SIG'INDI… (4-qism)

0

 

 

* * *

 

Vaqt shomga yaqinlab borardi. Mannop shaharga qaytishga shoshilmadi.

Qabriston tarafga qarab yurdi. Shu bahonada bolalik sog'inchlarini, alamlarini aritmoqchi bo'ldi.

Do'mpaygan qabrlarga yaqinlasharkan, tag'in beixtiyor bolaligi tutdimi, dilidagi gaplar tiliga ko'chdi.

— Ena, haliyam kapalakka aylanib meni yo'qlamadingiz-a? — shivirladi birdan to'xtab. — Qancha kutdim. Meni xo'rlashganda, kaltaklashganda, qadrimni yer bilan bitta qilishganda faqat sizni kutdim. Ohlarimni eshitib darrov yetib kelishingizdan umid qildim. Chiroyli va beozor kapalakni ko'rsatib o'rtoqlarimga maqtangim keldi. Bu aslida enajonim ekanini aytishni dilimga tugdim. Kelmadingiz. Meni zarra ham esga olmadingiz. Men bo'lsam, mana ulg'aydim. Endi hech kimga so'zimni berib qo'ymayman. Hammadan zo'rman, ena! Ammo sizni baribir sog'inayapman. Yashil ro'mol o'rab meni ko'chalarda sayr qildirganlaringiz, do'konga olib borib o'yinchoqlar olib berganlaringiz, qo'shni xotinlarga meni rosa maqtaganlaringizni juda-juda qo'msayapman, ena! Hammaning enasi bor. Hatto To'lqin degan baqaloq o'rtog'imniyam enasi hayot ekan. Undan xabar olmagan bo'lsayam, enasiminan hammamizga maqtanardi. O'sha lahzalarda menam bo'sh kelmasdim. Sizni To'lqindanam ko'proq maqtay boshlardim. Afsuski, maqtay-maqtay, battar sog'inib ketardim. Nima qilay? Oxiri ko'nikuvdim. Kelmasligingizga aqlim yetgandi. Hozir go'ringiz tepasiga keldim-u, yana ko'nglim bo'shab ketdi…

Qarang, ena, go'ringiz ustini chakalaklar bosibdi! Tozalab qo'yaymi? Yo'q, nega endi? Hozir go'riston qorovulini chaqiraman. Chunki o'g'lingiz hozir hech kimdan qo'rqmaydi. Tozalamasin, kunini ko'rsataman!

Mannop yugurgancha borib kiraverishdagi hujralardan biriga bosh suqdi.

U yerda cho'qqisoqol, pakanadan kelgan oltmish yoshlar atrofidagi erkak kitob mutolaa qilish bilan band edi.

Mannop bir muddat erkakning kitobdan bosh ko'tarishini kutdi. Natija chiqavermagach, eshikni bir-ikki chertdi-da, dag'dag'a qildi.

— Kim bu yerda qorovul?

Erkak asta boshini ko'tardi.

— Namuncha baqirasan, bo'tam? Uyingga o't tushdimi? Odam degan oldin salomlashadi, ana undan keyin maqsadga o'tadi.

— Men qorovulni so'radim, — hanuz gap ohangini o'zgartirmagan holda so'z qotdi Mannop. — Kim o'zi qorovul?

— Men Mo'min buvangman qorovul. Nimaydi, bolam? — Mannopning dag'dag'asiga e'tibor qilmagandek bosiqlik bilan javob qaytardi qariya. — Biror gap bo'ldimi?

— Nega enamning go'ri ustini chakalak bosib ketibdi?

— Men qaydan bilaman, bolam? Qaramagan bo'lsalaring kerak-da!..

— Menga qarashli go'rni siz tozalashingiz kerak, tushundingizmi?

Mo'min buva payqadiki, bu bola shashtidan tushadigan emas. Bunday zo'ravonlarga ko'p bora duch kelgan qariya qarshisidagi yigitchaning gaplariga kulimsirab qo'ygan bo'ldi-da, asta o'rnidan turdi.

