“G'aroyib hodisalar izidan”: “QABRISTON USTIGA QURILGAN METRO BEKATI…”

0

 

«Ehtiyot bo'ling, eshiklar yopiladi! Keyingi bekat…»

Shu so'zlarni eshitganda, har gal Varvara toshdek qotib qolar, endi uni sirli poezd qay manzillarga eltib qo'yishini bilmay azoblanardi…

 

TALABGA KO'RA BEKAT

 

Murmanskdan poytaxtga kelgan Varvara uchun metro mo''jizadek ko'rinardi. U soatlab metroda kezar, devorlardagi turli ajoyib suratlarni tomosha qilib to'ymasdi. Universitetga kirib birinchi imtihonlarni topshirish arafasida unga aytishdiki, metroning «Inqilob maydoni» bekatiga borib devordagi dengizchining suratiga qo'llarini qo'ygancha hech kimga sezdirmay tilak tilasa albatta ro'yobga chiqarmish…

Qiz ishondi. O'sha kuniyoq bekatga yetib bordi. Bu bilan ham qanoatlanmay, yangi «sehr»larni, mo''jizalarni qidira boshladi…

Bir kuni dugonasi tug'ilgan kunini nishonlagandi. Varvara chaqchaqlashib o'tirib, juda kech qolib ketdi. Metro ichiga kirib kelganda soat deyarli tungi birni ko'rsatib turardi. Demak, yaqin orada chiqish va kirish eshiklari yopiladi. Eh, tezroq poezd kela qolsaydi!..

Shu payt qiz negadir o'zini yomon his eta boshladi. Lohaslikdan boshi aylanayotganini payqadi. Ana o'shanda bildiki, qandaydir noma'lum kuch uni ta'qib etyapti. Qarshisida xuddi odamnikiga o'xshagan soyalar paydo bo'ldi. Qiz o'shalardan biri tomon yurdi. Birdan quloqlari shang'illab, ko'z oldi qorong'ilashdi. Atrofni poezd shovqinlari bosib ketdi. U bir necha soniyaga hushidan ketgandi…

Ko'zini ochganda, o'rindiqlardan birida o'tirar, qarshisida militsioner turardi.

— Sizga nima bo'ldi? — dedi militsioner Varvarani turtib. — Biz metroni yopyapmiz, chiqib keta qoling!..

— Men Akademshaharchaga qanday yetib olaman? — so'radi Varvara.

Militsioner unga hayron bo'lib tikildi.

— Siz o'sha bekatda turibsiz-ku!

Varvara hech narsaga tushunmay yon-veriga qaradi. Haqiqatan o'sha bekat edi. Qiziq. Qanday bu yerga kelib qoldi?..

 

O'TA QISQARTIRILGAN VAQT

 

O'sha voqeadan so'ng Varvara bir narsani aniqladi. Metrodagi vaqt yer ustidagiga nisbatan juda sekin o'tarkan. Bo'lajak tarixchi bo'lgani uchun metrodagi turli tarixiy suratlar uni qiziqtirgandan qiziqtirdi. Yana bir narsani payqadiki, yer ostidagi bu ajoyib maskan unga hali hech kimga ma'lum bo'lmagan sir-asrorlarni ham ochishga tayyor. Chunki, ko'pincha «Sokol», «Lenin nomli kutubxona» bekatlariga borsa, o'zini yomon his eta boshlardi. Surishtirib bilsa, bu bekatlar eski qabristonning o'rnida qad ko'targan ekan. Birinchisi Birinchi jahon urushi paytidagi bo'lsa, ikkinchisi o'rta asrlarga tegishli qabriston edi…

Ha, qiz shu bekatlarga borsa, nafas olishi qiyinlashar, turli begona ovozlarni eshita boshlardi. Bir kuni hatto u oynadan ranglari oqarib ketgan qandaydir qo'rqinchli odamlarni ham ko'rdi…

Oradan ma'lum vaqt o'tdi. Aylanib-aylanib, yana kech qaytishiga to'g'ri keldi. Eskalator zinalarida hech kim yo'q edi. Shu tobda to'satdan zinalar yonboshidagi chiroqlar o'chib, yana yondi. Yana o'chib, endi ko'k rangli chiroqlar yondi. Varvara ko'rdiki, pastda odamlar turishibdi. Ular orasidan ba'zilarini tanidi ham. Hov anavi turgan ikkita odam… Allaqachonlar o'lib ketgan bobosi bilan buvisi… Anavisi… Ie, o'zi sevgan yigit!!!

Axir, u o'tgan yili olamdan o'tgan edi-ku!..

Varvara ularga yaqin borib gaplashgisi keldi. Afsuski, gapiray desa, ovozi chiqmas, tomog'iga nimadir tiqilgan kabi tili aylanmasdi.

Qolaversa, odamlar Varvara yaqin bordi deguncha ko'zdan g'oyib bo'lishardi…

Yo'q, eskalator zinalaridan baribir Varvaraning yolg'iz o'zi pastga tushdi…

Qizning nazarida bu kecha ko'rganlari go'yo metropolitenning unga tayyorlab qo'ygan ajoyib sovg'asi edi…

Ertasi kuni qiz Murmanskdan xat oldi. Onasi og'ir kasal bo'lib qolibdi. Nima qilsin? Uyga ketishdan bo'lak iloji yo'q. Lekin bir narsani yaxshi biladi. Qaytib kelgandan so'ng albatta birinchi navbatda metroga tushib, hali o'rganishga ulgurmagan sirlarni o'rganadi. Mo''jizalarning tagiga yetadi.

Ruschadan Olimjon HAYIT tarjimasi

 

loading...