Bekzod Artikov: “Nega mas'ullar Davlat dasturidagi vazifani bajarmayapti?“

0

O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida hokimiyat vakillik organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlashga qaratilgan “Elektron parlament” tizimi loyihalarini amalga oshirish ko'zda tutilgan bo'lib, ushbu tadbirni bajarish muddati 2019 yil 1 fevral etib belgilangan edi.

Biroq oradan qariyb 7 oydan ko'proq vaqt o'tgan bo'lishiga qaramasdan, mazkur vazifaning ijrosi ta'minlanmasdan kelinmoqda.

Vaholanki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining mas'ul qo'mitasi a'zolari hamda deputatlar tomonidan joriy yilning 1 va 2-choragi yakunlari bo'yicha Vazirlar Mahkamasining parlament oldida bergan hisobotlari chog'ida ham Hukumat a'zolarining e'tibori ushbu masalaga bir necha marotaba qaratilgan edi. Afsuski, bu borada hanuzgacha amaliy natijadan darak yo'q.

Bizda ayni sohadagi ishlarimiz paysalga solinayotgan bir paytda rivojlangan davlatlar o'rtasida har yili “Elektron parlament”da qo'llanilayotgan yangi va samarali usullar bo'yicha o'zaro tajriba almashish yuzasidan turli xalqaro anjumanlar, konferensiyalar o'tkazilib, mamlakatlarning ayni yo'nalishdagi rivojlanishi bo'yicha reytinglari e'lon qilinmoqda.

O'ylaymizki, Vazirlar Mahkamasi, bunga mas'ullardan biri bo'lgan – O'zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Davlat dasturida belgilangan hokimiyat vakillik organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlashga qaratilgan “Elektron parlament” tizimi loyihalarini amalga oshirish tadbiriga jiddiy yondashib, uni bajarish bo'yicha zarur choralarni ko'radi.

Bekzod Artikov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati