinch. — Qani, shunday qilib ko'rlaring-chi, keyin bilasanlar!..

— Mayli, yaxshilikchasiga ko'nmasang! Yana bir soat vaqting bor o'ylab ko'rishga. Umid qilamanki, bir soat o'tib qaytganimda, fikring o'zgaradi. Aks holda… O'zingdan ko'r!..

Erkak jildini boshqa qo'ltig'iga qistirdi-da, ehtiyot shart bir necha daqiqa Sevinchga termilgancha turib qoldi. Sado bo'lavermagach, qo'l siltay-siltay chiqib ketdi.

 

* * *

 

Erkakning so'nggi tahdidlari Sevinchni boshi berk ko'chaga olib kirib qo'ygandek edi. Nima qilishni bilmasdi. Nazdida u ham Tolibning biridek, bir kunmas bir kun rasvo qilib qo'yadigandek tuyulardi.

Shularni o'ylab yotib, charchoq yengdimi, ko'zi ilinibdi-yu, tushiga Meliboy mirob kiribdi. U negadir arvachasidamas, tik oyoqda kirib kelganmish. Kameraga kiriboq Sevinchga do'q ura ketibdi.

«Nimalar qilib qo'yding, ahmoq? — dermish mirob qovoq uyib. — Bu zindonda nima qilib o'tiribsan? Qand yeyapsanmi?»

«Meni majburlab olib kelishdi.» — javob qilibdi Sevinch qo'rqa-pisa va shu bahonada otasi bilan ko'rishmoqqa chog'lanibdi. Ammo mirob uni darhol itarib yuboribdi.

«Yaqinlashma menga, sharmanda! — urishib tashlabdi uni mirob. — Shu odamning gapiga ko'nishing lozim edi. Mening qiynalganim yetmasmidi senga? Hozir ham kechmas, rozi bo'l! Yolg'on muhabbatning saroblariga asir bo'lma! Tolib sening tengingmas!..»

Shunday debdi-yu, ko'zdan g'oyib bo'libdi. Sevinch atigi o'n-o'n besh daqiqa uxlagan bo'lsa-da, tushi tasirida qora terga botib uyg'ondi. Ko'zlarini ochiboq jonholatda o'rnidan qo'zg'aldi. Kamerada hanuz sukunat hukm surardi. U vahm aralash atrofni kuzatdi. Burchak-burchakda katta-katta suvaraklar mo'ylovlarini silkitgancha izg'irdi.

— Men rozima-an! — qichqirdi Sevinch titrab. — Ochinglar eshikni, roziman! Nega indamaysizlar?

Oradan bir necha o'n soniya o'tib kamera eshigi ochildi va qo'riqchi paydo bo'ldi.

— Nega baqiryapsan? — do'q aralash so'radi qo'riqchi. — Katta xolangning uyimi bu yer?

— Boyagi odamni chaqiring tez! — dedi Sevinch. — Unga aytadigan gaplarim bor.

— Shunday demaysanmi? Hozir, uningni o'chirib tur, chaqiraman!..

Qo'riqchi chiqib ketgach, Sevinch yana o'yga toldi. Miyasiga o'rlagan xayollarni bir-bir taroziga soldi. Har jihatini chamalab ko'rdi. Garchi erkakning asl maqsadini bilmasa-da, Tolibning ketidan tushganiga ishona boshlagandek bo'ldi.

«Men tavakkal qilaman, — o'yladi u mushtlarini tugib. — Manavinaqangi qamoqlarda o'tirib xor bo'lgandan ko'ra, o'sha nusxa aytgan ishni bajarganim yaxshi shekilli. Yordam bersam, chiqarib yuborishga so'z berdi-ku! Aldamagandir kap-katta odam! Aldasin-chi, xudoga solaman-qo'yaman. Yaratganning o'zi jazosini beradi…»

Hech qancha o'tmay, kamera eshigi qaytadan ochildi. Bu gal kutilganidek maxsus xizmat vakili kirib keldi. Uning chehrasi ochiq, ko'zlari chaqnardi.

— Ona qiz, bo'larkan-ku, — dedi quvonchini yashira olmay. — Hozir melisalardan bir qarorga kelganingni eshitib, uchib keldim oldingga. Shu gaping rostmi?

— Ha, — dedi Sevinch erkakning ko'zlariga tik boqib. — Shartingizni aytavering! Men tayyorman!

— Juda soz! Mana bu zo'r gap bo'ldi. To'g'ri-da, senga kerakmi manavinday sassiq kameralarda qiynalib? Bizga yordam qilvorsang, yaxshiliging unutilmaydi.

— Nima qilishim kerak? Gapni qisqaroq qilaylik!

