AROQFURUShLIK KASOFATI…

0

 

* * *

 

Sadir bo'qoq (unga mahalladagilar shunday laqab qo'yib olishgandi) «Jiguli»sini uchirgancha shahar chetidagi tor ko'chalardan biriga kirib, yashil darvoza ro'parasida to'xtadi. Pastga tushgach, ehtiyot shart yo'lning ikki tarafiga ko'z tashlab oldi. Xayriyat, hech kim yo'q ekan. Bunday nozik paytda begona ko'zlar faqat xalal beradi xolos.

Sadir bo'qoq shosha-pisha mashina eshiklarini qulfladi-da, ichkariga yo'l oldi.

Yerto'lada hanuz ish qaynar, uch davangir yigit aroq to'latilgan shishalarga yaltiroq qog'ozlarni yopishtirish bilan band edi. Ularning ishini esa uy bekasi Xolnisa kuzatib o'tirardi.

— Xo'sh, ishlar qalay, kelin? — Sadir bo'qoq kaftlarini bir-biriga ishqalab Xolnisadan so'radi. — Oxirlab qolibdi-ku-a?

— Oxirlamay go'r bo'larmidi? — sovuqqonlik bilan javob qildi Xolnisa esnab. — Tuni bilan mijja qoqmadik. Siz bo'lsangiz, yallo qile-eb yuribsiz mashinangizda. Mundoq yordamlashib yuboray ham demaysiz.

— Bo'pti, men o'rningizda o'tiraman. O'zingiz xaridor topasizmi? Qaerlargadir borib manavi yaltiroq qog'oz, shishalarni olib kelasizmi?..

Xolnisa bu gapdan so'ng uf tortib o'rnidan qo'zg'aldi.

— Sizga gap topib bo'larmidi. Birni aytsam, o'nta gapni taxlab tashlaysiz. Bo'pti, yuring, hisob-kitob qilaylik!..

Sadir bo'qoq yerga chirt etib tupurdi-da, astoydil ishlayotgan yigitlarning yelkalariga bir-bir qoqib Xolnisaning ortidan ergashdi.

 

* * *

 

Sadir bo'qoqqa bu xonadon o'zinikiday bo'lib ketgan. Mehmonxonaga kiriboq o'zini divanga tashlab, Xolnisaga yuzlandi.

— Keyingi paytda ja ochilib ketyapsizmi, kelin? — so'radi u yaltoqlanib. — Pulingiz ko'paygan sari yosharadiganlar xilidan ekansiz-da!

— Ajab bo'pti! — uni urishgan bo'ldi Xolnisa. — Erkak zoti o'zi shunaqa. Eri yo'q ayolni ko'rdimi, tamom, o'zini idora etolmay qoladi.

— To'g'ri, sizday lo'mbillagan ayolga kimlar qaramaydi. Mening baxtim bor ekan. Siz bilan birga ishlash nasib qildi. Balki…

— Bas qiling! — uni qayirib tashladi Xolnisa. — Indamagan sari haddingizdan oshavermang!

— Yaxshi ko'rishimni bilasiz-ku! — dedi Sadir bo'qoq. — Qachongacha nozlanib yurasiz?

— Qachonki menga yangi hovli olib bersangiz, o'shanda bo'ladi siz xohlagan ishlar, bildingizmi?

— Uf-f!.. Ja qimmatga tusharkan-da!..

— Bo'pti, hisob-kitobni boshlaymiz! Chalg'imang! Xo'sh, mening ulushim keldimi?

Sadir bo'qoq istar-istamas, cho'ntagidan bir dasta pul chiqarib xontaxta ustiga tashladi.

— Bu yarmisi. Ertaga qolganini olib kelaman.

Xolnisa pullarni bir-bir chamalab ko'rdi-da, qaytadan xontaxta ustiga qo'ydi.

— Bu kam-ku! — baqirdi u lab burib. — Nega aldaysiz? Yarmisiyam emas, kam!

— Nega kam bo'ladi? O'zim sanaganman.