— Sen kimning «jujuqi»san, bolam? — so'radi Mo'min buva. — Negadir tanimay turibman-da seni!

— U nima degani? — aftini bujmaytirib qariyaga baqraydi Mannop.

— Kimning farzandisan deyapman?

— Eshmirza akaning o'g'liman.

— E, anavi detdomda o'sgan bolasimisan? Oting Mannop-a adashmasam?

— Ha, — dedi Mannop xo'rsinib. — Xo'sh, go'rni tozalab qo'yasizmi-yo'qmi?

— Hadeb kuyinavermagin-da endi! Oldin o'tirgin, enang rahmatlining haqiga duo o'qib qo'yay. Sen kelganingdan xabar topgan bo'lsa, arvohi duo kutadi.

Bu gap Mannopni birdan tinchlantirdi. Bo'shashgancha itoat bilan Mo'min buva ko'rsatgan ko'rpachaga tizzaladi.

— Ana bu ishing juda bop bo'ldi. Men duoni boshlaganimdan keyin ichingda senam bilganingcha o'qiyver, savob bo'ladi!..

Ayni pallada kirgandanoq go'yo dunyoni ostin-ustun qilishga tayyor bo'lgan Mannop juda yuvosh tortib qolgandi. Ayniqsa, Mo'min buva qiroat bilan o'qiyotgan duolari uni go'yo sehrlab qo'ygandek, o'zi ham nimalardir deya pichirlab marhuma onasini yodga olardi…

 

* * *

 

Duo o'qilib, yuzlarga fotiha tortilgach, Mo'min buva bir muddat boshini eggan ko'yi sukutga toldi. Mannop tez-tez unga yer ostidan boqib qo'yar, toqatsizlanib o'rnidan qo'zg'alishga urinardi-yu, negadir o'zida qimirlashga kuch topolmasdi.

— Endi, bolam, bir gapni aytsam, — nihoyat gap boshladi Mo'min buva. — Sen sho'rlik birovlarning qo'lida o'sding, ro'shnolik ko'rmading. Buni mana shu atrofdagi hamma biladi. Otangni qo'yaver, shaytonning yo'rig'idan ketdi bachchag'ar!.. Buyog'iga pishiq-puxta bo'lishing kerak. Bir hunarning etagini tut! Kam bo'lmaysan. U dunyoi bu dunyo iqbolli bo'lasan.

— Hunarim yo'q emas, buva!

Mannop endi boyagidek do'qlamas, muloyimlashib qolgandi.

— Qanaqa hunaring bor, bilmadim-u, — davom etdi Mo'min buva. — Lekin bir narsa bor-da! Mana, men shu go'ristonda qirq yildan berisiga ham qorovullik, ham go'rkovlik qilaman. Bilsang, go'rkovlikning savobi cheksiz. Marhumni quchoqlab go'rga qo'yishdanam ortiq savob bormikan?!. Go'rkovni marhumning yaqinlari duo qilishadi, Ollohdan uning boshiga mag'firatlar yog'iladi. Agar gapimga kirsang, senam shu hunarni o'rganib qo'y, ziyon bo'lmaydi… E, men bu yorug' dunyodan zurriyodsiz o'tdim, Mannopboy! Xotinim yosh o'lib ketdi. Juda-a ajoyib ayol edi rahmatli. Uning arvohini chirqiratmay dedim, uylanmadim. Mana, umr o'tdi-ketdi. Sen hunarimni olsang, u dunyoda tinch yotardim, bolam. Xo'sh, nima deysan?

Mannop «bilmadim» degandek yelka qisdi.

— Juda yaxshi. Sukut alomati rizo deydilar. Unda bugunoq o'rganishni boshlayqol. Erta tongda Xojaqishloqlik bir yosh yigitni ko'mishimiz kerak. Avariyaga uchrabdi tushmagur. Tonggacha go'rni tayyor qip qo'yishimiz shart. O'rganasanmi, Mannopboy?