— Oldin tanishib olaylik! Mening ismim Jiyronbek! O'zing bilganingdek, maxsus xizmat tashkilotida ishlayman. Tolibdek zo'ravon, ashaddiy jinoyatchining izidan tushib, kirdikorlarini fosh qilish, jinoyatini bo'yniga qo'yib ishini sudga topshirish mening zimmamga yuklangan. Buning uchun aynan sening yordamingga muhtojman.

— Nima qilishim lozim? Aniqroq aytsangiz-chi!

— Seni bugunoq Tolibning uyiga olib borib tashlashadi. Bilaman, sen unikidan qochgansan. E'tiboring uchun birovning qizini kuch bilan uy qamog'ida ushlab turish ham jinoyat hisoblanadi. Sud albatta buni hisobga oladi. Ammo sen shunisigayam rozi bo'lasan. Tolibning ko'ngliga yo'l topib, qancha, qachon, qaerda qotilliklarga qo'l urgani, qaysi manzilda qancha giyohvand moddalar bilan oldi-berdi qiluvchi mijozlari borligi, umuman, nima ish qilmasin, barchasi haqidagi faktlarni shaxsan menga yetkazib turasan. Senga telefon raqamimni aytaman. Faqat eslab qol. Unutishga haqing yo'q. O'sha raqam orqali ma'lumot yetkazishingga to'g'ri keladi. Tushundingmi?

— Keyin-chi? Keyin nima bo'ladi?

— Jinoyatchi tutiladi, oliy jazoga tortiladi.

— Men-chi? Axir…

— Sen xavotirga tushma. Davlat senday mard qizni ko'chada dar qoldirmaydi. Xizmatingga yarasha mukofotini olasan.

Sevinch o'yga toldi. Intiqom onlari yaqinlashayotganini qalban his etdi. Yuragi entikdi. Ko'z oldida otasi, onasining yorqin siymosi namoyon bo'ldi. Ular ham Sevinchni o'ch sari undayotgandek tuyuldi. Vujudida bitmas-tuganmas kuch, iroda tuygan kabi ilkis bosh ko'tardi-da, Jiyronbekka yuzlandi.

— Ketdik!

 

* * *

 

Sevinchni mashinaga olib chiqishganda, shahar allaqachon tun qo'ynida edi. U orqa o'rindiqda qisinibgina o'tirardi-yu, qur-qur o'qchib qo'yar, nega ko'ngli bezovta bo'layotganiga hayron edi. Barchasini tuzuk-quruq ovqatlanmagani, siqilganiga yo'yardi. Shu orada Tolibning uyiga nima deb kirib borish haqida bosh qotirardi. Qanday bahona topsa, uni kechirishlarini bila olmay xunob edi.

Jiyronbek uqtirdi. Ishni qanday va nimadan boshlash lozimligini ipidan ignasigacha aytib berdi. Ammo baribir bu xonadonga kirib olish, qochib ketganini Tolibga tushuntirish, yolg'ondan bahonalar to'qish mushkuldek tuyulardi.

Yarim soat deganda mashina uni ko'cha boshiga tashladi-yu, jo'nab ketdi. Jiyronbek ertagayoq ma'lumot yetkazishga tushishini qattiq tayinladi.

«O qalbim, — xayolan oh urgancha ko'cha chetida turib qoldi Sevinch. — Bunchalar bezovtalikni o'zingga mashg'ulot qilib olmasang? Mundoq tinchlansang-chi! Men intiqom o'tida yonyapman-u, sen bo'lsang, Tolibning qaynoq muhabbatidan so'zlaysan, vujudimni titrashga majbur qilaverasan! Qachon menga rostakam do'stlik qilasan o'zi? Undan ko'ra, maslahat bersang-chi! Menga yo'l ko'rsatsang-chi, azizim! Boshi berk ko'chada qolib sarson bo'ldim-ku! Kirib borsam, Tolib osonlikcha kechirmasligini his etib turibman. Oldingisidan-da battarroq savdolarni boshimga solishi tayinligini bilyapman, sezyapman, amin bo'lyapman. Nima qilay? Ichkariga kirsam, Tolibning, kirmay, noma'lum tarafga qochsam, Jiyronbekning g'azabiga uchrayman. Nimaga? Qaysi gunohlarim uchun? Nahotki, xudo birgina xatoyim, Tolibga ixtiyorimni berganim, uni telbalarcha sevganim uchun boshimga shu jazolarni yog'dirayotgan bo'lsa? Otamni, onamni topshirdim. Yolg'iz qolib g'amlar chekmoqdaman. Hech kimga keraksiz xas kabi hayot kechirmoqdaman. Shular gunohlarim badalini to'lashim uchun yetarli emasmi? Ayt, yo'l ko'rsat, qalbim! Faqat to'g'ri maslahat ber! Telbalik girdobiga tashlab qo'yma meni!..»

«Sen qoch! — dedi noma'lum sas. — Aslo Tolibning xonadoniga kira ko'rma! Ikki yo'l orasida turibsan. Joningga jabr qilma!..»