— Bekorlarni aytibsiz! Nima, meni yana ahmoq qilmoqchimisiz? Qachongacha? Chiqaring qolganini!

— Sen ko'pam haddingdan oshaverma! — Sadir bo'qoq o'rnidan turib Xolnisaning tepasiga yaqinlashdi. — Seni men odam qildim. Yaqindayam chorig'ingni zo'rg'a sudrab yurarding. Mana, ikki oy ichida endi menga do'q ura boshlading. Tag'in ikki oy o'tsa yuzimga chang solarkansan-da-a?..

— Kim kimni odam qilganini Xudo biladi. — bo'sh kelmadi Xolnisa. — Men ham qarab turganim yo'q. Uyimni bo'shatib berdim. Anavi ishchilaringizminan tengma-teng ishlayapman. Tag'in… Yaxshi ko'raman deganiga o'laymi!?.

— Gapni aylantirma! Nima, yaxshi ko'rsa, bor budini qo'lingga tutqazishi kerakmi odam?

— Albatta. Bekorga mushuk oftobga chiqmaydi.

— E, bor-e, g'alcha!..

— Menga qarang, — Xolnisa tashqariga yo'l olgan Sadir bo'qoqning oldini to'sdi. — Kechgacha mening ulushimni olib kelasiz. Yo'qsa…

— Nima yo'qsa? Urasanmi?..

— Undanam battar qilaman. Sharmandai sharmisor qilaman.

— Ko'ramiz. — Sadir bo'qoq qo'lini bigiz qildi. — Kim kimni sharmanda qilarkin…

Shuning bilan janjal barham topdi. Xolnisa javray-javray mashinasini o't oldirayotgan Sadir bo'qoqqa alam aralash qarab olib o'ziga nonushta tayyorlash ilinjida oshxona tomon yurdi.

 

* * *

 

— Pul so'rayverishi jonga tegdi-da shu xotinning! — mashina yukxonasi to'la qo'lbola aroqlarni mijozlarga olib ketayotgan Sadir bo'qoq o'zicha g'udranib borardi. — Faqat o'zini o'ylaydi. Qachon qarasa, ulush so'ragani so'ragan. E, o'zi ayol kishi bilan ahmoq odam birga ishlarkan.

U qadrdon bo'lib qolgan darvoza ro'parasiga mashinani to'xtatdi-da, uy egalariga qo'ng'iroq qildi. Telefon negadir band. «Ha endi kim bilandir gaplashayotgandir-da! Kelishimni bilishadi-ku! Chiqib qolar!» dedi-yu, uy egalarining chiqishini kuta boshladi.

Xaridorlar ham hadeganda chiqavermasdi.

Sadir bo'qoq besh daqiqacha kutgach, toqati toq bo'lib mashinadan tushdi va darvozani tepa boshladi.

— G'ani! Hov G'ani! Chiqmaysanlarmi?..

Javob bo'lavermadi. Sadir bo'qoq darvozani qattiqroq tepib baqirdi.

— G'ani dedim! O'lib-netib qolganmisan?.. Chiqa qolsang-chi! Vaqt ketyapti!..

Oradan taxminan ikki daqiqa o'tib nihoyat darvozani kimdir ocha boshlagani quloqqa chalindi.

— Xayriyat-ey! — deya oh tortib yubordi Sadir bo'qoq. — Chiqarkansan-u, G'ani! Shunchalik ham kutdiradimi odamni?..

Hali darvoza zulfini sug'urilmay shundoqqina Sadir bo'qoqning «Jiguli»si ro'parasiga militsiya mashinasi kelib to'xtadi va undan to'rt militsioner sakrab tushib Sadirni o'rab olishdi.

— Qani, mashinani ichkariga hayda! — buyurdi militsiya xodimlaridan biri.

— N-nimaga haydayman? T-tinchlikmi?

Sadir bo'qoq nimalar bo'layotganini fahmlay olmay garangsigan ko'yi militsionerlarga javdirardi.

— Nega haykalga o'xshab qotib qolding? Mashinani olib kirmaysanmi?