— Mayli, — dedi lab burib Mannop. — O'rgansam o'rganaveraman-da, buva.

— Juda soz, bolam. Yur, unda kurak, ketmonlarni olaylik!

Mannop qariyaga ergashib tashqariga chiqdi. Uni Mo'min buva hiyla qiziqtirib qo'ygandi. Shu kunga qadar go'r kovlash o'ta sirli va qo'rqinchli deya hisoblab kelgan yigitcha, kutilmaganda bu yumushni o'z qo'llari bilan bajarishni xohlab qoldi…

 

* * *

 

Mo'min buva uni qabriston etagiga boshlab bordi. Chetroqdagi deyarli tekislanib ulgurgan eski qabr yoniga ish qurollarini qo'ydi-da, yelim xaltachaga solingan kiyimlarni chiqarib Mannopga tutqazdi.

— Qani, polvon, manavilarni kiy! Yo qo'rqayapsanmi?

— Nimaga qo'rqarkanman? — qo'l siltadi Mannop. — Bir o'zim ham yuraveraman bunaqa joylarda.

— Barakalla! Marhumlar beziyon! Tiriklardan qo'rqish kerak. Hozir-chi, mana shu qabr o'rnini kovlaymiz.

— Ie, ichida odam yotgan bo'lsa-chi? — xavotirlanib so'radi Mannop.

Unga javoban Mo'min buva kulimsiradi.

— Bu qabr kamida o'ttiz yildan beri turibdi. Odam nima qiladi? Faqat… Aytib qo'yay, basharti suyaklar chiqib qolsa qo'rqish yo'q. Qabristonda qo'rqish mumkinmas. Boya aytdim-ku!..

Ular ishni boshlashdi. Mannop chuqurroq kovlaganlari sari negadir vahimaga tushib borar, lekin qariyaga «men bunaqa joylarda yolg'iz yuraveraman» deb maqtanib qo'ygani yodiga tushib tilini tishlashga majbur bo'lardi.

— Bolam, chaqqon-chaqqon qumlarni tashqariga ot! — buyurdi yuqoridan turib Mo'min buva. — Juda yaxshi-i!.. Sendan zo'r go'rkov chiqadiganga o'xshab qoldi, Mannopboy! Tuproqni chiqarib tashlaganingdan keyin o'ngga qarab kovlaysan. Unisi lahad deyiladi.

— U nimasi? — talmovsiradi Mannop. — O'zi odam sig'adigan qip kovladik-ku!

— E, sodda bolam-a, — bosh chayqadi Mo'min buva. — Marhum bu yerdamas, lahadda yotadi. Hozirgi kovlaganimiz qabrga kiradigan yer xolos. Marhumni yotqizib chiqqandan keyin kiradigan joyini g'isht bilan mahkamlaymiz. Ertaga o'zing ko'rasan!.. Qani, chaqqqon-chaqqon qimirla, bolam!..

Mannop lahadni kovlab picha ichkarilagach, oyog'iga qandaydir qattiq narsa botgandek bo'ldi va shoshi-pisha engashib uni qo'liga oldi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, qo'liga odamning bosh chanog'i ilakishib chiqibdi.

— A-a-a-a! — bor ovozda baqirib yuborib yuqoriga tirmasha boshladi Mannop. — O'li-ik!.. O'likning suyagi-i!..

— Qo'y, o'zingni bos! O'zingni bos!.. — Mo'min buva qo'rquvdan dag'-dag' titrayotgan Mannopni mahkam quchib tinchlantira boshladi. — Boya o'zing qo'rqmayman deb eding-ku, xumpar!..

— S-suyakni ushlab oldim, suyakni! — deya hamon qaltirardi Mannop pastga ishora qilib. — Kattakon suyak!..

