SIG'INDI… (2-qism)

0

 

 

* * *

 

Eshmirza piyon hali hovuridan tushganicha yo'q edi. Faqat mahalla oqsoqolining gaplarini yerda qoldira olmasdi. Norozilikdan yorilib ketay desa-da, ertalab bir shisha sharobni simirdi-da, traktorga xotini va Mannopni o'tqazib shaharga jo'nadi.

Bola bir chetda mung'aygancha o'tirar, xayolan shahardagi tezyurar poezd, karusellarni, suvda pishqirib uchadigan qayiqlarni tasavvur etar, gohi-gohida kulimsirab qo'yardi.

Bir payt Eshmirza piyon negadir so'kina boshladi.

— Qaydanam chiqdi o'sha sassiq chol? Endi bu «boyvachcha»ni shaharga olib borishim kerak. O'zim ham kechgacha orqasidan itday hakillayman.

— Qo'yavering, otasi, — uni tinchlantirgan bo'ldi Orzinisa. — Xursand bo'p qolar. Uydan qochib bizni sharmanda qilmasa bo'ldi-da!

— E, qochmayam o'lsin bu xunasa!.. Enasini…

Mannop qancha javramasin, otasiga g'iq etmayotgandi. So'nggi so'kinishi alam qildi. Bor ovozda baqirib traktor ruliga yopishdi.

— Nega enamni so'kasan? Qaytar traktorni! Bormayman!.. Enamni so'kishga haqing yo'q!..

— Vey, nima qilayapsan? — Eshmirza piyon uni itarib yuborib battarroq so'kina boshladi. — Enangni deymanmi, katta xolangni deymanmi, xohlaganimcha so'kaman, bildingmi, tirrancha? G'iq etib ko'rgin, nima qilarkanman!..

Shu tobda Eshmirzaga mastlik pand berdimi, negadir rulni uyoqdan buyoqqa zarda bilan buray boshladi. Oqibatda traktor ilon izi qilib borib qarama-qarshi tarafdan kelayotgan «Kamaz»ga ro'baro' bo'ldi. Mashina katta tezlikda kelayotgandi. Eshmirza ulgurmadi. Traktor borib «Kamaz»ga urildi va bir necha marta dumalab ketdi…

 

* * *

 

Oradan bir hafta o'tdi. Mannop shahar kasalxonalaridan birida shiftga tikilgancha yotardi. Halokatdan keyingi qo'rquvlar hali tarqamaganmi, ba'zi-ba'zida beixtiyor seskanib tushardi.

— Yaxshiyam yo'l chetiga qum to'kilgan ekan, — dedi militsioner bosh vrachga yuzlanib. — Bolakay o'sha qum ustiga borib tushibdi. Aks holda…

— Endi nima qilamiz, nachaylik? — so'radi bosh vrach unga umidvor termulib. — Bola soppa-sog'. To'rt muchasi butun. Biror qarindoshiga bervormasak bo'lmaydi. Shundog'am palatalarimiz bemorlarga to'lib ketgan.

— Ha, gapingiz to'g'ri, — dedi militsioner bosh chayqab. — Otasi baribir nogiron bo'p qoldi. Onasi o'lib ketdi. Bir ammasi, ikki xolasi borakan. Gaplashib ko'rdim. Lekin birontasi bu bolani olishga rozi bo'lmadi. Sharoitlari og'irmish.

— Tavba! — yelka qisdi bosh vrach. — Qarindosh ham shunaqa qadrsiz bo'ladimi? Menga qarang, unda nima qilamiz? Bu yerda olib o'tirolmayman-ku bir umr!..

— Nima qilardik? — dedi militsioner. — Bolalar uyiga berishga majburmiz. Men qarindoshlaridan tilxat yozdirib olaman. Otasiyam yozib beradi. Aka, boshqa ilojimiz yo'q. Chunki halokat tufayli odam o'lgan. Spirtli ichimlik ichib rulga o'tirgan. Nogiron bo'lganiga qarab o'tirishmaydi. Baribir qamaladi.

— Unda vaqtni cho'zmaylik! Tezroq rasmiylashtirish kerak. BOrib bolani o'sha yerda ruhiy testdan o'tkazishimiz zarur.

— Yo'q, yo'q, hech qaerga bormayman! — bu gaplarni eshitib, Mannop dast o'rnidan turib ketdi. — Bormayman hech qayoqqa, bormayman!