«Bu nima deganing? — xayolan hayqirdi Sevinch. — Ikki yo'l deganing nima?»

«Vaqti yetganda bilib olasan. Hozir fursatni qo'ldan berma! Duch kelgan tomonga, keng dalalar qo'yniga o'zingni ur! Orom, osoyish topasan. Shu holingda Tolibdek zo'ravonga bas kela olmaysan. Bu dunyo shunaqa. Jiyronbek ham balo iskanjasida qolsang, qutqarib olmaydi. Ters burilib ketaveradi. O'z manfaatini deydi. Undaylar uchun sening tinchliging, kelajaging, orzu-armonlaring bir pul. Qaysarlik qilma!..»

Bu sas shayton hayqirig'imi, qalb sadosimi, yo otaning g'oyibona chorlovimi, bila olmadi. Shunga qaramay, bir ko'ngli qoch dedi, bir ko'ngli Tolibga bosh egishini talab qildi. Qochmay desa, Jiyronbekning tahdidlari, kamera azoblari vujudida qayta uyg'onib, oldinga yetaklayverdi. Barchasiga ko'z yumib duch kelgan tarafga yo'l solishni ixtiyor qilganda, qalbi qaysarlik qilaverdi. O'tli muhabbatning lazzatli onlari jismini chumolidek qitiqlayverdi. Sevinch shu ko'yi nima qilishni bilmay ancha vaqt garangsigan ko'yi turib qoldi. O'ylashni, chuqur mulohaza qilishni xohladi. Tafakkur o'tmaslashgan tig' kabi naf bera qolmadi.

«Nima bo'lsa bo'lar, — nihoyat bosh ko'tarib zulmat qa'riga tik boqdi u. — Qochaman. Peshonamda bo'lsa, unisigayam, bunisigayam chap berarman, bir yo'limni topib yasharman. Uylariga o't tushsin hammasining! Yosh jonimga jabr qilib zarilmi menga? Mening so'roqlaydiganim, kuyadiganim bo'lmasa. Yorug' dunyoning yolg'onlariga ishonib ota-onamni yo'qotdim. Otajonim bilan vidolashishniyam xudo menga ravo ko'rmadi. Nimamga chiranaman? Kimman o'zim? Menga kim qo'yibdi qayoqdagi yomon odamlar bilan bellashishni? Bir turtsa yiqilgulik holim bor-ku!..»

Sevinch tavakkal yo'lning teskari tomoniga yurdi. Hozir qaerga borishni, qay manzilda tunashni, keyingi taqdiri qanday kechishini bilmasdi. Baribir qadamini tezlataverdi, zulmatga tik boqqancha ketaverdi.

Aksiga olgandek, yarim chaqirim yo'l yurmay, ko'ngli yana behuzur bo'ldi. Bu galgi o'qchish kuchliroq chiqdi. Har o'qchiganda, ichi uzilay dedi. U ortiq yura olmasligiga fahmi yetib yo'l chetiga o'tirib qoldi.

Hali mahalladan uzoqlashib ulgurmagan ekan. Tolibdan chamasi besh-oltita uy narida yashaydigan Orzinisa kampir kimnikidandir chiqib, uyiga kelayotgandi. Yo'l chetida kimdir bejo o'tirganini ko'rib, to'xtadi.

— Hay, kimsan? Nega bu yerda o'tiribsan? — kaftini peshonasiga tiragancha Sevinchga yaqinlashib savolga tutdi kampir. — Ie, aytganday… Sevinchmisan?

Qiz bazo'r boshini ko'tardi-yu, tepasida Orzinisa kampirni ko'rdi. Tanirdi. Orzinisa kampir Tolibnikiga ko'p kirgan. Oxirgi marta qarz so'rab borgandi. Tolib maqtangisi kelganmi, pulga qo'shib bir qop guruch, un, uch-to'rt kilo go'shtni ham hadya qilib yuborgan. Orzinisa kampir beton zinaga o'tirib olib Tolibni uzoq duo qilgan…

— Nega indamaysan? — Sevinchdan sado bo'lavermagach, cho'k tushib, ikki yelkasidan tutdi kampir. — Mazang yo'qmi? Voy, titrab ketyapsan-ku! Qani, tur-chi, oy qizim, tur! Menikiga kiraylik-chi, o'zim do'xtir chaqirtiraman!

— Kerakmas do'xtir, — qaysarlanib o'zini nari olishga urindi Sevinch. — Men…

— Bo'ldi, ahvolingni qara, qizim, zo'rg'a oyoqda turibsan. Ko'nglingam ayniyaptiykan negadir. Do'xtir ko'rsa, aniqlaydi, dori yozib beradi-da! Qani, yuraqol!

Joni og'rib tursa, odamning ko'ziga hech narsa ko'rinmaskan. Sevinch kampirning taklifini rad eta olmadi. Rad etadigan ahvolda ham emasdi. Itoatkorona kampirning qo'ltig'iga kirgan holda tanish hovli tomon yurdi.