— Bo'pti, — dedi kulib Mo'min buva. — Endi sen yuqorida turib men chelaklab uzatgan qumlarni olib turaqol!.. O'zim oxiriga yetkazaman lahadni!.. E, bolam-a, suyak deysan-a! Suyak bo'lsa nima qipti? Sekin bir chetga surib qo'yib kovlayvermaysanmi? Seni yeb qo'yarmidi?.. Eh, nodon bola-ya!.. Savobning kattasiyam shunda-da! Bekorga go'rkovlikning savobi katta deyisharmidi?..

Mannop bo'lganicha bo'lgandi. Ishlashda davom etayotgan bo'lsa-da, ko'z o'ngida o'sha suyak gavdalanaverar, eslagani sayin yuragidagi vahima ortib borardi.

Tong yorishay deganda, hammasi tayyor bo'lgach, hujra tomon ketib borarkan, bir gapni ko'ngliga tugib qo'ydi.

«Hech qachon bu yerda qolmaydi. Go'r kovlash mashaqqatli ekan»

 

* * *

 

Azbaroyi toliqqanidan Mannopning ko'zlari yumilib borar, mushaklari simillab og'rirdi. Biroq suyak voqeasi uxlashga yo'l bermasdi. Tezroq tong yorishishini, shu qo'rqinchli maskandan chiqib ketishni xohlardi.

Nihoyat kutilgan onlar yaqinlashdi. Tong yorisha boshladi. Mo'min buva aytmoqchi, hali zamon marhumni olib kelib qolishlari mumkin. Demak, tezroq qabristondan qorasini o'chirgani ma'qul. Aks holda qariya tag'in o'sha yoqqa sudrab qoladi.

— Men ketmasam bo'lmaydi, — dedi Mannop allaqachon kitob mutolaa qilishga tushib ketgan Mo'min buvaga.

Qariya ilkis boshini ko'tardi-da, ko'zoynagini bir chetga qo'yib Mannopga hayrat aralash boqdi.

— Nima deding? Gapirdingmi?

— Ketmoqchiman! Bu ish menga to'g'ri kelmaydi.

— Shunaqami? — boshini sarak-sarak qildi Mo'min buva. — Eh, sen Mannopboy-ey! Qara, qanday bo'y-basting bor. Bilaging to'la kuch. Shu gaping sira yopishmadi-da! Qo'y bu gaplarni! Hali ko'rmagandek bo'lib ketasan. Boshlanishida hamisha shunday bo'ladi. Hali hech narsadan qo'rqmaydigan bo'lib ketasan.

— Baribir ketmasam bo'lmaydi. Men shaharda katta ish boshlashim kerak.

— Katta ish? Shu yoshingda-ya? Vey, qishloqdan kelgan faqirni qaysi shaharlik sig'dirardi deysan? Aqlingni ishlat munday! Shunday savob ishni tashlab shaharga ketishing nimasi?

— Bo'pti, fotiha qiling, — gapni kalta qilishga urindi Mannop. — Tezroq manzilimga yetib olay, buva!..

— Qaysar bola ekansan, — yuzini ters burib norozilandi Mo'min buva. — Agar bir-ikki hafta yurganingda ko'nikarding… Mayli, nimayam derdim, ketaman desang etagingdan tutib qololmayman. Iloyo topganing oltin bo'lsin, bolam!.. Hoy, qara, shimingga qabriston tuprog'i ilashibdi. Tez qoqib tashla, Mannopboy! Qabriston tuprog'ini ko'chaga opchiqib bo'lmaydi.

Mannop shimini qoqa-qoqa ketishdan oldin, yana Mo'min buvaga yuzlandi.

— Buva, iltimos, enamning go'rini tozalattirib qo'ying!

— Xotiring jam bo'lsin! Iloyim, mana shunaqa xo'jayinsifat bo'lib yurgin, chirog'im! Mayli, sazang o'lmasin! Sen menga juda yoqib qolding. Mehnatkash yigit ekansan. Yigitlar kelsa, tozalab qo'yishadi. Aytgancha, ma, mana bu pulni ol!

— Nega? Nima qilaman buni?

— Bu mehnat haqing! Hazilakam ishlamading. Ol, kerak bo'p qoladi.

