SIG'INDI… (3-qism)

0

 

 

* * *

 

Mannop ortga xuddi qahramonlik ko'rsatggan askar kabi gerdaygancha qaytdi va negadir juftakni rostlash harakatiga tushgan To'lqinning yo'lini to'sdi.

— Qani, cho'z pulni! — dedi do'q aralash. — Bo'l!

— O'rtoq, keyinroq bersam bo'lmaydimi? — yer chizdi To'lqin. — Hozir pulim yo'g'idi-da!

— Qiz bolamisan? — Mannop jahli chiqib uning yoqasidan oldi. — Nimaga garov o'ynading unda?

— Ishon, ertaga topib beraman pul. Aldamayapman.

— Topib bermasang-chi?

— Undami?.. — To'lqin o'ylanib turdi-da, dangal javob qildi. — Aytgan ishingni qilaman.

— Bo'pti, gap yo'q. Ertadan qolmasin!

Mannop shu lahzadanoq o'ziga yanada qattiqroq ishona boshladi. Pul har ishga qodir, puli bor odam o'zgalarga nisbatan dag'alroq, sovuqqonroq bo'lishi lozim ekan deb o'yladi.

Ulg'aygach, albatta boyib ketishni ko'ngliga tugib qo'ydi.

Ertasi kuni darslar tugagach, Mannop tarbiyachilarning ko'zini shamg'alat qildi-da, To'lqinni sudraklagancha bino orqasiga o'tdi.

— Qarzni to'lab qo'y! — deya sinfdoshining ikki yelkasini siqdi u atrofga alanglab. — Nega qarab turibsan? Bo'laqol!

— Muncha sabrsizsan, o'rtoq? — yig'lagudek bo'lib norozi g'udrandi To'lqin. — Kechgacha chidasang bo'lmaydimi? Qochib ketmayapman-ku!

— Yo'q, bunaqasi ketmaydi, — dedi Mannop qo'l siltab. — So'z berdingmi, tamom, to'lab qo'y!

— To'lay olmayman, pulim yo'q, — bo'shashgancha bosh egib oldi To'lqin. — Aytaver, nima ish desang bajaraman.

Qarshisida sinfdoshining aybdorlarcha bosh egib turishi, xuddi kinolardagi asirga tushgan askar kabi lab-lunji osilib ketishi Mannopni yanada ruhlantirdi. Halitdan o'zini haqiqiy boylardek tutgisi kelib qaddini g'oz tutgan ko'yi To'lqinga buyurdi.

— Eshshak bo'lib meni aylantirib kelasan.

To'lqin hech narsadan cho'chimasa-da, Mannop kutilmaganda tashlanib qolishi, kaltak yeb u yer bu yeri ko'karishidan qo'rqayotgandi.

Bu gapni eshitib quvonib ketdi.

— Gap yo'q, o'rtoq, eshshak bo'lishga roziman!

— Qani, engash! — dedi Mannop. — Ikki ming so'm qarzing o'rniga o'yingohni ikki marta aylanib chopasan!

To'lqin itoat bilan engashdi va Mannop bir sakrab uning ustiga minib oldi.

Agar bu shunchaki o'yin bo'lsa, Mannop hozirchalik og'zi qulog'iga yetib qichqirmasmidi. Ayni pallada esa qarz evaziga erishilgan «huzur» boshini butkul aylantirib qo'ygandi. Biroq To'lqin har hansirab inqillaganda qalbida do'stiga nisbatan achinish hissini tuyardi. Faqat… Havas, qarzni undirishga bo'lgan ishtiyoq uni to'xtata olmasdi.

Bir mahal temir to'siq ortida novcha, mo'ylovdor, yuzlarini toshma bosgan piyonista erkak Mannopni chaqira boshladi.

— Hoy, bola, buyoqqa kel!

Mannop shu zahoti To'lqinning biqiniga turtdi.

— Eshshagim, o'sha yoqqa yur!

