Bu nimasi?! “Ota-ona sotiladi: ota 68, ona 65 yoshda!”

0

Ushbu shov-shuvli e'lon bilan bog'liq voqea Yaponiyada sodir bo'lgan edi. Tokio gazetalarining birida ota-ona sotilishi haqida juda g'alati e'lon berildi.

Unda quyidagilar yozilgandi: “Ota-ona sotiladi: ota 68 yoshda, ona 66 yosh. Bahosi – 900 iena”.

Bu e'lonni ko'rgan kishi borki, hayratga tushdi. Insonlar ajablangan holda: “Shu davrlarga ham yetib keldikmi?! Ota-onalariniyam sotishyapti! Hukumat qayoqqa qarayapti?!” – deyishardi. Bu e'lon atrofida shov-shuvlar juda ko'p bo'ldi.

Ana shu e'lon musulmon mamlakatdan tijorat maqsadida ko'chib kelgan bir yosh oilaning qo'liga ham tushib qoldi. Ular avtohalokatda vafot etgan ota-onasini yaqindagina tuproqqa berishgan edi. Bu judolik sabab qanchalar azob chekishmasin, sabr qilishardi. Ular uchun ota-onasini sotish istagi vahshiylik bo'lib ko'rinardi. Bu holatda sotilayotgan ota va onaning qalbidan nimalar o'tayotganini tasavvur qilish ularga juda og'irlik qilardi. Shu sababli ular nuroniylarni sotib olib, uylariga olib kelishni va ularga mehr, g'amxo'rlik ko'rsatishni maqsad qilishdi. Zora ota-onasidan ayriliq va o'zga yurtlardagi musofirchilik, yolg'izlik alami shu bilan ozgina bo'lsa-da tinishini va bir jabrdiydalarga muruvvat ko'rsatganlari sabab Alloh taoloning ajru savobiga sohib bo'lishlari mumkinligini o'yladilar.

Ular e'londa ko'rsatilgan manzilga yetib kelgach, hayratdan yoqa ushlashdi. Chunki qarshilarida hashamatli, go'zal qilib qurilgan katta uy turardi. Bog'chasi turli-tuman daraxtlaru gullarga to'la edi.

“Nahotki, nahotki… – deyishardi ular, – shu muhtasham uyda ota-ona uchun joy topilmasa?!”

Bir dam qotib qolishdi. “Adashdikmikan?!” – deyishardi shivirlab. Hayron bo'lib, nima qilishni bilmay turishganida, eshik ochilib qoldi.

– Kimnidir qidiryapsizlarmi? – deb so'radi uydan chiqqan mo'ysafid.

– Uzr, biz adashdik shekilli. Chamamda noto'g'ri manzilga kelib qoldik, – deya javob berdi yigit. – Biz mana shu e'londagi uyni qidirayotgandik.

– Manzilni to'g'ri topib keldingiz, marhamat, kiraveringlar, – dedi hayajonlanib mo'ysafid.

U mehmonlarni uyga taklif qildi va ayolini chaqirdi. Nima bo'layotganini anglay olmay jovdirab turgan yoshlarga tabassum qildi va tushuntira ketdi:

– Ko'rib turganingizday, biz kambag'al, muhtoj emasmiz. Lekin bizning farzandimiz yo'q. Qarigan chog'imizda biz bilan birga yashaydigan va boyligimizga munosib merosxo'r bo'la oladiganlarni topish uchun mana shunday yo'l tutishga qaror qildik. Bizningcha, bunday e'longa faqatgina qalbi pok insonlargina javob berishi lozim edi. Hech kimdan aks-sado chiqmagach, to'g'risi, bu ishimiz natija berishiga shubhalana boshlagandik.

Shundan so'ng, ular ham yosh musulmon oilaning hayotiy hikoyasini tinglashdi.

– Yaxshi niyatingiz hurmatga loyiq, Sizlarni ko'rib turganimizdan juda mamnunmiz! Xush kelibsiz, aziz farzandlarimiz! – deya yoshlarga quchoq ochdi mo'ysafid.

Umid Soyibjon o'g'li

loading...