— Ie, nega bormaysan? — militsioner ikki yelkasidan tutib Mannopni karavotga yotqizdi. — Bolalar uyida senga yaxshi qarashadi. U yerda o'rtoqlaring ko'p bo'ladi.

— Yo'q, yo'q, — qaysarlarcha siltandi Mannop. — Hech kimni ko'rgim yo'q! Bir o'zim yuraveraman.

— Qo'y, qaysarlik qilma! Otang sho'rlik seni parvarish qiladigan ahvolda emas. Tushungin! Bolalar uyida-chi, hamma narsa bor. Televizorlar ko'p. Maza qilib multfilmlar tomosha qilasan. Futbol o'ynaysan. Mazali ovqatlar berishadi. Zo'r-ku, qo'zim!..

— Yo uyiga jo'nata qolsakmikan? — ikkilandi bosh vrach. — Har holda otasi bor. Mahalla-ko'y deganday…

— Otasiminan gaplashuvdim, — dedi militsioner. — «Unday bolam yo'q» deb turib oldi. O'ziyam uchiga chiqqan piyonista ekan. Bola xor bo'ladi. Qo'ying, yaxshisi, bolalar uyiga rasmiylashtiramiz. Harqalay davlat nazoratida bo'ladi.

Militsionerning so'nggi gaplaridan keyin Mannop biroz yon bergandek jim bo'ldi. Garchi bolalar uyi haqida tasvvurga ega bo'lmasa-da, bu maskanni xuddi xayolidagi istirohat bog'i kabi go'zal va sokin deb o'yladi. O'sha yerda maza qilib o'ynashdan, to'yib-to'yib onasini o'ylashdan umidvor bo'ldi. Ammo tepasidagilarga sir boy bermasliik uchun atayin teskari o'girildi-da, ko'zlarini yumib oldi.

 

 

* * *

 

Haqiqatan Mannop bolalar uyini o'zicha xuddi istirohat bog'lari kabi chiroyli, ko'rkam tasavvur etgandi. Hamma yoqda karusellar, halinchaklar o'rnatib tashlangan, bolalar to'p-to'p bo'lib o'ynashadi, yayrashadi deb o'ylagandi.

Etib kelishgach, devorlari baland, sovuqqon rangga bo'yalgan binoga ko'zi tushdi-yu, yuragi uvishdi.

— Ie, bu kinolardagi qamoqxona-ku! — o'yladi o'zicha. — Meni qamab qo'yishadimi? Aldab qamoqqa olib kelishibdi. Shuning uchun militsioner olib kelgan meni. Aldab bo'psanlar! Men katta bolaman. Senlarning aldovingga uchib ahmoq bo'lganim yo'q.

Afsuski, hozir hech qayoqqa qochib ketishning imkoni yo'q edi. Militsioner mahkam qo'lidan ushlab olgan.

Ular yetaklashib bino ichkarisiga kirishdi. Militsioner Mannopni o'zi bilan birga direktor huzuriga olib kirmoqchi bo'ldi. Keyin esa negadir fikridan qaytdi. Oldin o'zi kirib hujjatlar bilan tanishtirishni lozim topdi. Shuning uchun uni yo'lakdagi navbatchi ayolning yonida qoldirdi.

— Iltimos, opajon, shu bolaga ko'z quloq bo'lib tursangiz, — dedi militsioner. — Men darrov direktorga hujjatlarni ko'rsatib chiiqaman.

— Bolaniyam olib kiravering! — sal qosh chimirib javob qildi ayol. — Direktorimiz juda bolajon ayol. Jahli chiqmaydi.

— Shunday-ku-ya, lekin hozircha shu yerda tura turgani ma'qulmikan devdim-da!.. Har holda rasmiy gaplar bo'ladi. Basharti «olib kiring»desalar, darhol chaqiraman.

— Mayli, — deb qo'ydi ayol istamaygina va teskari o'girilib oldi.

— Hali qarab turgin! — ko'nglidan o'tkazdi Mannop quvlarcha militsionerning ortidan qarab qolarkan. — Aldashni ko'rsatib qo'yaman!

Shu asnoda cho'ntagidagi pullarni changallab ko'rdi. Joyida ekan.

— Men qanday bo'lmasin qamoqdan qochishim kerak, — o'ylardi u. — Enamga bergan va'damni bajarmasam bo'lmaydi. Albatta kattakon uy sotib olaman. Shunda anavi militsioner amakiyam meni topolmaydi.

