Rossiyalik olimlar rulda uxlab qolishga yo'l qo'ymaydigan ilova yaratishdi

0

Avvalroq «Yandeks.Taksi» rulda uxlab qolishga qarshi qurilma ishlab chiqqanligi haqida xabar berilgan edi. Endi esa olimlar uning funksiyalarini istalgan Android-smartfonga joriy etuvchi ilovani taqdim etishdi.

Drive Safely deb nomlanuvchi mazkur dastur haydovchining yuzida uyqusirash alomatlarini hamda diqqatning kamayishini aniqlovchi butun boshli tizimdan iborat. U e'tiborni jamlashga ko'maklashadi hamda yo'ldagi vaziyatdan va haydovchining holatidan kelib chiqib maslahatlar berib boradi.

Bu dasturni qo'llashdan oldin smartfonni mashinaning old oynasiga mahkamlash kerak bo'ladi. Drive Safely tizimi «Yandeks.Xarita» yoki Google Maps singari navigatorlar bilan parallel ravishda ishlaydi; shuningdek, telefon qo'ng'iroqlari yoki SMS-xabarlar qabul qilishga ham xalaqit bermaydi.

Drive Safely smartfonning selfi-kamerasini qo'llab, haydovchining boshi holatini hamda ko'zlarining ochiqlik darajasini kuzatib turadi. Mudrash alomatlari aniqlanganida u haydovchini xavfdan ogohlantiradi.