Oradan yarim soat o'tar-o'tmas, «Tez yordam»chilar kirib kelishdi. Sevinchni vrach tekshirib ko'rdi. Qog'ozga nimalarnidir yozib kampirga tutqazdi. Qulog'iga sirli shivirladi-da, chiqib ketdi.

— Sen, qizim, homilador ekansan-ku, — dedi vrach chiqib ketgach, Orzinisa kampir. — Bu ahvolda ko'cha kezishing nimasi? Yo Tolibboy xafa qildimi?

— Nima? — bu gapni eshitib, Sevinchning rangi o'zgardi. — K-kim homilador, ena?

— Kim bo'lardi? Sen-da! Menga qara, bolaning otasi kim? Nima, sen turmushga chiqqanmisan?

Sevinch kalovlandi. Biladi, keksalar bu nomaqbul ishidan xabar topsalar, sira kechira olishmaydi. Unga xuddi jirkanch mahluqqa qaragandek qaray boshlashadi. Bunday og'ir gunohni yelkasiga ilgani uchun qarg'ashdan ham toyishmaydi. Xo'sh, nima desin? Kampir shu kunga qadar Sevinchni Tolibning yaqin qarindoshiga yo'yib yurgan bo'lsa, aybdor emas-ku! Qanday gap boshlasin? Qay yo'l bilan o'zini oqlasin? O'zini kampirga gunohsiz ko'rsatish, nafratiga uchramaslik uchun ne bahona topsin?..

— H-ha, — dedi Sevinch yuzini ters burib. — Turmushga chiqqandim…

— Chiqqandim deganing nimasi? — ijikiladi kampir. — Ajrashganmisan?

— Shunaqa desayam bo'ladi, — yolg'ondan lab burdi Sevinch. — U kishi qishloqda boshqasini topib olgan. Shunga…

— Erkaklarning uyi kuysin, iloyim! — qarg'anib o'rnidan turdi Orzinisa kampir. — Hammasi bir go'r bular. Yaxshiyam baxtingga Tolibboy borakan. Joningga oro kirdi uying donga to'lgur! Ja qo'li ochiq yigit-da Tolibboy!

— To'g'ri aytasiz, — kampirga ma'yus termildi Sevinch. — Tolib aka juda mehribon. Qishloqda ezilib yurganimni ko'rib…

— Ie, shunday ekan, nima qilib qorong'ida tentirab yurganding? Tag'in homilador bo'la turib-a? Xudo ko'rsatmasin, bolaga bir narsa bo'lib qolsa nima qilarding, bolam?

— Tushga yaqin… Shahar aylanishga chiquvdim, — yolg'onlar to'qishda davom etdi Sevinch. — Adashib qoldim. Shu yerga yetganda, mazam bo'lmay o'tirib olgandim-da, ena!..

— Sho'rim qursi-in, — ichiga tuflab qo'ydi Orzinisa kampir. — Yomon odamlarning qo'liga tushib qolsang nima bo'lardi? Tolibboy xavotir olayotgandir hoynahoy-a? Hay, sal yaxshi bo'ldingmi? Yura olasanmi?

— Yaxshiman, — dedi Sevinch kulimsirab. — Xavotirga tushmang, ena, yaxshi bo'ldim!

— Unda turaqol, seni Tolibboynikiga oborib qo'yay! Bilasan-ku, juda tezob yigit! Yur, qizim!

Bu taklifni eshitib, Sevinch ichidan zil ketdi. Yagona niyati sira amalga osha qolmaganidan kuydi. Ammo kampir orqali eshitgan vrachning xushxabari yodiga tushdi deguncha ko'ngli yorishib ketdi. Ona bo'lish istagi zo'r kelib, qalbida turli yangi orzular yuz ochdi. Ko'ksida muhabbati mevasining qaynoq taftini tuydi. O'sha taft Sevinchga yangi kuch, shasht ato etgandek dadillashdi.

— Ha, mayli, — dedi Orzinisa kampirga jilmayib. — Bora qolaylik, tag'in Tolib akam urishib yurmasin!

— Urishish ham gap ekanmi? — dedi kampir qo'l siltab. — Hammayoqning to's- to'polonini chiqarar! Yur, kechikmaylik! Shundog'am allamahal bo'lib ketdi!

Sevinch kampir bilan yonma-yon yurib borardi-yu, quvonchdan yorilay derdi. U kunduzgi ishi uchun Tolib kechirishiga, yangilikni eshitgach, sevinishiga qattiq ishonardi. Shunday shirin xayol, turli orzular og'ushida Tolibning hovlisiga kirib bordi.

Hovli jimjit edi. Tolibga teggishli xona chirog'i yoqib qo'yilibdi. Demak, u uyda. Hozir to'g'ri o'sha xonaga kirib borishsa bo'ladi.