Mannop qariya uzatgan pullarni oldi-da, tashqariga otildi.

 

* * *

 

Ko'chaga chiqdi-yu, yana avvalgi holiga qaytdi. Sovuqqon, qo'rs o'smirga aylandi. Katta yo'l bo'ylab ketib borarkan, hashamatli uylarni ko'rganda, aftini bujmaytirgancha bo'ynini qashib-qashib oldi. Shu bahonada boylarga nafratini izhor etgan bo'ldi.

— Bilaman, senlar oson yo'lminan pul topishga ustasanlar!.. Qarab turlaring, — dedi ovoz chiqarib. — Menam ko'p pul topish yo'llarini o'rganaman hali. Kerak bo'lsa, par yostiqlarga yonboshlagancha o'tiraman. O'zlaring ta'zim qilib kelasan-da, dasta-dasta pullarni qo'limga tutqazasan. Chiqib ketayotib qulluq qilasan. Qosh-qovog'imga qo'rquv aralash qarab ranging bo'zaradi. Mening so'nggi qarorimni kutib mulzam bo'lasan. Go'rkov bo'larmishman. Ovora bo'lasanlar! Endi bir kamim qora tuproqqa botib yer qazishmidi?..

Shunday alamga to'la o'ylar iskanjasida yarim soatcha yo'l yurib avtobus bekatiga yetdi. Avtobus ketishga tayyor ekan. Orqa o'rindiqqa o'zini tashladi-da, yengil nafas oldi.

Yarim yo'lga yetib-etmay avtobus odamga liq to'ldi. Mannop qarshisida munkillagan kampirni ko'rib dast o'rnidan turdi va o'rtaga o'tib ketdi.

Maqsadi shu edi. Bugun cho'ntakkesarlikdan o'ziga o'zi saboq berishi lozim. Bu rejasida bor. Agar uddalay bilsa, keyinchalik asqotadi. O'zi kabi cho'ntakkesarlar bilan uchrashib qolganda, tili uzun bo'ladi. Ularni bo'ysundirishi, pul undirishi yengil kechadi.

Mannop atrofidagi yo'lovchilarga alangladi. Bir mahal yonginasida turgan jikkakina, soqollari o'sib ketgan erkak uning e'tiborini tortdi. Erkakning yon cho'ntagidan pul to'la katmon shundoq yuz ko'rsatib turardi.

“Voy anqov-ey, — ko'nglidan o'tkazdi Mannop sovuq tirjayib. — Munday uyoq-buyog'ini to'g'rilab yurishniyam bilmaydi bular. Mayli, o'zingdan ko'r. Buni nasiba deb qo'yishibdi…”

Shu asnoda ilgari Vali o'rgatganidek duo o'qishni ham unutmadi.

— Xudoyim, sharmanda qilmagin ishqilib!

Qo'llar katmonni changalladi. Endi astagina cho'ntakdan sug'urib olinsa bas. Ish a'lo darajada ado etiladi.

Bolaligida mayda-chuyda o'g'irliklarga qo'l urib, hiyla suyagi qotgan Mannopning bir tuki seskanmasdi.

Lablarini asabiy tishlagancha katmonni sug'urishga tutindi.

Afsuski, qovun tushirdi. Erkak sezib qoldi. U ozg'in qo'llari bilan Mannopning bilagini mahkam siqdi-da, bor ovozda baqirdi:

— O'g'ri!.. O'g'ri tushdi, musulmonlar, o'g'ri!..

Hayqiriqni eshitgan yoshu-qari ular tomon yuzlandi. Barvasta qishloq erkaklari yosh o'smirning o'g'irlik qilayotganini ko'rib g'azabga keldi.

Kimdir shoferga mashinani to'xtattirdi.

— Qani, qizitaloq, shoshmay tur!! — qoramag'iz o'rta yashar erkak yo'lovchilarni oralagancha xezlanib Mannop tomon o'ta boshladi. Shu orada orqada turgan kampirlar jahl bilan Mannopning duch kelgan yerini chimdib, qarg'ashga tushdi.