Etib kelishgach, erkak unga bitta mingtalik uzatib dedi:

— Borib do'kondan pivo opkelib bermaysanmi? Menga sotishmayapti bachchag'arlar!

— Men bandman, — deya yuzini ters burdi Mannop. — O'zingiz opkelavering!

— Ie, sen g'irt yaramas bola ekansan-ku!.. Tush pastga! Qara, og'ayning bo'g'riqib ketibdi.

— U nima degani? — so'radi Mannop pinagini buzmay.

— Charchabdi o'rtog'ing degani, tush uning ustidan! Insofing bormi?

— Tushmayman! Bu hozir mening eshshagim. Yana bir marta aylantiradi.

— Tush dedim senga! — erkak jahli chiqib ichkariga o'tishga chog'landi. — Kimga aytdim!

— Tushmasam-chi? Urasizmi?

— Hali sen shunaqamisan, yetimcha? Hozir o'tsam kaltak yeysan!

Erkakning so'nggi haqorati Mannopga og'ir botdi. Zarda bilan sinfdoshining ustidan tushdi-da, jonholatda engashib qo'liga kattakon tosh oldi.

— O'zing yetimchasan, bildingmi? Hozir bir urib abjag'ingni chiqaraman!

Erkakning kayfi tarangmi, bir sakradi-da, temir to'siqdan ichkariga o'tdi va hanuz gezarib turgan Mannopning qulog'iga yopishdi.

— Sen, mushtday boshingdan kattalarga gap qaytaradigan bo'ldingmi? — dedi u Mannopning qulog'idan qattiqroq tortib. — Gapir, tirmizak!

— Qulog'imni qo'yvor! — siltana boshladi Mannop yig'lamsirab. — Qo'yvor, hozir Nozima opamga aytaman seni!..

Nozima opa tarbiyachisi ekanini tushungan erkak uning qulog'ini qo'yib yubordi-da, nari ketdi.

— Tag'in bir marta gap qaytargin, nima qilarkanman! — astoydil po'pisa qildi erkak temir to'siqdan qaytib ko'cha tarafga o'tarkan. — Pachoq qip tashlayman!

Mannop ham bo'sh kelay demasdi. O'yingohning o'rtasiga qochib borib bor ovozda qichqirdi:

— Hali katta bo'lib boyib ketay, seni qidirib topib dabdalangni chiqaraman! Rosa eshshak qilib minaman!

— He padaringga la'nat seni! — qarg'ana-qarg'ana yo'lida davom etdi erkak. — Bu kuningdan battar bo'lgin!

 

* * *

 

Piyonistaning gaplari Mannopga juda alam qildi. Tag'in onasi yodiga tushib qovog'ini uygancha bino burchagidagi betonga o'tirib oldi. Shu tobda bolalar uyidan yana qochib ketgisi, to'ppa-to'g'ri qabristonga borib onasi bilan gaplashgisi, piyonista ustidan shikoyat qilgisi keldi. Afsuski, Nozimaga bo'lgan bolalarcha muhabbati uni ketishga qo'ymasdi. Agar qochib ketsa, Nozima albatta boshqasiga tegib ketishidan qo'rqardi.

Qancha o'tirdi, bilmaydi. O'zi tomon kelayotgan to'qqizinchi sinfda o'qiydigan bo'ydor Valiga ko'zi tushib dast o'rnidan turdi.

Vali ham sinfining eng zo'r mushtumzo'ri. Buni Mannop o'z ko'zi bilan ko'rgan. U karate bilan shug'ullanarkan. Bir kuni o'ntacha bolani bir o'zi kaltaklagan.

Mannop katta mushtumzo'r yaqinlashgach, unga qo'lini uzatdi.

— Vali aka, yaxshimisiz?

— Ie, senmisan? — Mannop bilan mensimaygina so'rashdi Vali. — Bu yerda nima qilib o'tiribsan? Yo qiladigan ishing yo'qmi?