Kutganidek, Orzinisa kampir Sevinchga sirli qarab qo'ydi-da, hovli aylanib yurgan xizmatchilar bilan bosh irg'ash orqali salomlashib, Tolibning xonasi tomon yurdi. Biroq uyoqdan buyoqqa bezovta borib kelayotgan past bo'yli shotir yo'l to'sdi.

— Xo'jayin yo'q, — dedi u dag'al ohangda Sevinchga sovuq nazar tashlab. — Ovora bo'lib kirib yurmanglar uyoqqa!

— Voy, hali kelmadimi Tolibboy? — so'radi kampir shotirga javdirab. — Qachon kelarkin? Bilmaysizmi, bolam?

— Ochig'ini aytaymi? — ularga yaqinroq keldi shotir. — Xo'jayin Sevinchni qidirib yuribdi. Lekin aniq qaerdaligini bilmaymiz. Bizga hisob bermaydi u kishi. Bilganim, kun bo'yi hammani oyoqqa turg'azdi. Sarvar ikkalasi chiqib ketdi-yu, haliyam qaytishmadi. Singlim, bekor shunday qilibsiz-da! Rosa jahli chiqdi xo'jayinning.

— Qizim yoshlik qip qo'yibdi-da, bolam, — Sevinchni oqlay ketdi kampir. — Shahar aylanaman debdi. Keyin adashib qopti.

— Men bilmadim, — dedi shotir yelka qisib. — Xohlasangiz, kutib o'tiringlar ichkarida. Kelib qolsalar kerak hademay.

— Ha, xuddi shunday qilamiz, — Sevinchni turtdi Orzinisa kampir. — Men qizimni Tolibboyning qo'liga topshirmaguncha ketmayman. Qani, qaysi xonaga kiraylik?

— Singil biladi o'zining xonasini. O'sha yoqqa kirasizlar-da!

Ular oldinma-ketin Sevinch uchun ajratilgan xonaga kirishdi. Orzinisa kampir charchagan ekanmi, kira solib divanga o'tirib oldi-da, astoydil ichkarini ko'zdan kechira boshladi.

— Ja didli yigit-da Tolibboy, — ko'z qisib devorga chizilgan suratlarni ko'rsatdi u. — Qara, qizim, mana shu suratlarni atayin Buxoroyi sharifdan ustalar chaqirtirib chizdirganmish. Ko'rgin, biram chiroyli!..

Shu tobda Sevinchning qulog'iga gap kirmasdi. O'yga tushib qolgandi. Tolib bilan ro'baro' bo'lish haqida bosh qotirgani sayin to'kilib borardi. Kelgusi hayoti, Tolibning homiladorligini qanday qabul qilishi-yu, bu davr qanday kechishi xususidagi chalkash xayollar bag'rini ezardi. Ikkinchi tarafdan Jiyronbek ko'z oldiga kelganda, kimsasiz sahroda yolg'iz qolib ketgan odam kabi xayolan alanglardi. Farzandining otasini hukumatdagilar qo'liga topshirishi, kirdikorlarini fosh etishini o'ylasa dunyo ko'zlariga tor ko'rina borardi.

«Axir, bolam yetim qoladi-ku, — o'ylardi u. — Tolibni qamab tashlashadi. Aybi qaltis bo'lsa, oliy jazoga tortishadi. Keyin bolam ikkimiz nima qilamiz? Qay ko'chaga kiramiz? Kimlardan najot, shafqat so'raymiz? Qishlog'imga yurak yutib bora olmasam, shaharda hech kimni tanimasam, qo'limda hunarim bo'lmasa. Qanday tirikchilik qilamiz? Dilbandim esini tanigach, otasini so'roqlasa-chi? Unga nima deyman?.. Nimalar deb valdirayapman? Qanaqa baxtni orzulayapman o'zi? Otamning boshiga yetgan kallakesarnimi? Nega uni ayab qoldim? Esimni yedimmi tag'in? Qaysi ahmoq o'zini baxtsiz, tashlandiq bir bandaga aylantirgan odamni orzulaydi? Kim uni yeru ko'kka ishonmasdan sevadi? Qanaqa sevgi? Shunchalik irodasizmanmi hali? Sarobni deb o'tmishimni unutib qo'yadigan darajaga yetdimmi? Qalbsiz, orsiz qizga aylanib bo'ldimmi? Yo'q, men o'zimni qo'lga olishim kerak. Bola mening ko'ksimda ulg'ayyapti. Demak, u faqat meniki. Mening bolam tashlandiqligimdan, baxtsizligim, qo'li yupqaligimdan orlanmaydi. Aksincha meni xo'rlaganlardan ayovsiz o'ch oladigan inson bo'lib o'sadi. Ha, u o'g'ilmi, qizmi, farqi yo'q, asosiysi, mening farzandim. Bir kun kelar, albatta haqiqatni anglab yetadi. Mening dilbandim onasini hech kimga xafa qildirib, xo'rlatib qo'ymaydi… Endi ko'zim ochildi…»