Mannop birpas badqovoq, sochlari hurpaygan navbatchi ayolga yer ostidan qarab turdi-da, bexosdan unga yaqinlashdi.

— Xola, siyib kelsam maylimi?

Navbatchi ayol bolaning gapini eshitib kulimsiradi.

— Voy, hov anavi yerda hojatxona bor. Kirib chiqa qol!

— Yo'-o'q, — deya o'zini toqatsizlanganga yo'ydi Mannop. — Unaqangi joylarga kirsam, ko'nglim ayniydi. Tashqariga chiqqim kelayapti.

— G'alati bola ekansan-ku! — dedi navbatchi ayol hayron bo'lib. — Sendaqasini birinchi marta ko'rib turishim.

— Maylimi? — endi astoydil yalina boshladi u. — Darrov kelaman, ishoning!

— Amaking meni urishmasmikan? — so'radi ayol direktor kabineti tomon ishora qilib. — Tag'in ikkalamizam baloga qolmaylik uzoq qolib ketsang!

— Uzoq qolmayman dedim-ku! Chiqaman-u, kelaman, xola!

— Xo'p, unda-chi, binoning orqasiga o'tsang, daraxtzor bor. O'sha yerga chiqaqol! Obbo sen-ey! Juda qiziqchi bola ekansan!

 

* * *

 

 

Mannop asta bino orqasiga o'tdi-da, ko'chaga yo'l qidira boshladi. O'yingoh ro'parasida kichik bir teshikchaga ko'zi tushdi va yuragi hovliqib o'sha tomonga yugurdi.

Jonholatda chopib borardi-yu, nuqul «birov quvlamayaptimikan?» degan o'yda ortiga o'girilib olardi.

Harqalay, qochayotganini hech kim ko'rmadi. Epchillik bilan engashdi-da, teshikchadan katta serqatnov ko'chaga chiqdi.

Shahar shu qadar to's-to'polon ekanki, birov birovga qaramaydi. Mashinalar uyoqdan buyoqqa g'iz-g'iz qatnab yotibdi.

Mannop xuddi kattalardek bir muddat qaerga yurishni mo'ljalladi. Ha, chapga qarab yuradi. Baland binolar ko'p ekan. Birovining orqasiga berkinib turadi.

Shu ko'yi orqa-ketiga qaramay chopaverdi. Terlaganiga ham, harsillab, tinkasi quriganiga ham e'tibor qilmadi. Nima qilib bo'lmasin, tezroq pana joy topish va yashirinish, «qamoq»dan qochish payida bo'ldi.

Chopa-chopa ko'p qavatli uylarni ortda qoldirib, keng bir axlatxonaga yetdi. Axlatxona orqasidan anhor oqib o'tgan, anhor yoqasida maktab bor edi.

Mannop qadamini sekinlatib biroz nafas rostladi. Shu orada ortga o'girilib kimdir kelayotgan-kelmayotganini tekshirib ko'rdi. Hech qanday shubhali kimsani payqamagach, axlatxonani oralab o'tib anhorga yaqinlashdi.

Maktab devori yonida uch-to'rt nafar o'zi tengi bolalar velosipedda sayr qilishardi.

Shu hozirda Mannopning ham velosipedda uchgisi kelib ketdi. Bolalarga havas bilan tikilib turdi-da, nimadir yodiga tushgandek cho'ntagiga qo'l soldi. Pullari joyida ekaniga amin bo'lgach, tavakkal anhor ko'prigidan o'tib tengqurlari tomon yurdi.

Ular ham begona bola kelganini ko'rishdi-yu, taqqa to'xtab Mannopga mensimagandek qarab qo'ya boshlashdi.

Mannop esa bolalarning bu holatiga e'tibor bermasdi.

— Menam velosipedingda bir uchay! — dedi oq-sariqdan kelgan bir bolaga yaqin kelib. — Maylimi?

— Nima? — bolakay Mannopning ustidan kulmoqchidek o'rtoqlariga tirjayib qarab qo'ydi. — Kimsan o'zing?

— Menmi? Mannopman. O'zing-chi?..

Begona bolalar Mannopning gapidan miriqib kulishdi.

— Velosiped uchgisi kelganmish qishloqining! — deya qotib-qotib kulardi oqsariq bolakay. — Eshitdilaringmi?