— Ha betingdan buzilgur, kisavur! Iloyo o'g'irlab yegan oshing zaharga aylansin! Qon qusgin iloyim!..

Ko'rdiki, ish chatoq. Agar anavi qoramag'iz erkak yetib kelsa, dabdalasini chiqarib tashlaydi. Qolganlariyam tish g'ijirlatib qo'yishayapti. Ur kaltak qilib yuborishlari ham hech gapmas! Eh, nega cho'ntakka tushdi o'zi? Shu tobda shartmidi nafsining gapiga kirish?..

Mannop jonholatda odamlar orasini yorib o'tdi-da, o'zini orqa eshikka urdi. Tushib ketayotganda kimlarningdir kuchli tepkisi soni, tizzasi aralash kelib tushishga ham ulgurdi. Ammo og'riqqa yon berib o'tiradigan payt emasdi. O'zini pastga otdi-da, keng dala o'rtasiga qarab qochdi.

To uzoqlashib ketguncha allakimlarning qarg'ishi qulog'iga uzuq-yuluq chalinib turdi.

 

* * *

 

Aslida Mannopning bir umr cho'ntakkesarlik qilib kun kechirgisi yo'q edi. U pul to'plab olishni reja qilgandi. Shunday qilsa, birovlarni, o'zidan kuchsizroq, qo'rqoq bolalarni qidirib topmoqchi, pul berib turli ishlarga solmoqchi bo'lgandi. Chunki hozir hech kim tekinga ishlamasligiga aqli yetadi.

Bugungi o'g'irlik bir mashq edi xolos. Afsus, o'xshamadi. Sal bo'lmasa, kaltaklar ostida qollib ketayozdi. Ha, mayli, shaharga borgach, qanday bo'lmasin To'lqin sinfdoshi bilan birga bu «hunar»ning tagiga yetadi. Haqiqiy o'g'rilarni o'ziga bo'ysundirganda bemalol so'zlay oladigan, basharti ular aldamoqchi bo'lsa, gapini kesib tashlay biladigan bo'ladi. Ha, Mannop biladi. U tanlagan yo'lda shafqatsizliklar, nomaqbulliklar ko'p sodir bo'lishi mumkin. Mana shularga ko'z yumib ketishga o'rganishi zarur. Chunki bolaligidagi o'zi boshidan kechirgan ayanchli lahzalarni bir soniya unutishga-da haqqi yo'q. Vali akasi kunlarning birida uqtirgandi. Bu dunyoda zo'r bo'lmasang, boshqa zo'rlarning changida qolib xarob bo'lasan…

Ha, zo'r bo'ladi. Zo'rlarning zo'riga aylanish ishtiyoqida yashaydi. Toki g'uborlar girdobida qolib ketmasin!..

Mannop shularni o'ylarkan, o'zini chalg'itish niyatida cho'ntagidagi pullarni qaytadan sanab ko'ra boshladi.

G'o'rlik-da! Shaharga qaytishdan avval bir narsani o'ylab ko'rmabdi. Yotar joyi yo'q edi-ku!

Mannop shomga yaqin sershovqin shahar ko'chasida To'lqin yashay boshlagan yotoqxonani qidirib ketib borardi-yu, boshi qotardi… Nima qilishni bilmay garang edi.

Da'fatan yotoqxonaga borgisi kelmay, yo'l-yo'lakay qo'ng'iroq qilib To'lqinni so'roqladi. U yerda yo'q ekan. Qaergadir ketib qolganini aytishdi.

Ana endi rostakamiga arosatda qolganini payqadi. Yoshligi ustun kelib mehmonxonada tunash mumkinligiga fahmi yetmadi. Kimdan alamini olishni bilmay anyacha vaqtgacha nimqorong'i ko'chalarni bedor kezdi. Bir necha bor sigaret tutatdi. Jahlidan tusha olmadi. Axir, nimadir qilish kerak-ku! Xo'sh, qanday yo'l tutadi? Bolalar uyiga endi kiritishmasa…

Shu payt yo'l bo'yida kim bilandir gaplashib, sigaret tutatayotgan Valiga ko'zi tushdi. Azbaroyi quvonganidan sal qursa baqirib yuborayozdi.