Sevinch bir qarorga keldi. U qanday ahvolda bo'lmasin, intiqom yo'lidan boradi. Yolg'on muhabbatga bo'ysunmaydi. Sarob ortidan chopmaydi. Shayton yo'rig'idan qochadi. Nafs jazavasiga qarshi kurashadi. Qattiq turadi. Tolibga ko'zi tushsa ham irodasining yetagida bo'ladi. Mayli, Jiyronbek o'z maqsadi yo'lida ma'lumot talab qilsin. Beradi o'sha ma'lumotni. Balki shu yo'l bilan alamini olgani ma'quldir Tolibdan. Chunki kuchi yetmagan, zo'r bo'la olmaganlar ayyorlik yo'lini tanlashi tayin. Ayyorlik ham dushmanni yengishning bir yo'li…

Shu mahal xona eshigi sharaqlab ochildi-da, ichkariga Sarvar kirib keldi.

Uni ko'rib kampir o'rnidan turib ketdi. Sevinch esa tek o'tiraverdi.

— Ie, ona, sizam shu yerdamisiz? — so'radi Sarvar kampirga so'rashish uchun yelka tutarkan. — Tinchlikmi? Qaysi shamollar uchirdi, ona?

— Tolibboy kelmadimi, bolam? — xavotir aralash so'z qotdi Orzinisa kampir. — Negadir ko'rinmayapti…

Sarvar javob berish o'rniga Sevinch tomonga sirli qarash qildi. Shu ko'yi beo'xshov tirjayishni-da unutmadi.

— Xo'jayin kechroq kelarkan, — dedi Sarvar kampirga tik boqib. — Zarur ishingiz bo'lsa, aytavering! Hal qilamiz.

— Menda ish bo'larmidi? — qo'l siltadi Orzinisa kampir. — Qizimni opkeldim, Tolibboyning qo'liga topshirib, keyin ketay deb o'tiruvdim-da!

— Shunaqami? — qayta Sevinchga nigoh tashladi Sarvar. — Juda yaxshi qipsiz, ona! Unda siz boraversangizam bo'ladi. Sevinch o'z uyida, halizamon xo'jayin keladi, hammasi yaxshi bo'ladi.

— Urishmasmikan ishqilib? Shundan xavotirdaman-da!

— Urishsa jiyani-ku, ona, — kuldi Sarvar. — O'zlari kelishvolishadi.

— Bo'pti, unda men keta qolay! Qizim, og'ir bo'lmay yurgin!

Bu gapni eshitgan Sarvar birdan bezovtalandi-yu, holatini sezdirib qo'ymaslik uchun teskari qarab oldi.

Sevinch kampirni hovligacha kuzatib qo'ydi-da, istar-istamas, ortga qaytdi. U Sarvar qandaydir muhim gap aytishidan umidvor edi. Shu sababli ichkariga kiriboq quloqlarini ding qildi.

— Sen bugundan boshlab Tolib akaning xonasida yasharkansan, — kirgan zahoti ma'lum qildi Sarvar o'zi tashqariga chiqishga shaylanib. — Yur, xonani ochib beraman!

— Tolib aka qaerda? — so'rashga jazm etdi Sevinch yuragi noma'lum qo'rquvdan hilvirab ketayotgan bo'lsa-da, yer chizib. — Qachon keladi?

— Kep qoladi akayam, zarur ishlari borakan. Yur tezroq!..

Sevinch shotirning ortidan aytilgan xonaga kirdi. Bu ayni muddao edi. Agar xudoga aytgani bo'lsa maqsadiga yetar. Tolib kelguncha uyoq-buyoqni titkilasa, balki biror qo'lga ilingulik ma'lumot topar… Qaniydi…

Biroq Sarvar chiqib ketishga shoshilmadi. Kirgandanoq telefonga yopishdi. Aftidan Tolibga qo'ng'iroq qildi.

«Ha-a, Tolib birontasining uyida shekilli, — ko'nglidan kechirdi Sevinch Sarvarning harakatlarini zimdan kuzatarkan. — Yo'qsa, qanday qilib Sarvar bilan telefon orqali gaplashardi?!.»

— Aka, o'zi kepti, — dedi Sarvar sovuq kulimsirab. — Ana, aytganingizday xonangizga opkirib qo'ydim. Endi nima qilay? Nima? O'tkirni deysizmi? Anavi shiltami?? Tushundim. Uniyam… Xo'p, aka, yest qilamiz hozir. Aytgancha, qachon kelasiz? Bo'pti, tushundim, tushundim, aka! Xayr!

Gaplashib bo'lib, go'shakni joyiga qo'ygach, Sarvar og'ir xo'rsingancha Sevinchga yuzlandi.