— Darslar tugadi-ku, aka! Dam olib o'tiribman.

— Hadeb dam olaversang-chi, yigit, dangasa bo'p qolasan.

— Nimaga-a?.. Dangasa emasman-ku!..

— Yoningda puling bormi? — so'radi Vali Mannopga qattiqroq tikilib.

— Yo'-yo'q, — tutilib javob qildi Mannop. — Rostdanam yo'q, aka.

— Yolg'on gapirishni eplolmas ekansan. Bolalar aytishdi, puling ko'p ekan. Qani, cho'ntagingni ko'rsat-chi, xumpar!

Mannop darrov o'zini orqaga oldi.

— Aka, rosti… Enam bergan pul bor, — dedi u pul solingan cho'ntagiga qo'l solib. — Buni sizga bera olmayman.

— E, qanaqa ena? Enang bo'lsa shu yerda yasharmiding, ahmoq? Nimaga yolg'on gapirasan?

— Enam bor. Go'ristonda yotibdi. Chaqirsam, bir zumda kapalakka aylanib uchib keladi.

— Ja opqochasan-da o'zingam! O'lganlar qaytib kelmaydi.

— Hecham-da! Sojida momo aytgan. O'lganlarminan gaplashsayam bo'larkan.

Mannopning soddaligi jig'iga tega boshlagan Vali gapni kesdi.

— Bo'pti, hadeb sayrayverma!.. Koroche, hozir ko'chaga g'izillaysan-da, o'sha pullaringdan pichasini olib menga kola opkelasan. Tushundingmi?

— E, yo'-o'q, — norozi bosh chayqadi Mannop. — Bu pullarga enam uy sotib olishimni tayinlagan.

— Vey, jahlimni chiqarayapsan! U pulingga qaysi ahmoq uy berardi? Opkelasanmi, yo'qmi?

— Aka, boshqa ish ayting, mayli, bajaraman!..

— Obbo, ja qaysar ekansan-ku senam! Bo'pti, bir topshiriq beraman.

— Rostdanmi? — quvonib ketdi Mannop. — Qanaqa topshiriq, aka?

— Buyoqqa yur!

Vali uni temir to'siqlar qarshisiga boshlab bordi-da, yo'lning narigi chetidagi kichik bir do'konni ko'rsatdi.

— Ko'rdingmi do'konni? — so'radi Vali. — Hov anavi yashilga bo'yalgan do'kon.

— Ha, ha, ko'rayapman!

— Tashqarisiga baklajkalar terib qo'yilganiniyam ko'rayapsanmi?

— Ha.

— Sekin borasan-da, baklajkali kolaning bittasini bildirmay qo'yinga urasan. Opkelib qo'limga berasan.

— Sezib qolsa-chi?

— Uyog'i sening muammong. Sezdirib qo'yib qovun tushirsang, cho'ntagingdagi pulingni ishlatasan.

— Bo'pti, — dedi bo'shashib Mannop. — Uddalasam kerak. Qishloqdayam ko'p marta do'konlardan pechenye o'marganman. Xavotir olmang, aka!

— Ko'ramiz abjirligingni! Menga qara, agar-chi, shu topshiriqni qoyillatsang, senga karateni o'rgataman.

— Rostdan-a? Keyin menam karatechi bo'lamanmi?

— Bo'lasan, uka, bo'lasan. Qani, yugur endi! Hali zamon tarbiyachilaring chaqirib qolishadi. Bo'laqol!

Mannop ayni chog'da shu ishga qo'l urishni sira xohlamayotgandi. Karatechidan qo'rqishi o'sha tarafga yurishga majbur etdi.

 

* * *

 

Katta yo'l bo'yida joylashgan bu do'kondan xaridor uzilmasdi. Mannop odamlar orasida biroz uyoqdan buyoqqa yurib o'zicha ichimliklar, chekimliklarni tomosha qilgan bo'ldi. Sotuvchilar qo'li qo'liga tegmay savdo qilish bilan band edi.