Yugurib bordi-da, suhbat qiziganiga ham qarab o'tirmay, Valining bilagiga yopishdi.

— Aka, bormisiz? — dedi hovliqib. — Sizni ko'rganimni qarang-a!..

Vali chaqchaygan ko'zlarini Mannopga tikib, ensasi qotgandek, qarshisidagi mo'ylovdor, sochlarini o'stirib olgan, uzun bo'yli: ko'zlari xuddi Valinikidek alang-jalang suhbatdoshiga xijolat chekkan ko'yi qarab oldi-da, Mannopga mensimaygina istar-istamas, qo'l cho'zdi.

— Ukam, senga sabrli bo'lishni o'rgatishmaganmi? — dedi zaharxandalik bilan. — Ja madaniyatsiz ekansan-ku-a?

— M-men nima qildim? — hayron bo'lib javdiradi Mannop. — Sizni ko'rib qolib…

— Kechirasan!.. — Vali sherigidan uzr so'rab, uni tirsagidan tutgancha chetroqqa olib bordi-da, tomog'idan bo'g'di.

— Sen kim bo'libsanki, bizning suhbatni bo'lasan? Yo toming ketib qolganmi?

Mannop Vali akasi nasha xumoridan azoblanayotganini, shu sababli asabiy ekanini, aslida niyati nimaligini ham bilmasdi. Siltanib uning qo'lidan xalos bo'lishga urinardi.

— Aka, qo'yvoring! Nima ayb qildim o'zi? Voy-voy-voy!.. Tomog'im og'rib ketdi, aka!

Vali uni qo'yib yubordi-da, qulog'iga shivirladi.

— Hov anavi turgan akang-chi, obro'li akaxonlardan. Sendaqangi bachchataloqlarni sira jini suymaydi. Uni ranjitib qo'yding-ku! Endi nima qilamiz?

Mannop hech narsaga tushunmay yelka qisish bilan kifoyalandi.

— Qani, buyoqqa yur-chi!

Vali Mannopni yetaklab sherigining oldiga bordi va bir ko'z qisib qo'yib:

— Qara, Husan, «bratishkam»ni topvoldim! — dedi.

Husan hiringlab kulib Mannopning bo'ynini changalladi.

— Bratishkang ja odobsiz ekan-ku! — deya Valiga yolg'ondakam o'qraydi. — Odam ham shunaqa hovliqma bo'ladimi? O'rgatmagan ekansan-da muomalani!

— Mayli, kechirgin endi! — o'zicha Mannopning tarafini olgan bo'ldi Vali. — Bilmay qoldi-da! Ie, ukajon, cho'ntagingda nimadir borga o'xshayaptimi? Nima bular?..

Vali Mannopning cho'ntagiga qo'l solib bir dasta pul chiqardi.

— «Uh tы»! — deya ruschalab Husanga ko'zlari alang-jalang boqdi. — Qara, o'rtoq, bratishkam menga pul bermoqchi bo'lgan ekan! Attang, men shunday esli yigitni xafa qilib o'tiribman-a!..

— Bu pullar sizgamas, — boridan ayrilib qolishi muqarrarligini sezgan Mannop nihoyat dadillandi. — Bering pullarimni! Ular meniki!

— Nima? — kulib yubordi Vali. — Meniki dedingmi? Voy yaramas-ey!.. Hali menga olib kelmaganmiding bu pullarni-a?

Mannop indamay, qarshisidagi zo'ravonlarga sovuq nigoh tashladi.

— Bo'pti, ma pulingni! — qo'lidagilarni Mannopga uzatdi Vali. — Nega qarab turibsan? Olmaysanmi?