— O'zing qishloqi, — xezlanib oqsariqqa yaqinlashdi Mannop va shoshib cho'ntagidagi pullarni chiqarib ko'z-ko'z qildi. — Ko'rdingmi? Kerak bo'lsa-chi, hammangning velosipedingni sotib olishim mumkin!

— Voy-y! — hozirgina Mannopning adabini berishga shaylangan bolalar pullarni ko'rishdi-yu, darrov velosipedlaridan tushib uni o'rab olishdi.

— Puling muncha ko'p? — dedi novcharoq, qirraburun bola. — Qaerdan olding shuncha pulni?

— O'zim topdim. — dedi maqtanib Mannop. — Nimaydi?

— Agar shularning bittasini bersang, velosipedimni uchishga berardim, — dedi oqsariq. — Berasanmi?

— Bo'pti, — Mannop pullardan birini unga tutqazdi. — Endi velosipedni cho'z!

— Faqat orqangdan boramiz, — ogohlantirdi oqsariq. — Qochib ketsang…

— Qo'rqma, — dedi Mannop unga mag'rur boqib. — Men erkakman. Bir marta uchaman xolos.

— Bo'pti, uchsang uchaqol!

Mannop og'zi qulog'iga yetib yarqiragan velosipedga o'tirdi-da, rulni ilkis o'ziga tortdi. Velosipedning old g'ildiragi bir ko'tarilib tushdi.

— O', — deb yuborishdi bolalar. — Velikni zo'r minarkan! Sportga qatnaydi shekilli.

— Shunaqaga o'xshaydi, — Mannopning orqasidan izma-iz borayotgan xomsemiz bola oqsariqni turtdi. — Qara chayirligini!

— Ishqilib qochib qolmasaydi, — dedi oqsariq xavotirlanib. — Tezlab borishini ko'r!

— Qochmaydi. Sportga qatnaydiganlar mard bo'lishadi. Mana ko'rasan!..

— Hoy, to'xta endi! Bo'ldi-da! Ko'p uchvording!

— Namuncha shoshmasang? — kuldi Mannop. — Olasan-da shu shaldiroq aravangni! Hajiqizga o'xshab qichqiraversanmi?

— Ie, bu nima dedi? — oqsariq jahli chiqqan ko'yi yonidagilarga umidvor termuldi. — Sportchiman deb haddidan oshayapti! Bir adabini bermaymizmi?

Boshqa bolalardan sado chiqmadi. Ular Mannopning keskin harakatlarini, dadil so'zlashini ko'rgach, cho'chib qolishgandi. O'rtoqlaridan ma'nili gap chiqmasligiga amin bo'lgan oqsariq uchib bordi-da, velosipedini mahkam ushlab oldi.

— Bo'ldi endi, o'zim ham uchishim kerak, — dedi Mannopga qo'rquv aralash boqib. — Pulingga yarasha rosa uchib olding.

Mannop uning qo'rqayotganini sezib velosipeddan tushishga shoshilmadi. Chap oyog'ini yerga qo'ygan holda cho'ntagidan yana bir dona qog'oz pul chiqardi.

— Ma, buniyam ol, — dedi oqsariqqa. — Hali to'ymadim. Bir miriqay bugun!

— Bo'lmaydi, — oqsariq ko'p qavatli uylar tomonni ko'rsatdi. — Hali zamon dadam chaqirib qoladi. Agar velosipedimni senda ko'rsa…

— Muncha qizg'anchiqsan? Erkakmisan o'zi? Yo bir urib abjag'ingni chiqaraymi?

— Nima? — Oqsariq garchi qo'rqishini bilsa-da, past ketishni istamasdi. — Chiqarib bo'psan! Hozir akamni chaqirsam-chi, burningni yerga ishqab qo'yadi, bildingmi?

Mannop kuldi-da, oqsariqning yelkasiga sekin mushtlab qo'ydi.

— Sen akangminan maqtanma! — dedi u boshqa bolalarga sovuq nazar tashlab. — Kerak bo'lsa, akangniyam sotvolaman! Men boyman, tushundingmi?

— Voy, voy, maqtanishini qaranglar!.. Sotvolarmish! — sheriklariga Mannopni masxaralagan kabi tirjayib boqdi oqsariq. — Akamniyam puli ko'p. Hadeb katta ketaverma!..

Tortishuv chala qoldi. Shu mahal katta yo'l tomondan militsiya mashinasi signal chalgancha ular tomon o'qdek uchib kela boshladi.