— Xullas, shu xonadan qimirlamay o'tirarkansan, — uqtirdi u tashqariga yurish asnosida. — Xo'jayin kep qoladi. Qattiq tayinladi. Ha-a, chiroqni o'chirib olarmishsan.

— Nega? — hayron bo'lib so'radi Sevinch. — Tinchlikmikan?

— Men qaydan bilay? — dedi qo'l siltab Sarvar. — Akaning gapini yetkazdim senga, tamom!

Shunday dedi-yu, Sarvar chiqib ketdi. Xonani jimlik qopladi. Sevinch yolg'iz qolgandan keyin ham birpas xona o'rtasida qaqqayib turib qoldi. O'zicha stol ustiga qo'yilgan noz-ne'matlardan tatib ko'rmoqchi bo'ldi. Yuragiga sig'madi. Taomlarga qarasa, ko'ngli aynib, o'qchib yuboradigandek bo'laverdi. Qo'rqib yuzini ters burgan ko'yi xona chirog'ini o'chirdi-da, qorong'ilikdan picha taskin topgan kabi ohista divanga yonboshladi. Divandan taralgan tanish is darrov ko'nglini g'ash torttirdi. Yaqin o'tmishdagi ishqiy sarguzashtlar, Tolibning erkalash ohangida aytgan so'zlari yodiga tushdi. Bardoshi yetmay dast o'rnidan turib ketdi va hech qursa suv ichish ilinjida kranga yaqin bordi. Bir mahal xona eshigi g'iyqillab ochilgandek tuyuldi. Sevinch seskanib ortga o'girildi. Ostonada bo'ydor erkak turganini ko'rdi. Avvaliga uni Tolib deb xayol qildi. Ammo erkakning nafas olishi bejo edi.

— Kimsiz? — titragan tovushda so'radi Sevinch devorga suyanib olib. — Menda…

Erkak javob o'rniga xona eshigini ichkaridan tambaladi va xona chirog'ini yoqdi.

Ne ko'z bilan ko'rsinki, qarshisida boya Sarvar tilgan olgan O'tkir irshayib turardi. Sevinch uni bor yo'g'i bir martagina Tolibning hovlisida ko'rgandi.

— Sizga kim kerak? — so'radi Sevinch tizzalariga qadar dag'-dag' titrab. — Chiqing bu yerdan!

— Sen keraksan-da, jonidan, — dedi O'tkir tobora Sevinchga yaqinlashib kelarkan. — Qarasam, yolg'iz qolibsan. Ko'nglingni olayin dedim, asal! Kelaqol! Menam Tolib akadan kam erkalamayman! Mana ko'rasan! Qani, kelaqol, jonidan, kelaqol!..

Kutilmagan tahdiddan Sevinchning joni chiqayozdi. Jonholatda ortga tislanib, kimdandir himoya izlagandek deraza orqali tashqariga alanglay boshladi. Bu orada O'tkir unga juda yaqin kelib qolgandi.

— Yo'qol, iflos, — qichqirdi Sevinch nomusi xavf ostida qolganiga to'liq amin bo'lib. — Yaqinlashma menga! Hozir Tolib akam kelsa…

O'tkir javob o'rniga uni quchoqlash niyatida oldinga intildi. Biroq epini topa bilmadi. Sevinch epchillik bilan uch tavaqali baland ko'zgu ortiga o'tib oldi.

— Nozing bunchayam chiroyli bo'lmasa o'zingga o'xshab? — O'tkir tashqariga o'g'rincha ko'z tashlab qo'ydi-da, bir hatlab ko'zgu yonida hozir bo'ldi. — Kel endi, akangni zor qilmagin! Hech kim yo'q-ku baribir!

Shunday deb u Sevinchni mahkam quchoqlab oldi va yuz, tomoqlari ostini hirs bilan o'pa boshladi.

Bunday xo'rlikka duch kelib o'rganmagan Sevinch nima qilishni bilmasdi. Bor kuchini ishga solib bosqinchining changalidan xalos bo'lishga urinar, siltana-siltana, uning bilaklarini chimdilardi. Ammo naf yo'q edi.

Nafsi quturgandan quturgan O'tkir kuch bilan uni polga yotqizib oldi va kiyimlariga chang soldi.

Shu tobda Sevinch O'tkirning qo'yin cho'ntagidan o'tkir pichoq sirg'alib polga tushganini ko'rib qoldi-yu, sergak tortib, go'yo ixtiyorini butkul topshira boshlagandek qo'llarini ikki yonga tashlab yubordi. Aslida o'ng qo'li bilan birdirmaygina pichoqni ko'tarib oldi-da, ehtiyotkorlik bilan O'tkirning qorniga tiradi. Tig' zahrini darhol his etgan shotir pishqirgancha Sevinchning bilagiga yopishdi. Afsuski, kech edi. Qiz nima qilayotganini, bu ishning oqibati nimalarga olib kelishini tasavvur qilmasdi. Bu haqda o'ylamasdi ham. Fikri-zikri nomusini himoya etish, O'tkirga o'zini topshirib qo'ymaslikda edi. U ikkilanib o'tirmay, tig'ni qoringa mahkamroq tiradi. Pichoq yarmiga qadar O'tkirning tanasiga kirib bordi. Sizib chiqqan qon Sevinchning kiyimlarini ham bulg'ab yubordi.