— Bo'pti… Olib kiraman… Hozir…

Sadir bo'qoq xavfni qalban his etib xuddi mashina g'ildiraklarini ko'zdan kechirmoqchidek orqaga o'tdi. Militsionerlar hanuz darvoza oldida buyruq ado etilishini kutib turishardi.

«Senlarning qo'lingga aroqlarimni topshirib bo'pman! — ko'nglidan o'tkazdi Sadir yo'l yoqasidagi anhorga nazar tashlab. — Senlarga bergandan ko'ra anavi anhorga tashlayman!..»

U epchillik bilan yukxonani ochdi-da, bir quti aroqni dast ko'tarib anhor tomon chopdi.

— Hoy, nima qilyapsan? To'xta!..

Militsionerlar oldinma-ketin chopib borib Sadirga yopishishdi.

— Bermayman!.. — u qo'lidagi aroq to'la qutini baland ko'tarib baqirardi. — Qo'yvorlaring! Hozir mana shu shishalar bilan urib o'ldiraman hammangni!.. Qo'yvor dedim!..

Militsionerlar uni qo'yib yuborishmadi. Ko'plashib qo'lidagi qutini yerga qo'yishgach, Sadirning qo'liga kishan solishdi.

— Sen hozir bizni sexingga olib borasan! — o'dag'ayladi militsionerlarning kattasi. — Hammasini o'sha yerda gaplashamiz. Qani, Husan, rulga o'tir!

 

* * *

 

Sadir qo'llari kishanlangan holda Xolnisaning hovlisiga kirib keldi-yu, bir chetda qo'l chayayotgan uy bekasiga baqirdi.

— Sotdingmi, iflos?.. Sotdingmi? Arzimagan pulni deb-a?..

Xolnisa qotib qoldi. Militsionerlarning ikki nafari hash-pash deguncha Sadir bo'qoq ko'rsatgan yerto'ladan ishchi yigitlarni, ularga qo'shib bir necha quti qo'lbola aroqni olib chiqishdi.

— Xo'sh, opa, uyingizda noqonuniy mahsulotlar ishlab chiqarayotgan ekansiz-da? — Xolnisaga yaqin borib so'radi militsionerlarning kattasi. — Sizga nima yetmasdi o'zi? Hovlingizni qarang, hech kimnikidan kam joyi yo'q.

— Hammasiga manavi odam sababchi. — dedi Sadir bo'qoqni ko'rsatib Xolnisa. — Holi jonimga qo'ymadi. Kelaverdi, kelaverdi. Bir dunyo pul va'da qildi. Oxiri… Ko'ndim-da!.. Lekin-chi, meni aldab yurgan ekan bu go'rso'xta. Bir tiyin ham pul bergani yo'q…

— Nima?.. Iflos!.. Nega yolg'on gapirasan? Qachon bermadim pulingni?

— Qachon berdingiz?.. Qani, isbotlang-chi!.. Oxirgi marta qachon pul berdingiz? Men sizga aytganman. Bu ishning oxiri voy deganman, ha!.. «Sen joy ber, qolganini o'zim qoyillataman» deb turib oldingiz. Buyam mayli, millionlab pullar va'da qilgansiz. To'lab qo'ying! To'lang!..

Xolnisa kutilmaganda yig'lay boshladi.

— Bas qiling, opa! — uni urishib berdi militsionerlarning kattasi. — Qani, siz ham mashinaga o'tiring. Hammasini militsiya bo'limida aytasiz. Bo'ling tez!..

 

ESLATMA:

 

Voqea hayotdan olingan. Qahramonlarning ismi-sharifi o'zgartirilgan.

Sadir bo'qoq noqonuniy ravishda qo'lbola aroq tayyorlab sotgani uchun O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan ozodlikdan mahrum etilgan.

Xolnisa ham jinoiy javobgarlikka tortilib, aybiga iqror bo'lgani, yosh bolalari borligi, boquvchisi yo'qligi inobatga olingan holda olgan jazosi sinov muddati bilan almashtirilgan.

Olimjon HAYIT

 

 

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here