Ehtiyotkorona borib oldin ko'k qutichalardan birini qo'liga oldi. Yaqinda muallimlardan biri shu chekimlikni tutatib turganda, Mannop tutun hidini yoqtirib qolgandi. Muallimga havasi kelib, albatta chekib ko'rishni ko'ngliga tugib qo'ygandi.

Qutichani ohori ketibroq qolgan kostyumining ichki cho'ntagiga joyladi. Cho'ntak teshilgan ekan. Quticha teshikdan astar orasiga tushdi.

U atrofga o'g'rincha alanglay-alanglay kola to'la baklajkaga qo'l cho'zdi. Yana hech kim sezmadi.

Baklajkani qo'ltiqqa urgancha qaddini rostladi-yu, katta yo'lga chiqdi.

Shu tobda bilagidan kimdir mahkam siqib qoldi. Mannop jonholatda orqaga o'girildi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, oppoq xalatli o'rta yashar sotuvchi unga nafrat aralash tikilib turardi.

— Ha, o'g'rivachcha, — o'dag'aylay ketdi sotuvchi. — Kola ichgilari kep qoldimi? Qani, buyoqqa cho'z-chi!..

— Qo'yvoring, qo'yvoring! — siltandi Mannop. — Sotvoldim buni pulimga! Ana, sherigingizga berganman pulni!

— Qaysi sherigimga? Ko'rsat uni!

Mannop sotuvchi yetagida do'konga kirdi va tavakkal peshtaxta ortida turgan sotuvchi qizni ko'rsatdi.

— Mana shunga berdim.

Sotuvchi sherigidan so'radi:

— Rost gapirayaptimi bu bola? Senga pul berganmidi?

— Yo'-o'q, — yelka qisdi qiz. — Bu bolani birinchi marta ko'rib turishim.

— Ha-a, qasamxo'r! — Mannopni urishga chog'landi sotuvchi. — Kelib-kelib meni aldamoqchi bo'ldingmi hali? Qani, yur, hoynahoy bolalar uyidan chiqqan bo'lsang kerak!

— Bormayman, qo'yvoring! — yolg'ondakam yig'lashga tushdi Mannop. — Endi o'g'irlik qilmayman, qo'yvora qoling, amaki!

— Qo'yvorib bo'pman! — dedi sotuvchi uni sudraklagancha bolalar uyi darvozasi tomon ketib borarkan. — Adabingni tarbiyachilaring bersin! Bir dodingni yegin!

Mannop bilardi. Hozir bu odam direktor huzuriga olib kiradi. Direktor esa jazo beradi. Nari borsa, o'yinlardan, televizor tomosha qilishdan mahrum etadi. Xo'sh, nima bo'libdi? Qo'rqmaydi. Baribir bir kunmas bir kun shu ishi uchun do'konidan albatta kola o'g'irlab qochadi. Ko'rsatib qo'yadi bularga hali!

U shularni ko'nglidan kechirarkan, yolg'ondakam yig'lashni ham bas qildi. Yolg'iz qolgach, chekimlikni bir tutatib ko'rishga ahd qildi.

 

* * *

 

… Oradan besh yil o'tdi. Mannop ulg'aydi. Lekin hech kim fe'lini o'zgartira olmadi. Jazolar, nasihatlar, maslahat-u o'gitlar bekor ketdi.

O'zgalar ustidan kulish bu o'smirning qoniga singdi. Chekimlikka o'rgandi. Mayda o'g'irliklarning ustasiga aylandi. Umri davomida qancha tutilib, kaltaklar, tepkilar ostida qolmasin, qalbiga alam va nafratdan bo'lak tuyg'u inmadi.