Mannop shoshib qoldi. Aniq bilardi. Uni quvib kelishayapti. Jonholatda velosipedni itqitib yubordi-da, duch kelgan tarafga ura solib qochdi.

Bolalar esa hayratdan dong qotib qolishgandi. Azbaroyi qo'rqib ketganlaridan bir-birlarining pinjiga kirgudek bo'lishardi.

— Qaranglar, — deya Mannop ketgan tarafga ishora qildi nihoyat xomsemiz bola. — Hozirgi qishloqi qamalib chiqqan ekan. «Zek» ekan.

— U nima degani? — tushunmay so'rashdi qolgan bolalar.

— O'g'ri degani, — tushuntirdi xomsemiz. — Ko'rdilaring-ku cho'ntagidagi pullarni! Do'kondan o'g'irlagan bo'lsa kerak.

Bu mahal Mannop allaqachon qo'lga tushgan, militsionerning qo'llaridan xalos bo'lishga urinib nuqul qichqirardi.

— Men qamoqqa borishni xohlamayman! Qo'yvoring meni, qo'yvoring!.. Men o'g'rimasman!

— Kim seni o'g'ri deyapti? — uni yupatishga harakat qilardi miilitsioner. — Xumpar, darrov qochib qolish qanday xayolingga keldi-a? Seni qidirmagan yerim qolmadi-ku!

— Nimaga unda meni qamoqqa olib keldingiz? Sizga nima yomonlik qildim?

— Seni bolalar uyiga olib keldim. O'sha yerda yashaysan endi.

— Ishonmayman, ishonmayman! U yer qamoq, qamoq! O'zim ko'rdim!

Militsioner ortiq hech narsa demadi. Mannopning baqir-chaqiriga quloq tutib o'tirmay, uni mashinaga o'tqazdi va eshikni yopib haydovchiga buyurdi.

— Bolalar uyiga hayda!..

Mannop dunyoning barcha yaxshiliklaridan umidini uzgandi. U hamon bolalar uyini turma deb tasavvur etar, ichkariga kirishgandan keyin ham bilinar-bilinmas titrab, xuddi kinolardagidek militsioner qo'llariga kishan solishini kutardi.

— Bolajonim, qaerga ketib qolding-a? — bolalar uyi direktori, o'rta yashar, novchadan kelgan, uzun sochlari chiroyli turmaklangan ayol uni mahkam quchdi-da, muloyimlik bilan so'radi. — Qo'rqib ketdingmi? Qo'rqma! Bu yerda hali ko'p do'stlar orttirasan. Birgalashib futbol o'ynaysizlar.

— Xohlamayman! — deya siltanib qo'ydi Mannop garchi endi ozod bo'la olmasligiga aqli yetgan bo'lsa-da. — Baribir bu yerdan qochib ketaman!

 

* * *

 

Kunlar o'tib borardi. Mannop bolalar uyi «qamoq» emasligiga to'liq amin bo'ldi. Asta-sekin bolalar uyining shart-sharoitlariga ko'nikdi.

Ammo u qaysar va sovuqqonligicha qolaverdi. Tengqurlari, hatto, yoshi kattaroq bolalar ham u bilan tortishib o'tirish befoydaligini bilishardi. Chunki Mannop arzimagan gapni-da ko'tara olmas, birdan mushtlashib ketardi. Kuchi yetmasligiga ko'zi yetsa, tosh yoki temir qidirishga tushardi. Bor ovozda baqirishi, og'zidan bodi kirib shodi chiqishi bolalarni birmuncha cho'chitib qo'ygandi. Hech kim u bilan tenglashishni xohlamasdi. Bundan ruhlangan Mannop esa o'zini tobora kuchli va botir his etar, barcha yaxshi narsalar faqat uniki bo'lishi kerak deya hisoblardi.

Faqat Nozima ismli tarbiyachi qiz qarshisida muloyib tortib qolardi. Tarbiyachini ko'rdi deguncha shoshib kiyimlarini to'g'rilashga tushar, qanday topshiriq bermasin, so'zsiz ado etardi. Nozimaga yana nimalardir demoqchi bo'lardi-yu, negadir hayiqardi.

Oxiri chidolmadi. Ichidagini To'lqin ismli sinfdoshiga aytdi.

To'lqin pakanadan kelgan, xuddi bo'g'irsq kabi yumaloq bo'lsa-da, mushtlashishda Mannopdan qolishmasdi. U bolalar uyida Mannopdan keyin ikkinchi mushtumzo'r edi.