O'tkir esa allaqachon bo'shashib qolgan, ihlagan ko'yi qornini changallab Sevinchning yoniga ag'darilib tushgandi.

Qo'rqib ketgan Sevinch tok urgandek o'rnidan sapchib turdi. Ko'rdiki, hammayoq qonga belangan. Hatto ko'ylagi etagidan qon tomchilardi. O'tkir jon achchig'ida gavdasini u yondan bu yonga tashlab ihlamoqda.

— Men… Odam o'ldirdim! — hayqirdi Sevinch qo'lidagi qonga botgan pichoqqa dahshat aralash tikilib. — Uni o'ldirib qo'ydim, o'ldirib!.. Endi nima qilaman? Qaerga qochaman?.. Yo'q, yo'q, u o'lmabdi, o'lmabdi! O'ldiraman uni, o'ldiraman!..

Jazava quliga aylangan qiz telba kabi tipirchilayotgan O'tkirning tepasiga bordi-da, qaytadan uning tanasiga pichoq sanchdi. Aslida nima qilayotganini idrok etmadi. Tig'ni sanchaverdi, sanchaverdi. Charchab, qo'llaridan mador ketgachgina, gandiraklab borib divanga o'tirib qoldi.

Keyin esa kiyimlarini paypaslab ko'rdi. Kaftlariga shilimshiq narsa yopishdi. Qon isi Sevinchning qalbini zabt etgan qo'rquvni ming chandon kuchaytirdi va qo'lidagi pichoqni bir chetga irg'itib yubordi.

— Voy-do-od, yordam beringlar! — beixtiyor baqirib yubordi u. — Kim bo-or? Yordam beringla-ar!!!

Xona eshigini kimdir tepa-tepa buzib kirdi. Sevinch ostonada paydo bo'lgan kimsani ko'rib turardi. Tolib ekanini ham bilardi. Ammo tirik murda kabi unga hissiz nigohlarini qadagancha tek qotib turardi. Bir og'iz so'z demasdi. Nimadir deyishga tili aylanmasdi. Faqat nuqul o'pkasi to'lib kelar, yig'i bo'g'zidan nariga o'ta olmaganidan lablari pulkilab qo'yardi xolos.

Hash-pash deguncha Tolibning ortidan shotirlar ham xonaga chopib kirishdi.

Tolib esa indamadi. Goh dumalab yotgan O'tkirning jasadiga, goh Sevinchga boqdi. Shu orada asta borib xona burchagiga irg'itilgan pichoqni ko'tarib oldi-da, deraza tokchasiga qo'ydi.

— Nima qilib qo'yding, ahmoq? — nihoyat Sevinchga yaqin bordi Tolib. — Nima qilib qo'yganingni bilasanmi? Odam o'ldirding, odam! Hali sen… Sening qo'lingdan odam o'ldirish ham kelarmidi-a? Gapir!..

Sevinch da'fatan titrashdan to'xtab, qahraton qahridan-da battarroq muzlab qolgan nigohlarini Tolibga tikdi.

So'ngra burilib, o'zi boshiga yetgan O'tkirning jasadiga ko'z tashladi-yu, ko'ngli ozib borayotganini his etdi. Sal o'tib xona chirillab aylana boshladi va Sevinch shilq etib yiqildi.

Hushini yo'qota boshlaganda, allakimlarning baqir-chaqiri, bo'ralab so'kinishlarini eshitdi. Kimdir uni dast ko'tarib, xona bo'ylab aylangancha chopayotgandek tuyuldi. O'sha kimsa shu qadar tez aylanib chopdiki, Sevinchning yuragi shuvillab ketaverdi.

Keyin esa hammasi tugadi. Xona aylanmay qo'ydi. U chamasi tush ko'ra boshladi.

Ko'z o'ngida yam-yashil vodiy namoyon bo'ldi. Sal yurgandi, ko'm-ko'k suvli ko'lga ro'baro' keldi.

Sevinch hayratini jilovlab ulgurmay rahmatli onasi o'sha ko'l ichidan chiqib, u tomon kela boshladi.

Bu sog'inch yuragini o'rtab yuborgan qiz uchun haqiqiy baxt edi. Hayajonini sir tuta olmay baland ovozda qichqirgancha onasi tomon talpindi.

— Onajo-on! Bormisiz, ona-a-a-a!!!

(davomi bor)

Olimjon HAYIT