Bugun esa barcha tengqurlari qatori bolalar uyini tark etadi. Sinfdoshlari, hatto To'lqinning ham qo'lida hunari bor. Ko'chada qolmasligini, xor-zorlikda umr kechirmasligini biladi. Faqat Mannopning parvoyi falak. Bu haqda o'ylashni ham istamaydi. Chunki oldindan tuzgan rejalariga ishonadi. Hanuz puldorga, o'g'irlik olamida yagona hukmronga aylanishdan umid qiladi.

Tantanali marosim yakunlanib, yigit-qizlar bir-birlari bilan quyuq xayrlashgach, Mannop bolalar uyi darvozasidan chiqishga shoshilmadi.

Nozimaning yolg'iz qolishini kutdi. Nihoyat Nozima guldastalarni qo'ltiqlagancha bino ichkarisiga yo'l oldi.

Mannop yugurib ichkariga kirdi-da, uning yo'lini to'sdi.

— Voy, Mannopjon, hali ketmaganmiding? — so'radi Nozima jilmayib. — O'rtoqlaring yotoqxonadan joy olishga ketishdi-ku! Tag'in senga joy yetmay qolmasin!

— Menga joy kerakmas, — dedi Mannop qovoq uyib. — O'zim uy sotib olaman.

— Haliyam o'sha ahdingdan qaytmadingmi?

— Qaytmayman ham. Men shunaqa bolaman.

— Zo'rsan, Mannop, zo'rsan! Xo'sh, mendan qanday yordam kerak?

— Va'dangiz yodingizdami? — so'radi Mannop hanuz jiddiy ohangda.

— Qanaqa va'da? Negadir eslolmayapman.

— Besh yil oldin menga turmushga chiqishga so'z bergansiz. O'shanda katta bo'lganimda eslataman degandim. Esladingizmi?

Bu gapni eshitib, Nozima kulib qo'ydi.

— Esladim, esladim, — bosh silkidi u. — Unda bola eding-ku, Mannopjon! Haliyam unutmadingmi o'sha gaplarni?

— Nozima opa, bu unutiladigan narsamas. Xo'sh, nima deysiz?

— Qo'ysang-chi, — qo'l siltadi Nozima. — Axir, mening ikki farzandim bo'lsa! To'g'ri, oilamminan ajrashib ketganman. Bolalarimni yolg'iz o'zim katta qildim. Ammo men sendan ancha kattaman, jonim. Hali hayoting oldinda. Zo'r qizlar yo'lingdan chiqadi. Meni boshingga urasanmi?

— Siz ko'nglimni cho'ktirayapsiz, — dedi tutoqib Mannop. — Men va'dasini buzadiganlarni yoqtirmayman.

— Qo'y, unday dema. Xudo xohlasa, opa-uka bo'lib qolamiz. Qachon ko'rging kelsa, bemalol kelaver!

— Adashayapsiz, — dedi Mannop beixtiyor ortga tislanib. — Men shahardan kattakon uy sotib olgan kunim sizni olib ketishga kelaman. Shu yodingizdan chiqmasin!

Nozima uning fe'lini yaxshi bilgani sababli ortiq tortishib o'tirishni xohlamadi.

— Mayli, sen aytgancha bo'la qolsin, — deya suhbatga yakun yasagan bo'ldi. — Uy sotib olgin-chi, o'zimning soddaginam, o'shanda ko'rarmiz!

 

* * *

 

Darvozadan chiqqach, Mannop beixtiyor tug'ilib o'sgan qishlog'i yodiga tushib taqqa to'xtadi.

Ko'z o'ngida ikki yonida mirzateraklar saf tortgan anhor, bolalarga qo'shilib cho'milgan quvur, suvog'i ko'chib tushgan eski uy gavdalandi. O'zi changitib katta bo'lgan qumloq ko'chalarni sog'ina boshladi. Xuddi qabristonda onasi uni anchadan beri mushtoq kutayotgandek, bormasa, hol so'ramasa ranjiydigandek tuyulib yuragi hovliqdi.