— Men Nozima opani yaxshi ko'raman, — dedi Mannop To'lqinga. — Katta bo'lsam faqat Nozima opaga uylanaman.

Bu gapidan To'lqin sal qursa kulib yuborayozdi. Zo'rg'a o'zini tutib Mannopning yelkasiga mushtladi.

— Jinnimisan? U sendan katta-ku! Boshingga urasanmi?

— Nima qipti? — dedi Mannop. — Enam aytgan, erkak kishi o'zidan katta qizga uylansa, boy bo'larkan. Men ham boy bo'lishni istayman. Manavi pullarimga shahardan zo'r uy sotib olaman. Keyin biz Nozima opa bilan birga yashaymiz.

— O'ziga aytganmisan? — jiddiylashdi To'lqin. — Vey, nega indamaysan? Nozima opa yaxshi ko'rishingni biladimi?

— Bilmaydi-da! — deya bosh egdi Mannop. — Aytolmayapman.

— Aytolmaysanam.

— Nega?

— Nozima opa boplab ta'ziringni berishidan qo'rqasan.

Bu gapni eshitib beixtiyor Mannopning qaysarligi tutdi.

— Qo'rqmasam-chi?

— E, baribir qo'rqasan. Katta ketaverma!

— Garov o'ynaymizmi? — sinfdoshiga dadil qo'l uzatdi Mannop. — Nimaga baqrayasan? Erkakmisan? «Davay», garov o'ynaymiz!

— Bo'pti, qanchadan o'ynaymiz?

— Agar yutqazsam, cho'ntagimdagi pullarning hammasi seniki bo'ladi. Sen yutqazsang, ikki ming so'm berasan.

— Kelishdik.

Mannop borib tarbiyachiga «dard»ini aytadigan, To'lqin esa daraxt panasidan turib kuzatadigan bo'ldi.

 

* * *

 

Garov Mannopga kuch bag'ishlagandi. Bu gal tap tortib o'tirmadi. Hovlidagi o'rindiqlardan birida dam olib o'tirgan Nozimaga yaqin borib tavakkal so'z qogdi.

— Nozima opa, men sizni yaxshi ko'raman! — dedi u qovoq uyib.

Tarbiyachi bu gapni eshitib kulimsiragancha o'rnidan turdi va Mannopni quchdi.

— Voy, asalim, menam seni yaxshi ko'raman!

— Yo'q, tushunmadingiz, — davom etdi Mannop. — Men sizga uylanmoqchiman.

Nozima kulib yubordi.

— Obbo sen-ey, rostdanmi? Meni xursand qilib yubording-ku, Mannopjon!

— Nima, menga turmushga chiqmaysizmi? — so'radi Mannop vahima aralash. — To'g'risi ayting, meni yoqtirmaysizmi?

— Nega yoqtirmas ekanman? Albatta turmushga chiqaman senga. Faqat sen ulg'ayishing kerak. Ana o'shanda gaplashaveramiz, jonim.

— Men sizga shahardan kattakon uy olib beraman, opa. Rosayam katta uy.

— O'zimning mehribonginamdan o'rgilay! — uni erkalashda davom etdi Nozima. — Keyin-chi? Yana nima olib berasan?

Mannop cho'ntagidagi pullarni chiqardi-da, Nozimaga ko'z-ko'z qildi.

— Mana, enam go'risitonga ketmasdan oldin menga shu pullarni bergan. Uylansang uy sotib olasan degan. Xohlaysizmi pullarimni sizga beraman?

— Yo'q, unday qilma, — ma'yus tortdi Nozima. — Bu enang rahmatlidan yodgorlik senga. Xafa bo'lmagin, hali katta yigit bo'lasan, o'shanda bu pullarga ikkalamiz sen aytgan uyni olamiz. Xo'pmi?

— Sizga ishonsam bo'ladimi, opa? Aldamayapsizmi?

Nozima og'ir xo'rsindi. Nima deyishni bilmay birpas ikkilanib turdi-da, Mannopning boshini silagancha qat'iy ohangda javob qilldi.

— Aldamayman, qo'zim, aldamayman.

— Unda eshiting, opa. Men endi hech qachon sizga bu haqda gapirmayman. Katta bo'lganimdan keyin eslataman. O'shanda unutib qo'ymagan bo'lsangiz bas.

— Ko'ndirding, jonim, ko'ndirding.

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

 

loading...