Mannop endi pullarga qo'l cho'zgan ediki, Husan bilagini mahkam siqib oldi.

— It! — dedi u Mannopning qulog'iga shivirlab. — Shunday akalaring manavi sassiq pulga arzimaydimi? Uyalmasdan qo'l cho'zayapsanmi? Yo'q, Vali, buni milisaga topshirvorish kerak. O'g'irlik qilganga o'xshaydi.

— Shunday qilsakmikan? — Mannopga atayin yer ostidan tikilib qaradi Vali. — Qamalib ketadi-ku bola faqir! Balki qaydan olganini aytsa, kechirarmiz?

Husan bosh irg'ab qo'ydi.

— Ko'rdingmi, Husan akangday odam seni kechirmoqchi. Qani, ayt! Qaerdan olding shuncha pulni?

Mannop endi-endi bu ikki zo'ravonning aniq maqsadini tushunib yeta boshlagandi. Ha, ular Mannopning ustidan kulmoqchi, shu yo'l bilan sindirmoqchi. Bir umr o'zlariga qul qilib olishmoqchi. Eshakday ishlatib, uning hisobiga kun ko'rishmoqchi.

— «Niyatingga yetib bo'psanlar! — o'yladi u Husan va Valiga bir-bir boqib. — Senlarga sir boy beradigan ahmoq yo'q. Qani, zo'r bo'lsang, gapirtir meni! Bo'ynimni uzib tashlaganingdayam aytmayman! Ataylabam aytmayman!»

— Nega latta chaynar sigirga o'xshab qotib qolding? — o'shqirdi Vali. — Gapirmaysanmi? Kimning kissasini shilding? Bizgayam o'rgat!

— Aytmasam-chi? — Valining ko'zlariga bezrayib termildi Mannop. — Urasizmi? Kaltakdan qo'rqmayman!

— Seni nimangni uraman? Jimjilog'imga poy kelmaysan-u, tirrancha! Pullarni qaydan olganingni ayt dedim!

— Aytmayman! — dedi qaysarlik bilan Vali. — Hech qachon sizlarga hisob bermayman!

— «Uh tы»! — tag'in ruscha iborasini takrorlab sherigini turtdi Vali. — Bratishkamning tili uzayib ketibdi, Husan! Nima qilamiz?

— E, bo'ldi, yetar! — gapni kalta qildi Husan va Mannopning iyagini tutamlab oldi. — Vey, bratishka, g'ing desang kallangni olamiz, tuzukmi? Bu pullar bizga hozir juda zarur. Sen mana shu yerda askarday qotib tur! Biz ketib bo'lganimizdan keyin yurasan! Agar birovga churq etsang, tamomsan! Mana shu qo'llarimminan bo'g'ib tashlayman!

Mannop qimir etolmadi. Tushundi. Baribir bu zo'ravonlar pulini qaytarib berishmaydi. Ammo shunday qo'l qovushtirib qolmaydi ham. Albatta ularning ortidan poylab boradi. Nima qilishlarini kuzatadi…

Vali hamtovog'i bilan kula-kula boshqa ko'chaga burilib ketgach, daraxtlarni panalab-panalab boraverdi.

Goho ular sekinlab ortga o'girilsa, daraxt panasida tek qotdi.

Shu asnoda Vali sherigi bilan qandaydir qahvaxonaga yetdi va ikkovlari nimalarnidir bir-birlariga uqtirgancha ichkariga kirib ketishdi.

— Ana endi menam orqalaringdan kiraman, — ko'nglidan o'tkazdi Mannop va olg'a qadam tashladi. — Qani, nima qilarkansanlar?!. Menam o'rganay-da ishingni!..

U endigina oldinga yurmoqchi bo'lgandiki orqasidan kimdir kelib mahkam yelkasidan ushlab qoldi.

Mannop shosha-pisha boshini orqaga burdi-yu, qarshisidagi militsionerni ko'rib yuragi shig' etdi.

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

 

loading...