— Qishloqqa bormasam bo'lmaydi, — o'yladi o'zicha. — Sinfdoshlarimni ko'raman, anhorda cho'milaman. Enamning izlari qolgan hovliga bosh suqaman. Undan keyin shaharga qaytaman.

Shunday xayollar bilan avtobusga o'tirdi-da, qadrdon qishlog'iga jo'nadi.

U hech narsani o'ylamasdi. Kelgusi hayot haqida qayg'urishni xohlamasdi. Qanday bo'lmasin, shahardagi eng katta o'g'riboshiga aylana olishiga qattiq ishonardi…

Ana, anhor hamon joyida turibdi ekan. Faqat suvi kamayib qolibdi, loyqalanibdi. Bu suvda cho'milib ham bo'lmaydi.

Mannop kimsasiz ko'cha bo'ylab qishloq ichkarisiga ketaverdi. Shu mahal anhordan sal naridagi daraxtzordan traktorchi Umrzoq amaki chiqib qoldi.

Mannopga ko'zi tushdi-yu, qo'lidagi ketmonni yerga qo'yib yaqin kelishini kuta boshladi.

— Kelarkansan-ku, quloqsiz bolagina! — dedi Mannop yetib kelgach, ko'rishish uchun bag'rini ochib. — Otang sho'rlik ko'zlari to'rt bo'lib har kuni seni kutadi.

— Otam… Qamalib ketdi deyishgandi-ku! — dedi Mannop sovuqqonlik bilan. — Yo…

— E, nimasini aytasan? Nogironligigayam qarab o'tirmay qamab yuborishdi. Buyog'idan kelsang, o'zim ham bir yil majburiy xizmat o'tadim. Senlarni deb, bildingmi? Esiz, esiz… Ikki o'rtada senga qiyin bo'ldi-da, bolam!

— Otam uydami? — so'radi Mannop negadir xavotirlanib. — Qamoqdan kelganmi?

— Ha, yaqinda keldi. Lokigin-chi, haliyam ichkilikni tashlamabdi qurib ketmagur. Buning ustiga uy huvillab yotibdi. Tergaydigan odam yo'q. Biz gapirsak quloq solmaydi. Bobillab beradi. Bolam, mana, kap-katta yigit bo'lding. O'tgan ishlarni unut-da, otangni parvarish qil. Besh kunligi bormi, yo'qmi, duosini ol.

— Be, — deya qo'l siltadi Mannop. — Piyonistaning duosi nima bo'lardi, amaki? O'ylab gapirayapsizmi? U mendan voz kechgan. Tilxat yozib berganakan.

— Shakkoklik qilma, bola, — qo'lini bigiz qilib Mannopga po'pisa qildi Umrzoq traktorchi. — Nima bo'lgandayam otang!

— Bo'pti, oldin kiray-chi!..

Mannop bu odam bilan ortiq talashib o'tirishni o'ziga ep ko'rmadi. Tezroq uyga kirishni, piyonista otaga bir boqib ko'rishni, so'ngra tezroq shaharga qaytishni ma'qul bilib shosha-pisha xayr-ma'zur qildi-da, yo'lida davom etdi.

 

* * *

 

Hovlidan Eshmirza piyonning ovozi barala eshitilib turardi. Mannop taqqa to'xtadi-da, ichkariga quloq tutdi. Otasi astoydil she'r o'qir, ora-orada qotib-qotib kulardi.

Hayron bo'ldi. Bu nimasi? Qamoqdan qaytib aqlini yo'qotganmi u? Nimaga she'r o'qiyapti? Bunaqa odati yo'q edi-ku! Ha-a, kayfi oshgandan keyin odam nimalar qilmaydi. She'r ham o'qiydi, kerak bo'lsa, sakrab raqs ham tushadi. Telba qiyofasiga kirib qoladi.

Mannop asta hovliga qadam qo'ydi. Ota tok ostidagi so'ri yonida qo'ltiqtayog'iga suyangancha osmonga boqib nuqul she'r o'qirdi.

— Demak, oyog'i nogiron bo'lgan ekan, — o'yladi Mannop mushtlarini tugib. — Shu odam mening hayotimni barbod qilgan. Enamni go'rga tiqqan. Hammamizni rasvoi olam qilgan. Endi keng uyning kelinidek kayf-safo qilayaptimi? Yo'q, Xudo jazosini beribdi baribir. Ana, qo'ltiqtayog'ida zo'rg'a turibdi. Xuddi sal turtsa yiqilib tushadigandek…

Ha, unga qattiq gapirmaydi. Bir marta basharasiga tik boqadi, vassalom! Ko'chalarda xor bo'lmaganini ko'rsatib qo'yadi. To'rt muchasi salomatligini namoyish qiladi. Alamdan kuyib ketsin! Armonlar yuragini tilib o'tsin!..

Eshmirza piyon o'g'liga ko'zi tushdi-yu, she'r o'qishdan to'xtab, bazo'r unga yaqinlashdi.

Mannop shundagina payqadi. Otasining ko'zlari alang-jalang, nuqul javdiraydi. Og'zi bir tarafga qiyshayib qolgan, qiyshaygan tarafi uchib-uchib qo'yyapti. Bunaqasini telbalarda ko'rgan bir paytlar.

— «Bu odam rostdanam jinni bo'p qopti», — ko'nglidan o'tkazdi Mannop otasiga nafrat aralash qarab. — Bo'lganicha bo'libdi. Yaxshiyam kelganim. Dardlarim ariydi, alamlarim pasanda bo'ladi. Chunki men uni deb ne azoblarni ko'rmadim. Kimlardan ne haqoratlarni eshitmadim. Qancha tunlarni bedor o'tkazdim, qalbim yig'ladi, uni yupatadigan hech kimim bo'lmadi…

— H-ha-a-a, keldingmi, sayoq? Yo yedingmi tayoq?.. — Eshmirza piyon bir joyda chayqalgancha kula-kula o'g'liga boqib tag'in she'r to'qiy boshladi. — Nega baqaday baqrayursan? Yo botqoqqa sakrayursan?..

Mannop qotib turavergach, asta unga yaqin kelib yelkasini g'ijimladi.

— Ha-a, biz hali sizlarni ko'-o'p o'qitadurmiz! Vey, kerak bo'lsa-chi, tovuqqa aylantirib, katakda don cho'qitadurmiz!..

— Bas qiling! — qichqirdi Mannop. — Jim bo'ling!..

Shu ko'yi titrab turgach, cho'ntagini kovlab o'zi bir umr ko'z qorachig'idek asrab kelgan pullarni chiqardi-da, otasiga tutqazdi.

— Mana, o'sha siz meni o'g'ri qilib uydan haydaganingizdagi pullar! Aslida bu pullar siznikimas. Enam rahmatli menga atab berkitgandi. Katta bo'lsang, uy sotib olasan deb edi… Oling! Nega qarab turibsiz? Olmaysizmi?..

Eshmirza piyon pullarni titroq aralash qo'liga oldi-da, jiddiy ohangda so'radi.

— M-meni tashlab ketmoqchimisan?

— Ha, — dedi Mannop yig'lashdan nari bo'lib. — Bu uyga sizni deb kelmadim. Enajonimning hidlarini dimog'imda tuyay dedim. Mana, niyatimga yetdim. Yaxshi qoling!..

Shunday deb Mannop so'nggi bor otasining yelkasiga qoqdi-da, tashqariga chiqib ketdi.

Birozdan so'ng otasining hayqirig'i quloqlari ostida jaranglay boshladi.

— Ketma, ketma!.. Otangni tashlab ketyapsanmi, yaramas? Ketma dedi-i-im, ketma!

(davomi bor)

Olimjon HAYIT